Protsessual huquq normalarining buzilishi yoki notoʻgʻri qoʻllanilishi, agar bu buzilish notoʻgʻri hal qiluv qarori qabul qilinishiga olib kelgan yoki olib kelishi mumkin boʻlsa, hal qiluv qarorini yoki qarorni oʻzgartirish yoxud bekor qilish uchun asos boʻladi (18-1405/20911-son)
26.01.2015
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
[Koʻchirma]
2009 — 2011-yillar davomida “Uchqoʻrgʻon yogʻ” aksiyadorlik jamiyati (bundan buyon daʼvogar deb yuritiladi) bilan “Koson yogʻ-moy” aksiyadorlik jamiyati (bundan buyon javobgar deb yuritiladi) oʻrtasida Tovar xom-ashyo birjasi savdo natijalari boʻyicha texnik salomas yetkazib berish boʻyicha bir qancha shartnomalar tuzilgan.
Shartnomalarning shartlariga koʻra daʼvogar javobgarga mahsulot yetkazib berishi, javobgar esa yetkazib berilgan mahsulotlar toʻlovlarni amalga oshirish majburiyatini olgan. Shu bilan birga, javobgar daʼvogarga texnik ekstraksiya yogʻi yetkazib berish, daʼvogar esa yetkazib berilgan mahsulotlar toʻlovlarni amalga oshirish majburiyatlarini olishgan.
2009 — 2011-yillarda javobgarga daʼvogar tomonidan yetkazib berilgan mahsulot hamda koʻrsatilgan xizmat hisobidan 978 170,93 soʻm, daʼvogar tomonidan texnik ekstraksiya yogʻini olish uchun esa, mazkur davr mobaynida oʻtkazib berilgan mablagʻlarga nisbatan kam mahsulot yetkazib berilishi hisobiga 23 147 189,16 soʻm, 2009-yil 1-yanvar holatiga mavjud boʻlgan 1 834 203,31 soʻm qarzdorlik bilan 2014-yil 15-iyun holatiga 25 959 613,94 soʻm qarzdorlik vujudga kelganligi sababli Savdo-sanoat palatasi Namangan viloyat hududiy boshqarmasi daʼvogar manfaatida daʼvo arizasi bilan xoʻjalik sudiga murojaat qilib, javobgardan daʼvogar foydasiga mazkur qarzdorlikni undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilib, javobgardan daʼvogar foydasiga 6 979 850, 94 soʻm qarz undirilgan. Daʼvoning qolgan qismi rad etilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori bilan ushbu hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Sud qarorlaridan norozi boʻlib, Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi Namangan viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan kassatsiya shikoyati berilib, unda daʼvogarning qarzni asoslantiruvchi barcha dalillari tasdiqlanganligi holatlariga eʼtibor berilmasdan, javobgarning bu haqda iltimosnomasi boʻlmasa-da, daʼvo muddatini qisman qoʻllagan holda moddiy va protsessual huquq normalarini notoʻgʻri qoʻllab, daʼvoni qisman qanoatlantirish haqida barvaqt xulosaga kelinganligi bayon qilinib, sud qarorlarini bekor qilib, daʼvoni toʻliq qanoatlantirish haqida yangi qaror qabul qilish soʻralgan.
Sudlov hayʼati ish hujjatlarini kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlar bilan birgalikda muhokama qilib, quyidagilarga koʻra kassatsiya shikoyatini qisman qanoatlantirishni, sud qarorlarini bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborishni lozim topdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi (bundan buyon matnda XPK deb yuritiladi)ning 135-moddasiga muvofiq xoʻjalik sudining hal qiluv qarori qonuniy va asoslantirilgan boʻlishi kerak.
