Xoʻjalik sudlarining 2013-2014-yillarda banklar tomonidan berilgan kredit summasini undirish haqidagi nizolarni koʻrish bilan bogʻliq sud amaliyotini umumlashtirish natijalari boʻyicha
31.12.2014
MAʼLUMOTNOMA
Oliy xoʻjalik sudining 2015-yillik ish rejasiga asosan xoʻjalik sudlarining 2013-2014-yillarda banklar tomonidan berilgan kredit summasini undirish haqidagi nizolarni koʻrish bilan bogʻliq (974 ta) xoʻjalik ishlari va ular yuzasidan oʻtkazilgan umumlashtirishlar oʻrganib chiqildi.
Xoʻjalik sudlari tomonidan ushbu toifadagi nizolar Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi, Xoʻjalik protsessual kodeksi, “Ipoteka toʻgʻrisida”gi Qonun, “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuni va boshqa qonun hujjatlari, shuningdek Oliy xoʻjalik sudi Plenumi qarorlariga asosan hal qilinmoqda.
Protsessual huquq normalarini qoʻllash amaliyoti
1. Daʼvo bank filiali manfaatida kiritilganda sud yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan bankni ishga daʼvogar sifatida jalb qiladi va ishni koʻrish natijasi boʻyicha bank filialiga nisbatan, u yuridik shaxs maqomiga ega emasligi va shu bois xoʻjalik sudida koʻrilayotgan ish boʻyicha taraf boʻla olmasligi sababli, XPK 86-moddasi birinchi qismining 1-bandiga asosan ish yuritishni tugatadi.
DT “Xalq banki”ning Toshkent shahar filiali amaliyot boʻlimi va “Muattar Kommunalchi” XUJMSh oʻrtasida kredit shartnomasi tuzilgan va unga koʻra bank qarz oluvchiga yillik 12 foiz miqdorda ustama haq toʻlash sharti bilan 2 yil muddatga 11 500 000 soʻm miqdorida kredit mablagʻlari ajratilgan.
Shuningdek, taraflar oʻrtasida qoʻshimcha kelishuv bitimi tuzilgan va unga koʻra kredit shartnomasiga oʻzgartirish kiritilib, kredit summasi 12 000 000 soʻm miqdorida belgilangan.
Kredit shartnomasiga binoan qarz oluvchi olingan kredit boʻyicha unga hisoblangan foizlarni har oyning 6-sanasigacha, asosiy toʻlovlarni yettinchi oyidan boshlab oyning 8-sanasigacha toʻlab borish majburiyatini olgan. Biroq qarz oluvchi tomonidan toʻlovlar oʻz vaqtida amalga oshirilmasdan kelingan.
Shu sababli Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi bank manfaatida xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, qarz oluvchidan 6 797 974,11 soʻm, shu jumladan 5 451 100 soʻm kredit summasi va 1 346 874,11 soʻm bank foizini undirishni soʻragan.
Sudning ajrimi bilan DT “Xalq banki” ishga daʼvogar sifatida jalb qilingan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo toʻliq qanoatlantirilib, qarz oluvchidan DT “Xalq banki” foydasiga 6 797 974,1 soʻm undirilgan.
Ish apellatsiya va kassatsiya tartibida koʻrilmagan.
Birinchi instansiya sudi tomonidan nizoni hal etishda protsessual huquq normasining buzilishiga yoʻl qoʻyilgan.
DT “Xalq banki”ning Toshkent shahar filiali amaliyot boʻlimi yuridik shaxs maqomiga ega emasligi va shu bois xoʻjalik sudida koʻrilayotgan ish boʻyicha taraf boʻla olmasligi sababli sud unga nisbatan XPK 86-moddasi birinchi qismining 1-bandiga asosan ish yuritishni tugatishi lozim edi.
Yana bir misol.
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi Surxondaryo viloyat hududiy boshqarmasi OATB “Mikrokreditbank” Namangan viloyat filiali manfaatida xoʻjalik sudiga murojaat qilib, “Sharifxon oʻgʻli Yodgor” SIChFdan garovga qoʻyilgan mulk hisobidan 12 000 000 soʻm asosiy qarz, 1 550 000 soʻm kredit foizi, jami 13 550 000 soʻm undirishni soʻragan.
OATB “Mikrokreditbank”i ishga daʼvogar sifatida jalb etilgan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo toʻliq qanoatlantirib, javobgardan OATB “Mikrokreditbank” foydasiga garovga qoʻyilgan mulk hisobidan 12 000 000 soʻm asosiy qarz, 1 550 000 soʻm kredit foizi, jami 13 550 000 soʻm undirilgan.
Ammo sud ishni koʻrishda OATB “Mikrokreditbank” Namangan viloyat filiali yuridik shaxs maqomiga ega emasligi va nizo boʻyicha taraf hisoblanmasligiga eʼtibor bermagan.
Vaholanki, sud ishni koʻrish natijasi boʻyicha bank filiali yuridik shaxs maqomiga ega emasligi sababli xoʻjalik sudi subyekti boʻla olmasligi, shuningdek ishda nizo boʻyicha taraf hisoblanmasligi bois, XPK 86-moddasining 1-bandiga asosan ish yuritishni tugatishi lozim edi.
2. XPK 44-moddasining ikkinchi qismiga koʻra davlat organi yoki boshqa organ tomonidan daʼvogarning huquqlarini himoya qilish maqsadida qoʻzgʻatilgan daʼvodan daʼvogarning voz kechishi arizani koʻrmasdan qoldirishga olib keladi.
OAT “Mikrokreditbank”ning Toshkent viloyati filiali (bundan buyon matnda bank deb yuritiladi) va “Shoxrux Marxabo DBN” KK (bundan buyon matnda qarz oluvchi deb yuritiladi) oʻrtasida kredit shartnomasi tuzilgan va unga koʻra bank qarz oluvchiga yillik 6 foiz miqdorda ustama haq toʻlash sharti bilan 2 yil muddatga 7 000 000 soʻm miqdorida kredit mablagʻlari ajratilgan.
Kredit shartnomasi boʻyicha majburiyatlarning bajarilishini taʼminlash maqsadida bank, qarz oluvchi va “Agro Invest Sug`urta” AJ (sugʻurtalovchi) oʻrtasida kreditlarni sugʻurtalash shartnomasi tuzilgan va unga koʻra qarz oluvchi kredit shartnomasida belgilangan muddatda kredit summasini qaytarib bera olmaganda sugʻurtalovchi sugʻurta himoyasini taqdim etish majburiyatini oʻz zimmasiga olgan.
Kredit shartnomasiga binoan qarz oluvchi olingan kredit summasi va unga hisoblangan foizlarni oyma-oy toʻlov jadvali asosida toʻlab borish majburiyatini olgan. Biroq qarz oluvchi tomonidan toʻlovlar oʻz vaqtida amalga oshirilmagan.
Shu sababli Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi bank manfaatida xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, qarz oluvchi va sugʻurtalovchidan 7 671 147 soʻm, shu jumladan 7 000 000 soʻm kredit summasi va 671 147 soʻm bank foizini undirishni soʻragan.
Ishni koʻrish jarayonida bank sudga ariza bilan murojaat qilib, uni manfaatida kiritilgan Palataning daʼvosidan voz kechgan.
Birinchi instansiya sudining ajrimi bilan ish yuritish XPK 86-moddasining 6-bandiga asosan, yaʼni daʼvogar daʼvosidan voz kechganligi sababli ish yuritish tugatilgan.
Ish apellatsiya va kassatsiya tartibida koʻrilmagan.
Birinchi instansiya sudi tomonidan nizoni hal etishda protsessual huquq normalarini notoʻgʻri qoʻllagan.
Xususan, XPK 44-moddasining ikkinchi qismiga koʻra davlat organi yoki boshqa organ tomonidan daʼvogarning huquqlarini himoya qilish maqsadida qoʻzgʻatilgan daʼvodan daʼvogarning voz kechishi arizani koʻrmasdan qoldirishga olib keladi.
Shu bois, sud Palataning daʼvo arizasini koʻrmasdan qoldirishi lozim edi.
Bundan tashqari, OAT “Mikrokreditbank”ning Toshkent viloyati filiali yuridik shaxs maqomiga ega emasligi sababli sud daʼvo arizasini ish yuritishga tayinlash va ishni sudda koʻrishga tayyorlash paytida OAT “Mikrokreditbank”ni ishga daʼvogar sifatida jalb qilib, ishni koʻrish natijasi boʻyicha filialga nisbatan ish yuritishni XPK 86-moddasi birinchi qismining 1-bandiga asosan tugatishi lozim edi.
3. Savdo-sanoat palatasining oʻzi kiritgan daʼvodan voz kechishi XPK 44-moddasining ikkinchi qismiga asosan daʼvoni koʻrmasdan qoldirish uchun emas, balki XPK 86-moddasining 6-bandiga asosan ish yuritishni tugatish uchun asos boʻladi.
ATB “Agrobank” Termiz filiali (bundan buyon matnda bank deb yuritiladi) va “Omad” MChJ (bundan buyon matnda qarz oluvchi deb yuritiladi) oʻrtasida kredit shartnomasi tuzilgan va unga koʻra bank qarz oluvchiga yillik 15 foiz miqdorda ustama haq toʻlash sharti bilan 24 oy muddatga 100 000 000 soʻm miqdorida kredit mablagʻlari ajratilgan.
Kredit shartnomasi boʻyicha majburiyatlarning bajarilishini taʼminlash maqsadida bank va qarz oluvchi oʻrtasida garov shartnomasi tuzilgan va unga koʻra qarz oluvchiga tegishli qiymati 120 000 000 soʻmlik texnologik uskunalari garovga qoʻyilgan.
Kredit shartnomasiga binoan qarz oluvchi olingan kredit summasi va unga hisoblangan foizlarni oyma-oy toʻlov jadvali asosida toʻlab borish majburiyatini olgan. Biroq qarz oluvchi tomonidan toʻlovlar oʻz vaqtida amalga oshirilmagan.
Shu sababli, Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi (bundan buyon matnda Palata deb yuritiladi) bank manfaatida xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, qarz oluvchidan 92 800 000 soʻm asosiy kredit summasi va 14 880 500 soʻm bank foizini, undiruvni garov narsasiga qaratishni soʻragan.
Ish koʻrish jarayonida Palata sudga ariza bilan murojaat qilib, unda bank manfaatida kiritilgan daʼvosidan voz kechganligini maʼlum qilgan.
Birinchi instansiya sudining ajrimi bilan daʼvo XPK 44-moddasining ikkinchi qismiga asosan, yaʼni daʼvogar daʼvosidan voz kechganligi sababli koʻrmasdan qoldirilgan.
Ish apellatsiya va kassatsiya tartibida koʻrilmagan.
Nizoni hal etishda sud protsessual huquq normalarini notoʻgʻri qoʻllagan.
Xususan, XPK 44-moddasining birinchi qismiga koʻra davlat organlari va boshqa organlar qonunlarda nazarda tutilgan hollarda davlat va jamiyatning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini himoya qilish maqsadida daʼvo taqdim etishlari mumkin va ushbu organlarning taqdim etilgan daʼvolardan voz kechishi daʼvogarni nizoni mazmunan koʻrishni talab qilish huquqidan mahrum qilmaydi.
Ushbu moddaning ikkinchi qismida davlat organi yoki boshqa organ tomonidan daʼvogarning huquqlarini himoya qilish maqsadida qoʻzgʻatilgan daʼvodan daʼvogarning voz kechishi arizani koʻrmasdan qoldirishga olib kelishi belgilangan.
Mazkur holatda bank emas, balki Palata oʻzi kiritgan daʼvosidan voz kechgan va bank nizoni mazmunan koʻrishni talab qilmagan.
Shu bois, sud XPK 86-moddasining 6-bandiga asosan Palataning daʼvosidan voz kechganligini qabul qilib, ish yuritishni tugatilishi lozim edi.
4. Tadbirkorlik subyektining Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi aʼzoligini tasdiqlovchi guvohnomaning amal qilish muddati tugagandan keyin uning manfaatida Palata tomonidan berilgan daʼvo arizasi XPK 118-moddasi birinchi qismining 2-bandiga asosan qaytariladi, agar bu holat daʼvo arizasini ish yuritishga qabul qilingandan keyin aniqlansa, daʼvo XPK 88-moddasining 3-bandiga asosan koʻrmasdan qoldiriladi.
DT “Xalq banki”ning Bektemir filiali va “ART STROY BIZNES” MChJ oʻrtasida kredit shartnomasi tuzilgan va unga koʻra bank qarz oluvchiga yillik 16 foiz miqdorda ustama haq toʻlash sharti bilan 3 yil muddatga 100 000 000 soʻm miqdorida kredit mablagʻlari ajratilgan.
Kredit shartnomasi boʻyicha majburiyatlarning bajarilishini taʼminlash maqsadida bank va qarz oluvchi oʻrtasida garov (ipoteka) shartnomasi tuzilgan va unga koʻra qarz oluvchiga tegishli qiymati 130 000 000 soʻmlik, Toshkent viloyati, Oʻrtachirchiq tumani, “Yoʻngʻichqola” qishlogʻida joylashgan umumiy foydalanish maydoni 678,13 kv.m boʻlgan ikki qavatli ayvondan iborat bino va inshootlar garovga qoʻyilgan.
Kredit shartnomasiga binoan qarz oluvchi olingan kredit summasi va unga hisoblangan foizlarni oyma-oy toʻlov jadvali asosida toʻlab borish majburiyatini olgan. Biroq qarz oluvchi tomonidan toʻlovlar oʻz vaqtida amalga oshirilmagan.
Shu sababli Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining Toshkent shahar hududiy boshqarmasi bank manfaatida xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, qarz oluvchidan 71 504 241 soʻm asosiy qarz va 1 285 117 soʻm bank foizini undirishni hamda undiruvni garov (ipoteka) narsasiga qaratishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining ajrimi bilan daʼvo koʻrmasdan qoldirilgan.
Ish apellatsiya va kassatsiya tartibida koʻrilmagan.
Birinchi instansiya sudi tomonidan daʼvo arizasini koʻrmasdan qoldirish haqida asosli xulosaga kelgan.
Chunki, “Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 13-moddasi birinchi qismining oʻn ikkinchi xatboshisiga asosan Palata davlat boji toʻlamasdan sudga Palata aʼzolari manfaatlarini koʻzlab daʼvo taqdim etish, shuningdek davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat berish huquqiga ega.
Palata va DT “Xalq banki” oʻrtasida tuzilgan shartnomaga asosan DT “Xalq banki” Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi aʼzoligiga qabul qilingan va bu haqda 2012-yil 16-may kuni SSP-000487-sonli guvohnoma berilgan. Ushbu guvohnomaning amal qilish muddati 2013-yil 10-aprel kuniga qadar etib belgilangan.
Palata bank manfaatida 2013-yil 7-may kuni daʼvo arizasi kiritgan, yaʼni bank Palata aʼzoligi muddati (guvohnomaning amal qilish muddati 2013-yil 10-aprelgacha) yakunlangandan keyin imzolangan.
XPK 88-moddasining 3-bandiga koʻra, daʼvo arizasi imzolanmagan yoki imzolash huquqiga ega boʻlmagan shaxs tomonidan, yoxud mansab mavqeyi koʻrsatilmagan shaxs tomonidan imzolangan boʻlsa, daʼvo koʻrmasdan qoldiriladi.
Sud bunday holatda Palataning bank manfaatida taqdim etgan daʼvo arizasini XPK 118-moddasi birinchi qismining 2-bandiga asosan qaytarishi, ish yuritishga qabul qilingan daʼvo arizasini esa XPK 88-moddasining 3-bandiga asosan koʻrmasdan qoldirishi lozim.
5. XPK 92-moddasining uchinchi qismiga binoan bir necha mustaqil talablardan iborat boʻlgan daʼvoning bahosi barcha talablarning summasi bilan belgilanadi.
DT “Xalq banki”ning Navoiy viloyat va “Jaloyir avto saltanat” MChJ oʻrtasida kredit shartnomasi tuzilgan va unga koʻra bank qarz oluvchiga yillik 20 foiz miqdorda ustama haq toʻlash sharti bilan 3 yil muddatga 200 000 000 soʻm miqdorida kredit mablagʻlari ajratilgan.
Kredit shartnomasi boʻyicha majburiyatlarning bajarilishini taʼminlash maqsadida bank va qarz oluvchi oʻrtasida garov (ipoteka) shartnomasi tuzilgan va unga koʻra qarz oluvchiga tegishli qiymati 250 000 000 soʻmlik, Navoiy viloyati, Karmana tumani, “Narpay” QFY hududida joylashgan 5373,23 kv.m erda joylashgan, ishchi maydoni 518,44 kv.m, umumiy maydoni 1057,89 kv.m boʻlgan, oshxona binosi garovga qoʻyilgan.
