Moddiy yoki protsessual huquq normalarining buzilishi yoxud notoʻgʻri qoʻllanilishi xoʻjalik sudining hal qiluv qarorini yoki qarorini oʻzgartirish yoxud bekor qilish uchun asos boʻladi (18-1403/30580-son)
20.04.2015
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
[Koʻchirma]
“Shaxrisabz gaz-suv qurilish” MChJ va Qashqadaryo viloyat hokimligi Yagona buyurtmachi injiniring kompaniyasi oʻrtasida 2011-2012-yillarda Shaxrisabz tumani “Chorshanbe” qishlogʻidagi namunaviy loyihalar asosida qurilgan uy-joylarda suv tarmoqlarini qurib berish toʻgʻrisida 123 va 125-sonli pudrat shartnomalari va ushbu shartnomalarga 2012-yil 10-avgustda 123k-sonli kelishuv bayonnomasi tuzilgan. Shartnomalar boʻyicha bajarilishi lozim boʻlgan pudrat ishlarining bahosi 237 767 000 soʻm qilib belgilangan.
Mazkur shartnomalar va kelishuv bayonnomasiga asosan daʼvogar tomonidan 198 835 280 soʻmlik pudrat ishlari bajarilgan, javobgar tomonidan esa 149 084 600 soʻm toʻlovlar amalga oshirilgan, qolgan 49 750 680 soʻmlik bajarilgan ishlar haqi toʻlab berilmagan.
Shu sababli “Shaxrisabz gaz-suv qurilish” MChJ (bundan buyon matnda — daʼvogar) viloyat xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, Qashqadaryo viloyat hokimligi Yagona buyurtmachi injiniring kompaniyasi (bundan buyon matnda — javobgar)dan 49 750 680 soʻm asosiy qarzni undirishni soʻragan.
Sudning 2015-yil 22-yanvardagi ajrimi bilan Qashqadaryo viloyat gʻaznachiligi (bundan buyon matnda — gʻaznachilik) nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs, Qashqadaryo viloyat Moliya boshqarmasi (bundan buyon matnda — moliya boshqarmasi) qoʻshimcha javobgar sifatida ishga jalb etilganlar.
Birinchi instansiya sudining 2015-yil 29-yanvardagi hal qiluv qarori bilan daʼvo talabi qanoatlantirilib, javobgar va moliya boshqarmasidan daʼvogar foydasiga solidar tartibda 49 750 680 soʻm asosiy qarz undirilgan.
Hal qiluv qaroridan norozi boʻlib, moliya boshqarmasi tomonidan kassatsiya shikoyati berilgan. Unda shartnomalar moliya boshqarmasi bilan tuzilmaganligi, Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 14-apreldagi 112-sonli qaroriga asosan viloyat hokimligi tomonidan tasdiqlangan viloyat injiniring kompaniyasi buyurtmachiligida Qashqadaryo viloyatida aholi turar joy massivlarida kommunikatsiya suv tarmoqlari qurib berish boʻyicha manziliy qurilish roʻyxat Dasturida Shaxrisabz tuman Chorshanbe qishlogʻida namunali uy turar joylari uchun kommunikatsiya suv tarmogʻi qurilishi uchun mablagʻ manbai mahalliy budjet hisobidan deb qayd etilganligi, boshqarmaning xarajat smetasida har qanday xoʻjalik yurituvchi subyektlarning qarzdorliklarini toʻlab berish koʻzda tutilmaganligi bayon qilinib, hal qiluv qarorini bekor qilib, moliya boshqarmasini javobgarlikdan ozod qilish soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birgalikda muhokama qilib, quyidagi asoslarga koʻra, hal qiluv qarorini oʻzgartirishni lozim topadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi (bundan buyon matnda — FK)ning 631-moddasi birinchi qismiga koʻra, pudrat shartnomasi boʻyicha bir taraf (pudratchi) ikkinchi taraf (buyurtmachi)ning topshirigʻiga binoan maʼlum bir ishni bajarish va uning natijasini buyurtmachiga belgilangan muddatda topshirish majburiyatini oladi, buyurtmachi esa ish natijasini qabul qilib olish va buning uchun haq toʻlash majburiyatini oladi.