Taraflar oʻrtasida 2009 — 2011-yillar mobaynida Tovar xomashyo birjasi savdo natijalari asosida tuzilgan shartnomalar, shuningdek oʻzaro xizmat koʻrsatish hamda ushbu davr mobaynida javobgar hisobiga oʻtkazib berilgan mablagʻlarga nisbatan kam mahsulot yetkazib berilishi hisobiga 2014-yil 15-iyun holatiga javobgarning daʼvogar oldidagi debitorlik qarzdorligi 25 959 613,94 soʻmni tashkil etgan.
Biroq birinchi instansiya sudi moddiy va protsessual huquq normalarini notoʻgʻri qoʻllagan holda ish uchun ahamiyatli holatlarni aniqlamasdan, daʼvoni qisman, yaʼni 6 979 850,94 soʻmga qanoatlantirish haqida barvaqt xulosaga kelgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi (bundan buyon matnda FK deb yuritiladi) 153-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlariga muvofiq daʼvo muddati sud tomonidan faqat nizodagi tarafning sud qaror chiqargunicha bergan arizasiga muvofiq qoʻllanadi.
Qoʻllanish toʻgʻrisida nizodagi taraf bayon qilgan daʼvo muddatining oʻtishi sudning daʼvoni rad etish haqida qaror chiqarishi uchun asos boʻladi.
Ushbu holatda, javobgar tomonidan daʼvo muddatini qoʻllash haqida iltimosnoma taqdim etilmagan. Sud instansiyalari daʼvo muddatini qoʻllash haqidagi iltimosnoma sifatida javobgarning yozma eʼtiroznomasidagi ushbu daʼvo muddatining oʻtganligi xususidagi fikrini inobatga olishgan.
Shuningdek, birinchi instansiya sudi daʼvo muddatini qoʻllash haqida qonun normalariga havola qilgan boʻlsada, hal qiluv qarorining xulosa qismida uni qoʻllaganligini koʻrsatmagan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining Plenumining 2007-yil 15-iyundagi “Sudning hal qiluv Qarori haqida”gi 161-son qarori 1-bandining uchinchi xatboshisida sudlar tomonidan XPKning 136-moddasida nazarda tutilgan barcha masalalarni hal etmaydigan, yuzaki, asoslantirilmagan qarorlarning qabul qilinishi mumkin emas deb hisoblanishi haqida tushuntirish berilgan.
Biroq, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorida nima sababdan sud daʼvoning 6 979 850,94 soʻm miqdorini qanoatlantirish haqida xulosaga kelganligini asoslantirib bermagan. Qanoatlantirilgan summaning hisob-kitobi oʻrganilmagan, u qaysi sanadan hisoblanganligi asoslantirilmagan, ularga aniqlik kiritish choralari koʻrilmagan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining qayd etilgan qarorining 3-bandida qaror qachonki, unda ish uchun ahamiyatli barcha holatlar bayon etilgan va taraflarning huquq va majburiyatlari haqidagi xulosalarini tasdiqlovchi dalillar keltirilgan boʻlsa, asoslantirilgan hisoblanishi, qaror ish holatlari haqidagi taxminlarga asoslangan boʻlishi mumkin emasligi, qaror dalillarga uning daxldorligi va yoʻl qoʻyilishliligi, ishonchliligi va yetarlilik haqidagi XPKning 56 — 62-moddalari talablarini inobatga olgan holda asoslantirilgan boʻlishi kerakligi, yozma va ashyoviy dalillar, ekspertlarning xulosalari, guvohlarning koʻrsatuvlari, ishda ishtirok etuvchi shaxslarning tushuntirishlari dalillar boʻlishi mumkinligi, shuningdek qarorning asosi uchun sud tomonidan muhokama qilingan va baho berilgan dalillargina olinishi lozimligi belgilangan.
Mazkur holatlarga apellatsiya instansiyasi sudi ham huquqiy baho bermagan va ish uchun ahamiyatli holatlarni oʻrganmagan.