Kredit shartnomasiga binoan qarz oluvchi olingan kredit summasi va unga hisoblangan foizlarni oyma-oy toʻlov jadvali asosida toʻlab borish majburiyatini olgan. Biroq qarz oluvchi tomonidan toʻlovlar oʻz vaqtida amalga oshirilmagan.
Shu sababli Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining Navoiy viloyat hududiy boshqarmasi bank manfaatida qarz oluvchiga nisbatan xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, qarz oluvchi va bank oʻrtasida tuzilgan kredit shartnomasini muddatidan oldin bekor qilishni va 213 692 667 soʻm kredit qarzini undirishni hamda undiruvni garov (ipoteka) narsasiga qaratishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo talablari toʻliq qanoatlantirilgan.
Ish apellatsiya va kassatsiya tartibida koʻrilmagan.
Birinchi instansiya sudi tomonidan nizoni hal etishda protsessual huquq normasining buzilishiga yoʻl qoʻyilgan. Sud daʼvo talabining 213 692 667 soʻm kredit qarzini undirish talabi boʻyicha davlat boji undirgan boʻlsada, biroq daʼvo talabining taraflar oʻrtasida tuzilgan kredit shartnomasini bekor qilish qismi boʻyicha davlat boji undirish masalasini muhokama qilmagan va ushbu talab boʻyicha davlat bojini undirmagan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2008-yil 18-apreldagi “Xoʻjalik sudlari tomonidan davlat boji toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi 180-qarorining 21-bandiga koʻra, XPK 95-moddasining birinchi qismiga koʻra davlat boji ishda ishtirok etuvchi shaxslarga ularning qanoatlantirilgan daʼvo talablari miqdoriga mutanosib ravishda yuklanadi.
Mazkur holatda sud daʼvo talabining shartnomani bekor qilish qismi boʻyicha davlat boji undirish masalasini hal etib, javobgardan respublika budjetiga eng kam ish haqining 10 barobari miqdorida davlat bojini undirishi kerak edi.
6. Xoʻjalik sudiga murojaat etilgandan keyin daʼvogarning talabi javobgar tomonidan ixtiyoriy qanoatlantirilganda, sud tomonidan daʼvoni rad etish haqida hal qiluv qarori qabul qilinadi va davlat boji javobgar zimmasiga yuklanadi.
OAT “Turon” bankining Markaziy amaliyot boshqarmasi va “Suvsanoatmash” AJ oʻrtasida kredit shartnomasi tuzilgan va unga koʻra bank qarz oluvchiga yillik 18 foiz miqdorda ustama haq toʻlash sharti bilan 12 oy muddatga 300 000 000 soʻm miqdorida kredit mablagʻlari ajratgan.
Kredit shartnomasi boʻyicha majburiyatlarning bajarilishini taʼminlash maqsadida bank va qarz oluvchi oʻrtasida garov (ipoteka) shartnomasi tuzilgan va unga koʻra qarz oluvchiga tegishli, qiymati 400 000 000 soʻm boʻlgan, Toshkent shahar, Olmazor tumani, Usta Shirin koʻchasi, 120-uy manzilida joylashgan koʻchmas mulk garovga qoʻyilgan.
Kredit shartnomasiga binoan qarz oluvchi 2013-yilning 25-iyunidan boshlab toʻlov jadvaliga asosan har oy 33 333 333 soʻmdan toʻlab borish majburiyatini olgan, biroq uning tomonidan toʻlovlar oʻz vaqtida amalga oshirilmagan.
Shu sababli Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi (bundan buyon matnda Palata deb yuritiladi) OAT “Turon” bankining Markaziy amaliyot boshqarmasi manfaatida xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, qarz oluvchidan 72 473 806,91 soʻm, shu jumladan 66 151 222 soʻm kredit summasi, 2 740 291,21 soʻm bank foizi va 3 582 293,7 soʻm penyani undirishni, undiruvni garov narsasiga qaratishni soʻragan.
Ishni koʻrish jarayonida Palata sudga daʼvodan voz kechish haqida ariza taqdim etib, unda bank 2014-yil 19-iyunda Palataga murojaat qilib, qarz oluvchi tomonidan qarzdorlik toʻliq qoplanganligini maʼlum qilganligini bayon etgan.
Birinchi instansiya sudining ajrimi bilan ish yuritish XPK 86-moddasining 6-bandiga asosan, yaʼni daʼvogar daʼvosidan voz kechganligi sababli tugatilgan. Javobgardan respublika budjetiga 724 810 soʻm davlat boji undirilgan.
Ish apellatsiya va kassatsiya tartibida koʻrilmagan.
Nizoni hal etishda sud protsessual huquq normalarini notoʻgʻri qoʻllagan.
Xususan, XPK 86-moddasining 6-bandiga koʻra daʼvogar daʼvosidan voz kechgan va xoʻjalik sudi uni qabul qilgan boʻlsa xoʻjalik sudi ish yuritishni tugatadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2008-yil 18-apreldagi “Xoʻjalik sudlari tomonidan davlat boji toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi 180-qarorining 21.4-bandiga binoan xoʻjalik sudiga murojaat etilgandan keyin javobgar tomonidan daʼvogarning talabi ixtiyoriy qanoatlantirilganda, davlat boji javobgarga yuklanadi.
Shu bois, ishni koʻrish paytida daʼvoning oʻzi qolmaganligi sababli sud daʼvoni rad etish haqida hal qiluv qarori qabul qilib, sud xarajatini javobgar zimmasiga yuklashi lozim edi.
Yana bir misol.
XATB “Hi-Tech Bank”i va “DELVITA TRADE” MChJ oʻrtasida kredit shartnomasi tuzilgan va unga koʻra bank qarz oluvchiga yillik 19 foiz miqdorda ustama haq toʻlash sharti bilan 12 oy muddatga 280 000 000 soʻm miqdorida kredit mablagʻlarini ajratgan.
Kredit shartnomasi boʻyicha majburiyatlarning bajarilishini taʼminlash maqsadida bank va qarz oluvchi oʻrtasida garov shartnomasi tuzilgan va unga koʻra qarz oluvchiga tegishli qiymati 350 000 000 soʻmlik, davlat belgisi 01 381 BAA, “JIMBEI SY 5020 XXYD-A2” rusumli yuk tashuvchi avtotransport vositasi garovga qoʻyilgan.
Kredit shartnomasiga binoan qarz oluvchi olingan kredit summasi va unga hisoblangan foizlarni oyma-oy toʻlov jadvali asosida toʻlab borish majburiyatini olgan, biroq toʻlovlar oʻz vaqtida amalga oshirilmagan.
Shu sababli Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi Toshkent shahar hududiy boshqarmasi bank manfaatida xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, qarz oluvchidan 72 831 239,17 soʻm asosiy kredit summasi, 4 446 859,60 soʻm bank foizi, 14 556 247,80 soʻm zarar va 9 031 073,80 soʻm penya undirishni, undiruvni garov narsasiga qaratishni soʻragan.
Ishni koʻrish jarayonida Palata sudga daʼvodan voz kechish haqida ariza taqdim etib, unda bank 2014-yil 15-aprelda Palataga murojaat qilib, javobgar tomonidan qarzdorlik toʻlaligicha qoplanganligini maʼlum qilganligini va shu bois sudga daʼvodan voz kechish haqida ariza bilan murojaat qilishni soʻraganligini maʼlum qilgan.
Birinchi instansiya sudining ajrimi bilan daʼvo XPK 44-moddasi ikkinchi qismiga asosan, yaʼni daʼvogar daʼvosidan voz kechganligi sababli, koʻrmasdan qoldirilgan.
Ish apellatsiya va kassatsiya tartibida koʻrilmagan.
Nizoni hal etishda sud protsessual huquq normalarini notoʻgʻri qoʻllagan.
XPKning 40-moddasiga binoan daʼvogar xoʻjalik nizosi boʻyicha hal qiluv qarori qabul qilingunga qadar daʼvodan voz kechishga haqli. Agar daʼvogarning daʼvodan voz kechishi qonun hujjatlariga xilof boʻlsa yoki boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzsa, xoʻjalik sudi daʼvodan voz kechishni qabul qilmaydi va ishni mazmunan koʻradi.
Mazkur holatda nizo xoʻjalik sudida koʻrilgunga qadar javobgar tomonidan daʼvo talabi (predmeti) boʻlgan kredit shartnomasidan kelib chiqqan qarzdorlik toʻliq qoplangan, yaʼni nizo bartaraf boʻlgan. Mavjud boʻlmagan daʼvodan esa voz kechib boʻlmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2008-yil 18-apreldagi “Xoʻjalik sudlari tomonidan davlat boji toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi 180-qarorining 21.4-bandiga binoan xoʻjalik sudiga murojaat etilgandan keyin javobgar tomonidan daʼvogarning talabi ixtiyoriy qanoatlantirilganda, davlat boji javobgarga yuklanadi.
Shu bois, mazkur holatda sud daʼvoni rad etish haqida hal qiluv qarori qabul qilib, sud xarajatlarini javobgar zimmasiga yuklashi lozim edi.
7. Vakilning kelishuv bitimini tuzish borasidagi vakolatlari vakil qilayotgan shaxs bergan ishonchnomada maxsus nazarda tutilgan boʻlishi lozim.
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi Toshkent viloyat hududiy boshqarmasi DT “Xalq banki” Uchtepa filiali manfaatida xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, kredit shartnomasini muddatidan oldin bekor qilishni, “Anvar-Raxmat Avto” MChJ, “Doniyor Avto prof” MChJ, “A-R Joʻra-Komol” MChJdan jami 498 501 325 soʻm undirishni, undiruvni garovdagi mol-mulkka qaratishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining ajrimi bilan kelishuv bitimi tasdiqlanib, ish yuritish tugatilgan.
Ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan.
XPK 40-moddasining uchinchi qismiga koʻra, taraflar har qanday instansiyada ishni kelishuv bitimi bilan tamomlashlari mumkin.
Biroq sud kelishuv bitimini DT Xalq banki nomidan Uchtepa filiali boshqaruvchisi M.Gʻaniyev imzolash huquqiga vakolati bor yoki yoʻqligini aniqlamasdan, kelishuv bitimini tasdiqlash va ish yuritishni tugatish haqida barvaqt xulosaga kelgan.
DT Xalq banki Uchtepa filiali boshqaruvchisi M.Gʻaniyevga berilgan 65-sonli ishonchnomada unga kelishuv bitimini imzolash huquqining berilishi nazarda tutilmagan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2009-yil 18-dekabrdagi “Kelishuv bitimini tasdiqlashda Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi normalarining qoʻllanilishi haqida”gi 204-son qarorining 9-bandida kelishuv bitimi yozma shaklda rasmiylashtirilishi va taraflar yoki kelishuv bitimini tuzish vakolati maxsus nazarda tutilgan XPK 52-moddasining talablariga muvofiq berilgan ishonchnoma mavjud boʻlgan holda, ularning vakillari tomonidan imzolanishi, bunday ishonchnoma kelishuv bitimiga ilova qilinishi va ish hujjatlariga qoʻshib qoʻyilishi lozimligi haqida tushuncha berilgan.
Shunga koʻra kassatsiya instansiyasi sudlov hayʼati sud ajrimini bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborgan.
8. Kelishuv bitimini tasdiqlash toʻgʻrisidagi sud ajrimining xulosa qismida uning barcha shartlari bayon etilishi lozim. Taraflarning sud xarajatlarini taqsimlash boʻyicha kelishuvning mavjud emasligi kelishuv bitimini tasdiqlashni rad etishga asos boʻlmaydi. Bunday holda sud xarajatlarini taqsimlash masalasini sud XPK 95-moddasining qoidalari asosida hal qiladi.
Shartli tuzilgan kelishuv bitimini tasdiqlashga yoʻl qoʻyilmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki Markaziy amaliyot boʻlimi va “TBS GROUP” MChJ oʻrtasida kredit shartnomasi tuzilgan va unga koʻra bank qarz oluvchiga yillik 19 foiz miqdorda ustama haq toʻlash sharti bilan qarz oluvchiga 12 oy muddatga 514 684 000 soʻm miqdorida kredit mablagʻlarini ajratgan.
Kredit shartnomasi boʻyicha majburiyatlarning bajarilishini taʼminlash maqsadida bank va qarz oluvchi oʻrtasida 2012-yil 24-avgustda va 2012-yil 28-avgustda garov (ipoteka) shartnomalari tuzilgan va ularga koʻra qarz oluvchiga tegishli qiymati 386 640 000 soʻmlik, Toshkent viloyati, Chirchiq shahri, Kangli koʻchasi, 16-uy manzilida joylashgan koʻchmas mulk, qiymati 131 860 000 soʻmlik “ARION-630C” rusumli traktor hamda qiymati 151 270 000 soʻmlik “UZGUMI” rusumli oʻgʻit ishlab chiqarish uskunasi garovga qoʻyilgan.
Kredit shartnomasiga binoan qarz oluvchi asosiy qarzi toʻlov jadvali asosida va foizlarni har oyning 6-sanasigacha toʻlab borish majburiyatini olgan. Biroq qarz oluvchi tomonidan toʻlovlar oʻz vaqtida amalga oshirilmagan.
Shu sababli bank xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, qarz oluvchidan 521 476 879,93 soʻm, shu jumladan 513 356 470 soʻm kredit summasi va 8 120 409,93 soʻm bank foizini undirishni hamda undiruvni garovga qoʻyilgan mulklarga qaratishni soʻragan.
Ishni koʻrish jarayonida taraflar sudga iltimosnoma bilan murojaat qilib, taraflar oʻrtasida tuzilgan kelishuv bitimini tasdiqlashni soʻragan.
Mazkur kelishuv bitimida qarz oluvchi oʻz zimmasiga 256 678 234,999 soʻm kredit summasini toʻlov jadvaliga asosan, kreditga hisoblangan foizlarni har oyning 6-sanasigacha toʻlab borish majburiyatini olishi, qarz oluvchi tomonidan oʻz majburiyatlari tegishli ravishda bajarilmaganda bank kredit summasini muddatidan oldin undirish va undiruvni garov narsalariga qaratish huquqiga ega ekanligi belgilangan.
Birinchi instansiya sudining ajrimi bilan kelishuv bitimi tasdiqlanib, ish yuritish tugatilgan.
Ish apellatsiya va kassatsiya tartibida koʻrilmagan.
Qarz oluvchi tomonidan kelishuv bitimida koʻrsatilgan toʻlov jadvaliga rioya qilinmaganligi bois, bank sudga ariza bilan murojaat qilib, qarz oluvchi tomonidan 170 928 044,76 soʻm kredit summasi toʻlanmay qolganligi sababli ijro varaqasini berishni soʻragan va ushbu arizaga asosan sud ijro varaqasini bergan.
Birinchi instansiya sudi tomonidan kelishuv bitimini tasdiqlashda protsessual huquq normasining buzilishiga yoʻl qoʻyilgan.
FKning 280-moddasi, “Garov toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 27-moddasi va “Ipoteka toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 38-moddasiga asosan garovga oluvchining (kreditorning) talablari garovga qoʻyilgan koʻchmas mol-mulk qiymatidan sudning qaroriga muvofiq qondiriladi.
Mazkur holatda sudning qarori mavjud boʻlmasada, sud tomonidan bankka berilgan ijro varaqasida qarz oluvchidan 170 928 044,76 soʻm undirilishi va undiruv garov (ipoteka) narsasiga qaratilib, uning kimoshdi savdosi boshlanadigan vaqtdagi boshlangʻich sotish bahosi 669 770 000 soʻm deb belgilangan.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2009-yil 18-dekabrdagi “Kelishuv bitimini tasdiqlashda Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi normalarining qoʻllanilishi haqida”gi 204-sonli qarorining 17-bandida kelishuv bitimini tasdiqlash toʻgʻrisidagi sud ajrimining xulosa qismida uning barcha shartlari bayon etilishi lozimligi, taraflarning sud xarajatlarini taqsimlash boʻyicha kelishuvning mavjud emasligi kelishuv bitimini tasdiqlashni rad etishga asos boʻlmasligi va bunday holda, sud xarajatlarini taqsimlash masalasini sud XPK 95-moddasining qoidalari asosida hal qilishi koʻrsatilgan.
