Ishda ishtirok etuvchi shaxslar ishni yuritish vaqtida oʻz manzillarining oʻzgarganligi haqida xoʻjalik sudiga xabar berishlari shart (10-1413/11222-son)
09.02.2015
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
[Koʻchirma]
“Toshkent suv taʼminoti” shuʼba korxonasi (bundan buyon matnda — daʼvogar) xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, “Porloq qurilish” MChJ professional boshqaruv kompaniyasidan (bundan buyon matnda — javobgar) 6 053 769 soʻm asosiy qarz, 1 861 130 soʻm penya undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining 2014-yil 25-iyuldagi hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilib, javobgardan daʼvogar foydasiga 6 053 769 soʻm asosiy qarz, 300 000 soʻm penya undirilgan. Daʼvoning qolgan qismini qanoatlantirish rad etilgan.
Ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan.
Javobgar kassatsiya shikoyatida, sud tomonidan ish javobgar vakili ishtirokisiz koʻrib chiqilganligi, sud majlisi vaqti va joyi toʻgʻrisida xabardor etilmaganligi, daʼvogar soʻrayotgan asosiy qarz summasi hisob-kitobini daʼvo arizasida koʻrsatmaganligi, javobgarning daʼvo arizasi yuzasidan bergan eʼtiroziga sud baho bermaganligi bayon qilinib, hal qiluv qarorini bekor qilib, daʼvo arizani XPKning 112-moddasiga asosan daʼvogarga qaytarish soʻralgan.
Sud majlisida javobgar vakili kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni quvvatlab, korxonaning manzili oʻzgarganligi, lekin daʼvogar daʼvo arizasida eski manzilini koʻrsatganligi, shu sababli sud tomonidan ish javobgar vakili ishtirokisiz koʻrib chiqilganligi, korxonada qorovul A.Odilov ishlamasligini, korxonani manzili oʻzgarganligi toʻgʻrisida daʼvogarga xabar berilmaganligi, tekshirishda korxonaga qarashli 10 ta obyektda qoidabuzilish holatlari aniqlanganligi yuzasidan dalolatnomalar tuzilganligini, lekin daʼvogar ushbu dalolatnomalarga asosan qilingan hisob-kitobini javobgarga taqdim etmaganligi, daʼvo arizasida ham asosiy qarzning hisob-kitobi koʻrsatilmaganligini bayon qilib, hal qiluv qarorini bekor qilishni soʻradi.
Daʼvogar vakili kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarga eʼtiroz bildirib, javobgarga qarashli 10 ta obyektda tekshirish oʻtkazilganligi, tekshirishda 9 ta obyektda suv hisoblagich oʻrnatilmasdan suvdan foydalanib kelayotganligi, 1 ta holatda hisoblagich ishlamayotganligi aniqlanib, korxona rahbari A.Ergashev ishtirokida dalolatnomalar tuzilib, formula asosida qayta hisob-kitob qilinganligi, javobgarga hisob-kitob qilingan 6 053 770 soʻm asosiy qarzni toʻlab berish haqida yuborilgan talabnoma oqibatsiz qoldirilganligi, javobgar manzili oʻzgarganligi haqida xabar bermaganligi, sudning ish koʻrishni boshqa kunga qoldirish toʻgʻrisidagi ajrimini korxona qorovuli qabul qilib olganligini bildirib, hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni soʻradi.
Sudlov hayʼati taraflar vakillarining tushuntirishlari hamda prokurorning hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirish haqidagi fikrini tinglab, kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni ish hujjatlari asosida muhokama qilib, quyidagi asoslarga koʻra hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, daʼvogar va javobgar oʻrtasida 2013-yil 1-mayda tuzilgan 301507-sonli shartnomaga asosan daʼvogar javobgarni ichimlik suvi bilan taʼminlash va oqova suvlarini qabul qilish, javobgar esa oʻz vaqtida toʻlovlarni amalga oshirish majburiyatini olgan.
