3-modda. Asosiy tushunchalar
“Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-399-son) · Sana: 04.01.2016 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
dori vositalari — kasalliklar profilaktikasi, ularga tashxis qoʻyish va ularni davolash, shuningdek odam organizmining holati va funksiyalarini oʻzgartirish uchun tibbiyot amaliyotida qoʻllanilishiga ruxsat etilgan dori moddalari (substansiyalar) va yordamchi moddalar asosida olingan vositalar, dori moddalari (substansiyalar), dori preparatlari;
dori moddalari (substansiyalar) — farmakologik, immunologik yoki metabolik faollikka ega boʻlgan yoxud tashxis qoʻyish maqsadi uchun foydalaniladigan, tibbiyot amaliyotida qoʻllanilishiga ruxsat etilgan, kelib chiqishi tabiiy yoki sintetik moddalar;
dori preparatlari — dozalangan, idishga joylangan-oʻralgan, qoʻllanilish uchun tayyor dori vositalari;
dorivor oʻsimlik xom ashyosi — dori vositalarini ishlab chiqarish va tayyorlash uchun foydalaniladigan, tarkibida biologik faol moddalar boʻlgan oʻsimliklar yoki ularning qismlari;
klinik tadqiqot subyekti — farmakologik vositani yoki dori vositasini klinik tadqiq etishda oʻzining yozma ravishdagi roziligi bilan ixtiyoriy asosda ishtirok etuvchi jismoniy shaxs;
retsept — shifokorning farmatsevtik maʼlumotga ega boʻlgan mutaxassisga dori preparatini tayyorlash va (yoki) berish hamda uning qoʻllanilish usuli toʻgʻrisidagi yozma koʻrsatmasi;
sifatsiz dori vositasi va tibbiy buyum — yaroqsiz holga kelgan va (yoki) yaroqlilik muddati oʻtgan dori vositasi va tibbiy buyum;
tibbiy buyumlar — kasalliklar profilaktikasi, ularga tashxis qoʻyish va ularni davolash uchun, shuningdek odam organizmining holati va funksiyalarini oʻzgartirish uchun tibbiyot amaliyotida qoʻllanilishiga ruxsat etilgan buyumlar;
tibbiy texnika — kasalliklar profilaktikasi, ularga tashxis qoʻyish va ularni davolash uchun, shuningdek odam organizmining holati va funksiyalarini aniqlash hamda oʻzgartirish uchun tibbiyot amaliyotida qoʻllanilishiga ruxsat etilgan apparatlar, uskunalar, priborlar, asboblar, qurilmalar va majmualar;
farmakologik vositalar — muayyan dori shakliga, klinik oldi tadqiqotlarda aniqlangan farmakologik faollikka va xavfsizlikka ega boʻlgan, klinik tadqiqot obyektlari boʻlgan modda yoki moddalar aralashmasi;