Mazkur holatda kelishuv bitimida taraflarning sud xarajatlarini taqsimlash boʻyicha kelishuvi mavjud boʻlmasada, sud tomonidan sud xarajatlari taqsimlash masalasi hal etilmagan hamda sud ajrimining xulosa qismida kelishuv bitimining shartlari umuman bayon etilmagan.
Shuningdek, ushbu Plenum qarorining 7-bandi ikkinchi xatboshisiga koʻra shartli tuzilgan kelishuv bitimini tasdiqlashga yoʻl qoʻyilmasligi belgilangan.
Shu bois, mazkur holatda kelishuv bitimi shartli tuzilgan boʻlsada, yaʼni kelishuv bitimida qarz oluvchi tomonidan uning majburiyati tegishli ravishda bajarilmagan taqdirda bank kredit summasini muddatidan oldin undirishi va undiruvni garov narsasiga qaratish huquqiga ega ekanligi haqidagi shartlar mavjud boʻlsada, sud kelishuv bitimini tasdiqlagan.
9. Sudning ekspertiza tayinlash toʻgʻrisidagi ajrimida ish yuritishni toʻxtatib turish ham koʻrsatilgan boʻlib, ushbu ajrimning ekspertizani tayinlashga oid qismi ustidan shikoyat berilgan taqdirda, uni qabul qilish XPK 117-moddasi birinchi qismining 1-bandiga muvofiq rad etiladi, agar u ish yuritishga qabul qilingan boʻlsa, shikoyat koʻrib chiqilayotgan instansiya sudida ish yuritish XPK 86-moddasining 1-bandiga mos holda tugatiladi.
OAT “Turon” bankining Mirobod filiali va “Akmal Tigr” xususiy korxonasi oʻrtasida kredit shartnomasi tuzilgan va unga koʻra bank qarz oluvchiga yillik 18 foiz miqdorda ustama haq toʻlash sharti bilan 18 oy muddatga 385 000 000 soʻm miqdorida kredit mablagʻlarini ajratgan.
Kredit shartnomasi boʻyicha majburiyatlarning bajarilishini taʼminlash maqsadida bank va qarz oluvchi oʻrtasida garov (ipoteka) shartnomasi tuzilgan va unga koʻra qarz oluvchiga tegishli qiymati 481 250 000 soʻmlik, Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, Sh.Abdullayev koʻchasi, 57-uy manzilda joylashgan koʻchmas mulk garovga qoʻyilgan.
Shuningdek, bank, qarz oluvchi va “Chinoz Akbarshoh Savdj” MChJ oʻrtasida kafillik shartnomasi tuzilgan va unga koʻra qarz oluvchi kafillik bilan taʼminlangan majburiyatni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda kafil kreditor (bank) oldida qarz oluvchi bilan solidar javob berish majburiyatini oʻz zimmasiga olgan.
Kredit shartnomasiga binoan qarz oluvchi kredit boʻyicha qarzdorlikni 2013-yilning yanvar oyidan 2013-yil 16-noyabr oyigacha har oyning 16-sanasigacha toʻlab borish majburiyatini olgan. Biroq qarz oluvchi tomonidan toʻlovlar oʻz vaqtida amalga oshirilmagan.
Shu sababli bank xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, qarz oluvchi va kafildan 408 891 282,37 soʻm, shu jumladan 385 000 000 soʻm kredit summasi, 19 221 363,13 soʻm bank foiz va 4 669 919,24 soʻm penya undirishni hamda undiruvni garov (ipoteka) narsasiga qaratishni soʻragan.
Ishni koʻrish jarayonida qarz oluvchi sudga iltimosnoma bilan murojaat qilib, garov (ipoteka) shartnomasini imzolashda garov narsasi 481 250 000 soʻmga baholanganligi, ammo binoning qiymati bundan yuqori ekanligini bayon etib, garov narsasini bozor qiymatini aniqlash uchun ekspertiza tayinlashni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining ajrimi bilan qarz oluvchining iltimosnomasi qanoatlantirilib, ish yuzasidan ekspertiza tayinlangan va ekspertiza xulosasi taqdim etilgunga qadar ish yuritish toʻxtatilgan.
Sudning ajrimidan norozi boʻlib bank apellatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan va unda garov shartnomasi tuzilishidan oldin garov narsasi litsenziyaga ega baholovchi tashkilot tomonidan baholanganligi va shundan keyin taraflar tomonidan garov narsasining qiymati 481 250 000 soʻm deb belgilanganligi, shu bois sud FKning 281-moddasiga asosan garov narsasini kimoshdi savdosi boshlanadigan vaqtdagi boshlangʻich sotish bahosini 481 250 000 soʻm miqdorida belgilashi lozimligini vaj qilib, sudning ajrimini bekor qilishni soʻragan.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori bilan apellatsiya shikoyatini qanoatlantirish rad etilgan va bunga asos qilib Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2006-yil 22-dekabrdagi “Kredit shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlar bajarilishini taʼminlash toʻgʻrisidagi fuqarolik qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi 13/150-sonli qarorining 23-bandida garovga qoʻyilgan mol-mulkning qiymati yuzasidan nizo vujudga kelgan hollarda, u taraflarning iltimosnomasi boʻyicha tayinlangan mutaxassis (ekspert)ning xulosasiga koʻra belgilanishi koʻrsatilganligini keltirilgan.
Ammo, apellatsiya instansiyasi sudi tomonidan ishni koʻrishda protsessual huquq normasining buzilishiga yoʻl qoʻyilgan.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2009-yil 18-dekabrdagi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2014-yil 20-iyundagi “Xoʻjalik sudlari tomonidan ekspertizaga oid qonun hujjatlarini qoʻllash amaliyotining ayrim masalalari haqida”gi 261-sonli qarori 9-bandining ikkinchi xatboshisiga koʻra “ekspertiza tayinlash toʻgʻrisidagi ajrim ustidan shikoyat berilishi (protest keltirilishi) XPKda nazarda tutilmaganligi bois, sudlar inobatga olishlari lozimki, ekspertiza tayinlash toʻgʻrisidagi ajrimda ish yuritishni toʻxtatib turish ham koʻrsatilib, ushbu ajrim ustidan shikoyat berilgan (protest keltirilgan) boʻlsa, shikoyat (protest)ning faqat ish yuritishni toʻxtatib turishga oid qismi koʻrib chiqiladi. Agar shikoyat (protest) ajrimning ekspertizani tayinlashga oid qismi ustidan berilgan boʻlsa, uni qabul qilish XPK 117-moddasi birinchi qismining 1-bandiga mos holda rad etiladi. Agar u ish yuritishga qabul qilingan boʻlsa, shikoyat (protest) koʻrib chiqilayotgan instansiya sudida ish yuritish XPK 86-moddasining 1-bandiga mos holda tugatiladi”.
Mazkur holatda, apellatsiya shikoyatidan koʻrinishicha, bank sud ekspertiza tayinlanishidan norozi boʻlib, sudning ajrimi ustidan apellatsiya shikoyati bergan. Shu bois, apellatsiya instansiyasi sudi apellatsiya instansiyasi sudida ish yuritishni XPK 86-moddasining 1-bandiga mos holda tugatishi lozim edi.
Moddiy huquq normalarini qoʻllash amaliyoti
Umumiy masalalar
10. Kredit shartnomasining muddatidan oldin bekor qilinishi kredit tashkilotini kredit shartnomasini bekor qilish paytidan boshlab mablagʻlarni qaytarish kuniga qadar pul mablagʻlaridan foydalanilgan butun davr uchun FKning 734-moddasida nazarda tutilgan foizlarni olish huquqidan mahrum qilmaydi.
OAIT “Ipak Yoʻli” banki Chilonzor filiali va “Umirniso Isfandiyor” MChJ oʻrtasida kredit shartnomasi tuzilgan va unga koʻra bank qarz oluvchiga yillik 20 foiz miqdorda ustama haq toʻlash sharti bilan 3 yil muddatga 300 000 000 soʻm miqdorida kredit mablagʻlarini ajratgan.
Kredit shartnomasi boʻyicha majburiyatlarning bajarilishini taʼminlash maqsadida bank va qarz oluvchi oʻrtasida 2011-yil 27-dekabrda va 2012-yil 20-yanvarda garov (ipoteka) shartnomalari tuzilgan va ularga koʻra qarz oluvchiga tegishli qiymati 375 000 000 soʻmlik 2 ta savdo doʻkonlari garovga qoʻyilgan.
Kredit shartnomasiga binoan qarz oluvchi kredit summasi va unga hisoblangan foizlarni kredit shartnomasida koʻrsatilgan toʻlov jadvaliga asosan toʻlab borish majburiyatini olgan. Biroq qarz oluvchi tomonidan toʻlovlar oʻz vaqtida amalga oshirilmagan.
Shu sababli Savdo-sanoat Palatasining Toshkent shahar hududiy boshqarmasi bank manfaatida xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, qarz oluvchidan muddatidan oldin 307 037 789,35 soʻm, shu jumladan 2012-yil 24-avgustga qadar hisoblangan 7 037 789,35 soʻm bank foizini undirishni hamda undiruvni garov (ipoteka) narsasiga qaratishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qanoatlantirilib, qarz oluvchidan bank foydasiga 307 037 789,35 soʻm undirilgan va undiruv garov (ipoteka) narsasiga qaratilib, garovga qoʻyilgan mol-mulkning kimoshdi savdosi boshlanadigan vaqtdagi boshlangʻich sotish bahosi 375 000 000 soʻm miqdorida belgilangan.
Hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgach ijro varaqasi berilgan va uni asosida sud ijrochilar tomonidan ijro ishi qoʻzgʻatilib, ijro harakatlari olib borilgan.
Bank 2012-yil 25-avgustdan 2013-yil 29-aprelga qadar 41 136 120,19 soʻm bank foizlarini hisoblab, ularni undirish toʻgʻrisida xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2006-yil 22-dekabrdagi “Kredit shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlar bajarilishini taʼminlash toʻgʻrisidagi fuqarolik qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi 13/150-sonli qarorining 4 va 5-bandlarida sudning kredit shartnomasi boʻyicha barcha qoplanmagan kredit summasi va boshqa toʻlovlarni muddatidan oldin undirish haqidagi daʼvoni qanoatlantirish toʻgʻrisidagi qarori kredit shartnomasining muddatidan oldin bekor boʻlishiga olib kelishi, kreditdan foydalanganlik uchun foizlar, kredit tashkiloti tomonidan qarz oluvchi (qarzdor) bankning pul mablagʻlaridan amalda foydalangan butun davri uchun, hatto aktiv (kredit/qarz) oʻstirmaslik maqomiga oʻtkazilgan taqdirda ham, pul majburiyatlarini kechiktirish davrini qoʻshgan holda hisoblanishi mumkinligi belgilangan.
Shuningdek, ushbu Plenum qarorining 10-bandiga koʻra “FKning 736-moddasi birinchi qismiga muvofiq, agar qonun hujjatlarida yoki qarz shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, qarz oluvchi qarz summasini vaqtida qaytarmagan hollarda FKning 734-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan foizlar toʻlangan boʻlishidan qatʼi nazar, qarz qaytarib berilishi kerak boʻlgan kundan boshlab to u qarz beruvchiga qaytarib berilgan kungacha bu summa yuzasidan FKning 327-moddasi birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan miqdorda foizlar toʻlanishi kerak.
Kredit shartnomasining muddatidan oldin bekor qilinishi kredit tashkilotini kredit shartnomasini bekor qilish paytidan boshlab qaytarish kuniga qadar pul mablagʻlaridan foydalanilgan butun davr uchun FKning 734-moddasida nazarda tutilgan foizlarni olish huquqidan mahrum qilmaydi”.
Shu bois, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qanoatlantirilib, qarz oluvchidan bank foydasiga 41 136 120,19 soʻm foizlar undirilgan.
Ish apellatsiya va kassatsiya tartibida koʻrilmagan.
11. Bankning bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyasining chaqirib olinishi, berilgan kreditga foiz hisoblanishini toʻxtatmaydi.
“Kredit Standart” banki va “Fargʻona issiqlik elektr markazi” AJ oʻrtasida kredit shartnomasi tuzilgan va unga koʻra bank yillik 14 foiz toʻlash sharti bilan 60 oy muddatga 6 297 991 000 soʻm kredit berish, qarz oluvchi esa kredit asosiy qarzi va unga hisoblangan foizlarni shartnomada belgilangan muddat va miqdorlarda qaytarish majburiyatini olgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qarori bilan bankning bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyasi chaqirib olinib, mijozlarga bank xizmati koʻrsatish toʻxtatilgan.
Qarz oluvchi bankning tugatish komissiyasiga nisbatan xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, bankdan 96 589 015 soʻm kredit foizi hisobiga olingan summani undirishni soʻragan. Daʼvo arizasida bank faoliyati 2013-yil 27-noyabrdan toʻxtatilganligi, bank faoliyati toʻxtatilgan paytdan boshlab kreditga foizlar hisoblanishi mumkin boʻlmasada, bank tomonidan shu kundan 2014-yil 30-aprelga qadar 111 721 312,82 soʻm foiz hisoblanganligi, 2014-yil 8-aprelda 627-sonli toʻlov topshiriqnomasi bilan toʻlangan 219 692 541,00 soʻmdan 95 901 183,35 soʻmi kredit foizi uchun asossiz undirilganligi vaj qilib koʻrsatilgan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo rad etilgan.
Apellatsiya instansiya sudining qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunning 5-moddasiga koʻra, bank, shu jumladan chet el banki, Oʻzbekiston Respublikasida oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki tomonidan beriladigan litsenziya asosida amalga oshiradi. Litsenziyada bank bajaradigan operatsiyalar roʻyxati koʻrsatiladi.
Qonunning 4-moddasiga koʻra, kreditlarning qaytarilishi, foizliligi va muddatliligi sharti bilan oʻz mablagʻlari va jalb etilgan mablagʻlar hisobidan oʻz nomidan kreditlar berish banklar tomonidan amalga oshiriladigan bank operatsiyasi hisoblanib, biroq berilgan kreditga foizlar hisoblash bank operatsiyalari turlariga kiritilmagan.
FKning 744-moddasiga koʻra, kredit shartnomasi boʻyicha bir taraf — bank yoki boshqa kredit tashkiloti (kreditor) ikkinchi tarafga (qarz oluvchiga) shartnomada nazarda tutilgan miqdorda va shartlar asosida pul mablagʻlari (kredit) berish, qarz oluvchi esa olingan pul summasini qaytarish va uning uchun foizlar toʻlash majburiyatini oladi.
Shuningdek, FKning 736-moddasi birinchi qismiga muvofiq, agar qonun hujjatlarida yoki qarz shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, qarz oluvchi qarz summasini vaqtida qaytarmagan hollarda FKning 734-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan foizlar toʻlangan boʻlishidan qatʼi nazar, qarz qaytarib berilishi kerak boʻlgan kundan boshlab, to u qarz beruvchiga qaytarib berilgan kungacha bu summa yuzasidan FKning 327-moddasi birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan miqdorda foizlar toʻlanishi kerak.
Kredit shartnomasining muddatidan oldin bekor qilinishi kredit tashkilotini kredit shartnomasini bekor qilish paytidan boshlab qaytarish kuniga qadar pul mablagʻlaridan foydalanilgan butun davr uchun FKning 734-moddasida nazarda tutilgan foizlarni olish huquqidan mahrum qilmaydi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2006-yil 22-dekabrdagi “Kredit shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlar bajarilishini taʼminlash toʻgʻrisidagi fuqarolik qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi 13/150-son qarori 10-bandida tushuntirish berilgan.
FKning 248-moddasiga koʻra, amalga oshirilgan toʻlov summasi pul majburiyatini batamom bajarish uchun yetarli boʻlmaganida, boshqa kelishuv boʻlmasa, u eng avvalo kreditorning ijroni olishga qaratilgan chiqimlarini, soʻngra foizlarni, uning qolgan qismi esa — qarzning asosiy summasini uzadi.
Shunga koʻra 2014-yil 8-apreldagi 627-sonli toʻlov topshiriqnomasi bilan bankka oʻtkazilgan 219 692 541 soʻm pul mablagʻi qarz oluvchining bank oldidagi pul majburiyatini batamom bajarish uchun yetarli boʻlmaganligi sababli 219 692 541 soʻmning bir qismi eng avvalo kredit foizini qoplashga, qolgan qismi esa asosiy qarzni uzishga yoʻnaltirilgan.
