Xoʻjalik sudlari tomonidan 2012 — 2014-yillar davomida daʼvo muddatiga oid qonun hujjatlarini qoʻllanishi bilan bogʻliq sud amaliyotini umumlashtirish natijalari haqida
31.12.2014
MAʼLUMOTNOMA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudining 2015-yil ish rejasiga asosan xoʻjalik sudlari tomonidan 2012 — 2014-yillar davomida daʼvo muddatiga oid qonun hujjatlarining qoʻllanishi bilan bogʻliq sud amaliyotini umumlashtirish uchun xoʻjalik ishlari va ushbu masala boʻyicha xoʻjalik sudlarida oʻtkazilgan umumlashtirishlar oʻrganib chiqildi.
1. Daʼvo muddatini qoʻllash haqidagi ariza ogʻzaki yoki yozma ravishda taqdim etilishi mumkin.
Daʼvogar “Toshkent elektr tarmoqlari” AJ nomidan Zangiota tuman elektr taʼminoti korxonasi xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar Zangiota tibbiyot birlashmasidan 9 958027 soʻm asosiy qarz, 101959 soʻm penya hamda 2007-yil may oyidan 2013-yil dekabr oyiga qadar boʻlgan davr mobaynida shartnomaviy hajmlardan ortiqcha isteʼmol qilgan elektr energiyasi uchun 49 263668 soʻm jarima undirishni soʻragan.
Sudning ajrimi bilan Toshkent viloyat gʻaznachilik boshqarmasi nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida ishga jalb qilingan.
Birinchi instansiya sudning hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilib, daʼvogar foydasiga javobgardan 9 958027 soʻm asosiy qarz, 101959 soʻm penya, 14 563325 soʻm jarima undirilgan.
Birinchi instansiya sudi daʼvogar elektr energiyasini shartnomada belgilanganidan ortiqcha isteʼmol qilganligi uchun 49 263668 soʻm jarima undirish talabini muhokama qilib, javobgarning daʼvo muddatini qoʻllash haqidagi ogʻzaki arizasiga asosan 2007-yil may oyidan 2011-mart oyiga qadar boʻlgan davrga daʼvo muddatini qoʻllab, ushbu talabni 14 563325 soʻmga qanoatlantirgan.
Javobgar daʼvo muddatini qoʻllash haqidagi ogʻzaki ariza bilan murojaat qilganligi sud majlisi bayonnomasida qayd etilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Kassatsiya instansiya sudi hal qiluv qarori va apellatsiya instansiya sudi qarorini bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborgan. Kassatsiya instansiyasi sudining bunday qaror qabul qilishiga ishni birinchi instansiya sudida koʻrish jarayonida javobgar tomonidan sudga daʼvo muddatini qoʻllash toʻgʻrisida yozma ravishda ariza taqdim qilinmaganligi asos boʻlgan.
Biroq, kassatsiya instansiyasi sudi FKda daʼvo muddatini qoʻllash haqida ariza yozma ravishda taqdim etilishi qatʼiy belgilanmaganligiga eʼtibor bermagan.
2. Daʼvo muddatini qoʻllash va daʼvo muddatini tiklash toʻgʻrisidagi arizani koʻrish natijasi hal qiluv qarorining xulosa qismida koʻrsatiladi.
Daʼvogar “Quruvchi Yodgor” XK tugatish boshqaruvchisi xoʻjalik sudiga murojaat qilib, javobgar “Kafolat farm servis” XKdan 3 000 000 soʻm undirishni soʻragan.
Ishdagi hujjatlardan koʻrinishicha, sudning 2012-yil 14-fevraldagi hal qiluv qarori bilan “Quruvchi Yodgor” XK bankrot deb topilib tugatishga doir ish yuritish boshlangan. Xususiy korxona tugatish boshqaruvchisi tomonidan korxona moliyaviy ahvoli tahlil qilinganda, 2005-yil 25-yanvarda “Kafolat farm servis” XKga qaytarish sharti bilan ustav fondini shakllantirish uchun 3 000 000 soʻm pul mablagʻlari oʻtkazib berilganligi aniqlangan. Biroq ushbu pul mablagʻlari “Kafolat farm servis” XK tomonidan qaytarib berilmagan. Shu sababli “Quruvchi Yodgor” XK tugatish boshqaruvchisi 2012-yil 17-dekabrda xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilgan.
Daʼvo arizasiga daʼvoni tiklash toʻgʻrisida ariza ilova qilinib, unda daʼvo muddatini oʻtkazib yuborilishiga “Quruvchi Yodgor” XK bankrot deb topilib, tugatishga doir ish yuritish boshlangandan keyingina korxonaning moliyaviy ahvoli tahlil qilinib qarzdorlik aniqlanganligi asos qilib keltirilgan.
Ish koʻrilishi jarayonida “Kafolat farm servis” XK sudga ariza bilan murojaat qilib, kredit uyushmasining “Quruvchi Yodgor” XKdan qarzi mavjud emasligini, shuningdek daʼvo talabida undirish soʻralayotgan pul mablagʻi boʻyicha daʼvo muddati ham oʻtib ketganligini maʼlum qilib, daʼvo muddatini qoʻllab, daʼvoni rad etishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudi daʼvogarning daʼvo muddatini tiklash toʻgʻrisidagi arizasini qanoatlantirishni rad etib, javobgarning daʼvo muddatini qoʻllash haqidagi arizasini qanoatlantirib, daʼvoni rad etgan.
Biroq, hal qiluv qarorining xulosa qismida daʼvo muddatini tiklash toʻgʻrisidagi arizani qanoatlantirish rad etilganligi va daʼvo muddatini qoʻllash toʻgʻrisidagi ariza qanoatlantirganligi koʻrsatilmagan.
Vaholanki, Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2007-yil 15-iyundagi “Birinchi instansiya sudida ishlarni koʻrishda Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining qoʻllanilishi toʻgʻrisida”gi qarori 34-bandida xoʻjalik sudlari XPK 129-moddasining birinchi qismida belgilangan, taraflarning arizalari va iltimosnomalari sud tomonidan ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning fikrlari eshitib boʻlingach, hal qilinishi toʻgʻrisidagi qoidaga rioya etishlari, XPK 129-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq arizalar va iltimosnomalarni koʻrish natijalari boʻyicha xoʻjalik sudi ajrim chiqarishi lozimligi, ajrimning shakli iltimosnomaning mazmuni va uni koʻrib chiqish natijalariga bogʻliqligi, ajrimlarga qoʻyiladigan umumiy talab — maʼlumotlar sud majlisi bayonnomasiga kiritilishining majburiyligi tushuntirilgan.
Plenum qarorining mazkur bandida berilgan tushuntirishdan kelib chiqib, daʼvo muddatini tiklash hamda daʼvo muddatini qoʻllash toʻgʻrisidagi arizalarni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha ham sud ogʻzaki ajrim chiqaradi va bu toʻgʻrisida sud majlisining bayonnomasiga tegishli yozuvlar kiritiladi. Shu bilan birga hal qiluv qarorining xulosa qismida daʼvo muddatini tiklash va daʼvo muddatini qoʻllash toʻgʻrisidagi arizalarni koʻrish natijalari (qanoatlantirilganligi yoki qanoatlantirish rad etilganligi) aks ettirilishi lozim.
3. Daʼvo muddatini qoʻllash toʻgʻrisida ariza bilan murojaat qilinganda, sud arizani qanoatlantirish yoki qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisida ajrim chiqarganligi haqidagi maʼlumotlar sud majlisi bayonnomasida koʻrsatilishi kerak.
Daʼvogar “Barqaror imkoniyat” XK tugatish boshqaruvchisi xoʻjalik sudiga murojaat qilib, javobgar “Lastochka” kredit uyushmasidan 1 982 000 soʻm undirishni soʻragan.
Ishdagi hujjatlardan koʻrinishicha, Navoiy viloyat xoʻjalik sudining 2011-yil 22-noyabrdagi hal qiluv qarori bilan “Barqaror imkoniyat” XK bankrot deb topilib tugatishga doir ish yuritish boshlangan. Xususiy korxona tugatish boshqaruvchisi tomonidan korxona moliyaviy ahvoli tahlil qilinganda, 2007-yil 31-yanvarda “Lastochka” kredit uyushmasiga 1 982 000 soʻm omonat uchun pul mablagʻlari oʻtkazib berilganligi aniqlangan. Biroq ushbu pul mablagʻlari kredit uyushmasi tomonidan qaytarib berilmagan.
Shu sababli “Barqaror imkoniyat” XK tugatish boshqaruvchisi 2012-yil 25-avgustda xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilgan.
Ish koʻrilishi jarayonida “Lastochka” kredit uyushmasi sudga ariza bilan murojaat qilib, kredit uyushmasining “Barqaror imkoniyat” XKdan qarzi mavjud emasligini, shuningdek daʼvo talabida undirish soʻralayotgan pul mablagʻi boʻyicha daʼvo muddati ham oʻtib ketganligini maʼlum qilib, daʼvo muddatini qoʻllab, daʼvoni rad etishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudi javobgarning arizasiga asoslanib talab boʻyicha daʼvo muddatini oʻtgan deb hisoblab, daʼvoni rad etishni lozim deb topgan.
Biroq, sudning hal qiluv qarori qabul qilingan kundagi, yaʼni 2012-yil 21-sentabrdagi bayonnomasida javobgarning arizasi yuzasidan sud ajrim chiqarganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar mavjud emas.
