16-modda. Farmatsevtika faoliyatini amalga oshirish
“Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-399-son) · Sana: 04.01.2016 · Amalda
Farmatsevtika faoliyati belgilangan tartibda beriladigan litsenziya asosida amalga oshiriladi.
Farmatsevtika faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya besh yil muddatga beriladi. Litsenziya faqat litsenziya daʼvogarining arizasiga koʻra besh yildan kam boʻlgan muddatga berilishi mumkin. Litsenziyaning amal qilish muddati litsenziatning arizasiga koʻra uzaytirilishi mumkin.
Farmatsevtika faoliyatining quyidagi yoʻnalishlariga litsenziya olish talab qilinmaydi:
tibbiy buyumlarni ishlab chiqarish, tayyorlash, ulgurji realizatsiya qilish;
dori vositalari va tibbiy buyumlarni yaratish boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlari;
dori vositalari va tibbiy buyumlar sifatini nazorat qilish;
dorivor oʻsimlik xomashyosini qadoqlash va ulgurji sotish.
Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikadan tibbiy maqsadlarda foydalanish belgilangan tartibda beriladigan roʻyxatdan oʻtkazilganlik guvohnomasi asosida amalga oshiriladi.
Oftalmologiya tibbiy buyumlarining chakana realizatsiyasi (optika) boʻyicha faoliyat belgilangan tartibda vakolatli organni xabardor etgan holda amalga oshiriladi.