Mazkur holatda birinchi instansiya sudi kreditga foizlar hisoblash bank operatsiyalari turlariga kirmasligi, AJning kreditga foizlar toʻlash majburiyati kredit shartnomasiga asosan vujudga kelganligi, kredit summasiga foizlar taraflar oʻrtasida tuzilgan shartnomaga asosan hisoblanganligi, AJning bankka ixtiyoriy toʻlagan 219 692 541 soʻm pul mablagʻining bir qismi FKning 248-moddasi talablari asosida kredit foizini qoplashga yoʻnaltirilganligini hisobga olib, moddiy va protsessual huquq normalarini toʻgʻri qoʻllab, daʼvoni rad etish haqida, apellatsiya instansiyasi sudi esa uni oʻzgarishsiz qoldirish haqida toʻgʻri xulosaga kelgan.
12. Daʼvo arizasida undiruvni garov narsasiga emas balki javobgarning boshqa mol-mulkiga qaratish soʻralgan boʻlsa, sud qarz oluvchining hisobidan pul mablagʻlarini undirish bilan chegaralanib, daʼvo talabining undiruvni javobgarning mol-mulkiga qaratish qismini rad etishi lozim. Chunki undiruvni mol-mulkka qaratish ijro jarayonida amalga oshiriladi.
XATB “Hi-Tech Bank”i va “Spetsremkotlomontaj” MChJ shaklidagi QK oʻrtasida kredit shartnomasi tuzilgan va unga koʻra bank qarz oluvchiga yillik 12 foiz miqdorda ustama haq toʻlash sharti bilan 3 yil muddatga 1 000 000 AQSh dollari miqdorida kredit mablagʻlarini ajratgan.
Kredit shartnomasi boʻyicha majburiyatlarning bajarilishini taʼminlash maqsadida bank, qarz oluvchi va “Finans Sug`urta” AJ oʻrtasida sugʻurta shartnomasi tuzilgan va unga koʻra qarz oluvchi kredit summasini qaytarib bera olmaganligi natijasida bankka yetkazilgan zararni qoplab berish majburiyatini “Finans Sug`urta” AJ oʻz zimmasiga olgan.
Kredit shartnomasiga binoan qarz oluvchi olingan kredit summasi va unga hisoblangan foizlarni oyma-oy toʻlov jadvali asosida toʻlab borish majburiyatini olgan boʻlsada, biroq toʻlovlar oʻz vaqtida amalga oshirilmagan.
Shu sababli Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining Toshkent shahar hududiy boshqarmasi bank manfaatida xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, qarz oluvchidan 1 069 333,33 AQSh dollari, shu jumladan 1 000 000 AQSh dollari miqdorida kredit summasi va 69 333,33 AQSh dollari miqdorida bank foizini undirishni va undiruvni mol-mulkka qaratishni soʻragan.
Sudning ajrimi bilan “Finans Sug`urta” AJ ishga nizo predmetiga mustaqil talab bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida jalb qilingan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo toʻliq qanoatlantirilib, qarz oluvchidan bank foydasiga 1 069 333,33 AQSh dollari undirilgan va undiruv qarz oluvchining mol-mulkiga qaratilgan.
Ish apellatsiya va kassatsiya tartibida koʻrilmagan.
Sud undiruvni mol-mulkka qaratib xatolikka yoʻl qoʻygan, chunki undiruv faqat garov narsasiga qaratilishi mumkin. Mazkur holatda esa taraflar oʻrtasida garov shartnomasi tuzilmagan va shu bois sud qarz oluvchining hisobidan pul mablagʻlarining undirilishi bilan chegaralashi lozim boʻlgan.
Garov toʻgʻrisidagi normalarni qoʻllash amaliyoti
13. Garov narsasi boʻlgan mulkni garovga oluvchining egaligiga topshirish imkoniyatini koʻzda tutuvchi har qanday kelishuvlar oʻz-oʻzidan haqiqiy emas hisoblanadi.
DAT “Asaka” bankining Shayxontohur filiali va “Diamond Garden” MChJ oʻrtasida kredit shartnomasi tuzilgan va unga koʻra bank qarz oluvchiga yillik 16 foiz miqdorida ustama haq toʻlash sharti bilan 3 yil muddatga 900 000 000 soʻmlik kredit mablagʻlarini ajratgan.
Kredit shartnomasi boʻyicha majburiyatlarning bajarilishini taʼminlash maqsadida bank va qarz oluvchi oʻrtasida garov shartnomasi tuzilgan va unga koʻra qarz oluvchiga tegishli, qiymati 1 125 000 000 soʻm boʻlgan, Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, R. Fayziy koʻchasi, 44-uy manzilida joylashgan koʻchmas mulk garovga qoʻyilgan.
Shuningdek, bank, qarz oluvchi va “Samar Gaz Group” MChJ oʻrtasida kafillik shartnomasi tuzilgan va unga koʻra qarz oluvchi kafillik bilan taʼminlangan majburiyatni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda kafil kreditor (bank) oldida qarz oluvchi bilan solidar javob berish majburiyatini oʻz zimmasiga olgan.
Kredit shartnomasiga binoan qarz oluvchi kredit summasini har oyda teng miqdorda qaytarishi hamda kredit summasiga hisoblangan foizlarni toʻlab borishi lozim boʻlgan. Biroq qarz oluvchi tomonidan toʻlovlar oʻz vaqtida amalga oshirilmagan.
Shu sababli Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi DAT “Asaka” banki manfaatida xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, qarz oluvchi va kafildan 627 452 718,28 soʻm, shu jumladan 617 491 020 soʻm kredit summasi, 9 898 960 soʻm bank foizi va 62 738 soʻm penya undirishni, undiruvni garov narsasiga qaratishni soʻragan.
Ishni koʻrish jarayonida bank taraflar oʻrtasida kelishuv bitimi tuzilganligini maʼlum qilib, sudga kelishuv bitimni taqdim etgan va uni tasdiqlab berishni soʻragan.
Kelishuv bitimiga koʻra, qarz oluvchi bank oldidagi 635 503 110 soʻm miqdordagi qarz summasini tan olishini va qarz evaziga kelishuv bitimi tasdiqlangan kundan boshlab 5 kun ichida bankka garov narsasini topshirish majburiyatini olgan.
Birinchi instansiya sudining ajrimi bilan kelishuv bitimi tasdiqlangan va ish yuritish tugatilgan.
Ish apellatsiya va kassatsiya tartibida koʻrilmagan.
Qarz oluvchi tomonidan kelishuv bitimi ixtiyoriy bajarilmaganligi sababli, bank sudga ariza bilan murojaat qilib, ijro varaqasini berishni soʻragan.
Bankning arizasiga asosan sud ijro varaqasini bergan. Unda qarz oluvchidan bank foydasiga 635 503 110 soʻm undirilishi hamda undiruv garov narsasiga qaratilishi koʻrsatilgan.
Birinchi instansiya sudi tomonidan nizoni hal etishda moddiy va protsessual huquq normalarini qoʻllashda xatolikka yoʻl qoʻyilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2006-yil 22-dekabrdagi “Kredit shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlar bajarilishini taʼminlash toʻgʻrisidagi fuqarolik qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi 13/150-sonli qarori 21-bandining ikkinchi xatboshisiga koʻra garov narsasi boʻlgan mulkni garovga oluvchining egaligiga topshirish imkoniyatini koʻzda tutuvchi har qanday kelishuvlar oʻz-oʻzidan haqiqiy emas deb hisoblanadi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar, shuningdek garov bilan taʼminlangan majburiyatning voz kechish haqi yoki yangilanishi sifatida malakalanishi mumkin boʻlgan kelishuvlar bundan mustasno (FKning 342, 347-moddalari).
Mazkur holatda taraflar oʻrtasida tuzilgan kelishuv bitimida qarz oluvchi garov narsasini bank oldidagi 635 503 110 soʻm miqdordagi qarz summasi evaziga bankka topshirish majburiyatini olganligi sababli, sud bunday kelishuv bitimni tasdiqlamasdan, nizoni mazmunan koʻrib chiqishi lozim edi.
Yana bir misol.
XATB “ORIENT FINANS BANK” va “MERIDIAN INVEST” MChJ oʻrtasida kredit shartnomasi tuzilgan va unga koʻra bank qarz oluvchiga yillik 20 foiz miqdorda ustama haq toʻlash sharti bilan 60 oy muddatga 2 455 000 000 soʻm miqdorida kredit mablagʻlarini ajratgan.
Kredit shartnomasi boʻyicha majburiyatlarning bajarilishini taʼminlash maqsadida bank, qarz oluvchi hamda “ANHOR” MChJ oʻrtasida garov (ipoteka) shartnomasi tuzilgan va unga koʻra garovga qoʻyuvchiga tegishli, qiymati 615 000 000 soʻmlik, Toshkent shahri, Shayxontoxur tumani, Kichik halqa yoʻli koʻchasi, 57-59-61-uy manzilida joylashgan 5 ta doʻkon garovga qoʻyilgan.
Shuningdek, 2012-yil 9-martda bank va qarz oluvchi oʻrtasida boshqa garov (ipoteka) shartnomasi tuzilgan. Shartnomaga koʻra qarz oluvchiga tegishli, qiymati 2 455 000 000 soʻmlik, Toshkent shahri, Shayxontoxur tumani, Kichik halqa yoʻli koʻchasi, 57-59-61-uy manzilida joylashgan 10 ta doʻkon garovga qoʻyilgan.
Kredit shartnomasiga binoan qarz oluvchi asosiy qarzni toʻlov jadvali asosida va foizlarni har oyning 10 sanasigacha toʻlab borish majburiyatini olgan. Biroq qarz oluvchi tomonidan toʻlovlar oʻz vaqtida amalga oshirilmasdan kelingan. Shu sababli bankning kredit qarzi, foiz hamda penya undirish va undiruvni garov (ipoteka) narsalariga qaratish haqidagi talabi 10-1214/16716-sonli ish doirasida qanoatlantirilgan.
Bank qarz oluvchi hamda garovga qoʻyuvchiga nisbatan daʼvo arizasi bilan xoʻjalik sudiga murojaat qilib, 268 555 164,20 soʻm qoʻshimcha hisoblangan foizlarni undirishni hamda undiruvni garov (ipoteka) narsalariga qaratishni soʻragan.
Ishni koʻrish jarayonida taraflar sudga iltimosnoma bilan murojaat qilib, ular oʻrtasida tuzilgan kelishuv bitimini tasdiqlashni soʻragan. Kelishuv bitimida qarz oluvchi kredit majburiyatlarini oʻz vaqtida bajarmaganligi uchun bank oldida qarzi mavjudligini tan olgan hamda ushbu qarzni qoplash uchun garovga qoʻyilgan Toshkent shahri, Shayxontoxur tumani, Kichik halqa yoʻli koʻchasi, 57-59-61-uy manzilida joylashgan 10 ta doʻkonlarni bankka mulk qilib topshirish majburiyatini olgan.
Birinchi instansiya sudining ajrimi bilan kelishuv bitimi tasdiqlanib, ish yuritish tugatilgan.
Ish apellatsiya va kassatsiya tartibida koʻrilmagan.
Birinchi instansiya sudi tomonidan qonun hujjatlari talablariga zid boʻlgan kelishuv bitimi tasdiqlangan.
FK 281-moddasining birinchi qismiga koʻra ushbu Kodeksning 280-moddasiga muvofiq undiruv qaratilgan garovdagi mol-mulkni sotish, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda kimoshdi savdosida sotish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
“Ipoteka toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 40-moddasining birinchi qismiga muvofiq ipoteka toʻgʻrisidagi shartnoma boʻyicha garovga qoʻyilgan, ushbu Qonunga muvofiq sudning qaroriga binoan undiruv qaratilgan mol-mulk kimoshdi savdosida sotish orqali realizatsiya qilinadi, ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Mazkur moddaning ikkinchi qismida sud undiruvni garovga qoʻyilgan mol-mulkka qaratish toʻgʻrisida qaror qabul qilar ekan, ipotekaga qoʻyuvchi va ipotekaga oluvchining roziligi bilan garovga qoʻyilgan mol-mulk auksionda sotish orqali realizatsiya qilinishi kerakligini belgilab qoʻyishi mumkinligi koʻrsatilgan.
FK 281-moddasi va “Ipoteka toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 43-moddasiga binoan faqat takroriy kimoshdi savdosi amalga oshmagan deb eʼlon qilinganida garovga oluvchi garov (ipoteka) narsasini oʻzida olib qolishga haqli.
Dyemak, sudning qarori bilan undiruv qaratilgan garov (ipoteka) narsasi faqat kimoshdi yoki auksion savdolarida sotilishi mumkin.
Mazkur holatda esa birinchi instansiya sudi 10-1214/16716-sonli ish boʻyicha qabul qilingan hal qiluv qarori bilan undiruv garovdagi Toshkent shahri, Shayxontoxur tumani, Kichik halqa yoʻli koʻchasi, 57-59-61-uy manzilida joylashgan 10 ta doʻkonlarga qaratilganligiga, ushbu mulklar kimoshdi savdosi orqali sotilishi lozimligiga eʼtibor bermagan holda, ushbu koʻchmas mulklarni mulk qilib topshirish majburiyatini nazarda tutuvchi kelishuv bitimini tasdiqlagan.
Vaholanki, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2006-yil 22-dekabrdagi “Kredit shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlar bajarilishini taʼminlash toʻgʻrisidagi fuqarolik qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi 13/150-sonli qarori 21-bandining ikkinchi xatboshisiga koʻra garov narsasi boʻlgan mulkni garovga oluvchining egaligiga topshirish imkoniyatini koʻzda tutuvchi har qanday kelishuvlar oʻz-oʻzidan haqiqiy emas deb hisoblanadi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar, shuningdek garov bilan taʼminlangan majburiyatning voz kechish haqi yoki yangilanishi sifatida malakalanishi mumkin boʻlgan kelishuvlar bundan mustasno (FKning 342, 347-moddalari).
Mazkur holatda taraflar oʻrtasida tuzilgan kelishuv bitimida qarz oluvchi garov (ipoteka) narsasini bank oldidagi qarz summasi evaziga bankka topshirish majburiyatini olganligi sababli sud bunday kelishuv bitimini tasdiqlamasdan, nizoni mazmunan koʻrib chiqishi lozim edi.
14. Undiruvni garov narsasiga qaratish haqida sudning hal qiluv qarorini majburiy ijro etish davomida qarz oluvchi tomonidan uning majburiyati tegishli ravishda bajarilmaganda bank xoʻjalik sudiga kredit summasini muddatidan oldin undirish va undiruvni garov narsasiga qaratish haqidagi ijro varaqasini berish toʻgʻrisida ariza bilan murojaat qilish huquqiga ega boʻlishi sharti bilan tuzilgan kelishuv bitimi qonun hujjatlariga xilof ravishda tuzilgan bitim hisoblanmaydi.
OATB “Kapitalbank”ning Mirzo Ulugʻbek filiali va “Active Leasing” MChJ oʻrtasida kredit shartnomasi tuzilgan va unga koʻra bank qarz oluvchiga yillik 15 foiz miqdorda ustama haq toʻlash sharti bilan 3 yil muddatga 176 758 105 soʻm miqdorida kredit mablagʻlarini ajratgan.
Kredit shartnomasi boʻyicha majburiyatlarning bajarilishini taʼminlash maqsadida bank, qarz oluvchi va “DELTA LEASING” MChJ oʻrtasida garov shartnomasi tuzilgan va unga koʻra garovga qoʻyuvchiga tegishli boʻlgan qiymati 139 891 500 soʻmlik, davlat belgisi 01 014 GBA, “Dong Feng” EQ3310XD rusumli avtotransport vositasi garovga qoʻyilgan.
Kredit shartnomasiga binoan qarz oluvchi 2012-yilning 12-avgustidan boshlab toʻlov jadvaliga asosan har oy 5 891 936,83 soʻmdan toʻlab borish majburiyatini olgan. Biroq, qarz oluvchi tomonidan toʻlovlar oʻz vaqtida amalga oshirilmagan.
Shu sababli Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bank manfaatida xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, qarz oluvchi va garovga qoʻyuvchidan 173 118 018 soʻm asosiy kredit qarzini, 12 877 134,77 soʻm foizini undirishni, undiruvni garov narsasiga qaratishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo toʻliq qanoatlantirilib, javobgarlardan solidar tartibda 185 995 152,77 soʻm undirilgan va undiruv garov narsasiga qaratilgan.
Apellatsiya instansiya sudining qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Kassatsiya instansiya sudining qarori bilan sud hujjatlarining javobgarlardan solidar tartibda 185 995 152,77 soʻm undirish va undiruvni garov narsasiga qaratish qismi oʻzgartirilib, bank foydasiga qarz oluvchi hisobidan 185 995 152,77 soʻm kredit va foizlar boʻyicha qarzni, 7 200 soʻm pochta xarajatini va 1 859 951, 52 soʻm davlat bojini undirish haqida qaror qabul qilgan.
