Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (269-son)
29.07.2002
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanishni yanada takomillashtirish hamda tartibga solish, tarix va madaniyat yodgorliklarini har tomonlama oʻrganish, ommalashtirish va targʻib qilish uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
2. Quyidagilar:
Madaniy meros obyektlarining tarixiy-madaniy ekspertizasi toʻgʻrisidagi Nizom 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligining Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi Madaniy yodgorliklar ilmiy-ishlab chiqarish bosh boshqarmasini Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligining Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy-ishlab chiqarish bosh boshqarmasiga aylantirish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi:
bir hafta muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligining Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy-ishlab chiqarish bosh boshqarmasi tuzilmasini va bosh boshqarma toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlasin;
manfaatdor vazirliklar, idoralar va tashkilotlar bilan birgalikda hozirgi vaqtda davlat muhofazasida boʻlgan madaniy meros obyektlarini 2003-yil 1-aprelgacha xatlovdan oʻtkazsin hamda ularni belgilangan tartibda Madaniy meros obyektlari davlat kadastriga kiritsin;
Madaniyat ishlari vazirligining Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy-ishlab chiqarish bosh boshqarmasi ixtiyoriga beriladigan tashkilotlar va obyektlar roʻyxati yuzasidan 2003-yil 1-maygacha takliflar kiritsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va Badiiy akademiya bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi hududida arxeologik qazish va qidirish ishlarini amalga oshirish toʻgʻrisidagi yoʻriqnomani bir oy muddatda ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 5-ilovaga muvofiq qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin hamda ularga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari H.S.Karomatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ. Sultonov
Toshkent sh.,
2002-yil 29-iyul,
269-son
Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 29-iyuldagi 269-son qaroriga 4-ILOVA
Madaniy meros obyektlarining tarixiy-madaniy ekspertizasi toʻgʻrisida
nizom
1. Mazkur Nizom moddiy madaniy meros (keyingi oʻrinlarda “madaniy meros” deb yuritiladi) obyektlarining tarixiy-madaniy ekspertizasini tashkil etish tartibini belgilaydi
2. Tarixiy-madaniy ekspertiza:
madaniy meros obyektlarining Madaniy meros obyektlarining davlat kadastriga kiritilishini asoslash;
madaniy meros obyektlarining toifasini aniqlash;
madaniy meros obyektlari toifasining oʻzgartirilishini asoslash;
madaniy meros obyektini Madaniy meros obyektlarining davlat kadastridan chiqarish;
madaniy meros obyektlari muhofaza zonasi loyihalarining shaharsozlik va loyiha hujjatlariga, shuningdek amalga oshirish moʻljallanayotgan yer tuzish, qurilish, melioratsiya, xoʻjalik ishlarining va boshqa ishlarning madaniy meros obyektlarini saqlash talablariga muvofiqligini aniqlash maqsadida oʻtkaziladi.
3. Quyidagilar tarixiy-madaniy ekspertiza obyektlari hisoblanadi:
xoʻjalik maqsadlarida oʻzlashtiriladigan yer uchastkalari, agar ularda madaniy meros obyektlari mavjud boʻlsa;
madaniy meros obyektlarining Madaniy meros obyektlarining davlat kadastriga kiritilishini asoslovchi materiallar;
madaniy meros obyektlarining Madaniy meros obyektlarining davlat kadastridan chiqarilishini asoslovchi materiallar;
madaniy meros obyektlari toifasining oʻzgartirilishini asoslovchi materiallar;
shaharsozlik va loyiha hujjatlari, “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan hollarda;
madaniy meros obyektlariga bevosita yoki bilvosita taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan yer qazish, qurilish, melioratsiya, xoʻjalik ishlarining va boshqa ishlarning amalga oshirilishini asoslovchi hujjatlar.
4. Tarixiy-madaniy ekspertiza Oʻzbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligining (keyingi oʻrinlarda Agentlik deb ataladi) Ilmiy-ekspert kengashi tomonidan mazkur Nizomga ilova qilinayotgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
Ilmiy-ekspert kengash tarkibiga (keyingi oʻrinlarda “Kengash” deb ataladi) davlat organlari, ilmiy institutlar va muassasalar, nodavlat notijorat tashkilotlar, madaniy meros obyektlarini oʻrganish, saqlash va ulardan zamonaviy foydalanish sohasidagi ayrim olimlar va mutaxassislar kiritiladi.