Vaholanki, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2007-yil 28-dekabrdagi “Apellatsiya instansiyasi sudida ishlarni koʻrishda Oʻzbekiston Respublikasi xoʻjalik protsessual kodeksini qoʻllash haqida”gi 173-sonli qarorining 15-bandiga muvofiq, ishlarni apellatsiya tartibida koʻrishda sudlar qonun boʻyicha birinchi instansiya sudi ish uchun ahamiyatga ega boʻlgan holatlarni toʻliq tekshirganligini, sud aniqlangan deb topgan holatlarning isbotlanganligini, sudning hal qiluv qarorida bayon qilingan xulosalari ish holatlariga muvofiqligini, moddiy yoki protsessual huquq normalarining buzilmaganligini, ushbu normalar toʻgʻri qoʻllanilganligini aniqlashlari lozim.
Ushbu holatda, birinchi instansiya sudi ish uchun ahamiyatli hisoblangan yuqorida keltirilgan holatlarni toʻliq oʻrganmasdan, ishda ishtirok etuvchi shaxsning iltimosnomasiga huquqiy baho bermasdan, moddiy va protsessual huquq normalarini notoʻgʻri qoʻllagan holda daʼvo muddatini qoʻllab, daʼvoni qisman qanoatlantirish haqida notoʻgʻri toʻxtamga kelgan.
Apellatsiya instansiya sudi ham birinchi instansiya sudining yuqorida keltirilgan kamchiliklariga eʼtibor bermasdan, ish uchun ahamiyatli boʻlgan holatlarni tekshirmasdan hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirgan.
XPK 188-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq protsessual huquq normalarining buzilishi yoki notoʻgʻri qoʻllanilishi, agar bu buzilish notoʻgʻri hal qiluv qarori qabul qilinishiga olib kelgan yoki olib kelishi mumkin boʻlsa, hal qiluv qarorini yoki qarorni oʻzgartirish yoxud bekor qilish uchun asos boʻladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2005-yil 23-dekabrdagi “Kassatsiya instansiyasida ishlarni koʻrishda Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining qoʻllanilishi toʻgʻrisida”gi 136-sonli qarori 15-bandining toʻrtinchi qismiga asosan, agar kassatsiya instansiyasi sudi ishni birinchi va apellatsiya instansiyalarida koʻrishda ishning holatlari toʻliq aniqlanmaganligini va shu munosabat bilan hal qiluv qarori, qaror yetarlicha asoslanmaganligini yoki sud ishda ishtirok etishga jalb etilmagan shaxslarning huquq hamda majburiyatlari toʻgʻrisida sud hujjati qabul qilganligini aniqlasa, kassatsiya instansiyasi sudi sud hujjatini bekor qiladi va ishni yangidan koʻrish uchun hal qiluv qarori, qaror bekor qilingan xoʻjalik sudi instansiyasiga yuboradi.
Bayon etilganlarga koʻra, sudlov hayʼati, sud qarorlarini bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborishni, kassatsiya shikoyatini esa qisman qanoatlantirishni lozim topdi.
Ishni yangidan koʻrishda, birinchi instansiya sudi yuqorida qayd etilgan holatlarga toʻliq huquqiy baho berib, keltirilgan kamchiliklarni bartaraf etib, taraflarning vajlarini har tomonlama muhokama qilib, taraflar oʻrtasidagi huquq va majburiyatlarni vujudga keltiruvchi shartnomalarni talab qilib olib, ishga qoʻshib oʻrganishi va ularga huquqiy baho berishi, daʼvo muddati qaysi sanadan boshlab hisoblanganligi va daʼvo summasining hisob-kitobini tahlil qilib, moddiy va protsessual huquq normalariga rioya qilgan holda asoslantirilgan qaror qabul qilishi, shuningdek ishni videokonferensaloqa rejimida koʻrish bilan bogʻliq sud xarajatini ishni yangidan koʻrishda, aybdor tarafdan undirish chorasini koʻrish kabi masalalarni hal etishi lozim.
2015-yil 26-yanvar,
18-1405/20911-son