Ijro ishini yuritish jarayonida taraflar oʻrtasida kelishuv bitimi tuzilganligi bois bank sudga ariza bilan murojaat qilib, taraflar oʻrtasida tuzilgan kelishuv bitimini tasdiqlab berishni soʻragan. Kelishuv bitimida qarz oluvchining bank oldidagi qarzi 178 389 902,93 soʻmni tashkil qilishi, qarz oluvchi oʻz zimmasiga 178 389 902,93 soʻm kredit qarzdorlikni toʻlov jadvaliga asosan toʻlab borish majburiyatini olishi, ushbu majburiyat tegishli ravishda bajarilmaganda bank xoʻjalik sudiga kredit summasini muddatidan oldin undirish va undiruvni garov narsasiga qaratish haqidagi ijro varaqasini berish toʻgʻrisida ariza bilan murojaat qilish huquqiga ega ekanligi belgilangan.
Birinchi instansiya sudining ajrimi bilan taraflar oʻrtasida tuzilgan kelishuv bitimi tasdiqlanib, ish yuritish tugatilgan.
Ishni birinchi instansiya sudi tomonidan hal etishda moddiy va protsessual huquq normalari asosli qoʻllanilgan.
Chunki, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2009-yil 18-dekabrdagi “Kelishuv bitimini tasdiqlashda Oʻzbekiston Respublikasi xoʻjalik protsessual kodeksi normalarining qoʻllanilishi haqida”gi 204-sonli qarorining 22-bandida, agar taraflar kelishuv bitimini sud hujjatini majburiy ijro etish davomida tuzgan boʻlsalar, kelishuv bitimi hal qiluv qarorini qabul qilgan birinchi instansiya sudiga tasdiqlash uchun taqdim etilishi belgilangan.
Mazkur holatda undiruvni garov narsasiga qaratish haqida sudning hal qiluv qarori mavjud boʻlganligi va kelishuv bitimi ushbu hal qiluv qarorini majburiy ijro etish davomida tuzilganligi sababli kelishuv bitimida qarz oluvchi tomonidan oʻz majburiyati tegishli ravishda bajarilmaganda bank xoʻjalik sudiga kredit summasini muddatidan oldin undirish va undiruvni garov narsasiga qaratish haqidagi ijro varaqasini berish toʻgʻrisida ariza bilan murojaat qilish huquqi belgilanganligi qonun hujjatlariga xilof emas.
Shu bois, birinchi instansiya sudi asosli ravishda kelishuv bitimini tasdiqlash haqidagi xulosaga kelgan.
15. Undiruvni garov narsasiga sud tartibida qaratishda sudning qarorida garovdagi mol-mulkning nomi, joylashgan joyi koʻrsatilishi lozim.
OAT “Turon banki”ning Navoiy filiali va “Sardoba parranda” OAJ oʻrtasida kredit shartnomasi tuzilgan va unga koʻra bank qarz oluvchiga yillik 15 foiz miqdorda ustama haq toʻlash sharti bilan 1 yil muddatga 2 000 000 000 soʻm miqdorida kredit mablagʻlari ajratilgan.
Kredit shartnomasi boʻyicha majburiyatlarning bajarilishini taʼminlash maqsadida bank va qarz oluvchi oʻrtasida garov (ipoteka) shartnomasi tuzilgan va unga koʻra qarz oluvchiga tegishli, qiymati 2 499 934 608 soʻmlik, Navoiy viloyati, Karmana tumani, “Malikrabot” qoʻrgʻonidagi 608 773,6 kv.m erda joylashgan, parrandachilik fabrikasining bir qismi garovga qoʻyilgan.
Kredit shartnomasiga binoan qarz oluvchi olingan kredit summasi va unga hisoblangan foizlarni oyma-oy toʻlov jadvali asosida toʻlab borish majburiyatini olgan. Biroq qarz oluvchi tomonidan toʻlovlar oʻz vaqtida amalga oshirilmagan.
Shu sababli Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining Navoiy viloyat hududiy boshqarmasi bank manfaatida xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, qarz oluvchidan 2 000 000 000 soʻm asosiy qarz, 186 810 712,33 soʻm bank foizi va 41 878 739,73 soʻm penya undirishni hamda undiruvni garov (ipoteka) narsasiga qaratishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo talablari qisman qanoatlantirilib, bank foydasiga qarz oluvchi hisobidan jami 1 638 502 736 soʻm undirilib, undiruv garov (ipoteka) narsasining bir qismiga qaratilgan.
Ish apellatsiya va kassatsiya tartibida koʻrilmagan.
Birinchi instansiya sudi tomonidan nizoni hal etishda moddiy huquq normasi buzilgan.
Yaʼni, sud tomonidan qarz oluvchi hisobidan jami 1 638 502 736 soʻm kredit qarzdorlikni undirish haqida asosli toʻxtamga kelingan boʻlsada, biroq undiruvni garov (ipoteka) narsasining bir qismiga qaratish haqida notoʻgʻri xulosaga kelingan. Chunki, sud tomonidan undiruv garov narsasining bir qismiga qaratilgan boʻlsada, hal qiluv qarorining xulosa qismida ipoteka (garov) shartnomasida koʻrsatilgan binolarning qaysi biriga qaratilganligi koʻrsatilmagan. Garov shartnomasiga binoan 33 ta tovuqxona binosi, 1 ta joʻjaxona binosi, 1 ta maʼmuriy bino, 1 ta inkubatsiya sexi, 1 ta kolbasa sexi, 1 ta tovuq tozalash sexi, 1 ta tovuq ombori, 1 ta tikuv sexi, 5 ta omborxona garov narsasini tashkil qilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2006-yil 22-dekabrdagi “Kredit shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlar bajarilishini taʼminlash toʻgʻrisidagi fuqarolik qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi 13/150-sonli qarori 23-bandining birinchi xatboshisida undiruvni garov narsasiga sud tartibida qaratishda sudning qarorida garovdagi mol-mulkning nomi, joylashgan joyi, garov shartnomasida koʻrsatilgan miqdordagi boshlangʻich sotuv bahosi koʻrsatilishi lozimligi haqida tushuntirish berilgan.
Birinchi instansiya sudi tomonidan ijro jarayonida kelib chiqishi mumkin boʻlgan anglashilmovchiliklarning oldini olish maqsadida hal qiluv qarorining xulosa qismida undiruv garovga qoʻyilgan binoning aynan qaysi qismiga qaratilishi aniq koʻrsatilishi lozim edi.
16. FKning 281-moddasining uchinchi qismiga koʻra garovga qoʻyilgan mol-mulkning kimoshdi savdosi boshlanadigan vaqtdagi boshlangʻich sotish bahosi undiruv sud tartibida mol-mulkka qaratilgan hollarda sud qarori bilan belgilanadi.
ATB “Agrobank” Poytugʻ filiali bilan “Botirobod” XF oʻrtasida savdo doʻkonini taʼmirlash uchun ikki yil muddatga 18 foiz ustama toʻlash sharti bilan 30 000 000 soʻm kredit ajratish toʻgʻrisida kredit shartnomasi tuzilgan.
Kredit taʼminoti sifatida bank, qarz oluvchi va “Jamshid bogʻdorchilik” FX oʻrtasida garov shartnomasi tuzilgan va unga koʻra FXga tegishli boʻlgan 30 000 000 soʻmga baholangan mulk garovga qoʻyilgan.
Qarz oluvchi tomonidan kredit shartnomasi boʻyicha olingan majburiyat tegishli ravishda bajarilmaganligi sababli Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi Andijon viloyat hududiy boshqarmasi bank manfaatida qarz oluvchi va garovga qoʻyuvchiga nisbatan xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, 15 570 407 soʻm kredit qarzi va 590 000 soʻm kredit foizi undirishni, undiruvni garovdagi mol-mulklarga qaratishni hamda garovga qoʻyilgan mol-mulklarning kim oshdi savdosidagi boshlangʻich sotuv bahosini belgilashni soʻragan.
Sudning ajrimi bilan ishga ATB “Agrobank” daʼvogar sifatida jalb qilingan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qanoatlantirilib, qarz oluvchi va garovga qoʻyuvchidan Bank foydasiga solidar tartibda 15 570 407 soʻm kredit qarz va 590 000 soʻm kredit foizi undirilgan. Undiruv qarz oluvchining mol-mulki va garov qoʻyuvchiga tegishli boʻlgan garov mulkiga qaratilgan.
Ish apellatsiya va kassatsiya instansiyasi sudlarida koʻrilmagan.
Biroq, birinchi instansiya sudi tomonidan garovga qoʻyilgan mol-mulklarning boshlangʻich sotuv bahosi belgilanmagan. Vaholanki, FKning 281-moddasining uchinchi qismiga koʻra garovga qoʻyilgan mol-mulkning kimoshdi savdosi boshlanadigan vaqtdagi boshlangʻich sotish bahosi undiruv sud tartibida mol-mulkka qaratilgan hollarda sud qarori bilan belgilanadi.
Bundan tashqari, daʼvo arizasida kredit qarzi va foizlarini qarz oluvchining mol-mulkiga qaratish yuzasidan talab mavjud boʻlmasada, hal qiluv qarorining xulosa qismida undiruv qarz oluvchining mol-mulklariga ham qaratilib, xatolikka yoʻl qoʻyilgan.
17. Undiruvni garov narsasiga sud tartibida qaratishda garovga qoʻyilgan mol-mulkning qiymati yuzasidan nizo vujudga kelsa, u taraflarning iltimosnomasi boʻyicha tayinlangan mutaxassis (ekspert)ning xulosasi bilan belgilanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi TIF Milliy banki Yakkasaroy filiali va “UZTURK CORPORATIION” QK oʻrtasida kredit shartnomasi tuzilgan va unga koʻra bank qarz oluvchiga yillik 19 foiz miqdorda ustama haq toʻlash sharti bilan 60 oy muddatga 270 000 000 soʻm miqdorida kredit mablagʻlarini ajratgan.
Shuningdek, taraflar oʻrtasida tuzilgan ikkinchi kredit shartnomasiga koʻra bank qarz oluvchiga yillik 19 foiz miqdorda ustama haq toʻlash sharti bilan 12 oy muddatga 150 000 000 soʻm miqdorida kredit mablagʻlarini ajratgan.
Kredit shartnomasi boʻyicha majburiyatlarning bajarilishini taʼminlash maqsadida bank va qarz oluvchi oʻrtasida garov (ipoteka) shartnomalari tuzilgan va ularga koʻra qarz oluvchiga tegishli, qiymati 567 500 000 soʻmlik, Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, Usmon Nosir koʻchasi, 158-a-uy manzilida joylashgan koʻchmas mulk garovga qoʻyilgan.
Kredit shartnomalariga binoan qarz oluvchi kredit summasini va unga hisoblangan foizlarni har oyning 6 sanasigacha toʻlab borish majburiyatini olgan. Biroq qarz oluvchi tomonidan toʻlovlar oʻz vaqtida amalga oshirilmagan. Shu sababli bank xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, qarz oluvchidan 296 198 922,17 soʻm, shu jumladan 292 938 656 soʻm kredit summasi va 4 260 266,17 soʻm bank foizini undirishni hamda undiruvni garov (ipoteka) narsasiga qaratishni soʻragan.
Ishni koʻrish jarayonida qarz oluvchi sudga iltimosnoma bilan murojaat qilib, 2010-yil 7-oktabrda garov (ipoteka) shartnomasini imzolash jarayonida garov narsasi 380 000 000 soʻmga baholanganligini, biroq 2012-yil 2-avgustda ikkinchi ipoteka shartnomasi imzolanganligini, ushbu shartnomaga asosan aynan dastlabki ipoteka shartnomasi boʻyicha garovga qoʻyilgan mol-mulklar garov narsasi boʻlganligi, biroq ikkinchi shartnomaga asosan garov obyekti 187 500 000 soʻmga baholanganligi sababli, garov narsasini bozor qiymatini aniqlash uchun ekspertiza tayinlashni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan qarz oluvchining iltimosnomasini qanoatlantirish rad etilgan va daʼvo qisman qanoatlantirilib, qarz oluvchidan bank foydasiga 243 161 900 soʻm undirilgan va undiruv garov (ipoteka) narsasiga qaratilib, garovga qoʻyilgan mol-mulkning kimoshdi savdosi boshlanadigan vaqtdagi boshlangʻich sotish bahosi 852 698 120 soʻm qilib belgilangan.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori bilan sudning hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Ish kassatsiya instansiya sudida koʻrilmagan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2006-yil 22-dekabrdagi “Kredit shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlar bajarilishini taʼminlash toʻgʻrisidagi fuqarolik qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi 13/150-sonli qarorining 23-bandida undiruvni garov narsasiga sud tartibida qaratishda sudning qarorida garov shartnomasida koʻrsatilgan miqdordagi boshlangʻich sotuv bahosi koʻrsatilishi lozimligi, garovga qoʻyilgan mol-mulkning qiymati yuzasidan nizo vujudga kelgan hollarda, u taraflarning iltimosnomasi boʻyicha tayinlangan mutaxassis (ekspert)ning xulosasiga koʻra belgilanishi koʻrsatilgan.
Mazkur holatda garovga qoʻyilgan mol-mulkning qiymati yuzasidan nizo vujudga kelganligi sababli sud javobgarning iltimosnomasini qanoatlantirib, garovga qoʻyilgan mol-mulkning qiymatini aniqlash uchun ekspertiza tayinlashi va ekspertning xulosasiga koʻra garovga qoʻyilgan mol-mulkning kimoshdi savdosi boshlanadigan vaqtdagi boshlangʻich sotish bahosini belgilashi lozim edi.
18. Sudning qarorida garovdagi mol-mulkning boshlangʻich sotuv bahosi, agar ish koʻrish paytida qoʻyilgan mol-mulkning qiymati yuzasidan nizo vujudga kelmasa, garov shartnomasida nazarda tutilgan miqdorda belgilanadi.
DT “Xalq banki” Nishon tumani filiali va “Raxmatov Abdugʻani Ziyotovich” FX oʻrtasida kredit shartnomasi tuzilib, qarz oluvchiga 1 yil muddatda qaytarish sharti bilan 18 000 000 soʻm kredit ajratilgan.
Kredit qaytarilishini taʼminlash maqsadida bank, qarz oluvchi va “Dusha” FX oʻrtasida garov shartnomasi tuzilgan va unga koʻra, qarz oluvchiga tegishli, davlat raqami 50-18 EL boʻlgan “T-150K” rusumli traktor va garovga qoʻyuvchiga tegishli, davlat raqami 70 854 EAA boʻlgan “Gaz-4301” rusumli avtomashina garovga qoʻyilib, ularning bahosi 23 000 000 qilib belgilangan.
Qarz oluvchi tomonidan kredit va uning foizlari oʻz vaqtida qaytarilmaganligi sababli, uning bank oldida 20 500 000 soʻmlik qarzi vujudga kelgan.
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi Qashqadaryo viloyat hududiy boshqarmasi bank manfaatida xoʻjalik sudiga murojaat qilib, qarz oluvchi va garovga qoʻyuvchidan garovga qoʻyilgan mulk hisobidan 20 500 000 soʻm kredit qarzini undirishni soʻragan.
DT “Xalq banki” ishga daʼvogar sifatida jalb etilgan.
Birinchi instansiya sudi daʼvoni toʻliq qanoatlantirib, qarz oluvchi va garovga qoʻyuvchidan bank foydasiga 20 500 000 soʻm kredit va uning foizlarini undirish toʻgʻrisida hal qiluv qarori qabul qilgan. Undiruv garov narsasiga qaratilib, uning kimoshdi savdosi boshlanadigan vaqtdagi boshlangʻich sotish bahosi 18 000 000 soʻm miqdorida belgilangan.
Ish apellatsiya va kassatsiya tartibida koʻrilmagan.
Sud nizo yuzasidan hal qiluv qarori qabul qilishda moddiy huquq normasini buzilishiga yoʻl qoʻygan.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2006-yil 22-dekabrdagi “Kredit shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlar bajarilishini taʼminlash toʻgʻrisidagi fuqarolik qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi 13/150-sonli qarori 23-bandining birinchi qismiga koʻra, undiruvni garov narsasiga sud tartibida qaratishda sudning qarorida garovdagi mol-mulkning nomi, joylashgan joyi, garov shartnomasida koʻrsatilgan miqdordagi boshlangʻich sotuv bahosi koʻrsatilishi lozim.