Kengash rais, rais oʻrinbosarlari, Kengash aʼzolari va kotibidan iborat boʻladi. Kengashning shaxsiy tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
5. Kengash majlislari zaruratga koʻra, lekin har oyda kamida bir marta oʻtkaziladi.
6. Kengash tarkibida tegishli yoʻnalishlar boʻyicha seksiyalar tashkil etiladi.
7. Kengash faoliyatining moddiy-texnika taʼminoti Agentlik tomonidan amalga oshiriladi.
8. Tarixiy-madaniy ekspertiza xulosasini olish uchun Agentlik tegishli madaniy meros obyekti boʻyicha materiallarni Kengashga koʻrib chiqish uchun kiritadi. Materiallar Kengash kotibi tomonidan qabul qilinadi.
Tarixiy-madaniy ekspertizadan oʻtkazish uchun taqdim etiladigan materiallar tarkibi va mazmuni Agentlik tomonidan belgilanadi.
9. Kengash kotibi olingan materiallarni Kengash raisiga taqdim etadi, rais ularni Kengashning tegishli yoʻnalishlar boʻyicha seksiyalariga yuboradi.
10. Kengash seksiyalarida tarixiy-madaniy ekspertiza maqsadlarini hisobga olgan holda, madaniy meros obyekti boʻyicha taqdim etilgan materiallar har tomonlama oʻrganib chiqiladi.
Zaruriyat boʻlganda madaniy meros obyektining tarixiy-madaniy ekspertizasi obyekt joylashgan joyda oʻtkaziladi.
11. Tarixiy-madaniy ekspertizani oʻtkazish metodikasi Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi bilan kelishgan holda Agentlik tomonidan belgilanadi.
12. Tarixiy-madaniy ekspertizani oʻtkazishda Kengash mustaqil ekspertlarni jalb qilishga haqlidir. Buning uchun Kengash seksiyalari tegishli asoslashlar bilan Kengash raisiga murojaat qiladi, rais ushbu masalani koʻrib chiqish uchun Agentlikka kiritadi.
Kengash raisining taqdimnomasi asosida Agentlik belgilangan tartibda ekspertlar bilan shartnomalar tuzadi.
13. Tarixiy-madaniy ekspertiza natijalariga koʻra Kengash seksiyalari ekspert xulosasi, shuningdek tarixiy-madaniy ekspertiza xulosasi loyihasini tayyorlaydi. Ekspert xulosasi va tarixiy-madaniy ekspertiza xulosasi loyihasi barcha materiallar ilova qilingan holda koʻrib chiqish uchun Kengash raisiga taqdim etiladi, rais tarixiy-madaniy ekspertiza natijalarini tasdiqlash uchun Kengash majlisini chaqiradi.
14. Kengash majlisi unda Kengash barcha aʼzolarining uchdan ikki qismi qatnashganda vakolatli hisoblanadi. Kengash qarori oddiy koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlib qolganda raisning ovozi hal qiluvchi ovoz hisoblanadi.
Kengash qaroriga rozi boʻlmagan Kengash aʼzolari oʻzining alohida fikrini bayon qilishga haqlidirlar.
15. Kengash majlisida tarixiy-madaniy ekspertiza xulosasining loyihasi tasdiqlanadi.
16. Kengash majlisi oʻtkazilishini tashkil etish, majlis bayonini rasmiylashtirish Kengash kotibi tomonidan amalga oshiriladi.
17. Kengash qarori majlis bayoni bilan rasmiylashtiriladi. Kengash bayoni raislik qiluvchi va masʼul kotib tomonidan imzolanadi.
Majlis bayoni, tarixiy-madaniy ekspertiza xulosasi, shuningdek Kengash aʼzolarining alohida fikri Kengash kotibi tomonidan Agentlikka yuboriladi.
18. Tarixiy-madaniy ekspertizani oʻtkazish muddati materiallarning yoʻnalishiga, murakkabligiga va hajmiga qarab oʻttiz kundan oshmasligi kerak.
19. Madaniy meros obyektlarining tarixiy-madaniy ekspertizasi oʻtkazilganligi uchun Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-martdagi 119-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi tomonidan koʻrsatiladigan davlat xizmatlari hamda ularga toʻlov turi va miqdorlariga asosan maxsus yigʻim undiriladi.
Maxsus yigʻimdan tushgan mablagʻlar Agentlikning Madaniy meros jamgʻarmasi hisobvaragʻiga jamlanadi va Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-martdagi 265-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligining Madaniy meros jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomda koʻrsatilgan tartibda sarflanadi.
