Yuridik shaxs tomonidan uning ustav maqsadlariga zid holda tuzilgan yoki tegishli faoliyat bilan shugʻullanishga litsenziyasi boʻlmagan yuridik shaxs tomonidan tuzilgan bitim uning muassisi (ishtirokchisi) yoki vakolatli davlat organining daʼvosi boʻyicha sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin (18-1404/921-son)
11.05.2015
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
[Koʻchirma]
Nizom asosida faoliyat koʻrsatayotgan Oʻzbekiston Karlar jamiyatiga qarashli Qarshi oʻquv ishlab chiqarish korxonasi — “sotuvchi” (bundan buyon matnda — daʼvogar) va Qarshi shahar KT “Aziz” nomli Qarshi ilmiy oʻquv ishlab chiqarish tibbiyot markazi — “sotib oluvchi” (bundan buyon matnda — javobgar) oʻrtasida 2001-yil 8-fevralda 5-sonli oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan.
Shartnomaga asosan daʼvogar tomonidan oʻziga tegishli boʻlgan Qarshi shahar, Sh.Oʻljaboyev koʻchasi, 1 “a” uyda joylashgan 3 qavatli umumiy maydoni 937,5 kv.m boʻlgan binoni javobgarga 40 000 000 soʻmga sotilgan.
Keyinchalik taraflar oʻrtasida 2004-yil 4-fevralda ushbu shartnomaga qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida kelishuv tuzilgan. Ushbu kelishuvga koʻra, “sotilayotgan maʼmuriy bino toʻgʻrisidagi yer oxirigacha hamda chap tomondan kamida toʻrt metr kirish joyi bino bilan birga Qarshi tibbiyot markaziga oʻtadi” degan mazmunda shartnoma 1.3-band bilan toʻldirilgan.
Shartnomaga qoʻshimchalar kiritish haqidagi ushbu kelishuvda jamiyatning Markaziy boshqaruv hayʼati roziligi olinmasdan binolar javobgarga berib yuborilganligi, jamiyat Ustavining 7.2-bandida jamiyatga qarashli boʻlgan binolar, inshootlar, turar joy fondi faqat jamiyatning Markaziy boshqaruv hayʼati ruxsati bilan sotilishi yoki berilishi belgilanganligi, lekin korxona tomonidan ushbu binolar javobgarga noqonuniy ravishda berilganligi asosi bilan daʼvogar xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, taraflar oʻrtasida tuzilgan shartnomaga 2004-yil 4-fevralda kiritilgan qoʻshimcha kelishuvni haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo talabi qanoatlantirilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Kassatsiya shikoyatida, daʼvogar bilan jamiyat ustavi asosida shartnoma va unga qoʻshimcha kelishuv tuzilganligi, daʼvogar alohida oʻz mol-mulki va balansiga ega yuridik shaxs hisoblanishini, qonunda bino sotilganida bino ostidagi va foydalanmaydigan yer maydoni ham toʻgʻridan toʻgʻri sotib oluvchiga oʻtadi deb belgilanganligi, lekin sudlar tomonidan ushbu holatlarga baho berilmaganligi bayon qilinib, hal qiluv qarorini bekor qilish soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni ish hujjatlari asosida muhokama qilib, quyidagi asoslarga koʻra sud qarorlarini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan aniqlanishicha, taraflar oʻrtasida 2001-yil 8-fevralda tuzilgan 5-sonli oldi-sotdi shartnomasiga asosan daʼvogar tomonidan oʻziga tegishli boʻlgan Qarshi shahar, Sh.Oʻljaboyev koʻchasi, 1 “a” uyda joylashgan 3 qavatli umumiy maydoni 937,5 kv.m boʻlgan bino javobgarga 40 000 000 soʻmga sotilgan.
Keyinchalik taraflar oʻrtasida 2004-yil 4-fevralda ushbu shartnomaga qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida qoʻshimcha kelishuv tuzilib, unga koʻra “sotilayotgan maʼmuriy bino toʻgʻrisidagi yer oxirigacha hamda chap tomondan kamida toʻrt metr kirish joyi bino bilan birga Qarshi tibbiyot markaziga oʻtadi” degan mazmunda shartnoma 1.3-band bilan toʻldirilgan.
Oʻzbekiston Karlar jamiyatining 2005-yil 30-iyunda boʻlib oʻtgan 16 qurultoyida tasdiqlangan Oʻzbekiston karlar jamiyati Ustavining 7.2-bandida jamiyatga qarashli boʻlgan binolar, inshootlar, turar-joy fondi faqat jamiyatning markaziy Boshqaruv hayʼati ruxsati bilan sotilishi yoki berilishi belgilangan.
Biroq, daʼvogar tomonidan jamiyatning Ustaviga zid ravishda Boshqaruv hayʼati ruxsatisiz jamiyatga tegishli boʻlgan bino 2004-yil 4-fevraldagi qoʻshimcha kelishuvga asosan javobgarga berib yuborilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi (bundan buyon matnda — FK) 125-moddasiga koʻra yuridik shaxs tomonidan uning ustav maqsadlariga zid holda tuzilgan yoki tegishli faoliyat bilan shugʻullanishga litsenziyasi boʻlmagan yuridik shaxs tomonidan tuzilgan bitim uning muassisi (ishtirokchisi) yoki vakolatli davlat organining daʼvosi boʻyicha sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Daʼvogar tomonidan jamiyatga tegishli boʻlgan bino jamiyatning Ustaviga zid ravishda 2004-yil 4-fevraldagi qoʻshimcha kelishuvga asosan javobgarga berib yuborilganligi bois, birinchi instansiya sudi daʼvogarning daʼvo talabini qanoatlantirib, taraflar oʻrtasida tuzilgan ushbu qoʻshimcha kelishuvni haqiqiy emas deb topish haqida toʻgʻri xulosaga kelgan. Apellatsiya instansiyasi sudi esa hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirib, qonuniy toʻxtamga kelgan.
Chunki, FK 113-moddasining birinchi qismiga koʻra bitim ushbu Kodeksda belgilab qoʻyilgan asoslarga koʻra, sud haqiqiy emas deb topganligi sababli (nizoli bitim) yoki bunday deb topilishidan qatʼi nazar haqiqiy emas deb hisoblanadi (oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmagan bitim).
FKning 116-moddasiga koʻra qonun hujjatlarining talablariga muvofiq kelmaydigan mazmundagi bitim, shuningdek huquq-tartibot yoki axloq asoslariga atayin qarshi maqsadda tuzilgan bitim oʻz-oʻzidan haqiqiy emasdir.
Bunday holatda, sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlar sud qarorlarini oʻzgartirish yoki bekor qilish uchun asos boʻla olmaydi deb hisoblab, sud qarorlarini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirishni, ishni kassatsiya instansiyasi sudida koʻrish bilan bogʻliq 480 525 soʻm davlat boji hamda ishni viyeokonferensaloqa rejimida koʻrish bilan bogʻliq 30 000 soʻm sud xarajatini javobgardan undirishni, toʻlangan 7 000 soʻm pochta xarajatini esa uning zimmasida qoldirishni lozim topadi.
2015-yil 11-may,
18-1404/921-son
