Qonunda sudning sud hujjatini yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrish toʻgʻrisidagi arizani qanoatlantirish haqidagi ajrimi ustidan shikoyat qilish (protest keltirish) nazarda tutilmagan (17-0411/4449-son)
23.09.2008
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
[Koʻchirma]
Paxtaobod tumani “Oʻzbekiston” shirkat xoʻjaligi xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, “Oxun” chorva-fermer xoʻjaligidan qoʻyxona va turar joy binolarini hamda ular egallab turgan yer maydonlarini olib berishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining 2004-yil 30-dekabrdagi hal qiluv qarori bilan daʼvo qanoatlantirilgan.
Ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan.
Kassatsiya instansiyasi sudining 2005-yil 25-apreldagi qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Sudning 2005-yil 25-maydagi ajrimi bilan taraflar oʻrtasida tuzilgan kelishuv bitimi tasdiqlanib, ish yuritish tugatilgan.
Sudning 2007-yil 23-martdagi ajrimi bilan 2005-yil 25-maydagi ajrim yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrilib, bekor qilingan.
Sudning 2008-yil 17-martdagi ajrimi bilan “Oʻzbekiston” shirkat xoʻjaligi huquqiy voris — “Oq yoʻl texnika” MMTP bilan almashtirilgan.
Kassatsiya shikoyatida 2007-yil 23-martdagi, 2008-yil 17-martdagi, 2008-yil 21-iyuldagi ajrimlarni bekor qilish, 2005-yil 25-maydagi ajrimni oʻz kuchida qoldirish soʻralgan.
Sudlov hayʼati shikoyat vajlarini muhokama qilib, ish hujjatlarini oʻrganib chiqib, quyidagilarga koʻra sud ajrimlarini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Rayosatining 2004-yil 27-maydagi R 42-sonli qarori bilan 17-02-06/1237-sonli xoʻjalik ishi yuzasidan Oliy xoʻjalik sudi kassatsiya instansiyasi sudining 2003-yil 5-martdagi qarori bekor qilinib, Andijon viloyat xoʻjalik sudining 2002-yil 2-avgustdagi hal qiluv qarori va 2002-yil 26-sentabrdagi qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Andijon viloyat xoʻjalik sudining 2002-yil 2-avgustdagi hal qiluv qarori bilan “Baraka” yopiq turdagi aksiyadorlik jamiyati bilan “Oxun” fermer xoʻjaligi oʻrtasida 2001-yil 12-oktabrda tuzilgan koʻchmas mulk oldi-sotdi shartnomasi haqiqiy emas, deb topilgan.
Sudning 2004-yil 30-dekabrdagi hal qiluv qarorini ijro etish jarayonida taraflar oʻrtasida 2005-yil 27-aprelda tuzilgan kelishuv bitimi tasdiqlanib, ish yuritish tugatilgan. Mazkur kelishuv bitimiga muvofiq “Oxun” fermer xoʻjaligi “Oʻzbekiston” shirkat xoʻjaligi hududida joylashgan 39-sonli oʻrta maktabga bir oy muddat ichida 4605000 soʻm miqdorida homiylik ishlarini bajarish, daʼvogar esa mulklarni fermer xoʻjaligiga oʻtkazib berish majburiyatini olgan.
“Oxun” fermer xoʻjaligi tomonidan kelishuv bitimida koʻrsatilgan homiylik ishlarini amalga oshirganligi haqidagi hujjatlar soxtalashtirilganligi sababli fermer xoʻjaligi rahbariga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, javobgarlikka tortilgan.
Shuning uchun birinchi instansiya sudi Andijon viloyat prokuraturasining arizasi asosida kelishuv bitimini tasdiqlash haqidagi sud ajrimini yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrib, uni asosli ravishda bekor qilgan. Javobgar kelishuv bitimida qayd etilgan homiylik yordami koʻrsatilganligi haqidagi hujjatlar soxtalashtirilganligini inkor etuvchi dalillarni sudga taqdim etmagan.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi 208-moddasining ikkinchi qismida sud hujjatini yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrish toʻgʻrisidagi arizani qanoatlantirishni rad etish haqidagi xoʻjalik sudining ajrimi ustidan shikoyat qilish (protest keltirish) mumkinligi qayd etilgan. Ushbu huquq normasida sudning sud hujjatini yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrish toʻgʻrisidagi arizani qanoatlantirish haqidagi ajrimi ustidan shikoyat qilish (protest keltirish) tartibi belgilanmagan.
Shuning uchun javobgarning 2007-yil 23-martdagi ajrimni bekor qilish haqidagi talabi asossizdir.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi 39-moddasining birinchi qismiga koʻra, taraflardan biri nizoli yoki xoʻjalik sudining hal qiluv qarori bilan aniqlangan huquqiy munosabatdan chiqib ketgan taqdirda (qayta tashkil etilish, talabdan boshqa shaxs foydasiga voz kechish, qarzning boshqa shaxsga oʻtkazilishi, fuqaroning oʻlimi va boshqa hollarda) sud bu tarafni uning huquqiy vorisi bilan almashtirib, bu haqda oʻz ajrimi, hal qiluv qarori yoki qarorida koʻrsatadi. Huquqiy vorislik protsessning har qanday bosqichida amalga oshirilishi mumkin.
Paxtaobod tuman hokimining 2006-yil 4-fevraldagi 43-k-sonli qarori bilan “Oʻzbekiston” shirkat xoʻjaligi negizida “Oq yoʻl texnika” muqobil mashina-traktor parki davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan.
“Oʻzbekiston” shirkat xoʻjaligini fermer xoʻjaliklariga aylantirish boʻyicha qayta tashkil etish komissiyasining 2006-yil 26-apreldagi qarori bilan shirkat xoʻjaligining 163713500 soʻmlik mol-mulklari “Oq yoʻl texnika” muqobil mashina-traktor parkiga oʻtkazilgan.
Shuning uchun birinchi instansiya sudi daʼvogarni uning huquqiy vorisi — “Oq yoʻl texnika” muqobil mashina-traktor parki bilan almashtirish haqida qonuniy toʻxtamga kelgan.
Sudning 2008-yil 17-martdagi ajrimi asosida ijro varaqasi berish haqida 2008-yil 21-iyulda ajrim qabul qilingan.
Qayd etilganlarga koʻra, sudlov hayʼati sud ajrimlarini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirishni, ishni kassatsiya instansiyasi sudida koʻrish bilan bogʻliq pochta xarajatlarini javobgar zimmasiga yuklashni lozim topadi.
2008-yil 23-sentabr,
17-0411/4449-son