Vaholanki, Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2007-yil 15-iyundagi “Birinchi instansiya sudida ishlarni koʻrishda Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining qoʻllanilishi toʻgʻrisida”gi qarori 34-bandining ikkinchi qismiga koʻra XPK 129-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq arizalar va iltimosnomalarni koʻrish natijalari boʻyicha xoʻjalik sudi ajrim chiqaradi. Ajrimning shakli iltimosnomaning mazmuni va uni koʻrib chiqish natijalariga bogʻliq. Berilgan iltimosnomalar boʻyicha chiqariladigan ajrimlarga qoʻyiladigan umumiy talab — maʼlumotlar sud majlisi bayonnomasiga kiritilishining majburiyligidir.
4. Daʼvo muddatini qoʻllash toʻgʻrisidagi ariza (iltimosnoma)ni qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisidagi ajrim ustidan shikoyat (protest) qilinmaydi.
Daʼvogar Navoiy kon metallurgiya kombinati DUK xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar Markaziy kon boshqarmasidan 34 096 920 soʻm jarima undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo arizasi qisman qanoatlantirilgan.
Ishdagi hujjatlardan koʻrinishicha, ish koʻrilishi jarayonida Markaziy kon boshqarmasi daʼvo muddatini qoʻllash toʻgʻrisidagi ariza bilan murojaat qilib, 34 096 920 soʻm jarima undirish toʻgʻrisidagi talab boʻyicha daʼvo muddati oʻtib ketganligi inobatga olib, FK 153-moddasiga asosan daʼvoni rad etishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudi Markaziy kon boshqarmasining daʼvo muddatini qoʻllash toʻgʻrisidagi arizasida keltirilgan vajlarni asossiz deb hisoblab, 2012-yil 26-sentabrda alohida ajrim chiqarib iltimosnomani qanoatlantirishni rad etgan.
Shuningdek, sud mazkur ajrimning xulosa qismida ajrimdan norozi taraf shikoyat qilishi, prokuror protest keltirishi mumkin deb koʻrsatgan.
Vaholanki, Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2007-yil 15-iyundagi “Birinchi instansiya sudida ishlarni koʻrishda Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining qoʻllanilishi toʻgʻrisida”gi qarori 34-bandining uchinchi qismida ariza, iltimosnomalarni qanoatlantirish yoki rad qilish toʻgʻrisidagi ajrimlar shikoyat (protest) qilinmaydi deb belgilangan.
Mazkur holatda birinchi instansiya sudi daʼvo muddatini qoʻllash toʻgʻrisidagi arizani koʻrish natijalari boʻyicha alohida ajrim chiqarilmasligiga, shuningdek ariza, iltimosnomalarni qanoatlantirish yoki rad qilish toʻgʻrisidagi ajrimlar shikoyat (protest) qilinmasligiga eʼtibor bermagan.
5. Budjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasi tomonidan mehnatda mayiblangan fuqarolarga toʻlab berilgan pensiya toʻlovlarini xoʻjalik yurituvchi subyektlardan regress tartibda undirish toʻgʻrisidagi nizolarni hal etishda FK 163-moddasi birinchi qismining 3-bandi qoʻllanilmaydi. Bunday nizolar boʻyicha berilgan daʼvo arizalariga nisbatan FKning 150-moddasida belgilangan umumiy daʼvo muddati qoʻllanadi.
Daʼvogar — Budjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasi Surxondaryo viloyat Jarqoʻrgʻon tuman boʻlimi (Jamgʻarma) xoʻjalik sudiga murojaat qilib, javobgar — “Vatanparvar” tashkiloti Jarqoʻrgʻon tuman oʻquv-sport texnika klubi (Klub)dan mehnatda mayiblangan fuqaro Y.Ishmurodovga toʻlangan 4 802 108 soʻm pensiya pulini regress tartibda undirib berishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilgan. Javobgardan daʼvogar foydasiga 3 566 813,78 soʻm pensiya toʻlovlari undirilgan, daʼvoning qolgan qismi rad etilgan.
Kassatsiya instansiyasi sudining qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Aniqlanishicha, 1978-yilda Klubda ishlagan Y.Ishmuradov motokross mashgʻulotlarini oʻtkazish jarayonida baxtsiz hodisa oqibatida mehnat qobiliyatini yoʻqotgan. Ijtimoiy taʼminot boʻlimining 1980-yil 8-fevraldagi qarori bilan unga 3-guruh nogironligi boʻyicha pensiya tayinlangan.
Daʼvogar tomonidan fuqaro Y.Ishmuradovga 2010-yil 1-yanvardan 2014-yil 1-mayga qadar jami 4 802 108 soʻm pensiya toʻlangan.
“Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 66-moddasiga muvofiq, mulk shaklidan qatʼi nazar, korxonalar va tashkilotlar korxonaning aybi bilan mehnatda mayiblanish yoki kasb kasalligi oqibatidagi nogironlik uchun tayinlangan pensiyalarni toʻlash, shuningdek xodim ushbu Qonunning 7-moddasida nazarda tutilgan pensiya yoshiga toʻlgunga qadar ushbu Qonun 12-moddasining “b” — “j” bandlariga muvofiq tayinlangan pensiyalarni toʻlash uchun ish haqi toʻlashga moʻljallangan mablagʻlar hisobidan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga xarajatlarni qoplovchi pul oʻtkazadilar.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 11-fevraldagi 60-sonli Qarori bilan tasdiqlangan “Xodimlarga ularning mehnat vazifalarini bajarishi bilan bogʻliq holda jarohatlanishi, kasb kasalliklariga chalinishi yoki salomatlikning boshqa xil shikastlanishi tufayli yetkazilgan zararni toʻlash Qoidalari”ga koʻra ish beruvchi uning hududida va uning tashqarisida, shuningdek ish beruvchi bergan transportda ishga kelish yoki ishdan ketish vaqtida xodimning sogʻligʻiga mehnat jarohati bilan yetkazilgan zarar uchun ish beruvchi moddiy javobgar boʻlishi belgilangan.
Hal qiluv qarori qabul qilingunga qadar javobgar tomonidan daʼvo muddatini qoʻllash soʻralgan.
Birinchi instansiya sudi tomonidan daʼvo muddati qoʻllanilib, daʼvo qisman qanoatlantirilgan. Sud daʼvo talabining daʼvo muddati oʻtmagan davrda, yaʼni oxirgi uch yilda toʻlab berilgan pensiya toʻlovlarini undirish haqida toʻgʻri xulosaga kelgan. Biroq, sud hal qiluv qarorini asoslantirishda FK 163-moddasi birinchi qismining 3-bandiga tayanib xatolikka yoʻl qoʻygan. FKning 163-moddasi daʼvo muddati joriy qilinmaydigan talablarga nisbatan qoʻllaniladi.
Mazkur ishdagi nizoga nisbatan FKning 163-moddasi tatbiq qilinmaydi, balki bunday nizolar boʻyicha FKning 150-moddasida nazarda tutilgan umumiy daʼvo muddati qoʻllaniladi.
6. FK 152-moddasining birinchi qismiga koʻra daʼvo muddatlari va ularni hisoblash tartibi taraflarning kelishuvi bilan oʻzgartirilishi mumkin emas.
Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining Toshkent viloyat hududiy boshqarmasi DAT “Asaka” banki Sirgʻali filiali manfaatida xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, 2003-yil 23-yanvardagi kredit shartnomasini bekor qilishni va “Osiyo Trans Avto” MChJ, “Madad” sugʻurta kompaniyasi va “Sergeli Avtotexservis” OAJdan 77 318 349 soʻm kredit qarzi hamda 10 568 196 soʻm foizni undirishni soʻragan.
Ishdagi hujjatlardan koʻrinishicha, 2003-yil 23-yanvarda DAT “Asaka” banki Sirgʻali filiali va “Osiyo Trans Avto” MChJ oʻrtasida kredit shartnomasi tuzilgan. Unga koʻra bank qarzdorga 36 oy muddatga 10 dona “Neksiya” rusumli avtomashinani sotib olish uchun yillik 30 foiz ustama haqi toʻlash sharti bilan 106 312 730 soʻm kredit mablagʻi ajratgan. Ajratilgan kredit mablagʻini oʻz vaqtida qaytarilishini taʼminlash maqsadida bank, “Osiyo Trans Avto” MChJ va “Madad” sugʻurta kompaniyasi oʻrtasida 2003-yil 3-yanvarda “Garov bilan taʼminlanmagan kreditning qaytarilmaslik xatarini sugʻurtalash toʻgʻrisida” sugʻurta shartnomasi tuzilgan. Unga koʻra sugʻurtalovchi tomonidan 53 156 365 soʻm qiymatdagi sugʻurta polisi taqdim qilingan. Shuningdek, kredit shartnomasi boʻyicha “Osiyo Trans Avto” MChJ oʻz majburiyatining bajarilishini taʼminlash uchun bank, “Osiyo Trans Avto” MChJ va “Sergeli Avtotexservis” OAJ oʻrtasida 2012-yil 5-dekabrda kafillik shartnomasi tuzilgan. Unga asosan “Sergeli Avtotexservis” OAJ kafil sifatida 80 000 000 soʻmga kafillik taqdim qilgan.
“Osiyo Trans Avto” MChJ oʻz majburiyatlarini tegishli ravishda bajarmagan. Shu sababli Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining Toshkent viloyat hududiy boshqarmasi bank manfaatida 2012-yil yanvar oyida xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilgan.
