18-modda. Dori vositalarini va tibbiy buyumlarni ishlab chiqarish
“Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-399-son) · Sana: 04.01.2016 · Amalda
Dori vositalarini va tibbiy buyumlarni ishlab chiqarish ularni ishlab chiqarishni hamda ularning sifatini nazorat qilishni tashkil etish qoidalariga muvofiq seriyali ishlab chiqarishdan iborat boʻlib, u toʻliq texnologik sikl boʻyicha yoki uning alohida bosqichlari boʻyicha ishlab chiqarishni oʻz ichiga oladi.
Qalbakilashtirilgan, Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtkazilmagan dori vositalarini va tibbiy buyumlarni, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtkazilgan dori vositalarining gʻayriqonuniy nusxalarini ishlab chiqarish taqiqlanadi.
Dori vositalarini va tibbiy buyumlarni ishlab chiqarish dori vositalari va tibbiy buyumlar ishlab chiqaruvchisining buyurtmasiga muvofiq tegishli litsenziyaga ega boʻlgan boshqa ishlab chiqaruvchilar tomonidan shartnoma asosida amalga oshirilishi mumkin. Bunday holda dori vositalarining va tibbiy buyumlarning roʻyxatdan oʻtkazilganlik guvohnomasi dori vositalarini va tibbiy buyumlarni buyurtmaga muvofiq bevosita ishlab chiqaradigan tashkilotga beriladi.
Davlat roʻyxatidan oʻtkazish, eksport, ilmiy-tadqiqot ishlari, klinik oldi tadqiqotlar va klinik tadqiqotlar oʻtkazish uchun moʻljallangan dori vositalarini va tibbiy buyumlarni ishlab chiqarish ularni davlat roʻyxatidan oʻtkazmasdan amalga oshirilishi mumkin.
Dori vositalarini va tibbiy buyumlarni ishlab chiqaruvchilar dori vositalari va tibbiy buyumlarning sifatini nazorat qiluvchi ichki idoraviy xizmatlarga ega boʻlishi kerak.
Dori vositalarini va tibbiy buyumlarni tamgʻalash hamda joylash-oʻrash qoidalari Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