Oʻzbekiston Respulikasi Fuqarolik kodeksi (bundan buyon matnda — FK) 236-moddasiga muvofiq majburiyatlar majburiyat shartlariga va qonun hujjatlari talablariga muvofiq, bunday shartlar va talablar boʻlmaganida esa — ish muomalasi odatlariga yoki odatda qoʻyiladigan boshqa talablarga muvofiq lozim darajada bajarilishi kerak.
Daʼvogar xodimlari tomonidan 2013-yil 1-mayda javobgar tomonidan suvdan foydalanish qoidalariga rioya qilinishi tekshirilgan. Tekshirishda javobgarga qarashli 10 ta obyektda qoida buzilish holatlari, yaʼni 9 ta obyektda suv va kanalizatsiyadan suv hisoblagich oʻrnatmasdan foydalanib kelayotganligi, 1 ta obyektda hisoblagich ishlamayotganligi aniqlangan.
Tekshirish natijasi yuzasidan daʼvogar xodimlari va javobgar rahbari A.Ergashev ishtirokida dalolatnomalar tuzilib, javobgarga 30 kun ichida kamchiliklarni bartaraf etish tavsiya etilgan va sarf qilingan suv miqori korxona faoliyatini boshlagan vaqtdan, yaʼni 2013-yil 1-apreldan hisoblagich oʻrnatilgan vaqtgacha 2014-yil 28-fevralga qadar boʻlgan davrlarga 6 053 769 soʻm qayta hisob-kitob qilinib, ushbu summani javobgarga ixtiyoriy toʻlab berish toʻgʻrisida talabnoma yuborilgan.
Javobgar hisoblangan ushbu summani ixtiyoriy ravishda toʻlab bermaganligi bois, daʼvogar sudga murojaat qilib, 6 053 769 soʻm asosiy qarz, 1 816 130 soʻm penya undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudi daʼvoning 6 053 769 soʻm asosiy qarz undirish talabini qanoatlantirish haqida toʻgʻri xulosaga kelgan.
Chunki, shartnomaning 4-bandida “isteʼmolchi” bir oy muddat ichida oʻz hisobidan suv sarfini hisoblash uskunasi oʻrnatishi shartligi, belgilangan muddatda suv sarfini hisoblash uskunasi oʻrnatilmagan taqdirda isteʼmol qilingan suv sarfi shartnomaning 2-boʻlim 12-bandiga asosan hisob-kitob qilinishi, 12-bandida suv tarmogʻidan olingan suv miqdori mavjud quvurning kesimi boʻyicha oyning kalendar kunlari uchun formula (Q = M x F x √ 2g H x t ) asosida hisoblanishi belgilangan. Shu sababli daʼvogar hisob-kitobni shartnomaning ushbu bandiga asosan formula asosida 6 053 769 soʻm hisoblagan.
Bunday holatda, sud javobgarning “daʼvogar tomonidan tekshirish dalolatnomalariga asosan qayta hisob-kitob taqdim etilmagan, daʼvo arizasida ham hisob-kitob koʻrsatilmagan” deb keltirgan vajini asossiz deb hisoblaydi. Qolaversa, javobgar daʼvogarning hisob-kitobiga eʼtiroz bildirgan boʻlsada, qancha miqdorda suv sarfi hisob-kitob qilinishi mumkinligi boʻyicha oʻzining hisob-kitobini ham sudga taqdim eta olmadi.
Vaholanki, XPKning 55-moddasiga koʻra ishda ishtirok etuvchi har bir shaxs oʻz talab va eʼtirozlariga asos qilib keltirayotgan holatlarni isbotlashi kerak.
Bundan tashqari daʼvogar talabida Oʻzbekiston Respublikasining “Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi toʻgʻrisida”gi Qonunning 32-moddasiga asosan toʻlov muddati kechiktirilgan har bir kun uchun 0,4 foiz miqdorida 1 816 130 soʻm penya undirishni soʻragan. FKning 333-moddasiga asosan qarzdor aybi boʻlgan taqdirda majburiyatni bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi uchun, agar qonun hujjatlarida yoki shartnomada boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, javob beradi.