Ish koʻrilishi jarayonida bank sugʻurtalovchi — “Madad” sugʻurta kompaniyasiga nisbatan bildirilgan talabdan voz kechgan. Kafil — “Sergeli Avtotexservis” OAJ esa unga nisbatan talab FKning 298-moddasiga binoan kafillik bilan taʼminlangan majburiyatni bajarish muddati kelgan kundan boshlab bir yil davomida taqdim qilinishi lozim boʻlganligini, ammo bank ushbu muddat davomida daʼvo bilan sudga murojaat qilmaganligini vaj qilib, daʼvo muddati oʻtganligi sababli daʼvoni rad etishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudi bankning sugʻurtalovchiga nisbatan daʼvodan voz kechishini qabul qilib, unga nisbatan ish yuritishni tugatgan. “Osiyo Trans Avto” MChJ va “Sergeli Avtotexservis” OAJdan 77 318 349 soʻm kredit qarzi hamda 10 568 196 soʻm ustama foizini undirish qismi boʻyicha daʼvo muddatini qoʻllab, daʼvoni rad etgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori bilan sudning hal qiluv qarori bekor qilinib, daʼvoni toʻliq qanoatlantirish haqida yangi qaror qabul qilingan. Kafilga bildirilgan talabga nisbatan daʼvo muddati qoʻllanilmasligiga kafillik shartnomasining 3.1-bandida shartnomaning amal qilish muddati qarzdorlik (kredit, komissiya, foiz va penya) toʻliq toʻlab berilgandan soʻng tugashi belgilanganligini asos qilib koʻrsatgan.
Apellatsiya instansiyasi sudi moddiy huquq normalarini notoʻgʻri qoʻllagan.
FKning 149,150-moddalariga koʻra, daʼvo muddati — shaxs oʻzining buzilgan huquqini daʼvo qoʻzgʻatish yoʻli bilan himoya qilishi mumkin boʻlgan muddatdir. Umumiy daʼvo muddati - uch yil.
Bank va “Osiyo Trans Avto” MChJ oʻrtasida tuzilgan kredit shartnomasining 2.5-bandiga binoan kredit summasi grafik asosida 2006-yil 23-yanvarga qadar qaytarilishi lozim. Yaʼni, kafillik shartnomasining 3.1-bandida shartnomaning amal qilish muddati qarzdorlik (kredit, komissiya, foiz va penya) toʻliq toʻlab berilgandan soʻng tugashi belgilangan boʻlsada, bank kafilga nisbatan 2006-yilning 23-yanvaridan boshlab uch yil davomida, yaʼni umumiy uch yillik daʼvo muddatida talab bildirishi lozim edi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2006-yil 22-dekabrdagi “Kredit shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlar bajarilishini taʼminlash toʻgʻrisidagi fuqarolik qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi qarori 36-bandining ikkinchi qismiga koʻra asosiy majburiyat boʻyicha daʼvo muddatlarining oʻtishi kafilni javobgarlikka tortishni istisno qiladi.
Vaholanki, FK 152-moddasining birinchi qismiga koʻra daʼvo muddatlari va ularni hisoblash tartibi taraflarning kelishuvi bilan oʻzgartirilishi mumkin emas.
7. FK 153-moddasining ikkinchi qismiga koʻra daʼvo muddati sud tomonidan faqat nizodagi tarafning sud qaror chiqargunicha bergan arizasiga muvofiq qoʻllanadi.
Daʼvogar “Namangan hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ Uchqoʻrgʻon tuman elektr tarmoqlari korxonasi 2014-yil 3-noyabrda xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar “Shaldirama” MFYdan 148 975 200 soʻm undirishni soʻragan.
Ishdagi hujjatlardan koʻrinishicha, Uchqoʻrgʻon tuman elektr tarmoqlari korxonasi va “Shaldirama” MFY elektr energiyasi taʼminoti shartnomasi tuzilgan. “Shaldirama” MFY elektr energiyasidan foydalanishda shartnomada shartlarini buzgan holda qoidabuzarlikka yoʻl qoʻygan. Natijada, daʼvogar xodimlari tomonidan 2011-yil 3-avgustda dalolatnoma rasmiylashtirilgan. Unda hisobga olinmagan elektr energiyasi qayta hisob-kitob qilinib, javobgarga 148 975 200 soʻm qarzdorlik hisoblangan. Biroq, javobgar ushbu qarzdorlikni ixtiyoriy toʻlab bermaganligi uchun daʼvogar sudga murojaat qilgan.
Birinchi instnatsiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo rad etilgan va bunga asos qilib daʼvogar FKning 150-moddasida belgilangan umumiy uch yillik daʼvo muddatini oʻtkazib yuborilganligi koʻrsatilgan.
Biroq, javobgar daʼvo muddatini qoʻllash toʻgʻrisida sudga ariza bermagan va bu haqda ogʻzaki murojaat ham qilmagan.
Sud esa, oʻz tashabbusi bilan daʼvo muddatini qoʻllab, daʼvoni rad etgan.
Vaholanki, FK 153-moddasining ikkinchi qismiga koʻra daʼvo muddati sud tomonidan faqat nizodagi tarafning sud qaror chiqargunicha bergan arizasiga muvofiq qoʻllanadi.
Xuddi shunday xatolikka 16-1406/13272, 16-1406/13273, 16-1406/13274-sonli ishlarni koʻrishda ham yoʻl qoʻyilgan.
Yana bir misol.
Daʼvogar Budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi Uchtepa tuman boʻlimi xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar “Foton” AJ dan 13 800 662 soʻm undirishni soʻragan.
Daʼvo arizasidan koʻrinishicha, 1942-yilda tugʻilgan fuqaro A. Usmanov “Foton” AJda mehnat faoliyatini olib borayotgan vaqtda kasb kasalligiga chalingan. Tibbiy mehnat ekspertiza komissiyasi tomonidan 1994-yil 23-fevralda berilgan maʼlumotnomaga asosan u 2-guruh nogironlik nafaqasiga chiqarilgan. Shu bois, fuqaro A.Usmanov Budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi hisobidan 1994-yildan boshlab har oyda pensiya olib kelgan. Unga Pensiya jamgʻarmasi hisobidan 2010-yilning yanvar oyidan 2014-yilning oktyabr oyiga qadar jami 13 800 662 soʻm toʻlangan.
Pensiya jamgʻarmasi javobgarga talabnoma yuborib, unda fuqaro A.Usmanovga toʻlab berilgan summani qoplab berishni soʻragan. Biroq javobgar tomonidan talabnoma oqibatsiz qoldirilgan. Shu sababli daʼvogar sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilgan.
Ishni koʻrish jarayonida javobgar sudga daʼvo arizasi yuzasidan fikr-mulohaza taqdim etib unda talab asossiz ekanligini, daʼvogar bunday talab bilan birinchi marta 2014-yil 20-noyabrda murojaat qilganligini, daʼvo summasi 2010-yilning yanvar oyidan 2014-yilning oktyabr oyiga qadar hisoblanganligini, ammo Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi 2003-yil 19-dekabrdagi 18-sonli qarorining 6-bandida mehnat jarohati tufayli kasb layoqati yoʻqotilgandan yoki boquvchining vafotidan soʻng uch yildan keyin keltirilgan daʼvo talablari, ariza berilgan kunidan oldingi koʻpi bilan uch yil boʻyicha qondirilishi belgilanganligini bayon etgan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo toʻliq qanoatlantirilib, javobgardan daʼvogar foydasiga 13 800 662 soʻm undirilgan.
Hal qiluv qaroridan norozi boʻlib, javobgar tomonidan apellatsiya shikoyati berilgan. Unda daʼvo muddati oʻtkazib yuborilganligi va daʼvogar uni tiklashni soʻramaganligi sababli hal qiluv qarori bekor qilinishi va ish boʻyicha ish yuritish tugatilishi lozimligi koʻrsatilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgartirilib, javobgardan daʼvogar foydasiga 10 307 348 soʻm undirilgan. Bunday xulosaga kelishda FKning 149 va 150-moddalariga koʻra umumiy daʼvo muddati uch yil ekanligi, birinchi instansiyasi sudi tomonidan javobgarning daʼvo muddatini qoʻllash haqidagi iltimosnomasi asossiz rad qilinganligi, daʼvo arizasida 2010-yilning yanvar oyidan 2011-yilning dekabr oyiga qadar hisoblangan summa daʼvo muddati oʻtganligi sababli undirilmasligi lozimligi asos qilib koʻrsatilgan.
FKning 153-moddasiga koʻra, buzilgan huquqni himoya qilish talabi daʼvo muddatining oʻtganligidan qatʼi nazar sudda koʻrib chiqish uchun qabul qilinadi. Daʼvo muddati sud tomonidan faqat nizodagi tarafning sud qaror chiqargunicha bergan arizasiga muvofiq qoʻllanadi. Qoʻllanish toʻgʻrisida nizodagi taraf bayon qilgan daʼvo muddatining oʻtishi sudning daʼvoni rad etish haqida qaror chiqarishi uchun asos boʻladi.
Biroq ish hujjatlaridan koʻrinishicha, javobgar sudga daʼvo muddatini qoʻllash haqidagi ariza bilan murojaat qilmagan. Javobgar tomonidan taqdim qilingan fikr-mulohazadagi “daʼvo summasi 2010-yilning yanvar oyidan 2014-yilning oktyabr oyiga qadar hisoblangan, ammo Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi 2003-yil 19-dekabrdagi 18-sonli qarorining 6-bandida mehnat jarohati tufayli kasb layoqati yoʻqotilgandan yoki boquvchining vafotidan soʻng uch yildan keyin keltirilgan daʼvo talablari, ariza berilgan kunidan oldingi, koʻpi bilan uch yil boʻyicha qondirilishi belgilangan” degan vajlarini daʼvo muddatini qoʻllash haqidagi ariza deb baholab boʻlmaydi,chunki FK 153-moddasining ikkinchi qismiga asosan javobgar sud qaror chiqargunicha suddan daʼvo muddatini qoʻllashni soʻrashi lozim.