Madaniy meros obyektlarining tarixiy-madaniy ekspertizasi toʻgʻrisidagi Nizomga ILOVA
Tarixiy-madaniy ekspertizani oʻtkazish sxemasi
Tarixiy-madaniy ekspertizani oʻtkazish sxemasiga izohlar
1. Agentlik Kengash kotibiga tarixiy-madaniy ekspertiza xulosasini olish uchun taqdim etilgan materiallarni kiritadi.
2. Materiallar koʻrib chiqish ishlarini tashkil etish uchun kotib tomonidan Kengash raisiga taqdim etiladi.
3. Rais materiallarni ekspert xulosasi olish uchun Kengashning yoʻnalishlar boʻyicha seksiyalariga koʻrib chiqish uchun beradi. Seksiyalarda taqdim etilgan materiallarni har tomonlama koʻrib chiqish ishlari tashkil etiladi. Ekspert ishlanmalari asosida seksiyalar ekspert xulosasi, shuningdek tarixiy-madaniy ekspertiza xulosasi loyihasini tayyorlaydi. Ekspert xulosasi va tarixiy-madaniy ekspertiza xulosasi loyihasi barcha materiallar ilova qilingan holda Kengash raisiga koʻrib chiqish uchun taqdim etiladi, rais materiallarning tayyorligini hisobga olgan holda ularni kengashga kiritish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
3a. Chet ekspertlarni jalb etish zaruriyati paydo boʻlgan taqdirda seksiyalar rahbarlari tegishli asoslar bilan Kengash kotibiga murojaat qiladilar, kotib ushbu masalani Agentlik bilan kelishadi.
3b. Agentlik jalb qilinayotgan ekspertlar bilan shartnomalar tuzadi.
4. Kengash raisi tarixiy-madaniy ekspertiza xulosasi loyihasini tasdiqlash uchun kengash majlisini chaqiradi.
5. Kengash kotibi majlis oʻtkazilishini tashkil etadi, majlis bayonini, shuningdek Kengash qarorini rasmiylashtiradi.
6. Kengash qarori va tarixiy-madaniy ekspertiza xulosasi Kengash kotibi tomonidan Agentlikka yuboriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 29-iyuldagi 269-son qaroriga 5-ILOVA
I. Hukumatning oʻz kuchini yoʻqotgan qarorlari roʻyxati
1. Oʻzbekiston SSR Ministrlar Sovetining “Respublikada moddiy madaniyat yodgorliklarini saqlash va qayta tiklashni yanada yaxshilash chora-tadbirlari hamda yodgorliklar va monumentlarning loyihalarini tuzish va ularni qurish tartibi toʻgʻrisida” 1968-yil 30-avgustdagi 415-son qarori (OʻzSSR QT, 1968-y., 6-son, 52-modda)ning 1, 6-bandlari, 7-bandning “a” va “v” kichik bandlari.
2. Oʻzbekiston SSR Ministrlar Sovetining “Arxitektura va arxeologiya yodgorliklarini saqlash va qayta tiklash, hisobga olish va konservatsiya qilishni yanada yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1973-yil 9-avgustdagi 339-son qarorining 1,7,9 va 11-bandlari.
3. Oʻzbekiston KP Markaziy Komiteti va Oʻzbekiston SSR Ministrlar Sovetining “Respublika moddiy madaniyat yodgorliklarini saqlash va qayta tiklashni boshqarishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1979-yil 24-fevraldagi 149-son qarori 1-bandining uchinchi xat boshi, 4-bandi, 11-bandining “g” kichik bandi, 12-15 va 17-bandlari, shuningdek mazkur qarorga 1-ilova.
4. Oʻzbekiston SSR Ministrlar Sovetining “Oʻzbekiston SSR Madaniyat vazirligining Madaniyat va tasviriy sanʼat yodgorliklarini saqlash va qayta tiklash, ulardan foydalanish, yangi yodgorliklar va monumentlarni qurish, taʼmirlash ilmiy-ishlab chiqarish bosh boshqarmasi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida” 1979-yil 30-avgustdagi 612-son qarori (OʻzSSR QT, 1979-y., 8-son, 33-modda).
5. Oʻzbekiston SSR Ministrlar Sovetining “SSSR Ministrlar Sovetining “Tarix va madaniyat yodgorliklarini saqlash va ulardan foydalanish toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida” 1982-yil 16-sentabrdagi 865-son qarori” yuzasidan 1982-yil 1-oktabrdagi 663-son qarori (OʻzSSR QT, 1982-y., 10-son, 36-modda).
6. Oʻzbekiston SSR Ministrlar Sovetining “Oʻzbekiston tarix va madaniyat yodgorliklarini saqlash jamiyatining Ustavi toʻgʻrisida” 1986-yil 19-dekabrdagi 598-son qarori (OʻzSSR QT, 1986-y., 12-son, 50-modda).
