Kassatsiya instansiya sudi birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini va (yoki) apellatsiya instansiyasi sudining qarorini, agar qabul qilingan hal qiluv qarori va qaror yetarlicha asoslanmagan boʻlsa, bekor qilish hamda ishni hal qiluv qarori va (yoki) qarori bekor qilingan xoʻjalik sudi instansiyasiga yangidan koʻrish uchun yuborishga haqli (14-0811/151-son)
30.06.2008
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
[Koʻchirma]
“Nurbuloq” MChJ xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, “Nurbuloq balneologik davolash muassasasi” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan 1B yer osti mineral suv burgʻu qudugʻidan noqonuniy foydalanish natijasida 2 B yer osti mineral suv burgʻu qudugʻidagi suv sathi kamayib ketishi oqibatida kerakli boʻlgan suvni ololmaganligi sababli 46693630 soʻm zararni undirishni va 1B mineral suv burgʻu qudugʻini yopiqligicha saqlanishi uchun sud buyrugʻi berishni soʻragan.
Samarqand viloyat xoʻjalik sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilgan. Javobgar — “Nurbuloq balneologik davolash muassasasi” MChJ 13088550 soʻm boy berilgan foyda (zarar) undirilgan va muassasa zimmasiga 1B yer osti mineral suv burgʻu qudugʻidan noqonuniy foydalanishni toʻxtatib turish majburiyati yuklatilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori bilan hal qiluv qarori bekor qilinib, daʼvoni 46693630 soʻm zarar undirish qismi rad etilgan, daʼvoning “Nurbuloq balneologik davolash muassasasi” masʼuliyati cheklangan jamiyat zimmasiga 1B yer osti mineral suv burgʻi qudugʻidan noqonuniy foydalanishni toʻxtatib turish majburiyatini yuklash qismi boʻyicha ish yuritish tugatilgan.
“Nurbuloq” MChJ maʼdanli suv bilan davolash xususiy shifoxonasi oʻzining kassatsiya shikoyatida apellatsiya instansiya sudi qarorini bekor qilishni, hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni soʻragan.
Protestda sud qarorlarini bekor qilib ishni yangidan koʻrish uchun yuborish soʻralgan.
Sudlov hayʼati ish materiallarini, kassatsiya shikoyati va protestda keltirilgan vajlarni oʻrganib chiqib, quyidagilarga koʻra sud qarorlarini bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun yuborishni lozim deb topadi.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, “Nurbuloq balneologik davolash muassasasi” MChJ mutassadi tashkilotlar — Oʻzbekiston Respublikasi GGP “Oʻzbekgidrogeologiya” davlat geologik korxonasi, Oʻzbekiston Respublikasi “Sanoatkontexnazorat” Davlat inspeksiyasi yer osti boyliklarini muhofaza qilish, mineral xomashyolarni qayta ishlashni va geologik marksheyderlik nazorati inspeksiyasi, Samarqand viloyat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi suv resurslarini muhofaza qilish inspeksiyasi tomonidan 2007-yil 28-fevralda tuzilgan dalolatnoma asosida 1B yer osti mineral suv burgʻu qudugʻini yopib (konservatsiya qilib) qoʻyish va uni nazorat qilish uchun “Nurbuloq” maʼdanli suv bilan davolash xususiy shifoxonasi balansiga berish toʻgʻrisida qaror qilingan.
“Nurbuloq balneologik davolash muassasasi” MChJ 1B yer osti mineral suv burgʻu qudugʻidan foydalangani uchun 2B yer osti mineral suv burgʻu qudugʻidagi suv debetiga taʼsir qilganligi haqida nizo kelib chiqqan.
Birinchi va apellatsiya instansiya sudlari tomonidan 1B yer osti mineral suv burgʻu qudugʻi qancha muddatga yopib qoʻyilganligi, 1B yer osti mineral suv burgʻu qudugʻidan “Nurbuloq balneologik davolash muassasasi” masʼuliyati cheklangan jamiyati foydalanishi natijasida 2B yer osti mineral suv burgʻu qudugʻining debeti qanchaga kamayganligi, agar 2B yer osti mineral suv burgʻu qudugʻining debeti kamayadigan boʻlsa “Nurbuloq” maʼdanli suv bilan davolash xususiy shifoxonasiga zarar yetishi mumkinligi haqida mutaxassislar fikri olinmagan.
Sud hal qiluv qarorida “Nurbuloq balneologik davolash muassasasi” MChJ 1B yer osti mineral suv burgʻu qudugʻidan ruxsatnomasiz foydalangani holati toʻgʻri baholangan boʻlsa-da, 13088550 soʻm boy berilgan foyda qanday kelib chiqqanligiga baho bermagan, faqatgina daʼvogar tomonidan taqdim etilgan auditor xulosasini asos qilib olgan.
Apellatsiya instansiya sudi qarorida hal qiluv qarorini “Nurbuloq balneologik davolash muassasasi” MChJ zimmasiga 1B yer osti mineral suv burgʻu qudugʻidan noqonuniy foydalanishni toʻxtatib turish majburiyatini yuklash qismi boʻyicha, Xoʻjalik protsessual kodeksining 24 moddasiga koʻra, maʼlum bir obyektdan noqonuniy foydalanishni toʻxtatish haqidagi nizo bu roʻyxatga kiritilmagan deb barvaqt xulosaga kelgan, chunki ushbu moddaning ikkinchi qismida xoʻjalik sudi oʻzining vakolat doirasiga kiritilgan boshqa nizolarni ham hal qilishi koʻrsatilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi 61-moddasining birinchi qismiga koʻra, xoʻjalik sudi ishdagi mavjud dalillarni har tomonlama, toʻliq va xolis tekshirishga asoslangan oʻz ichki ishonchi boʻyicha baholaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi 187-moddasining 3-bandiga koʻra kassatsiya instansiyasi birinchi instansiyaning hal qiluv qarorini va (yoki) apellatsiya instansiyasining qarorini, agar qabul qilingan hal qiluv qarori va qaror yetarlicha asoslanmagan boʻlsa, bekor qilish hamda ishni hal qiluv qarori va (yoki) qarori bekor qilingan xoʻjalik sudi instansiyasiga yangidan koʻrish uchun yuborishga haqli.
Qayd etilganlarga koʻra, sudlov hayʼati sud qarorlarini bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborishni lozim deb topadi.
Ishni yangidan koʻrishda birinchi instansiya sudi bayon etilgan kamchiliklarni bartaraf etib, daʼvogardan daʼvo summasining toʻliq hisob-kitobini talab qilib olib, lozim boʻlsa 1B yer osti mineral suv burgʻu qudugʻidan foydalanganda 2B yer osti mineral suv burgʻu qudugʻida suv debeti qancha miqdorga kamayishi va kamayish oqibatida daʼvogar zarar koʻrishi mumkinligi toʻgʻrisida tegishli mutaxassislarning xulosasini olib, 1B yer osti mineral suv burgʻu qudugʻidan foydalanishni taqiqlash toʻgʻrisidagi talabnomalar bajarilmagan holatlarga huquqiy baho berib, ularni oʻrganib, taraflarning vajlariga baho berib, ishdagi toʻplangan dalillar yigʻindisi asosida qonuniy va asoslantirilgan hal qiluv qarori qabul qilishi lozim boʻladi.
2008-yil 30-iyun,
14-0811/151-son