8. Sud nizoni mazmunan hal qilishdan oldin daʼvo muddatini qoʻllash yoki qoʻllamaslik masalasini hal etadi. Agar sud daʼvo muddatini qoʻllasa, ish mazmunan koʻrilmaydi.
Daʼvogar “Tolmas Saman” IChSFning tugatish boshqaruvchisi xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar “Lastochka” kredit uyushmasidan 16 945 000 soʻm undirishni soʻragan.
Ishdagi hujjatlardan koʻrinishicha, sudning 2012-yil 14-sentabrdagi hal qiluv qarori bilan “Tolmas Saman” IChSF bankrot deb topilib, tugatishga doir ish yuritish boshlangan. IChSFning tugatish boshqaruvchisi tomonidan korxonaning moliyaviy ahvoli tahlil qilinganda, “Lastochka” kredit uyushmasiga 2008-yil 12-sentabrda 700 000 soʻm, 2008-yil 25-oktabrda 300 000 soʻm, 2009-yil 2-iyunda 15 945 000 soʻm pul mablagʻlari depozitni koʻpaytirish uchun oʻtkazib berilganligi aniqlangan. Biroq ushbu pul mablagʻlari kredit uyushmasi tomonidan qaytarib berilmagan. Shu sababli “Tolmas Saman” IChSFning tugatish boshqaruvchisi 2013-yil 28-fevralda xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilgan.
Ish koʻrilishi jarayonida “Lastochka” kredit uyushmasi sudga ariza bilan murojaat qilib, kredit uyushmasining “Tolmas Saman” IChSFdan qarzi mavjud emasligi, 2010-yil 9-fevralda firma kredit uyushmasi aʼzoligidan chiqarilganligi, shuningdek daʼvo muddati ham oʻtib ketganligini maʼlum qilib, uni qoʻllab, daʼvoni rad etishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudi tomonidan ish mazmunan koʻrib chiqilib, kredit uyushmasi tomonidan “Tolmas Saman” IChSF rahbarining murojaatiga asosan 16 945 000 soʻmlik pul mablagʻlari tegishli shaxslarga oʻtkazib berilganligi aniqlangan. Kredit uyushmasining “Tolmas Saman” IChSFdan qarzi mavjud emasligi sababli daʼvo muddatini qoʻllash toʻgʻrisidagi arizani qanoatlantirish rad etilgan. Shu bilan birga, daʼvo talabini qanoatlantirish ham rad etilgan.
Ish apellatsiya va kassatsiya tartibida koʻrilmagan.
FKning 153-moddasiga koʻra, buzilgan huquqni himoya qilish talabi daʼvo muddatining oʻtganligidan qatʼi nazar, sudda koʻrib chiqish uchun qabul qilinadi. Daʼvo muddati sud tomonidan faqat nizodagi tarafning sud qaror chiqargunicha bergan arizasiga muvofiq qoʻllanadi. Qoʻllanish toʻgʻrisida nizodagi taraf bayon qilgan daʼvo muddatining oʻtishi sudning daʼvoni rad etish haqida qaror chiqarishi uchun asos boʻladi.
Mazkur holatda sud nizoni mazmunan hal qilishdan oldin daʼvo muddatini qoʻllash yoki qoʻllamaslik masalasini hal etib, agar daʼvo muddatini qoʻllasa ish mazmunan qoʻrilmasligi kerak.
Yana bir misol.
Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi javobgarlar — “Texnoindustriya” ShK va “SMS” MChJga nisbatan daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, koʻchmas mulkni sotish haqida “Texnoindustriya” ShK va “SMS” MChJoʻrtasida 2007-yil 24-aprelda tuzilgan oldi-sotdi shartnomasini haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
Ishdagi hujjatlardan koʻrinishicha, Investor xarajatlarini qoplash maqsadida davlat tomonidan mulkdor sifatida “Texnoindustriya” ShKga koʻchmas mulk topshirilgan. Koʻchmas mulkni topshirish “OʻzPGS” AJ aksiyadorlarining 1998-yil 4-sentabrdagi umumiy yigʻilishi qarori asosida Davlat mulk qoʻmitasining 1998-yil 19-noyabrdagi 178k-pr-sonli buyrugʻiga muvofiq rasmiylashtirilgan.
Biroq, investorning xarajatlari hujjatlar bilan oʻz tasdigʻini topmaganligi sababli Toshkent shahar xoʻjalik sudida 2011-yil 12-aprelda 10-1021/8326-sonli xoʻjalik ishi boʻyicha qabul qilingan hal qiluv qaroriga asosan 1998-yil 4-sentabrdagi umumiy yigʻilish qarori haqiqiy emas deb topilgan.
Shuningdek, Toshkent shahar xoʻjalik sudining 2009-yil 16-sentabrdagi 10-0715/12379-sonli xoʻjalik ishi boʻyicha chiqarilgan hal qiluv qarori bilan “Oʻzitalmotor”, “Takfa”, “Toshkent motor zavodi” va “Ipak Yoʻli” AJlari taʼsischilarining 1998-yil 23-24-iyundagi umumiy yigʻilish qarori “Oʻzitalmotor” AJning ustav fondi shakllantirilmaganligi bois haqiqiy emas deb topilgan.
Shu sababli, Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi “Texnoindustriya” ShK va “SMS” MChJga nisbatan daʼvo arizasi bilan murojaat qilgan.
Javobgar “SMS” MChJ sudga daʼvo muddatini qoʻllash toʻgʻrisidagi ariza bilan murojaat qilgan.
Birinchi instansiya sudining 2014-yil 29-avgustdagi hal qiluv qarori bilan javobgarning daʼvo muddatini qoʻllash toʻgʻrisidagi arizasi qanoatlantirilib, talabga nisbatan daʼvo muddati qoʻllanilib Qoʻmitaning daʼvosi rad etilgan.
Nizoli oldi-sotdi shartnomasini tuzishga aksiyadorlik jamiyatlari taʼsischilari va aksiyadorlarining 1998-yildagi umumiy yigʻilish qarorlari asos boʻlib, ushbu yigʻilish qarorlari xoʻjalik sudi tomonidan 2009-yil 16-sentabrdagi hal qiluv qarori bilan Qoʻmitaning daʼvosi asosida haqiqiy emas deb topilgan. Shu sababli, sud Qoʻmita 2009-yilda nizoli shartnomaning noqonuniyligi haqida bilgan va bilishi lozim boʻlgan deb hisoblab, daʼvo muddatini qoʻllash haqida qonuniy toʻxtamga kelgan. Biroq ishning mazmuniga kirib, qoʻmita tomonidan oldi-sotdi shartnomasini haqiqiy emas deb topish uchun daʼvoda keltirilgan vajlarning notoʻgʻriligiga huquqiy baho berib, sud xatolikka yoʻl qoʻygan. Chunki FK 153-moddasining uchinchi qismiga koʻra qoʻllanish toʻgʻrisida nizodagi taraf bayon qilgan daʼvo muddatining oʻtishi sudning daʼvoni rad etish haqida qaror chiqarishi uchun asos boʻladi.
Shu bois, kassatsiya instansiyasining qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgartirilgan: uning asoslantiruvchi qismidan Qoʻmitaning daʼvosi asossizligi haqidagi soʻzlar chiqarib tashlangan.
9. Agar sud daʼvo muddatini qoʻllash toʻgʻrisidagi arizani qanoatlantirsa, talabning daʼvo muddati oʻtgan qismini qanoatlantirish rad etiladi.
Daʼvogar Budjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasi Namangan shahar boʻlimi 2014-yil 11-noyabrda xoʻjalik sudiga murojaat qilib, javobgar “Namanganvino” AJdan toʻlangan 12 253 455soʻm pensiya toʻlovlarini regress tartibida undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilib, javobgardan daʼvogar foydasiga 10 613 086 soʻm undirilgan.
Ishdagi hujjatlardan koʻrinishicha, fuqaro X.Dedabayev 1984-yil 30-avgustda mehnat vazifasini bajarish vaqtida mayiblangan. Daʼvogar fuqaro X.Dedabayevga mehnatda mayiblanganligi uchun Budjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 2010-yil 1-yanvardan 2014-yil 1-noyabr holatiga 12 253 455 soʻm toʻlab bergan.
“Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Qonuni 66-moddasining ikkinchi qismiga koʻra mulk shaklidan qatʼi nazar, korxonalar va tashkilotlar korxonaning aybi bilan mehnatda mayiblanish yoki kasb kasalligi oqibatidagi nogironlik uchun tayinlangan pensiyalarni toʻlash, shuningdek xodim ushbu Qonunning 7-moddasida nazarda tutilgan pensiya yoshiga toʻlgunga qadar ushbu Qonun 12-moddasining “b” — “j” bandlariga muvofiq tayinlangan pensiyalarni toʻlash uchun ish haqi toʻlashga moʻljallangan mablagʻlar hisobidan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga xarajatlarni qoplovchi pul oʻtkazadilar.
Biroq, Jamgʻarma tomonidan fuqaro X.Dedabayevga toʻlab berilgan pensiya toʻlovlari javobgar tomonidan qoplanmagan. Shu sababli, Budjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasi Namangan shahar boʻlimi xoʻjalik sudiga murojaat qilgan.
Javobgar daʼvo muddatini qoʻllash toʻgʻrisida ariza bilan murojaat qilgan.
Sud javobgarning arizasini qanoatlantirgan va daʼvo muddatini qoʻllagan.
FKning 150-moddasiga asosan umumiy daʼvo muddati – uch yil.