Taraflar oʻrtasida tuzilgan shartnomalarga asosan daʼvogar tomonidan bajarilgan 198 835 280 soʻmlik pudrat ishlari javobgar tomonidan bajarilgan ishlarni topshirish-qabul qilish hisob-faktura maʼlumotlar asosida qabul qilib olingan. Javobgar tomonidan bajarilgan ishlar uchun 149 084 600 soʻm toʻlovlar amalga oshirilgan boʻlsada, qolgan 49 750 680 soʻmlik bajarilgan ishlar haqini toʻlab berilmagan.
Shu sababli daʼvogar sudga murojaat qilib, ushbu qarzdorlikni javobgardan undirib berishni soʻragan.
FKning 673-moddasiga koʻra buyurtmachi pudratchining bajargan ishi uchun smetada nazarda tutilgan miqdorda, qonun yoki qurilish pudrati shartnomasida belgilangan muddatda va tartibda haq toʻlaydi.
Birinchi instansiya sudi javobgarning daʼvogar oldidagi mavjud qarzdorligi, bajarilgan ishlarni topshirish-qabul qilish dalolatnomalari va toʻlov topshiriqnomalari bilan oʻz tasdigʻini topganligi bois, javobgardan 49 750 680 soʻm asosiy qarz undirish haqida toʻgʻri xulosaga kelgan.
Biroq, sud shartnomaning 7.1-bandiga koʻra “buyurtmachi” shartnoma tuzilgan inshootda bajarilgan ishlar uchun toʻlovni: mazkur inshootga mablagʻlarni moliyalashtiruvchi organ tomonidan (viloyat moliya boshqarmasi) belgilangan tartibda xarajatlar smetasi asosida mablagʻlar moliyalashtiriladi deb kelishilganligi, FKning 252-moddasida qarzdorlar sherik boʻlib majburiyat olganida kreditor hamma qarzdorlardan majburiyatni solidar bajarishni ham, ularning har biridan alohida-alohida bajarishni ham, shu bilan birga qarzni toʻla yoki uning bir qismini bajarishni ham talab qilishga haqliligi belgilangan deb hisoblab, mavjud qarzdorlikni moliya boshqarmasidan ham solidar tartibda undirish haqida notoʻgʻri xulosaga kelgan.
Chunki, daʼvogar daʼvo arizasida 49 750 680 soʻm asosiy qarzdorlikni moliya boshqarmasidan solidar tartibda undirish talabini qoʻymagan. Biroq, sud daʼvo talabidan chetga chiqib, moliya boshqarmasini qoʻshimcha javobgar sifatida ishga jalb etib, ushbu qarzdorlikni moliya boshqarmasidan solidar tartibda undirib, xatolikka yoʻl qoʻygan.
Bundan tashqari, shartnoma daʼvogar va javobgar oʻrtasida tuzilgan boʻlib, shartnomada buyurtmachi bajarilgan ishlar uchun toʻlovlarni amalga oshirmagan taqdirda, moliya boshqarmasi solidar tartibda javob berishi belgilanmagan.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi 188-moddasining birinchi va ikkinchi qismiga koʻra moddiy yoki protsessual huquq normalarining buzilishi yoxud notoʻgʻri qoʻllanilishi xoʻjalik sudining hal qiluv qarorini yoki qarorini oʻzgartirish yoxud bekor qilish uchun asos boʻladi.
Protsessual huquq normalarining buzilishi yoki notoʻgʻri qoʻllanilishi, agar bu buzilish notoʻgʻri hal qiluv qarori qabul qilinishiga olib kelgan yoki olib kelishi mumkin boʻlsa, hal qiluv qarorini yoki qarorni oʻzgartirish yoxud bekor qilish uchun asos boʻladi.
Bunday holatda, sudlov hayʼati, kassatsiya shikoyatini qanoatlantirishni, hal qiluv qarorini moliya boshqarmasidan solidar tartibda daʼvogar foydasiga 49 750 680 soʻm asosiy qarz va 498 108 soʻm sud harajatlarini undirish qismini bekor qilishni, moliya boshqarmasini javobgarlikdan ozod qilishni, hal qiluv qarorining qolgan qismini oʻzgarishsiz qoldirishni, ishni kassatsiya instansiyasi sudida koʻrish bilan bogʻliq 248 753 soʻm davlat boji va ishni videokonferensaloqa rejimida koʻrish bilan bogʻliq 30 000 soʻm sud xarajatini daʼvogardan undirishni lozim topadi.
2015-yil 20-aprel,
18-1403/30580-son