Mazkur holatda garov shartnomasida garovga qoʻyilgan mulklarning bahosi 23 000 000 soʻm miqdorida nazarda tutilgan boʻlsada, sud qarorida ularning kimoshdi savdosi boshlanadigan vaqtdagi boshlangʻich sotish bahosi 18 000 000 soʻm miqdorida belgilangan.
19. Garov narsasining hal qiluv qarorida belgilangan kimoshdi savdosidagi boshlangʻich sotish bahosidan norozi boʻlgan taraf sudga garov narsasining haqiqiy qiymatini belgilash toʻgʻrisida yangi daʼvo arizasi bilan emas, balki hal qiluv qarori ustidan apellatsiya yoki kassatsiya shikoyatlari bilan murojaat qilishi mumkin.
AT “Turonbank” va “Sifatqurilish-xizmat” MChJ oʻrtasida kredit shartnomasi tuzilgan boʻlib, unga koʻra bank qarz oluvchiga yillik 18 foiz miqdorda ustama haq toʻlash sharti bilan 1 yil muddatga 2 200 000 000 soʻm miqdorida kredit mablagʻlarini ajratgan.
Kredit shartnomasi boʻyicha majburiyatlarning bajarilishini taʼminlash maqsadida bank, qarz oluvchi va “Elektrtarmoqqurilish” AJ oʻrtasida garov (ipoteka) shartnomasi tuzilgan va unga koʻra garovga qoʻyuvchiga tegishli, qiymati 1 950 000 000 soʻmlik, Fargʻona shahri, Quvasoy koʻchasi, 250-uyda joylashgan maʼmuriy bino va inshootlar garovga qoʻyilgan.
Kredit shartnomasiga binoan qarz oluvchi kredit qarzi va foizlarni har oyning 25 sanasigacha toʻlab borish majburiyatini olgan. Biroq qarz oluvchi tomonidan toʻlovlar oʻz vaqtida amalga oshirilmagan. Shu sababli bankning kredit qarzi, foiz hamda penya undirish va undiruvni garov (ipoteka) narsasiga qaratish haqidagi talabi boshqa xoʻjalik ishi doirasida qanoatlantirilgan. Garov (ipoteka) narsasining kim oshdi savdosidagi boshlangʻich sotish bahosi 1 950 000 000 soʻm miqdorida belgilangan.
Garovga qoʻyuvchi tomonidan bank va Sud departamentining Fargʻona viloyat hududiy boshqarmasiga nisbatan daʼvo arizasi bilan xoʻjalik sudiga murojaat qilinib, garov (ipoteka) narsasining haqiqiy qiymatini belgilash soʻralgan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo talabini qanoatlantirish rad etilgan.
Ish apellatsiya va kassatsiya tartibida koʻrilmagan.
Birinchi instansiya sudi tomonidan ishni koʻrishda protsessual huquq normasining buzilishiga yoʻl qoʻyilgan.
FKning 281-moddasi, “Garov toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 28-moddasi hamda “Ipoteka toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 39-moddasiga binoan garovga qoʻyilgan mol-mulkning kimoshdi savdosi boshlanadigan vaqtdagi boshlangʻich sotish narxi undiruv sud tartibida mol-mulkka qaratilgan hollarda sud qarori bilan yoki boshqa hollarda garovga oluvchining garovga qoʻyuvchi bilan kelishuvi natijasida belgilanadi.
Shu bois, sud boshqa xoʻjalik ishini koʻrish natijasi boʻyicha qabul qilgan hal qiluv qarorida garov (ipoteka) narsasining kimoshdi savdosi boshlanadigan vaqtdagi boshlangʻich sotish narxini belgilagan.
Mazkur holatda garovga qoʻyuvchi garov (ipoteka) narsasining hal qiluv qarorida belgilangan kimoshdi savdosidagi boshlangʻich sotish bahosidan norozi boʻlgan holda, u sudga garov (ipoteka) narsasining haqiqiy qiymatini belgilash toʻgʻrisidagi daʼvo arizasi bilan emas, balki hal qiluv qarori ustidan apellatsiya yoki kassatsiya shikoyatlari bilan murojaat qilishi lozim edi. Shu sababli sud garovga qoʻyuvchining garov (ipoteka) narsasining haqiqiy qiymatini belgilash toʻgʻrisidagi daʼvo arizasini XPK 117-moddasi birinchi qismining 1-bandiga asosan qabul qilishni rad etishi, agar daʼvo ish yuritishga qabul qilingan boʻlsa, nizo xoʻjalik sudiga taalluqli boʻlmaganligi uchun, XPK 86-moddasining 1-bandiga asosan ish yuritishni tugatishi lozim edi.
20. Kredit shartnomasi majburiyatlari boʻyicha garovga qoʻyuvchi qarz oluvchi bilan birgalikda solidar javob bermaydi. Kreditorning garovga qoʻyuvchi — uchinchi shaxsga nisbatan talabi garov narsasining sotilishidan tushgan summa bilan chegaralanadi.
OAIT “Ipak Yoʻli” bankining Chilonzor filiali va “Baxt Omad Lizing” MChJ oʻrtasida kredit shartnomasi tuzilgan va unga koʻra bank qarz oluvchiga yillik 20 foiz miqdorida ustama haq toʻlash sharti bilan 3 yil muddatga 100 000 000 soʻm miqdorida kredit mablagʻlari ajratgan.
Kredit shartnomasi majburiyatlarning bajarilishini taʼminlash maqsadida bank, qarz oluvchi va “Kapital Avto Lizing” MChJ oʻrtasida garov shartnomasi tuzilgan va unga koʻra garovga qoʻyuvchiga tegishli, 67 225 000 soʻmlik, davlat belgisi 01 420 RBA “Epika” rusumli va qiymati 57 775 000 soʻmlik, davlat belgisi 01 190 OSA “Epika” rusumli avtotransport vositalari garovga qoʻyilgan.
Kredit shartnomasiga binoan qarz oluvchi 2013-yilning 6-oktabridan boshlab toʻlov jadvaliga asosan har oy 3 333 333,43 soʻmdan toʻlab borish majburiyatini olgan. Biroq, qarz oluvchi tomonidan toʻlovlar oʻz vaqtida amalga oshirilmagan.
Shu sababli Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi OAIT “Ipak Yoʻli” banki manfaatida xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, qarz oluvchi va garovga qoʻyuvchidan 84 628 493,17 soʻm, shu jumladan 80 000 000 soʻm kredit summasi va 4 628 493,15 soʻm foizini undirishni, undiruvni garov narsasiga qaratishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo toʻliq qanoatlantirilib, javobgarlardan solidar tartibda 84 628 493,17 soʻm undirilgan va undiruv garov narsasiga qaratilgan.
Ish apellatsiya va kassatsiya tartibida koʻrilmagan.
Ishni birinchi instansiya sudi tomonidan hal etishda moddiy huquq normalarini qoʻllashda xatolikka yoʻl qoʻyilgan.
FKning 268, 271 va 281-moddalari hamda “Garov toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunning 6, 10 va 28-moddalari mazmuniga koʻra qarzdor boʻlmagan garovga qoʻyuvchi kreditor oldida garov narsasining qiymati miqdorida javob beradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2006-yil 22-dekabrdagi “Kredit shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlar bajarilishini taʼminlash toʻgʻrisidagi fuqarolik qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi 13/150-sonli qarori 25-bandining uchinchi xatboshisida kreditorning asosiy shartnoma boʻyicha qarzdor boʻlmagan garovga beruvchiga talabi garov narsasining sotilishidan tushgan summa bilan chegaralanishi haqida tushuntirish berilgan.
Shu bois, mazkur holatda sud qarz oluvchi va garovga qoʻyuvchidan qarz summasini solidar tartibda emas, balki qarz oluvchidan 84 628 493,17 soʻm undirishi va undiruvni garov narsasiga qaratishi lozim edi.
Xuddi shunday xatolikka 10-1413/1602, 10-1304/8063-sonli ishlarni koʻrishda ham yoʻl qoʻyilgan.
21. Ipoteka toʻgʻrisidagi shartnomani notarial tartibda tasdiqlash va davlat roʻyxatidan oʻtkazish qoidalariga rioya etmaslik uning haqiqiy emasligini keltirib chiqaradi. Bunday shartnoma oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmaydi. Shu bois, bunday holda kredit majburiyatlari boʻyicha undiruv ipoteka shartnomasiga asosan garovga qoʻyilgan mol-mulkka qaratilmaydi.
OATB “Hamkorbank” Qarshi filiali va “Zoxcharbob-kapital qurilish” MChJ oʻrtasida kredit shartnomasi tuzilgan va unga koʻra bank qarz oluvchiga 50 000 000 soʻm kredit ajratgan.
Kredit qaytarilishini taʼminlash maqsadida bank va “Zoxcharbob-kapital qurilish” MChJ oʻrtasida ipoteka shartnomasi tuzilgan. Unga koʻra garovga qoʻyuvchiga qarashli maʼmuriy bino hamda boshqa bino va inshootlar garovga qoʻyilib, ular 62 500 000 soʻmga baholangan.
Qarz oluvchi kredit va uning foizlarini oʻz vaqtida qaytarmaganligi uchun uning bank oldida 43 333 334 soʻm kredit va 4 336 274 soʻm foizlar boʻyicha qarzdorlik vujudga kelgan.
Shu sababli Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi Qashqadaryo viloyat hududiy boshqarmasi bank manfaatida qarz oluvchi va garovga qoʻyuvchiga nisbatan xoʻjalik sudiga murojaat qilib, 2012-yil 2-avgustdagi kredit shartnomasini muddatidan oldin bekor qilishni va garovdagi mol-mulklar hisobidan 43 333 334 soʻm kredit summasini va 4 336 274 soʻm foizlarni undirishni soʻragan.
OATB “Hamkorbank” ishga daʼvogar sifatida jalb etilgan.
Birinchi instansiya sudi daʼvoni qisman qanoatlantirib, kredit shartnomasini bekor qilgan va qarz oluvchidan bank foydasiga 45 161 563 soʻm kredit qarzi va foizlarni undirgan hamda undiruvni garov narsasiga qaratgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Ishni koʻrishda sud garov shartnomasi davlat roʻyxatidan oʻtkazilmaganligiga eʼtibor qaratmagan. Vaholanki, “Ipoteka toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 12-moddasiga koʻra, ipoteka toʻgʻrisidagi shartnoma notarial tartibda tasdiqlanishi va davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi kerak. Ipoteka toʻgʻrisidagi shartnoma davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran tuzilgan deb hisoblanadi va kuchga kiradi. Ipoteka toʻgʻrisidagi shartnomani notarial tartibda tasdiqlash va davlat roʻyxatidan oʻtkazish qoidalariga rioya etmaslik uning haqiqiy emasligini keltirib chiqaradi. Bunday shartnoma oʻz-oʻzidan haqiqiy emas.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2006-yil 22-dekabrdagi “Kredit shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlar bajarilishini taʼminlash toʻgʻrisidagi fuqarolik qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi 13/150-sonli qarori 18-bandining toʻrtinchi qismiga koʻra, ipoteka toʻgʻrisidagi shartnoma tegishli mol-mulk haqida tuziladigan bitimlarni roʻyxatdan oʻtkazish uchun belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilishi kerak (FKning 271-moddasi toʻrtinchi qismi, “Ipoteka toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 12-moddasi).
Mazkur Plenum qarorining 19-bandida garov majburiyatlari bilan bogʻliq nizolarni hal etishda sudlar garov boʻyicha munosabatlar garov toʻgʻrisidagi shartnoma tuzilgan paytdan, shartnoma roʻyxatdan oʻtkazilishi shart boʻlgan hollarda esa, — u roʻyxatdan oʻtkazilgan paytdan boshlab vujudga kelishini hisobga olishlari kerakligi haqida tushuntirish berilgan.
Ushbu holatda ipoteka shartnomasi roʻyxatdan oʻtkazilmaganligi sababli sud qarz summasini qarzdordan bank foydasiga undirishi lozim boʻlsada, undiruvni garov narsasiga qaratishi mumkin emas edi.
22. Garov shartnomasi, uni haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisida tegishli daʼvo mavjud boʻlgan taqdirdagina haqiqiy emas deb topilishi mumkin, oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmagan bitimlar bundan mustasno.
ATB “Agrobank” Paxtaobod filiali va “Poytugʻ adolat savdo ishonch” MChJ oʻrtasida savdo doʻkoni qurish uchun 24 oy muddatga 16 foiz ustama toʻlash sharti bilan 65 000 000 soʻm kredit ajratish toʻgʻrisida kredit shartnomasi tuzilgan.
Kredit taʼminoti sifatida bank, qarz oluvchi va “Usmonjon Bahodir” SIU oʻrtasida garov shartnomasi tuzilgan va unga koʻra, garovga qoʻyuvchiga tegishli boʻlgan transport vositalari 70 000 000 soʻmga baholanib, garovga qoʻyilgan.
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi Andijon viloyat hududiy boshqarmasi bank manfaatida qarz oluvchi va garovga qoʻyuvchiga nisbatan xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, kredit shartnomasini muddatidan oldin bekor qilishni, 64 000 000 soʻm kredit qarz, 17 362 452 soʻm kredit foizini undirishni, undiruvni garovdagi mol-mulklarga qaratishni soʻragan.
Sudning ajrimi bilan bank tegishli daʼvogar, yaʼni ATB “Agrobank” bilan almashtirilgan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilgan. Kredit shartnomasi muddatidan oldin bekor qilinib, qarz oluvchidan bank foydasiga 64 000 000 soʻm kredit qarzi va 17 362 452 soʻm foizlar undirilgan. Daʼvoning qolgan qismi rad etilgan. Garov shartnomasi haqiqiy emas deb topilgan.
Ish apellatsiya va kassatsiya instansiyasi sudlarida koʻrilmagan.
Sud majlisida garovga qoʻyuvchining sobiq rahbari uyushmaning texnika vositalari garovga qoʻyilganligini sud majlisiga kelib bilganligini, uyushmaning sobiq bosh hisobchisi tomonidan ishonchnoma va taʼsischilarning yigʻilish qarori soxtalashtirilib transport vositalari garovga qoʻyilganligini bildirgan.
Shuningdek, garovga qoʻyuvchining taʼsischilari A.Raxmonov, A.Isamutdinov, R.Turgʻunov, R.Ergashev, N.Karimmirzayev va U.Yunusovlar ham uyushma mulklarini garovga qoʻyish yuzasidan taʼsischilarning umumiy yigʻilishi boʻlmaganligi, mulklarni garovga qoʻyishga rozilik berilmaganligi haqida koʻrsatmalar berganlar.
Mazkur holat yuzasidan sud tomonidan Andijon viloyat prokuraturasiga xabarnoma yuborilgan.
Ishni koʻrishda birinchi instansiya sudi daʼvo talabidan chetga chiqqan holda garov shartnomasini haqiqiy emas deb topish haqida notoʻgʻri xulosaga kelgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2006-yi 22-dekabrdagi “Kredit shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlar bajarilishini taʼminlash toʻgʻrisidagi fuqarolik qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi 13/150-sonli qarorining 6-bandiga koʻra kredit mablagʻlarini undirish toʻgʻrisidagi talablardan kelib chiqadigan nizolarni koʻrishda sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, garov, kafillik shartnomalari hamda kafolat, oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmagan bitimlardan tashqari, ularni haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisida tegishli daʼvolar mavjud boʻlgan taqdirdagina haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Vaholanki, daʼvo arizasida garov shartnomasini haqiqiy emas deb topish haqida talab qoʻyilmagan. Qolaversa, ushbu garov shartnomasiga asosan garovga qoʻyilgan transport vositalarini garovga qoʻyishga rozilik berish haqidagi garovga qoʻyuvchi taʼsischilarining umumiy yigʻilish qarori hamda ishonchnomasining soxtalashtirilganligi tegishli dalillar bilan isbotlanmagan.
Kafillik toʻgʻrisidagi normalarni qoʻllash amaliyoti
23. Kredit shartnomasi boʻyicha qarzdorlikni undirish uchun talab qarz oluvchi, kafil va garovga qoʻyuvchiga nisbatan bildirilganda qarzdorlik summasi qarz oluvchi va kafildan solidar tartibida undirilib, undiruv garov narsasiga qaratiladi.
OAT “Kapitalbank”i va “MOCHLOS TORSVIK” MChJ QK oʻrtasida kredit shartnomasi tuzilgan va unga koʻra bank qarz oluvchiga yillik 20 foiz miqdorda ustama haq toʻlash sharti bilan 2 yil muddatga 1 360 000 000 soʻm miqdorida kredit mablagʻlari ajratgan.