Biroq, umumiy daʼvo muddati uch yil boʻlsada, sud talabning daʼvo arizasi berilgunga qadar toʻlangan uch yillik pensiya toʻlovlarini qoplash qismini qanoatlantirmasdan, balki uch yil oʻn oyda (2011-yil yanvardan 2014-yil noyabrga qadar) toʻlangan qismini qanoatlantirgan.
Shu sababli sud talabning daʼvo muddati oʻtmagan qismida, yaʼni X.Dedabayevga 2011-yil noyabrdan 2014-yil noyabrga qadar toʻlab berilgan 9 011 649 soʻm pensiya toʻlovlarini javobgardan undirishi lozim edi.
10. FK 154-moddasining birinchi qismiga asosan daʼvo muddati shaxs oʻzining huquqi buzilganligini bilgan yoki bilishi lozim boʻlgan kundan oʻta boshlanadi. Bunda, shaxs deganda fuqarolik munosabatlarining taraflari tushuniladi.
Daʼvogar “Parma Servis” MChJ xoʻjalik sudiga 2014-yil avgust oyida daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar “Toshtransmahsusqurilish” MChJdan 40 000 000 soʻm asosiy qarz va 12 000 000 soʻm penya undirishni soʻragan.
Ishdagi hujjatlardan koʻrinishicha, 2011-yil 23-mayda taraflar oʻrtasida pudrat shartnomasi tuzilgan. Ushbu shartnoma shartlarini bajarish maqsadida javobgarga 2011-yil 23-maydagi 229-sonli toʻlov topshiriqnomasi bilan avans sifatida 40 000 000 soʻm oʻtkazib berilgan. Ammo javobgar tomonidan shartnoma majburiyatlari buzilgan Shu sababli, javobgar tomonidan majburiyat bajarilishi kechiktirilgan har bir kun uchun 0,4 foiz miqdorida, yaʼni 12 000 000 soʻm penya hisoblangan.
Ish koʻrilishi jarayonida javobgar daʼvo muddatini qoʻllab, daʼvoni rad etishni soʻragan.
Daʼvogar daʼvo muddati qoʻllanishiga eʼtiroz bildirib, korxonaning bosh buxgalteri tez-tez almashib turganligi sababli daʼvo muddati oʻtkazib yuborganligi uchun daʼvo muddatini oʻtkazib yuborish sabablarini uzrli deb hisoblab, uni tiklashni soʻragan.
Birinchi instansiya sudi daʼvo muddatini tiklash haqidagi arizani qanoatlantirishni rad etib, daʼvo muddatini qoʻllash toʻgʻrisidagi arizani qanoatlantirgan va daʼvo muddatini qoʻllab, daʼvoni rad etgan.
Sudning hal qiluv qarorida FK 154-moddasining birinchi qismiga asosan daʼvo muddati shaxs oʻzining huquqi buzilganligini bilgan yoki bilishi lozim boʻlgan kundan oʻta boshlashi, korxona bosh buxgalterini almashib turishi oʻtkazib yuborilgan daʼvo muddatini uzrli deb hisoblashga sabab boʻlmasligi asos qilib koʻrsatilgan.
Birinchi instansiya sudi moddiy va protsessual huquq normalarini toʻgʻri qoʻllaganligi sababli appelatsiya instansiyasi sudi hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirgan.
Yana bir misol.
Daʼvogar “Umid-Axror Fayz” XK xoʻjalik sudiga 2014-yil yanvar oyida daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar OATB “Agrobank”dan 20 000 000 soʻm asossiz yechib olingan pul mablagʻlarini va 2 998 410 soʻm jarimani undirishni soʻragan.
Ishdagi hujjatlardan koʻrinishicha, 2011-yil 28-martda DSI tomonidan “Umid-Axror Fayz” XK va “UzGazOil” MChJ oʻrtasida amalga oshirilgan toʻlovlar boʻyicha tekshirish oʻtkazilgan. Tekshirishda OATB “Agrobank” tomonidan 2008-yil 30-noyabrda daʼvogarning hisobvaragʻidan asossiz “UzGazOil” MChJning hisobvaragʻiga 1 000 000 000 soʻm pul mablagʻlari oʻtkazilganligi va bank oʻz foydasiga 20 000 000 soʻm koʻrsatilgan xizmatlar uchun pul mablagʻi yechib olgan, keyinchalik esa, “UzGazOil” MChJ tomonidan 1 000 000 000 soʻm XKga qaytarib berilgan. Shu sababli, XK sudga murojaat qilib, bankdan asossiz yechib olingan 20 000 000 soʻmni qaytarishni hamda Markaziy bank tomonidan tasdiqlangan 2001-yil 30-iyunda 1044-son bilan Adliya vazirligida roʻyxatga olingan Nizomga asosan 2 998 410 soʻm jarima undirishni soʻragan.
Javobgar sudga daʼvo muddati oʻtganligi sababli daʼvoni rad etish haqida ariza bergan. Daʼvogar javobgarning daʼvo muddatini qoʻllash haqidagi arizasiga eʼtiroz bildirib, bank tomonidan asossiz amalga oshirilgan 1 000 000 000 soʻmlik operatsiya uchun 20 000 000 soʻm pul mablagʻi yechib olganligini 2011-yil 28-martda DSI tomonidan oʻtkazilgan tekshirish vaqtida bilganligini bayon qilgan.
Hal qiluv qarori bilan daʼvo muddati oʻtganligi sababli daʼvoni qanoatlantirish rad etilgan.
Ish apellatsiya va kassatsiya instansiyasi sudlarida koʻrilmagan.
FK 154-moddasining birinchi qismiga binoan daʼvo muddati shaxs oʻzining huquqi buzilganligini bilgan yoki bilishi lozim boʻlgan kundan oʻta boshlaydi.
Sudning hal qiluv qaroriga koʻra, daʼvogar va “UzGazOil” MChJ oʻrtasida shartnoma mavjud boʻlmasada, bank tomonidan 1 000 000 000 soʻm daʼvogarning hisobvaragʻidan “UzGazOil” MChJga oʻtkazib berilgan. Bu operatsiya uchun bank oʻz foydasiga 20 000 000 soʻm pul mablagʻlarini yechib olgan, ushbu holat yuzasidan daʼvogarning sobiq rahbari A.Rixsiyev bank boshqaruvchisi Sh. Boʻtayevga arz qilgan. Bundan koʻrinadiki, daʼvogar bank tomonidan uning hisobvaragʻidan 20 000 000 soʻm pul mablagʻi yechib olganligidan 2008-yilning dekabr oyida xabardor boʻlgan.
Shu bois, sud daʼvogarning daʼvo muddatini qoʻllash haqidagi arizasini qanoatlantirgan.
11. Daʼvo muddatining oʻta boshlashi shartnoma tarafi boʻlgan shaxs bankrot deb topilib, sud boshqaruvchisi tayinlangan kundan emas, balki shartnomaning ushbu tarafi oʻzining huquqi buzilganligini bilgan yoki bilishi lozim boʻlgan kundan oʻta boshlaydi.
“Toshkent toʻqimachi kombinati” AJ tugatish boshqaruvchisi xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, “Toshkent toʻqimachi kombinati” AJ, TIF Milliy banki va “Tosh Ross Textil” MChJ oʻrtasida 2007-yil 31-martda tuzilgan bitimni haqiqiy emas deb topishni va bitimni haqiqiy emasligi oqibatini qoʻllashni soʻragan.
Ishdagi hujjatlardan koʻrinishicha, 2007-yil 31-martda TIF Milliy banki, “Toshkent toʻqimachi kombinati” AJ va “Tosh Ross Textil” MChJ oʻrtasida kelishuv tuzilgan. Unga koʻra “Tosh Ross Textil” MChJ daʼvogar tomonidan kredit mablagʻlariga sotib olingan uskunalarni oʻziga qabul qilib olishi va buning evaziga “Toshkent toʻqimachi kombinati” AJning bank oldidagi kredit qarzlarini toʻlab berish majburiyatini olgan.
Xoʻjalik sudining 2010-yil 22-iyundagi hal qiluv qarori bilan daʼvogar bankrot deb topilib, tugatishga doir ish yuritish boshlangan va tugatish boshqaruvchisi tayinlangan.
2013-yilning fevral oyida tugatish boshqaruvchisi xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, yuqorida qayd qilingan uch tomonlama bitimni haqiqiy emas deb topishni va bitimni haqiqiy emasligi oqibatini qoʻllashni soʻragan.
Ish koʻrilishi jarayonida bank va “Tosh Ross Textil” MChJ daʼvo muddati oʻtganligi sababli daʼvoni rad etishni soʻragan.
Sud boshqaruvchisi daʼvo muddati qoʻllanishiga eʼtiroz bildirib, FKning 154-moddasiga binoan daʼvo muddati shaxs oʻzining huquqi buzilganligini bilgan yoki bilishi lozim boʻlgan kundan oʻta boshlashi, “Toshkent toʻqimachi kombinati” AJ bankrot deb topilgandan keyin u tayinlanganligini, shundan keyingina u bunday bitim tuzilganligidan xabardor boʻlganligini maʼlum qilib, daʼvo muddatini oʻtkazib yuborish sabablarini uzrli deb topib, uni tiklashni va daʼvoni qanoatlantirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudi daʼvo muddatini tiklash haqidagi arizani qanoatlantirishni rad etib, daʼvo muddatini qoʻllash toʻgʻrisidagi arizani qanoatlantirgan va daʼvo muddatini qoʻllab, daʼvoni rad etgan.
