8-modda. Davlat farmakopeyasi
“Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-399-son) · Sana: 04.01.2016 · Amalda
Davlat farmakopeyasi dori vositalariga va tibbiy buyumlarga doir talablarni, umumiy farmakopeya maqolalarini, farmakopeya maqolalarini, dori vositalarining va tibbiy buyumlarning sifatini nazorat qilish usullarini oʻz ichiga olgan hujjatlar toʻplami boʻlgan rasmiy nashrdir.
Umumiy farmakopeya maqolasi dori vositalarining, tibbiy buyumlarning sifatiga, dorivor oʻsimlik xom ashyosiga, ularning sifatini nazorat qilish usullariga, dori vositalarining sifatini nazorat qilishda foydalaniladigan standart namunalarga, reaktivlarga, dori vositalarini ishlab chiqarishda foydalaniladigan joylash-oʻrash materiallariga qoʻyiladigan umumiy talablarni belgilaydi.
Farmakopeya maqolasi muayyan dori vositasining, tibbiy buyumning, dorivor oʻsimlik xom ashyosining, yordamchi moddaning sifatiga doir talablarni belgilaydi.
Umumiy farmakopeya maqolalarini, farmakopeya maqolalarini ishlab chiqish va ularni Davlat farmakopeyasiga kiritish Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Davlat farmakopeyasi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan besh yilda kamida bir marta chop etiladi. Davlat farmakopeyasining qayta nashrlari oraligʻidagi davrda Davlat farmakopeyasiga ilovalar chop etiladi.