Kredit shartnomasi boʻyicha majburiyatlarning bajarilishini taʼminlash maqsadida bank, qarz oluvchi va “TORSVIK MNM” MChJ oʻrtasida kafillik shartnomasi tuzilgan va unga koʻra qarz oluvchi kafillik bilan taʼminlangan majburiyatni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda, kafil kreditor (bank) oldida qarz oluvchi bilan birga solidar javob berish majburiyatini oʻz zimmasiga olgan.
Shuningdek, kredit majburiyatining bajarilishini taʼminlanish maqsadida bank, qarz oluvchi va garovga qoʻyuvchi “MASHINO CONSTRUCTION” MChJ QK oʻrtasida garov shartnomasi tuzilgan va unga koʻra garovga qoʻyuvchiga tegishli, qiymati 816 000 000 soʻmlik mol-mulk garovga qoʻyilgan.
Kredit shartnomasiga binoan qarz oluvchi hisoblangan foizlarni har oyning 25 sanasida, kredit summasini esa 2011-yilning 25-sentyabridan boshlab toʻlov jadvaliga asosan toʻlab borish majburiyatini olgan. Biroq qarz oluvchi tomonidan toʻlovlar oʻz vaqtida amalga oshirilmagan. Shu sababli Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bank manfaatida xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, qarz oluvchi, kafil va garovga qoʻyuvchidan 202 553 342,53 soʻm foiz summasini undirishni, undiruvni garov narsasiga qaratishni soʻragan.
FKning 292 va 293-moddalariga koʻra kafillik shartnomasi boʻyicha kafil boshqa shaxs oʻz majburiyatini toʻla yoki qisman bajarishi uchun uning kreditori oldida javob berishni oʻz zimmasiga oladi va qarzdor kafillik bilan taʼminlangan majburiyatni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda kafil va qarzdor kreditor oldida solidar javob beradilar, basharti qonunda yoki kafillik shartnomasida kafilning subsidiar javobgar boʻlishi nazarda tutilgan boʻlmasa.
FK 264-moddasining ikkinchi qismiga binoan garovga koʻra qarzdor garov bilan taʼminlangan majburiyatni bajarmagan taqdirda kreditor (garovga oluvchi) bu majburiyat boʻyicha oʻz talabi garovga qoʻyilgan mol-mulkning qiymatidan ushbu mol-mulk egasi boʻlgan shaxs (garovga qoʻyuvchi)ning boshqa kreditorlariga qaraganda imtiyozli suratda qanoatlantirilishiga, qonunda belgilab qoʻyilgan chegirishlardan keyin, haqli boʻladi.
Ushbu qonun talablaridan kelib chiqib, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo toʻliq qanoatlantirilib, qarz oluvchi va kafildan solidar tartibda 202 553 342,53 soʻm undirilgan va undiruv garov narsasiga qaratilib, garovga qoʻyilgan mol-mulkning kimoshdi savdosi boshlanadigan vaqtdagi boshlangʻich sotish bahosi 816 000 000 soʻm deb belgilangan.
Ish apellatsiya va kassatsiya tartibida koʻrilmagan.
24. Qarzdor kafillik bilan taʼminlangan majburiyatni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda kafil va qarzdor kreditor oldida solidar javob beradilar. Bunda kafilning javobgarligi kafillik shartnomasida belgilangan summa bilan chegaralanadi.
OAT “Turon” banki Fargʻona viloyat filiali va “AXAT AGROTEXSERVIS” MChJ oʻrtasida yopiq liniyali mikrokredit shartnomasi tuzilgan va unga koʻra bank qarz oluvchiga yillik 14 foiz miqdorida ustama haq toʻlash sharti bilan 2 yil muddatga 100 000 000 soʻm miqdorida kredit mablagʻlari ajratgan.
Kredit shartnomasi boʻyicha majburiyatlarning bajarilishini taʼminlash maqsadida bank, qarz oluvchi va “Abdulaxat-agro” FX oʻrtasida kafillik shartnomasi tuzilgan va unga koʻra kafillik summasi 50 000 000 soʻm miqdorda belgilangan hamda qarz oluvchi kafillik bilan taʼminlangan majburiyatni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda bankning birinchi talabiga asosan kafil kreditor (bank)ga kredit toʻlovlarini toʻlab berish majburiyatini oʻz zimmasiga olgan.
Shuningdek, kredit majburiyatning bajarilishini taʼminlash maqsadida bank, qarz oluvchi va “Axat-Agro” FX oʻrtasida garov shartnomasi tuzilgan va unga koʻra garovga qoʻyuvchiga tegishli, qiymati 35 000 000 soʻmlik 2 ta “MTZ 80 X” rusumli traktorlar hamda qarz oluvchiga tegishli, qiymati 42 000 000 soʻmlik “VT 150 DE” rusumli traktor garovga qoʻyilgan.
Qarz oluvchi kredit boʻyicha foizlarni har oyning 25 sanasida, kredit summasini esa 2013-yilning 25-avgustidan boshlab toʻlov jadvaliga asosan toʻlab borish majburiyatini olgan. Biroq qarz oluvchi tomonidan toʻlovlar oʻz vaqtida amalga oshirilmagan. Shu sababli Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi bank manfaatini koʻzlab xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, qarz oluvchi, kafil va garovga qoʻyuvchidan 129 967 847,40 soʻm miqdordagi kredit boʻyicha qarzdorlikni undirishni, undiruvni garov narsasiga qaratishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilib, qarz oluvchi, kafil va garovga qoʻyuvchidan 117 000 724,11 soʻm undirilgan va undiruv garov narsasiga qaratilib, garovga qoʻyilgan mol-mulkning kimoshdi savdosi boshlanadigan vaqtdagi boshlangʻich sotish bahosi 77 000 000 soʻm miqdorida belgilangan.
Ish apellatsiya va kassatsiya tartibida koʻrilmagan.
Nizoni hal etishda sud moddiy huquq normalarini notoʻgʻri qoʻllagan.
FKning 292 va 293-moddalariga koʻra kafillik shartnomasi boʻyicha kafil boshqa shaxs oʻz majburiyatini toʻla yoki qisman bajarishi uchun uning kreditori oldida javob berishni oʻz zimmasiga oladi va qarzdor kafillik bilan taʼminlangan majburiyatni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda kafil va qarzdor kreditor oldida solidar javob beradilar, basharti qonunda yoki kafillik shartnomasida kafilning subsidiar javobgar boʻlishi nazarda tutilgan boʻlmasa.
FKning 268, 271 va 281-moddalari hamda Oʻzbekiston Respublikasi “Garov toʻgʻrisida”gi Qonunning 6, 10 va 28-moddalari mazmuniga koʻra qarzdor boʻlmagan garovga qoʻyuvchi kreditor oldida garov narsasining qiymati miqdorida javob beradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2006-yil 22-dekabrdagi “Kredit shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlar bajarilishini taʼminlash toʻgʻrisidagi fuqarolik qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi 13/150-sonli qarori 25-bandining uchinchi xatboshisida kreditorning asosiy shartnoma boʻyicha qarzdor boʻlmagan garovga beruvchiga talabi garov narsasining sotilishidan tushgan summa bilan chegaralanishi haqida tushuntirish berilgan.
Shu bois, mazkur holatda sud qarz oluvchi, kafil va garovga qoʻyuvchidan emas, balki qarz oluvchi va kafildan 117 000 724,11 soʻmni solidar tartibda undirishi va undiruvni garov narsasiga qaratishi lozim edi. Shuningdek hal qiluv qarorining xulosa qismida kafilning bank oldidagi javobgarligi 50 000 000 soʻm bilan chegaralanganligi belgilanishi lozim edi.
Yana bir misol:
ATB “Oʻzsanoatqurilishbank” Navoiy mintaqaviy filiali va “Navoiy savdo kompleksi” AJ oʻrtasida kredit shartnomasi tuzilgan va unga koʻra bank qarzdorga uch yil muddatga 3 000 000 000 soʻm kredit mablagʻini yillik 12 foiz ustama toʻlash sharti bilan bergan.
Kredit taʼminoti sifatida bank va qarz oluvchi Navoiy shahar 1-sonli davlat notarial idorasida ipoteka shartnomasini rasmiylashtirgan va unga koʻra qarz oluvchiga tegishli boʻlgan, umumiy yer maydoni 40 059,42 kv. m.dan iborat boʻlgan, Navoiy shahar, 17-son daha, Gʻalaba koʻchasida joylashgan “Navoiy savdo kompleksi” majmuasi garovga qoʻyilgan. Garov narsasi taraflar tomonidan 750 000 000 soʻmga baholangan.
Shuningdek, kredit taʼminoti sifatida bank, qarz oluvchi va “Navoiyazot” AJ oʻrtasida kafillik shartnomasi tuzilgan.
Qarzdor oʻz majburiyatini lozim darajada bajarmaganligi sababli Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi Navoiy viloyat hududiy boshqarmasi bank manfaatida xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat etib, qarz oluvchi va kafildan solidar tartibda 1 308 244 965,5 soʻm kredit va foizlarni undirishni, undiruvni qarzdorning garovga qoʻyilgan mol-mulkiga qaratishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilib, qarz oluvchi va kafildan solidar tartibda bank foydasiga 1 139 692 206,11 soʻm kredit qarzi va foizlari undirilgan hamda undiruv garovga qoʻyilgan mol-mulkka qaratilgan.
Apellatsiya instansiya sudining qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
FKning 744-moddasiga koʻra, kredit shartnomasi boʻyicha bir taraf - bank yoki boshqa kredit tashkiloti (kreditor) ikkinchi tarafga (qarz oluvchiga) shartnomada nazarda tutilgan miqdorda va shartlar asosida pul mablagʻlari (kredit) berish, qarz oluvchi esa olingan pul summasini qaytarish va uning uchun foizlar toʻlash majburiyatini oladi.
Shuningdek, FKning 264-moddasiga koʻra, bir shaxsning boshqa shaxsga mol-mulkni yoki unga boʻlgan huquqni majburiyatlarni taʼminlash uchun berishi garov hisoblanadi. Garovga koʻra qarzdor garov bilan taʼminlangan majburiyatni bajarmagan taqdirda kreditor (garovga oluvchi) bu majburiyat boʻyicha oʻz talabi garovga qoʻyilgan mol-mulkning qiymatidan ushbu mol-mulk egasi boʻlgan shaxs (garovga qoʻyuvchi)ning boshqa kreditorlariga qaraganda imtiyozli suratda qanoatlantirilishiga, qonunda belgilab qoʻyilgan chegirishlardan keyin, haqli boʻladi.
Shunga koʻra birinchi instansiya sudi tomonidan daʼvo talabining qarzdorga nisbatan qismi boʻyicha moddiy huquq normalari toʻgʻri qoʻllanilib, qarzdordan bank foydasiga 1 139 692 206,11 soʻm kredit qarzi va foizlarini undirish, undiruvni garovga qoʻyilgan mol-mulkka qaratish haqida toʻgʻri xulosaga kelingan.
Biroq sud tomonidan ishni koʻrishda daʼvo talabining kafilga nisbatan qismi boʻyicha moddiy huquq normalari notoʻgʻri qoʻllanilib, qarzdorning bank oldidagi majburiyati boʻyicha kafilning solidar javobgarligi asossiz belgilangan.
FKning 293-moddasiga koʻra, qarzdor kafillik bilan taʼminlangan majburiyatni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda kafil va qarzdor kreditor oldida solidar javob beradilar, basharti qonunda yoki kafillik shartnomasida kafilning subsidiar javobgar boʻlishi nazarda tutilgan boʻlmasa.
Taraflar oʻrtasida tuzilgan kafillik shartnomasining 1.1-bandiga koʻra, kafil kredit shartnomasi boʻyicha qarzdorning barcha majburiyatlari bajarilishi yuzasidan, “Navoiyazot” AJ Ustav jamgʻarmasiga berilgan davlat mulklaridan tashqari, boshqa mulklari bilan bank oldida subsidiar javobgarlikni oʻz zimmasiga olgan.
Kafillik shartnomasiga asosan kafilning subsidiar javobgarligi belgilangan boʻlsada, daʼvo arizasida kafildan solidar tartibda qarzdorlikni undirish masalasi qoʻyilgan.
Birinchi instansiya sudi esa shartnomada belgilangan (subsidiar) javobgarlik turini boshqasi bilan (solidar) almashtirish huquqiga ega boʻlmasada, qarzdorning javobgarligi boʻyicha kafilning solidar javobgarligini belgilab moddiy huquq normalarini notoʻgʻri qoʻllagan. Apellatsiya instansiya sudi esa bunga baho bermasdan, hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirgan.
Qayd etilganlarga koʻra kassatsiya instansiyasi sudi, sud qarorlarining kafildan solidar tartibda bank foydasiga 1 139 692 206,11 soʻm kredit qarzi va foizlarini undirish qismini bekor qilish, daʼvoning kafildan solidar tartibda qarzdorlikni undirish qismini rad etish haqida qarorga kelgan.
25. Viloyat, tuman, shahar hokimliklari budjet tashkiloti boʻlganligi va ularga ajratiladigan budjet mablagʻlaridan faqat jamlanma xarajatlar smetasi asosida foydalanishi sababli, ular uchinchi shaxslar oʻrtasida fuqaroviy-huquqiy munosabatlar yuzasidan kelib chiqadigan majburiyatlar boʻyicha kafil boʻlishlari huquq-tartibot asoslariga ziddir. Shuning uchun ushbu organlar ishtirokida tuzilgan kafillik shartnomalari FKning 116-moddasiga asosan oʻz-oʻzidan haqiqiy emas hisoblanadi va bunday bitimlarga nisbatan FK 114-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan qoidalar qoʻllaniladi.
DT “Xalq banki”ning Olmazor filiali va “Shifokor Zamira Kommunalchi” XUJMSh oʻrtasida kredit shartnomasi tuzilgan va unga koʻra bank qarz oluvchiga yillik 12 foiz miqdorda ustama haq toʻlash sharti bilan qarz oluvchiga 2 yil muddatga 5 000 000 soʻm miqdorida kredit mablagʻlari ajratgan.
Kredit shartnomasi boʻyicha majburiyatlarning bajarilishini taʼminlash maqsadida bank, qarz oluvchi va Olmazor tuman hokimligi oʻrtasida kafillik shartnomasi tuzilgan va unga koʻra qarz oluvchi kafillik bilan taʼminlangan majburiyatni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda, Olmazor tuman hokimligi kreditor (bank) oldida qarz oluvchi bilan solidar javob berish majburiyatini oʻz zimmasiga olgan.
Kredit shartnomasiga binoan qarz oluvchi kredit summasini har oyda teng miqdorda qaytarishi hamda foizlarni toʻlab borishi lozim boʻlgan. Biroq qarz oluvchi tomonidan toʻlovlar oʻz vaqtida amalga oshirilmagan.
Shu sababli Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi Toshkent viloyat hududiy boshqarmasi DT “Xalq banki” manfaatida xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, qarz oluvchi va kafildan solidar tartibda 4 956 502,74 soʻm undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo talabi qisman qanoatlantirilib, bank foydasiga qarz oluvchi va kafildan solidar tartibda 3 814 983,6 soʻm asosiy qarzdorlik va 7 000 soʻm pochta xarajati undirilgan. Daʼvo talabining qolgan qismini qanoatlantirish rad etilgan.
Ish apellatsiya va kassatsiya tartibida koʻrilmagan.
Birinchi instansiya sudi tomonidan nizoni hal etishda moddiy huquq normalarini qoʻllashda xatolikka yoʻl qoʻyilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 99-moddasiga binoan viloyatlar, tumanlar va shaharlarda (tumanga boʻysunadigan shaharlardan, shuningdek shahar tarkibiga kiruvchi tumanlardan tashqari) hokimlar boshchilik qiladigan xalq deputatlari Kengashlari hokimiyatning vakillik organlari boʻlib, ular davlat va fuqarolarning manfaatlarini koʻzlab oʻz vakolatlariga taalluqli masalalarni hal etadilar.
“Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 1-moddasining uchinchi qismiga koʻra xalq deputatlari Kengashi va hokim viloyat, tuman va shahar uchun umumiy boʻlgan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish vazifalari amalga oshirilishini, joylarda qonunlar, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi qabul qilgan hujjatlar, yuqori turuvchi xalq deputatlari Kengashlari va hokimlar qarorlarining ijrosini, Oʻzbekiston Respublikasi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari oʻrtasidagi aloqalarni, aholini viloyat, tuman va shaharni boshqarishga jalb etishni taʼminlaydi.