Sud bunday xulosaga kelishiga FK 154-moddasining birinchi qismiga asosan daʼvo muddati shaxs oʻzining huquqi buzilganligini bilgan yoki bilishi lozim boʻlgan kundan oʻta boshlashini, shaxs deganda fuqarolik munosabatlarining taraflari tushunilishini, mazkur holatda bunday taraf sud boshqaruvchisi emas, balki “Toshkent toʻqimachi kombinati” AJ hisoblanilishini, bitim tuzilgan paytdan sudga daʼvo bilan murojaat qilgunga qadar 6 yil oʻtganligini asos qilib keltirgan.
Birinchi instansiyasi sudi moddiy va protsessual huquq normalarini toʻgʻri qoʻllaganligi sababli appelatsiya instansiyasi sudi hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirgan.
12. Agar daʼvo arizasi sud tomonidan qaytarilgan boʻlsa, daʼvo qoʻzgʻatilgunga qadar oʻta boshlagan daʼvo muddati umumiy tartibda davom etadi.
Daʼvogar “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” DUK xoʻjalik sudiga 2012-yil mart oyida daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar “Oʻzbekiston temir yoʻllari” DATKdan 3 391 960 soʻm jarimani undirishni soʻragan.
Ishdagi hujjatlardan koʻrinishicha, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” DATKning “Tinchlik” bekatidagi 090979 va 290987-sonli vagonlarni topshirish va qayta qabul qilish toʻgʻrisidagi qaydnomasiga asosan 2011-yilning sentyabr oyida “Tinchlik” bekatida turib qolgan vagonlar uchun 3 391 960 soʻm jarima hisoblanib, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” DUKning hisob raqamidan yechib olingan.
Javobgar daʼvogarning harakatidan norozi boʻlib 2011-yilning 17-noyabrida talabnoma yuborib pul mablagʻlarini qaytarishni soʻragan. Javobgar talabnomaga 2011-yil 31-dekabrdagi xat bilan rad javobi bergan. Ushbu xat daʼvogar tomonidan 2012-yil 10-yanvarda qabul qilib olingan.
Shu sababli, daʼvogar xoʻjalik sudiga 2012-yil 6-fevralda daʼvo arizasi bilan murojaat qilgan. Xoʻjalik sudining 2012-yil 10-fevraldagi ajrimi bilan daʼvo arizasi qaytarilgan.
Daʼvogar 2012-yil 16-martda qaytadan daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, unga oʻtkazib yuborilgan daʼvo muddatini uzrli deb topish va daʼvo muddatini tiklash haqidagi arizani ilova qilgan. Arizada daʼvo arizasi avvalroq berilganligi, ammo sud (pochta) xarajati boshqa hisob raqamiga oʻtkazilganligi sababli XPK 118-moddasining 5-bandiga asosan qaytarganligi, hozirda kamchilik bartaraf etilib qaytadan murojaat qilinganligi vaj qilib keltirilgan.
Ish koʻrilishi jarayonida javobgar daʼvo muddati oʻtganligi sababli daʼvo muddatini qoʻllab, daʼvoni rad etishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudi daʼvo muddatini tiklash haqidagi arizani qanoatlantirishni rad etib, daʼvo muddatini qoʻllash toʻgʻrisidagi arizani qanoatlantirgan va daʼvoni rad etgan.
Sud daʼvo muddatini qoʻllashga FKning 150 va 151-moddalariga koʻra umumiy daʼvo muddati uch yil, ayrim turdagi talablar uchun qonunlarda umumiy daʼvo muddatiga qaraganda qisqartirilgan yoki uzaytirilgan maxsus daʼvo muddatlari belgilanishi mumkinligini, Oʻzbekiston Respublikasi Temir yoʻl ustavining 115-moddasiga binoan temir yoʻlga nisbatan daʼvogar faqat eʼtirozni qanoatlantirishni toʻliq yoki qisman rad etish toʻgʻrisidagi javob olingandan soʻng ikki oy davomida vakolatli sudga berishi mumkinligini, FK 158-moddasining birinchi qismida, agar daʼvo sud tomonidan koʻrilmasdan qoldirilgan boʻlsa, daʼvo qoʻzgʻatilgunga qadar oʻta boshlagan daʼvo muddati umumiy tartibda davom etishi belgilanganligini asos qilib keltirgan.
13. Daʼvo muddatining oʻtishi majbur shaxs qarzni tan olganligini koʻrsatuvchi harakatlarni qilishi bilan uziladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining Toshkent viloyat hududiy boshqarmasi “Hermest Plast” MChJ manfaatida xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetidan 17 889 807 soʻm undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudning hal qiluv qarori bilan daʼvoni qanoatlantirish rad etilgan.
Ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan.
Ishdagi hujjatlardan koʻrinishicha, MChJ va universitet oʻrtasida 2009-yil 12-noyabrda pudrat shartnomasi tuzilgan. Unga koʻra MChJ oʻz zimmasiga 23 323 083 soʻmlik qurilish ishlarini bajarish majburiyatini olgan.
2009-yil 20-noyabrda taraflar oʻrtasida shartnomaga qoʻshimcha kelishuv imzolanib, unda bajariladigan ishlarning qiymati 38 300 000 soʻm miqdorida belgilangan.
Bajarilgan ishlarni topshirish qabul-qilish dalolatnomalarida MChJ tomonidan 38 266 323 soʻmlik ishlar amalga oshirilganligi qayd etilgan.
Toshkent shahar Yakkasaroy tuman prokuraturasining topshiriq xati asosida OATB “Oʻzsanoatqurilishbank” tomonidan oʻtkazilgan nazorat oʻlchovi xulosasiga koʻra F-2 dalolatnomalaridagi bajarilgan ish hajmi bilan haqiqiy oʻlchov hajmi taqqoslanganda 20 375 516 soʻm bajarilgan ish hajmi chiqarib tashlangan. Natijada haqiqiy bajarilgan ishlar qiymati 17 889 807 soʻm miqdorida belgilangan.
Javobgar tomonidan bajarilgan ishlar haqi toʻlab berilmaganligi sababli daʼvogar 2014-yilning fevral oyida sudga daʼvo bilan murojaat qilgan.
Ish koʻrilishi jarayonida javobgar sudga ariza taqdim etib, daʼvo muddati oʻtganligi sababli daʼvoni rad etishni soʻragan. Sud ushbu arizani qanoatlantirib, daʼvoni rad etish haqida hal qiluv qarori qabul qilgan.
Shartnomaning 2-bandida bajarilgan ishlarning qiymati bajarilgan ishlarni topshirish qabul-qilish dalolatnomalari asosida toʻlab berilishi belgilangan.
Taraflar tomonidan bajarilgan ishlarni topshirish qabul-qilish dalolatnomalari 2009-yilning noyabr oyida rasmiylashtirilgan.
Shu bois, sud daʼvo muddatini boshlanish vaqtini 2009-yilning dekabr oyidan hisoblagan va uch yillik daʼvo muddati oʻtganligi sababli daʼvoni qanoatlantirishni rad etgan.
Biroq birinchi instansiya sudi MChJ va universitet oʻrtasida 2012-yil 24-aprel va 24-dekabrda taqqoslash dalolatnomasi imzolanganligiga eʼtibor bermagan.
Vaholanki, FKning 157-moddasiga koʻra daʼvo muddatining oʻtishi belgilangan tartibda daʼvo qoʻzgʻatilishi bilan, shuningdek majbur shaxs qarzni tan olganligini koʻrsatuvchi harakatlarni qilishi bilan uziladi. Uzilishdan keyin daʼvo muddatining oʻtishi yangidan boshlanadi, uzilishgacha oʻtgan vaqt esa - yangi muddatga qoʻshilmaydi.
Shu bois, kassatsiya instansiyasi sudining qarori bilan hal qiluv qarori bekor qilinib, ish koʻrib chiqilgan va taraflar oʻrtasida tuzilgan pudrat shartnomasi hamda qoʻshimcha kelishuv belgilangan tartibda Gʻaznachilikda roʻyxatga olinmaganligi asos qilinib daʼvoni rad etish haqida yangi qaror qabul qilingan.
14. Xodimlar masʼuliyatsizligi natijasida daʼvo muddatining oʻtib ketganligi uzrli sabab hisoblanmaydi va daʼvo muddatini tiklashga asos boʻlmaydi.
Daʼvogar Budjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasi Namangan shahar boʻlimi (Jamgʻarma) 2013-yil 3-iyulda xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar “Notoʻqimachi” AJdan toʻlangan16 006790soʻm pensiya pulini regress tartibida undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining 2014-yil 22-dekabrdagi hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilib, javobgardan daʼvogar foydasiga 10 613 086 soʻm undirilgan.
Ishdagi hujjatlardan koʻrinishicha, “Notoʻqimachi” AJda sodir boʻlgan baxtsiz xodisa tufayli jamiyat xodimlari M.Raxmonov, M.Isakov, T.Xashimov, A.Isamiddinov va M.Toshpoʻlatovlar nogiron boʻlib qolganlar. Mazkur shaxslarga Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan pensiya pullari toʻlangan. 2010-yil yanvar oyidan 2013-yilning may oyiga qadar toʻlab berilgan 16 006 790 soʻm pensiya pullari “Notoʻqimachi” AJ tomonidan Jamgʻarmaga oʻtkazilmagan.
“Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Qonuni 66-moddasining ikkinchi qismiga koʻra mulk shaklidan qatʼi nazar, korxonalar va tashkilotlar korxonaning aybi bilan mehnatda mayiblanish yoki kasb kasalligi oqibatidagi nogironlik uchun tayinlangan pensiyalarni toʻlash, shuningdek xodim ushbu Qonunning 7-moddasida nazarda tutilgan pensiya yoshiga toʻlgunga qadar ushbu Qonun 12-moddasining “b” — “j”-bandlariga muvofiq tayinlangan pensiyalarni toʻlash uchun ish haqi toʻlashga moʻljallangan mablagʻlar hisobidan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga xarajatlarni qoplovchi pul oʻtkazadilar.
