323-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining hisobotini eshitish
Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-396-son) · Sana: 29.12.2015 · Amalda
Senat har yili oʻz majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining hisobotini mazkur masala yuzasidan Qonunchilik palatasining qarori Senatga kelib tushganidan keyin eshitadi va muhokama qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining hisoboti dastlabki tarzda Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi tomonidan koʻrib chiqiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining hisobotini koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi senatorlar taqdim etgan takliflar va fikrlarni inobatga olgan holda mazkur hisobot yuzasidan xulosani, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining tegishli yildagi hisoboti toʻgʻrisida Senatning qarori loyihasini tayyorlaydi hamda ularni palata koʻrib chiqishi uchun taqdim etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining hisobotini koʻrib chiqish chogʻida Senat Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisining maʼruzasini, Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi vakilining qoʻshimcha maʼruzasini, shuningdek Senatning boshqa qoʻmitalari vakillarining chiqishlarini eshitadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining hisobotini eshitish yakunlari boʻyicha Senat qaror qabul qiladi, qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasiga va Qonunchilik palatasiga yuboriladi.
