Kirim qilinmagan tovarlarni saqlash, bundan ularning qonuniy kelib chiqishi tasdiqlangan hollar mustasno, yoxud tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan tushgan tushumlarni yashirish (kamaytirib koʻrsatish) kirim qilinmagan tovar qiymati yoki yashirilgan (kamaytirib koʻrsatilgan) tushum summasiga teng miqdorda jarima solishga sabab boʻladi (10-1019/1750-son)
06.07.2011
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
[Koʻchirma]
Bektemir tuman davlat soliq inspeksiyasi xoʻjalik sudiga murojaat qilib, “KORYO” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi 114-moddasining birinchi qismiga asosan 434100 soʻm, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 16-martdagi “Alkogolli mahsulotlar bilan chakana savdo qilishni yanada tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-605-son Qaroriga muvofiq eng kam ish haqining 200 baravari miqdorida — 7536000 soʻm moliyaviy jarima qoʻllashni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo rad etilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Kassatsiya protestida sud qarorlarini bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun yuborish, kassatsiya shikoyatida esa sud qarorlarini bekor qilib, javobgarga jami 7970100 soʻm moliyaviy jarima qoʻllash haqida yangi qaror qabul qilish soʻralgan.
Sudlov hayʼati protest va shikoyat vajlarini muhokama qilib, ishdagi hujjatlarni oʻrganib chiqib, quyidagilarga koʻra sud qarorlarini bekor qilib, daʼvoni toʻliq qanoatlantirishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika Kengashi Toshkent shahar hududiy komissiyasining 2009-yil 12-dekabrdagi 06/27-316-sonli ruxsatnomasiga va Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasining 2009-yil 12-dekabrdagi 1225x/s-sonli buyrugʻiga asosan Toshkent shahar, Bektemir tuman, Bektemir shoh koʻchasi, 42-uyda joylashgan “KORYO” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga qarashli oshxonada qisqa muddatli tekshirish oʻtkazilgan.
Tekshirishda oshxona barmeni T.S. tomonidan xaridor Sh.R.ga 12500 soʻmga nazorat-kassa mashinasi cheki berilmaganligi, shuningdek oshxona binosida “Sauna” mavjud boʻlib, u yerda ofitsiant V.S.ning hujjatlarsiz faoliyat yuritayotganligi aniqlangan va undan 1244800 soʻm, 100 AQSh dollari miqdoridagi pul mablagʻlari hamda hech qanday hujjatlari mavjud boʻlmagan 13 turdagi 78 dona, umumiy qiymati 434100 soʻmlik spirtli ichimliklar olib qoʻyilgan.
Tekshirishda aniqlangan huquqbuzarliklar boʻyicha Bektemir tuman davlat soliq inspeksiyasining “KORYO” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi 119-moddasining birinchi qismiga asosan 1130400 soʻm moliyaviy jarima qoʻllash haqidagi 2010-yil 4-yanvardagi qarori ixtiyoriy ravishda bajarilgan. Ammo, ushbu Kodeks 114-moddasining birinchi qismiga binoan 434100 soʻm, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 16-martdagi “Alkogolli mahsulotlar bilan chakana savdo qilishni yanada tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-605-son Qaroriga asosan 7536000 soʻm moliyaviy jarimani ixtiyoriy toʻlash haqidagi qarorlar bajarilmagan.
Shu sababli daʼvogar javobgarga moliyaviy jarima qoʻllashni soʻragan.
Birinchi instansiya sudi daʼvoni rad etish haqida notoʻgʻri toʻxtamga kelgan. Chunki, Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi 114-moddasining birinchi qismida kirim qilinmagan tovarlarni saqlash, bundan ularning qonuniy kelib chiqishi tasdiqlangan hollar mustasno, yoxud tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan tushgan tushumlarni yashirish (kamaytirib koʻrsatish) kirim qilinmagan tovar qiymati yoki yashirilgan (kamaytirib koʻrsatilgan) tushum summasiga teng miqdorda jarima solishga sabab boʻlishi nazarda tutilgan boʻlib, jamiyatga tegishli “Sauna”dan daliliy ashyo sifatida olingan 13 turdagi 78 dona, umumiy qiymati 434100 soʻmlik spirtli ichimliklar jamiyatga kirim qilinmagan.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 16-martdagi PQ-605-sonli Qarori bilan tasdiqlangan “Alkogolli mahsulotlar bilan chakana savdo qilish qoidalari”ning 16-bandiga muvofiq alkogolli mahsulotlar bilan chakana savdo qilishning belgilangan qoidalari buzilganligi uchun yuridik shaxslarga alkogolli mahsulotlar bilan savdo qilish huquqidan mahrum qilingan holda eng kam oylik ish haqining ikki yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima solinishi nazarda tutilgan boʻlib, jamiyatga tegishli “Sauna”dan daliliy ashyo sifatida olingan 13 turdagi 78 dona, umumiy qiymati 434100 soʻmlik spirtli ichimliklarning tegishli hujjatlari boʻlmagan va ular isteʼmolga yaroqsiz boʻlganligi uchun 2010-yil 19-fevraldagi sud qaroriga asosan yoʻq qilingan.
Yuqorida bayon etilgan holatlarning sodir etilganligi jinoyat ishlari boʻyicha Bektemir tuman sudining 2010-yil 19-fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi 60-moddasining toʻrtinchi qismiga koʻra ushbu holatlar xoʻjalik sudi uchun majburiydir.
Birinchi va apellatsiya instansiyasi sudlarining daʼvoni rad qilish uchun keltirgan asoslari bilan kelishib boʻlmaydi.
Chunki, tekshirish oʻtkazilgan vaqtda jamiyat direktori N.X. oshxonaga tegishli binoning kadastr hujjatlari kadastrda ekanligini bildirgan va ularni tekshiruvchilarga koʻrsatmagan. Ammo, “Yer tuzish va koʻchmas mulk kadastr xizmati” davlat unitar korxonasining 2010-yil 12-martdagi 157/D-son xatidan koʻrinishicha, jamiyatga tegishli oshxona binosiga kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish uchun 2009-yil 16-dekabrda, yaʼni tekshirish oʻtkazilganidan soʻng buyurtma berilgan. Bundan koʻrinadiki, tekshirish oʻtkazilgan kuni ham oshxona binosining kadastr hujjatlari rasmiylashtirilmagan.
Qolaversa, tekshirish jarayonida “Sauna” kassiri yozma tilxat va tushuntirish xati bergan boʻlib, unda “Sauna”ning “KORYO” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga tegishli ekanligini va “Sauna” xizmatidan kelib tushgan pullarni jamiyat rahbariga berishini, kassadagi barcha pullar mijozlardan kelib tushganligini aniq bayon etgan.
Birinchi instansiya sudi ish uchun ahamiyatli holatlarni toʻliq aniqlamasdan, daʼvoni rad etish haqida notoʻgʻri hal qiluv qarori qabul qilgan. Apellatsiya instansiyasi sudi esa hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirish haqida asossiz toʻxtamga kelgan.
Qayd etilganlarga koʻra, sudlov hayʼati sud qarorlarini bekor qilib, daʼvoni qanoatlantirish haqida yangi qaror qabul qilishni lozim topadi.
2011-yil 6-iyul,
10-1019/1750-son