Shu sababli Jamgʻarma xoʻjalik sudiga murojaat qilgan.
Javobgar daʼvo muddatini qoʻllab, daʼvoni rad etish toʻgʻrisida ariza bilan, daʼvogar esa oʻtkazib yuborilgan daʼvo muddatini tiklash toʻgʻrisidagi iltimosnoma bilan murojaat qilgan.
Sud javobgarning arizasini qanoatlantirishni rad etib, daʼvogarning iltimosnomasini qanoatlantirgan.
FKning 159-moddasiga koʻra basharti, sud daʼvo muddatining oʻtkazib yuborilganligi sababini uzrli deb topsa, buzilgan huquq himoya qilinishi kerak. Daʼvo muddatini oʻtkazib yuborish sabablari daʼvo muddatining oxirgi olti oyida, bu muddat olti oyga teng yoki olti oydan kam boʻlsa, daʼvo muddatida yuz bergan boʻlsa, ular uzrli deb hisoblanishi mumkin.
Mazkur holatda sud oʻtkazib yuborilgan muddatni uzrli deb topish uchun javobgar tomonidan pul mablagʻlarini oʻz vaqtida oʻtkazib berilmaganligi holati Jamgʻarma direktorining buyrugʻiga asosan oʻtkazilgan tekshirishda aniqlanganligi va Jamgʻarmaning xodimlari tomonidan tegishli toʻlovlarni daʼvo muddati davrida javobgardan undirish choralarini koʻrishda masʼuliyatsizlikka yoʻl qoʻyilganligini asos qilib koʻrsatgan. Vaholanki, xodimlarning masʼuliyatsizligi daʼvo muddatini oʻtkazib yuborilganligi uchun uzrli sabab hisoblanmaydi.
15. Sud tomonidan daʼvo muddati tiklanishi uchun, uning sabablari daʼvo muddatining oxirgi olti oyida, bu muddat olti oyga teng yoki undan kam boʻlsa, daʼvo muddatida yuz bergan boʻlishi va ushbu holat sud tomonidan uzrli deb topilgan boʻlishi lozim.
Daʼvogar “Agromaks invest plus” MChJ tugatish boshqaruvchisi 2012-yil 8-fevralda xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar “Oʻrta Boʻz YaNA” FXdan 2 000 000 soʻm asosiy qarz va 2 000 000 soʻm penya undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining 2012-yil 6-martdagi hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilgan.
Ishdagi hujjatlardan koʻrinishicha, “Agromaks invest plus” MChJ va “Oʻrta Boʻz YaNA” FX oʻrtasida 2008-yil 25-mayda oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan. Unga koʻra, MChJ FXga 1 dona 34 000 000 soʻmlik “MTZ-80X” rusumli traktorini 2008-yil 25-iyundagi topshirish-qabul qilish dalolatnomasiga asosan topshirgan. Biroq, fermer xoʻjaligi olingan traktor haqining 2 000 000 soʻmini toʻlamagan va shartnoma majburiyatlarini lozim darajada bajarmagan. FXning MChJdan qarzdorligi taraflar oʻrtasida tuzilgan shartnoma, hisobvaraq-faktura, ishonchnoma, dalolatnoma va ishdagi hujjatlar bilan oʻz isbotini topgan.
Daʼvo arizasiga oʻtkazib yuborilgan daʼvo muddatini tiklash toʻgʻrisida iltimosnoma ilova qilingan. Unda Toshkent viloyat xoʻjalik sudining 2011-yil 21-noyabrdagi hal qiluv qarori bilan “Agromaks invest plus” MChJ bankrot deb topilib, tugatishga doir ish yuritish boshlanganligi sababli oʻz vaqtida sudga murojaat qilish imkoniyati boʻlmaganligi vaj qilib keltirilgan. Ushbu holat sud tomonidan uzrli sabab sifatida baholanib, daʼvo muddati tiklangan.
Biroq birinchi instansiya sudi taraflar oʻrtasida shartnoma 2008-yil 25-mayda tuzilganligiga, mulk 2008-yil 25-iyunda dalolatnoma asosida topshirilganligiga, MChJ esa 2011-yil 21-noyabrda bankrot deb topilganligiga eʼtibor bermagan.
FKning 159-moddasiga muvofiq, basharti, sud daʼvo muddatining oʻtkazib yuborilganligi sababini uzrli deb topsa, buzilgan huquq himoya qilinishi kerak. Daʼvo muddatini oʻtkazib yuborish sabablari daʼvo muddatining oxirgi olti oyida, bu muddat olti oyga teng yoki olti oydan kam boʻlsa, daʼvo muddatida yuz bergan boʻlsa, ular uzrli deb hisoblanishi mumkin.
Bundan tashqari, MChJning bankrot deb topilganligi va tugatishga doir ish yuritish boshlangandan soʻng tugatish boshqaruvchisi tomonidan qarzdorlik aniqlanganligi vaji daʼvo muddatini tiklash uchun asos boʻlmaydi.
16. Daʼvogarning daʼvo muddatini tiklash toʻgʻrisidagi arizasi, agar javobgar tomonidan daʼvo muddatini qoʻllash toʻgʻrisida ariza berilgan boʻlsa, ushbu ariza bilan birga muhokama qilinadi. Daʼvogar daʼvo muddatini tiklash toʻgʻrisida ariza bilan murojaat qilmasa, sud oʻz tashabbusi bilan bu masalani koʻrib chiqishga haqli emas. Apellatsiya, kassatsiya va nazorat instansiyalarida daʼvo muddatini tiklash toʻgʻrisidagi ariza koʻrib chiqilmaydi.
Toshkent shahar adliya boshqarmasi “Zangiotaagrotex” MChJ manfaatida xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, “Gem Group” MChJdan 104 000 000 soʻm asosiy qarz va 52 000 000 soʻm penya undirishni soʻragan.
Ishdagi hujjatlardan koʻrinishicha, 2009-yil 16-martda MChJ va javobgar oʻrtasida shartnoma tuzilgan. Unga koʻra “Zangiotaagrotex” MChJ 2009-yil 17-martda “Gem Group” MChJga 20 dona qiymati 104 000 000 soʻm boʻlgan “KXU4B” — rusumli kultivatorlarni yetkazib bergan. Shartnomaning 4.2-bandida toʻlov kechiktirilgan har bir kun uchun 0,5 foiz, ammo amalga oshirilmagan toʻlovning 50 foizidan oshmagan holda penya toʻlanishi nazarda tutilgan. Javobgar tomonidan qabul qilib olingan mahsulot uchun toʻlov amalga oshirilmagan. Shu sababli Toshkent shahar adliya boshqarmasi “Zangiotaagrotex” MChJ manfaatida xoʻjalik sudiga 2013-yil may oyida daʼvo arizasi bilan murojaat qilgan.
Ish koʻrilishi jarayonida javobgar daʼvo muddati oʻtganligi sababli daʼvoni rad etish toʻgʻrisida ariza bilan murojaat qilgan.
Birinchi instansiya sudi daʼvo muddatini qoʻllab daʼvoni qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisida hal qiluv qarori qabul qilgan.
Daʼvogar hal qiluv qaroridan norozi boʻlib, sudga apellatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan. Unda FKning 159-moddasida sud daʼvo muddatining oʻtkazib yuborilganligi sababini uzrli deb topsa, buzilgan huquq himoya qilinishi kerakligi belgilanganligini, ammo sud daʼvo muddatini oʻtkazib yuborish sabablarini oʻrganmaganligini vaj qilib keltirgan. Shuningdek, daʼvo arizasi bilan oʻz vaqtida murojaat qilmaganligiga MChJning hisobvaragʻida pul mablagʻlari boʻlmaganligini va javobgarning manzilini bilmaganligini, MChJ 2010-yilning mart, avgust, oktyabr oylarida va 2013-yilning fevral oyida javobgarga talabnoma bilan murojaat qilganligini, ammo ushbu talabnomalar oqibatsiz qoldirilganligini maʼlum qilib, daʼvo muddatini tiklab, ishni koʻrib chiqishni soʻragan.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori bilan sudning hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudi daʼvogar sudga oʻtkazib yuborilgan daʼvo muddatini tiklash haqida arz qilmaganligini, apellatsiya instansiyasi sudida esa bunday arz qabul qilinmasligini, chunki oʻtkazib yuborilgan daʼvo muddatini tiklash masalasi javobgarning daʼvo muddatini qoʻllash haqidagi arizasi bilan birga muhokama qilinishi lozimligini qarorda koʻrsatgan.
17. Oʻzbekiston Respublikasi Temir yoʻl ustavining 156-bandiga koʻra yuk joʻnatuvchi va yukni oluvchilarga nisbatan ushbu ustavdan kelib chiqqan daʼvo arizalari xoʻjalik sudiga 6 oy ichida taqdim etilishi mumkin. 6 oylik muddat yuk tashish rejasini bajarmaganlik uchun jarima undirish belgilanganda – jarimani toʻlash uchun belgilangan 5 kunlik muddat oʻtgandan soʻng hisoblanadi.
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi Buxoro viloyat hududiy boshqarmasi Buxoro mintaqaviy temir yoʻl uzeli manfaatida xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, “Qiziqumsement” AJdan 173 446 650 soʻm undirishni soʻragan.
Ishdagi hujjatlardan koʻrinishicha, “Qiziqumsement” AJ 2013-yilning iyun va avgust oylarida Buxoro mintaqaviy temir yoʻl uzeliga qarashli Binokor temir yoʻl bekati orqali “Klinker” mahsulotini vagonlarda tashish rejasini tasdiqlab bergan. Biroq AJ tomonidan tashish rejasi bajarilmagan.