Shuningdek, ushbu Qonunning 25-moddasida viloyat, tuman va shahar hokimining vakolatlari koʻrsatib oʻtilgan boʻlib, mazkur moddaning uchinchi qismiga asosan hokim rejalashtirish, budjet, moliya, hisob-kitob, viloyat, tuman, shahar mulkini boshqarish, mulkchilikning turli shakliga mansub korxonalar, muassasalar va tashkilotlar bilan hamjihatlik qilish, qishloq xoʻjaligi, yer va boshqa tabiiy resurslardan foydalanish, tabiatni muhofaza qilish, qurilish, transport, yoʻl xoʻjaligi va aloqa, aholiga kommunal, savdo va ijtimoiy-madaniy xizmat koʻrsatish, aholini ijtimoiy muhofaza qilish, qonuniylik, huquq-tartibot va xavfsizlikni taʼminlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish sohasida qonun hujjatlarida oʻz vakolatiga berilgan boshqa masalalarni ham hal etadi.
Oʻzbekiston Respublikasining Budjet kodeksining 3-moddasiga binoan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari budjet jarayoni ishtirokchilari hisoblanadilar va ularga ajratiladigan budjet mablagʻlaridan davlat moliyaviy nazorati ostida jamlanma xarajatlar smetasi asosida foydalanadilar.
Bundan koʻrinib turibdiki, Olmazor tuman hokimligi budjet jarayoni ishtirokchisi boʻlib, unga ajratiladigan budjet mablagʻlaridan faqat jamlanma xarajatlar smetasi asosida foydalanadi va shu bois uchinchi shaxslar oʻrtasidagi fuqaroviy-huquqiy munosabatlar yuzasidan kelib chiqadigan majburiyatlar boʻyicha kafil boʻlishi huquq-tartibot asoslariga ziddir.
FKning 116-moddasiga binoan qonun hujjatlarining talablariga muvofiq kelmaydigan mazmundagi bitim, shuningdek huquq-tartibot yoki axloq asoslariga atayin qarshi maqsadda tuzilgan bitim oʻz-oʻzidan haqiqiy emasdir. Bunday bitimga nisbatan ushbu Kodeks 114-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan qoidalar qoʻllaniladi.
Mazkur holatda bank, qarz oluvchi va Olmazor tuman hokimligi oʻrtasida tuzilgan kafillik shartnomasi oʻz-oʻzidan haqiqiy emasligi sababli, sud unga nisbatan daʼvoni rad etishi lozim edi.
Sugʻurta toʻgʻrisidagi normalarni qoʻllash amaliyoti
Kredit shartnomasi boʻyicha qarzdorlikni undirish talabi qarz oluvchi va sugʻurtalovchiga bildirilgan boʻlsa, sudlar sugʻurtalovchining javobgarligini sugʻurta shartnomasining shartlaridan kelib chiqib belgilashi lozim.
26. Sugʻurta shartnomasida kreditor sugʻurtalovchiga nisbatan talabni faqat kredit mablagʻlarini qaytarish uchun koʻrilgan barcha choralar natija bermaganidan soʻnggina bildirilishi mumkinligi belgilangan va bu choralar koʻrilmasdan turib sugʻurtalovchiga talab bildirilgan boʻlsa, bunday talabni qanoatlantirish rad etiladi.
OAT “Agrobank”i Xorazm filiali va “Xurmat Farrux” MChJ oʻrtasida kredit shartnomasi tuzilgan va unga koʻra bank qarz oluvchiga yillik 14 foiz miqdorida ustama haq toʻlash sharti bilan 2 yil muddatga 40 000 000 soʻm miqdorida kredit mablagʻlari ajratgan.
Kredit shartnomasi boʻyicha majburiyatlarning bajarilishini taʼminlash maqsadida bank, qarz oluvchi va “Urganch maxsus bino inshoot qurilish” MChJ oʻrtasida kafillik shartnomasi tuzilgan va unga koʻra qarz oluvchi kafillik bilan taʼminlangan majburiyatni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda, kafil kreditor (bank) oldida qarz oluvchi bilan solidar tartibda javob berish majburiyatini oʻz zimmasiga olgan.
Shuningdek, kredit majburiyatining bajarilishini taʼminlanish maqsadida bank, qarz oluvchi va “Silk Road Insurance” AJ shaklidagi sugʻurta kompaniyasi oʻrtasida sugʻurta shartnomasi tuzilgan va unga koʻra sugʻurta hodisasi roʻy bergan taqdirda, sugʻurtalovchi bankka 40 000 000 soʻm toʻlab berish majburiyatini oʻz zimmasiga olgan.
Sugʻurta shartnomasi asosida sugʻurtalovchi tomonidan bankka sugʻurta polisi berilgan.
Qarz oluvchi kredit shartnomasida belgilangan muddatda kredit summasini qaytarib bera olmaganligi sababli Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi Xorazm viloyati hududiy boshqarmasi bank manfaatini koʻzlab xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, kredit shartnomasini bekor qilish hamda qarz oluvchi, kafil va sugʻurtalovchidan 40 000 000 soʻm miqdordagi kredit boʻyicha qarzdorlikni undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilib, kredit shartnomasi bekor qilingan hamda qarz oluvchi va kafildan bank foydasiga solidar tartibda 40 000 000 soʻm undirilgan. Sugʻurtalovchiga nisbatan daʼvo XPK 88-moddasining 5-bandiga asosan, yaʼni daʼvogar nizoni sudgacha hal qilish (talabnoma yuborish) tartibiga rioya etmaganligi sababli koʻrmasdan qoldirilgan.
Ish apellatsiya va kassatsiya tartibida koʻrilmagan.
Sud nizo yuzasidan hal qiluv qarori qabul qilishda protsessual huquq normasini notoʻgʻri qoʻllagan.
Sugʻurta shartnomasining 6.1-bandida qarz oluvchining kredit summasini toʻlab berishga qodir emasligi sugʻurta hodisasi hisoblanishi va sugʻurta pulini toʻlab berish toʻgʻrisidagi arizaga kredit mablagʻlarini qaytarish majburiyatini taʼminlanishiga oid barcha huquqlardan foydalanilganligini tasdiqlovchi, shu jumladan sudning qarori ilova qilinishi lozimligi belgilangan.
Shu sababli sud sugʻurtalovchidan bank foydasiga pul mablagʻlarini undirmasdan toʻgʻri qilgan. Biroq daʼvo arizasiga kredit mablagʻlarini qaytarish majburiyatini taʼminlanishga oid barcha huquqidan foydalanganligini tasdiqlovchi, shu jumladan sudning qarorini ilova qilmaganligi holatini nizoni sudgacha hal qilish (talabnoma yuborish) tartibiga rioya etilmagan deb baholab, daʼvoni XPK 88-moddasining 5-bandiga asosan koʻrmasdan qoldirib, xatolikka yoʻl qoʻygan. Chunki yuqorida koʻrsatib oʻtilgan hujjatlarni taqdim etmaslikni nizoni sudgacha hal qilish tartibiga rioya etmaslik deb baholab boʻlmaydi. Mazkur holatda sud sugʻurtalovchining majburiyati vujudga kelmaganligi bois, uni javobgarlikdan ozod qilishi lozim edi.
27. Sugʻurta majburiyatlarning bajarilishini taʼminlash usuli hisoblanmasdan, balki sugʻurta shartnomasi boʻyicha kredit mablagʻlarini qaytarmaslik xavfi sugʻurtalanishi sababli, kredit mablagʻlarini undirish haqidagi talab qarzdor, kafil, garovga qoʻyuvchi va sugʻurtalovchiga nisbatan bildirilgan hollarda, sugʻurtalovchiga nisbatan talabni qanoatlantirish rad etiladi.
OAT “Biznes bank”i va “Maslahat” MChJ oʻrtasida kredit shartnomasi tuzilgan va unga koʻra bank qarz oluvchiga yillik 16 foiz miqdorda ustama haq toʻlash sharti bilan 2 yil muddatga 100 000 000 soʻm miqdorida kredit mablagʻlari ajratgan.
Kredit shartnomasi boʻyicha majburiyatlarning bajarilishini taʼminlash maqsadida bank, qarz oluvchi va “Abdukarim-ota” FX oʻrtasida garov (ipoteka) shartnomasi tuzilgan va unga koʻra garovga qoʻyuvchiga tegishli chorvachilik fermasining bino-inshootlari garovga qoʻyilgan hamda garov narsasining qiymati 120 000 000 soʻmga baholangan.
Shuningdek, kredit majburiyatining bajarilishini taʼminlash maqsadida bank, qarz oluvchi va “Lizing servis” MChJ oʻrtasida kafillik shartnomasi tuzilgan va unga koʻra qarz oluvchi kafillik bilan taʼminlangan majburiyatni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda kafil va qarz oluvchi kreditor (bank) oldida solidar javob berish majburiyatini oʻz zimmasiga olgan.
Bundan tashqari, kredit majburiyatining bajarilishini taʼminlash maqsadida bank, qarz oluvchi va “Insurance Bizness” AJ shaklidagi sugʻurta kompaniyasi oʻrtasida sugʻurta shartnomasi tuzilgan va unga koʻra taraflar kredit shartnomasi boʻyicha kredit mablagʻlarini qaytarmaganlik xavfini sugʻurta qilgan.
Sugʻurta shartnomasi asosida sugʻurtalovchi bankka sugʻurta polisi bergan.
Qarz oluvchi kredit shartnomasida belgilangan muddatda kredit summasini qaytarmaganligi sababli Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bank manfaatini koʻzlab xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, kredit shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish hamda qarz oluvchi, kafil va sugʻurtalovchidan 105 300 000 soʻm miqdordagi kredit boʻyicha qarzdorlikni undirish va undiruvni garov narsasiga qaratishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilib, kredit shartnomasi muddatidan oldin bekor qilingan hamda qarz oluvchi va kafildan bank foydasiga solidar tartibda 105 300 000 soʻm undirilgan hamda undiruv garov narsasiga qaratilib, uning kimoshdi savdosi boshlanadigan vaqtdagi boshlangʻich sotish bahosi 120 000 000 soʻm deb belgilangan. Sugʻurtalovchi javobgarlikdan ozod qilingan.
Ish apellatsiya va kassatsiya tartibida koʻrilmagan.
Sugʻurta shartnomasiga koʻra, kredit shartnomasini buzganlik uchun sugʻurta qildiruvchi (qarz oluvchi)ning javobgarlik xavfi sugʻurta qilingan va qarz oluvchi tomonidan kredit summasini toʻliq yoki qisman toʻlab berilmaganligi natijasida bankka yetkazilgan zarar sugʻurta hodisasi hisoblanadi.
Mazkur holatda kredit shartnomasi boʻyicha qarzdorlik kafil va garovga qoʻyilgan mol-mulk hisobidan qoplanishi mumkinligi va shu bois qarz oluvchi tomonidan kredit summasi toʻlab berilmaganligi natijasida bank zarar koʻrmaganligi sababli sud sugʻurtalovchidan bank foydasiga pul mablagʻlarini undirmasdan, uni javobgarlikdan ozod qilish haqida toʻgʻri xulosaga kelgan.
28. Qonun hujjatlarida sugʻurta tashkilotlarining solidar tartibda javobgarligi nazarda tutilmagan, shu sababli shartnomani buzganlik uchun javobgarlik xavfini sugʻurta qilish shartnomasi boʻyicha daʼvo qarz oluvchi va sugʻurtalovchiga nisbatan bildirilganda, daʼvo sugʻurtalovchi hisobidan qanoatlantiriladi, qarz oluvchi esa javobgarlikdan ozod qilinadi.
OATB “Agrobank”ning Toshkent viloyat hududiy filiali va YTT Doʻstqulova Goʻzal Toʻychiyevna oʻrtasida kredit shartnomasi tuzilgan va unga koʻra bank qarz oluvchiga yillik 36 foiz miqdorda ustama haq toʻlash sharti bilan 1 yil muddatga 10 000 000 soʻm miqdorida kredit mablagʻlari ajratgan.
Kredit shartnomasi boʻyicha majburiyatlarning bajarilishini taʼminlash maqsadida bank, qarz oluvchi va “Euroasia Insurance” MChJ sugʻurta kompaniyasi oʻrtasida sugʻurta shartnomasi tuzilgan va unga koʻra qarz oluvchi kredit shartnomasida belgilangan muddatda kredit summasini qaytarmaganda sugʻurtalovchi sugʻurta himoyasini taqdim etish majburiyatini oʻz zimmasiga olgan.
Kredit shartnomasiga binoan qarz oluvchi olingan kredit summasi va unga hisoblangan foizlarni oyma-oy toʻlov jadvali asosida toʻlab borish majburiyatini olgan. Biroq qarz oluvchi tomonidan toʻlovlar oʻz vaqtida amalga oshirilmagan.
Shu sababli Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi bank manfaatida xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, qarz oluvchi va sugʻurtalovchidan 6 666 000 soʻm kredit qarzi, 978 000 soʻm bank foizi undirishni hamda undiruvni qarz oluvchi va sugʻurtalovchining likvidli mol-mulklariga qaratishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilib, qarz oluvchi va sugʻurtalovchidan solidar tartibda bank foydasiga 5 000 000 soʻm kredit qarzi, 1 069 800 soʻm kredit foizi undirilgan. Daʼvoning qolgan qismini qanoatlantirish rad etilgan.
Apellatsiya instansiya sudining qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgartirilib, hal qiluv qarorining bank foydasiga sugʻurtalovchi va qarz oluvchi hisobidan solidar tartibda 5 000 000 soʻm kredit, 1 069 800 soʻm foizlar va 7 200 soʻm pochta xarajatlari, 121 396 soʻm davlat boji undirish qismi bekor qilinib, daʼvoning sugʻurtalovchiga nisbatan qismini qanoatlantirish rad etilgan. Hal qiluv qarorining qolgan qismi oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Kassatsiya instansiya sudining qarori bilan apellatsiya instansiyasining qarori bekor qilib, hal qiluv qarori oʻzgartirilib, qarz oluvchi va sugʻurtalovchidan solidar tartibda 6 666 000 soʻm kredit qarzi, qarz oluvchidan 978 000 soʻm kredit foizi bank foydasiga undirish haqida yangi qaror qabul qilingan.
Sudlar tomonidan nizoni hal etishda moddiy huquq normalari notoʻgʻri qoʻllanilgan.
FKning 293-moddasiga koʻra qarzdor kafillik bilan taʼminlangan majburiyatni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda, kafil va qarzdor kreditor oldida solidar javob beradilar, basharti qonunda yoki kafillik shartnomasida kafilning subsidiar javobgar boʻlishi nazarda tutilgan boʻlmasa. Basharti, kafillik shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, kafil kreditor oldida qarzdor bilan baravar hajmda javob beradi, shu jumladan foizlar toʻlaydi, qarzni undirib olish boʻyicha sud chiqimlarini va qarzdor majburiyatini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi tufayli kreditor koʻrgan boshqa zararlarni toʻlaydi. Agar kafillik shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, birgalashib kafil boʻlgan shaxslar kreditor oldida solidar javob berishi belgilangan.
Biroq, qonun hujjatlarida sugʻurtalovchi tashkilotining qarzdor tomonidan majburiyatni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda kreditor oldida solidar tartibda javob berishi nazarda tutilmagan.
FKning 919-moddasida shartnomani buzganlik uchun javobgarlik xavfini sugʻurta qilishga qonunda nazarda tutilgan hollarda yoʻl qoʻyilishi, shartnomani buzganlik uchun javobgarlik xavfi, bu shartnoma shartlariga koʻra sugʻurta qildiruvchi qaysi taraf oldida tegishli javobgarlikni zimmasiga olishi lozim boʻlsa, oʻsha taraf — naf oluvchi foydasiga, hatto sugʻurta shartnomasi boshqa shaxs foydasiga tuzilgan yoxud unda kimning foydasiga tuzilgani aytilmagan taqdirda ham, sugʻurtalangan hisoblanishi belgilangan.
Mazkur holatda sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurtalovchi kredit shartnomasini buzganligi uchun bank oldida tegishli javobgarlikni oʻz zimmasiga olgan. Shu bois, qarz oluvchi kredit shartnomasi boʻyicha kredit qarzi va unga hisoblangan foiz summasini toʻlamaganligi sababli, Palata bank manfaatida sudga daʼvo bilan murojaat qilgan.
Bunday holatda sudlar kredit shartnomasi boʻyicha qarzdorlikni qarz oluvchi va sugʻurtalovchi tashkilotidan qarzdorlikni solidar tartibda undirmasdan, qarzdorlikni sugʻurtalovchi zimmasiga yuklashi va qarz oluvchini javobgarlikdan ozod etishi lozim edi.
2014-yil 31-dekabr.