Javobgar 6 053 769 soʻm qarzini oʻz vaqtida toʻlab bermasdan, toʻlov muddatini kechiktirgan. Shu sababli sud daʼvogarning penya undirish talabini asosli deb hisoblab, FKning 326-moddasiga asosan javobgarning manfaatlarini inobatga olgan holda penya miqdorini 300 000 soʻmga qanoatlantirish haqida asosli xulosaga kelgan.
Chunki, FKning 326-moddasiga asosan sud alohida hollarda qarzdor va kreditorning manfaatlarini hisobga olib, kreditorga toʻlanishi lozim boʻlgan neustoykani kamaytirish huquqiga ega.
Garchand, javobgar kassatsiya shikoyatida “ish javobgar vakili ishtirokisiz koʻrilganligi, korxona boshqa manzilda joylashgan boʻlsada, daʼvogar daʼvo arizasida javobgarning eski manzilini koʻrsatganligi, korxonada A.Odilov degan qorovul ishlamasligi, sudning ajrimi javobgarga yetkazilmaganligi” haqida vajlar keltirgan boʻlsada, sud ushbu vajlarni qabul qilmaydi. Chunki, javobgar manzili oʻzgarganligi haqida daʼvogarga hamda sudga xabar bermagan.
Vaholanki, XPKning 121-moddasida ishda ishtirok etuvchi shaxslar ishni yuritish vaqtida oʻz manzillarining oʻzgarganligi haqida xoʻjalik sudiga xabar berishlari shart. Bunday xabar berilmagan taqdirda protsessual hujjatlar xoʻjalik sudiga maʼlum boʻlgan oxirgi manzilga yuborilib, garchi oluvchi shu manzilda boʻlmasa yoki yashamayotgan boʻlsa ham, yetkazib berilgan deb hisoblanadi.
Korxonani davlat roʻyhatidan oʻtganligi toʻgʻrisida berilgan 001458-sonli guvohnomada manzili Toshkent shahri, Hamza tumani, 58-Harbiylar shaharchasi, 16 uy deb koʻrsatilgan.
Shunga koʻra daʼvogar daʼvo arizasida ushbu manzilni koʻrsatgan. Bundan tashqari, javobgar 2014-yil 20-iyunda Toshkent shahar xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi yuzasidan oʻzini eʼtiroz xatini yuborgan boʻlsada, manzili oʻzgarganligi haqida sudga xabar bermagan.
XPKning 186-moddasiga koʻra xoʻjalik sudi ishni kassatsiya instansiyasi va apellatsiya instansiyasi sudida moddiy va protsessual huquq normalari toʻgʻri qoʻllanilganligini tekshiradi. XPKning 188-moddasi birinchi va ikkinchi qismiga koʻra moddiy yoki protsessual huquq normalarining buzilishi yoxud notoʻgʻri qoʻllanilishi xoʻjalik sudining hal qiluv qarorini yoki qarorini oʻzgartirish yoxud bekor qilish uchun asos boʻladi.
Bunday holatda, sudlov hayʼati javobgarning kassatsiya shikoyatida keltirgan vajlari hal qiluv qarorini oʻzgartirish yoki bekor qilish uchun asos boʻla olmaydi deb hisoblab, sud tomonidan moddiy va protsessual huquq normalari bilan asoslantirilgan sud hujjati qabul qilingan deb hisoblab, hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirishni, ishni birinchi instansiya sudida koʻrish bilan bogʻliq 61 293 soʻm, kassatsiya tartibida koʻrish bilan bogʻliq 24 882 soʻm davlat bojini undirishni, toʻlangan 53 817 soʻm davlat boji va 7200 pochta xarajatini javobgar zimmasida qoldirishni lozim topadi.
2015-yil 9-fevral,
10-1413/11222-son