AJ tomonidan tashish rejasi bajarilmaganligi uchun 2013-yilning iyun oyi uchun 164 751 300 soʻm va avgust oyi uchun 8 695 350 soʻm, jami 173 446 650 soʻm jarima hisoblangan.
Shu sababli Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi Buxoro viloyat hududiy boshqarmasi Buxoro mintaqaviy temir yoʻl uzeli manfaatida 2014-yil 8-yanvarda xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bergan.
Ish koʻrilishi jarayonida “Qiziqumsement” AJ sudga daʼvo muddatini qoʻllash toʻgʻrisidagi ariza bilan murojaat qilgan.
Birinchi instansiya sudi daʼvo muddatini qoʻllab, daʼvo talabining 164 751 300 soʻm qismini qanoatlantirishni rad etib, 8 695 350 qismini qanoatlantirgan.
Sud bunday xulosaga kelishda Oʻzbekiston Respublikasi Temir yoʻl ustavining 156-bandiga tayangan. Unga koʻra temir yoʻlning ushbu ustavidan kelib chiqqan yuk joʻnatuvchi va yukni oluvchilarga nisbatan daʼvo arizalari belgilangan sudlovga tegishlilik asosida xoʻjalik sudiga 6 oy ichida taqdim etilishi mumkin. Ushbu 6 oylik muddat yuk tashish rejasini bajarmaganlik uchun jarima undirish belgilanganda – jarimani toʻlash uchun belgilangan 5 kunlik muddat oʻtgandan soʻng hisoblanadi.
FK 151-moddasining birinchi qismiga asosan ayrim turdagi talablar uchun qonunlarda umumiy daʼvo muddatiga qaraganda qisqartirilgan yoki uzaytirilgan maxsus daʼvo muddatlari belgilanishi mumkin.
Birinchi instansiya sudi yuqorida qayd etilgan Ustavning 156-bandidan kelib chiqib, daʼvo muddatini oʻta boshlashini 2013-yil iyul oyidan hisoblagan. Shu sababli, daʼvo muddati iyun oyida yuk tashish rejasi bajarilmaganligi natijasida hisoblangan jarima summasiga nisbatan qoʻllanilgan.
18. Jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining qarorini haqiqiy emas deb topish haqidagi arizalar uchun ikki oylik maxsus daʼvo muddati qoʻllaniladi.
Daʼvogar — Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Andijon viloyat hududiy boshqarmasi sudga murojaat qilib, javobgarlar — “Asaka diyor” MChJ va “Oʻzsanoatqurilishbank”ning Bunyodkor filialiga nisbatan 2010-yil 2-dekabrdagi va 2011yil 5-maydagi umumiy yigʻilish qarorlarini hamda 2011-yil 24-martdagi kredit shartnomasini haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
Javobgar — bank vakillari daʼvo muddatini qoʻllashni soʻragan.
Sud tomonidan daʼvo muddati qoʻllanilgan va daʼvo rad etilgan.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, 2010-yil 2-dekabr va 2011-yil 5-may kunlari jamiyatning umumiy yigʻilishi oʻtkazilib, unda bankdan 150 000 000 va 100 000 000 soʻm kredit olish va jamiyat taʼsis hujjatlariga oʻzgartirish kiritish masalasi muhokama qilinib, qaror qabul qilingan.
Jamiyat va bank oʻrtasida 2011-yil 24-martda kredit shartnomasi tuzilib, jamiyatga 100 000 000 soʻm kredit ajratilgan.
Daʼvogar sud majlisida jamiyat ustav fondining 34,86 foizi davlat ulushidan iboratligi, jamiyatning umumiy yigʻilishlarida daʼvogar vakillari ishtirok etmaganligi, umumiy yigʻilishlarning oʻtkazilganligi va kredit shartnomasi tuzilganligi haqida 2014-yil may oyida xabardor boʻlganligi toʻgʻrisida vajlar keltirib, oʻtkazib yuborilgan muddatni tiklashni soʻragan.
“Masʼuliyati cheklangan va qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 41-moddasiga muvofiq, jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining ushbu qonun va boshqa qonun hujjatlari, jamiyatni ustavi talablari buzilgan holda qabul qilingan hamda jamiyat ishtirokchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzadigan qarori ovoz berishda ishtirok etmagan yoki bahsli qarorga qarshi ovoz bergan jamiyat ishtirokchisining arizasiga koʻra sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin. Bunday ariza jamiyat ishtirokchisi qabul qilingan qaror toʻgʻrisida bilgan yoki bilishi lozim boʻlgan kundan eʼtiboran ikki oy ichida berilishi mumkin. Agar jamiyat ishtirokchisi shikoyatga sabab boʻlgan qarorni qabul qilgan jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishida ishtirok etgan boʻlsa, mazkur ariza shunday qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran ikki oy ichida berilishi mumkin.
Daʼvogarning yuqorida koʻrsatilgan vajlari sud tomonidan inobatga olinmagan, chunki xoʻjalik jamiyatlari ustav jamgʻarmasidagi davlat aktivlari paketlari (ulushlari)ni boshqarish boʻyicha faoliyatni amalga oshirish tartibi haqidagi nizomga hamda daʼvogarning 2007-yil 13-sentabrdagi buyrugʻiga asosan, jamiyatga ishonchli vakil biriktirilgan va turli buyruqlar bilan ishonchli vakil yangilanib kelgan. Mazkur ishonchli vakillarga har oyda hisobotlarni oʻz vaqtida taqdim etib borish va belgilangan tartibda yuqori turuvchi idoraga hisobot taqdim etish vazifalari yuklatilgan. Ushbu shaxslarning oʻz vazifalarini lozim darajada bajarmaganligi va natijada daʼvo muddatining oʻtib ketganligi daʼvo muddatini tiklash uchun asos boʻla olmaydi.
Shu sababli, sud tomonidan asosli ravishda daʼvo muddati qoʻllanilib, daʼvo muddatini tiklash toʻgʻrisidagi ariza qanoatlantirilmasdan qoldirilgan va daʼvo rad etilgan.
19. FKning 2-moddasiga koʻra, bir tarafning ikkinchi tarafga maʼmuriy boʻysunishiga asoslangan mulkiy munosabatlarga, shu jumladan soliq, moliyaviy va boshqa maʼmuriy munosabatlarga nisbatan fuqarolik qonun hujjatlari qoʻllanilmaydi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Andijon viloyat Standartlashtirish va metrologiya boshqarmasi xoʻjalik sudiga 2013-yilning may oyida ariza bilan murojaat qilib, “Metan Motors” MChJga nisbatan 1 010 413 206 soʻm moliyaviy jarima qoʻllashni soʻragan.
Birinchi instansiya sudning hal qiluv qarori bilan arz qilingan talab qisman qanoatlantirilib, MChJga nisbatan 999 700 152 soʻm moliyaviy jarima qoʻllanilgan.
Ish apellatsiya instansiya sudi tomonidan koʻrilmagan.
Kassatsiya instansiyasi sudining qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Ishdagi hujjatlardan koʻrinishicha, jinoyat ishi boʻyicha tergov organining 2012-yil 12-noyabrda chiqarilgan qaroriga asosan “Oʻztransgaz” AKga qarashli “Avtogaztaʼminot” ShKning moliya-xoʻjalik faoliyati yuzasidan MChJning avtomobillarga gaz taqsimlash kompressor shaxobchasida tekshirish oʻtkazilgan.
Tekshirishda MChJ tomonidan 2009-yil 11-maydan 2009-yil 23-dekabrga qadar hamda 2012-yil 24-dekabrdan 2013-yil fevralga qadar majburiy tarzda sertifikatlashtirish lozim boʻlsada, sertifikatlashtirilmagan holda 1 021 413 209 soʻmlik siqilgan tabiiy gaz sotilganligi aniqlanib, bu haqda 2013-yil 2-mayda dalolatnoma tuzilgan.
Andijon viloyat standartlashtirish va metrologiya boshqarmasi tomonidan sodir etilgan huquqbuzarlik uchun 1 021 413 209 soʻm moliyaviy jarima hisoblangan va ushbu summani ixtiyoriy toʻlash uchun MChJga 2013-yil 17-mayda talabnoma yuborilgan.
Biroq, hisoblagan moliyaviy jarima MChJ tomonidan ixtiyoriy toʻlanmaganligi sababli, Andijon viloyat Standartlashtirish va metrologiya boshqarmasi xoʻjalik sudiga ariza bilan murojaat qilgan.
“Metan Motors” MChJ ishni birinchi instansiya sudida koʻrish jarayonida sudga ariza bilan murojaat qilib, tekshirishda aniqlangan 2009-yil 11-maydan 2009-yil 23-dekabrga qadar boʻlgan davr uchun hisoblangan moliyaviy jarimani qoʻllash uchun FKda belgilangan uch yillik daʼvo muddati oʻtganligini maʼlum qilib, ushbu davr uchun hisoblangan moliyaviy jarima undirish qismini rad etishni soʻragan.
Sud MChJning FKda belgilangan uch yillik daʼvo muddati oʻtganligi sababli, daʼvo muddatini qoʻllash haqida bergan arizasini qanoatlantirishni rad etgan. Chunki FK 2-moddasining oltinchi qismida bir tarafning ikkinchi tarafga maʼmuriy boʻysunishiga asoslangan mulkiy munosabatlarga, shu jumladan soliq, moliyaviy va boshqa maʼmuriy munosabatlarga nisbatan fuqarolik qonun hujjatlari qoʻllanilmaydi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno ekanligi belgilangan.
2014-yil 31-dekabr.
