25-modda. Dori vositalarini va tibbiy buyumlarni jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy foydalanish uchun olib kirish hamda olib chiqish
“Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-399-son) · Sana: 04.01.2016 · Amalda
Dori vositalarini va tibbiy buyumlarni quyidagi hollarda davlat roʻyxatidan oʻtkazmasdan hamda bojxona rasmiylashtiruvisiz olib kirish va olib chiqishga ruxsat beriladi, agar ular:
mamlakatda boʻlish davrida jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy foydalanish uchun moʻljallangan boʻlsa;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida va uning hududidan tashqarida yashab turgan bemorni davolash-profilaktika muassasasi tomonidan tasdiqlangan tibbiy koʻrsatma asosida, davolash kursi doirasida davolash uchun moʻljallangan boʻlsa;
diplomatik vakolatxonalarning va ularga tenglashtirilgan vakolatxonalarning diplomatik hamda maʼmuriy-texnik xodimlari, shu jumladan ular bilan birga yashab turgan oila aʼzolarining shaxsiy foydalanishi uchun moʻljallangan boʻlsa;
Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirib kelayotgan yoki uning hududidan chiqib ketayotgan transport vositasining yoʻlovchilariga birinchi tibbiy yordam koʻrsatish uchun moʻljallangan va tibbiy dorilar qutichasi tarkibiga kiritilgan boʻlsa.
Xalqaro ilmiy, madaniy, sport tadbirlarining ishtirokchilarini hamda xalqaro ekspeditsiyalarning ishtirokchilarini davolash uchun moʻljallangan dori vositalarini va tibbiy buyumlarni olib kirish hamda olib chiqish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda amalga oshiriladi.
