Bitim haqiqiy boʻlmaganida taraflarning har biri boshqasiga bitim boʻyicha olgan hamma narsani qaytarib berishi, olingan narsani aslicha qaytarib berish mumkin boʻlmaganida esa, agar bitim haqiqiy emasligining boshqa oqibatlari qonunda nazarda tutilgan boʻlmasa, uning qiymatini pul bilan toʻlashi shart (20-0910/4337-son)
27.07.2009
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
[Koʻchirma]
“Qayroqtosh” MChJ xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat etib, Davlat mulk qoʻmitasi Buxoro viloyat hududiy boshqarmasidan 44780000 soʻm asosiy qarz, 21492000 soʻm bank foizi, 15600000 soʻm yetkazilgan zarar va 125000000 soʻm maʼnaviy zarar, jami 206872000 soʻm undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining 2009-yil 17-apreldagi hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilib, 44780000 soʻm asosiy qarz, 2239000 soʻm bank foizi va 7000 soʻm pochta xarajatlari undirilgan. Daʼvoning qolgan qismi rad etilgan.
Ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan.
Davlat mulk qoʻmitasi Buxoro viloyat hududiy boshqarmasi kassatsiya shikoyati bilan murojaat qilib, hal qiluv qarorini oʻzgartirib, uning bank foizi undirish qismini bekor qilishni soʻragan.
Kassatsiya instansiyasi sudi kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni muhokama qilib, ish hujjatlarini oʻrganib chiqib, quyidagilarga koʻra hal qiluv qarorini oʻzgartirishni, kassatsiya shikoyatini qanoatlantirishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, “Qayroqtosh” MChJ bilan Davlat mulk qoʻmitasi Buxoro viloyat hududiy boshqarmasi oʻrtasida 2005-yil 27-mayda Gʻijduvon tumanidagi sobiq “Xoʻjalik hisobidagi qurilish materiallari ishlab chiqarish uchastkasi” korxonasi Nizom jamgʻarmasidagi mavjud boʻlgan 100 foiz davlat aktivini birjadan tashqari savdo orqali oldi-sotdi toʻgʻrisidagi 24-sonli shartnoma tuzilgan. Ushbu shartnomaga asosan “Xoʻjalik hisobidagi qurilish materiallari ishlab chiqarish uchastkasi” korxonasining ustav jamgʻarmasida mavjud boʻlgan 100 foiz davlat aktivini sotib olish qiymati 44780000 soʻm qilib belgilangan. Ushbu qiymatning shartnoma imzolangan kundan boshlab 30 kun ichida 13434000 soʻmini, qolgan 31346000 soʻmini esa 5 oy muddatda har oyga teng taqsimlangan holda toʻlab berishi boʻyicha kelishilgan. Daʼvogar tomonidan ushbu summalar toʻliq toʻlanganligi sababli, Davlat mulk qoʻmitasi Buxoro viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan 2006-yil 16-fevralda 7178-sonli mulk huquqini tasdiqlovchi davlat orderi berilgan.
Buxoro viloyat xoʻjalik sudi tomonidan qoʻzgʻatilgan 20-0609/3732-sonli ish boʻyicha 2006-yil 1-mayda qabul qilingan hal qiluv qarori bilan Davlat mulk qoʻmitasi Buxoro viloyat hududiy boshqarmasi bilan “Qayroqtosh” MChJ oʻrtasida tuzilgan 24-sonli oldi-sotdi shartnomasi va 2006-yil 16-fevraldagi 7178-sonli mulk huquqini tasdiqlash davlat orderi haqiqiy emas deb topilgan boʻlsa-da, daʼvogarga 44780000 soʻm qaytarilmagan. Shu sababli, daʼvogar ariza bilan murojaat qilib, javobgardan 44780000 soʻm undirishni soʻragan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 114-moddasining ikkinchi qismiga koʻra, bitim haqiqiy boʻlmaganida taraflarning har biri boshqasiga bitim boʻyicha olgan hamma narsani qaytarib berishi, olingan narsani aslicha (shu jumladan, olingan narsa mol-mulkdan foydalanish, bajarilgan ish yoki koʻrsatilgan xizmat bilan ifodalanganda) qaytarib berish mumkin boʻlmaganida esa, agar bitim haqiqiy emasligining boshqa oqibatlari qonunda nazarda tutilgan boʻlmasa, uning qiymatini pul bilan toʻlashi shart.
Shunga koʻra, birinchi instansiya sudi 44780000 soʻm asosiy qarzni undirib, daʼvoning qolgan qismini rad etib, toʻgʻri xulosaga kelgan.
Lekin, daʼvo talabining bank foizi qismini qisman qanoatlantirishda xatolikka yoʻl qoʻyilgan. Chunki, Buxoro viloyat xoʻjalik sudining 20-0609/3732-sonli ish boʻyicha 2006-yil 1-mayda qabul qilingan hal qiluv qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Davlat mulk qoʻmitasi Buxoro viloyat hududiy boshqarmasi 2006-yil 1-noyabrda 171-sonli buyrugʻini qabul qilib, 2003-yil 29-avgustdagi 124-sonli buyrugʻining 3-bandi hamda 2005-yil 30-maydagi 53-sonli buyrugʻining 1-bandi, yaʼni “Qayroqtosh” MChJ balansida boʻlgan davlat mulkini jamiyat aʼzolariga sotish yoʻli bilan davlat tasarrufidan chiqarish qismini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topgan. Ushbu buyruqning 3-bandida “Qayroqtosh” MChJ mulkini davlat tasarrufidan chiqarish maqsadida mol-mulkni qayta xatlovdan oʻtkazish boʻyicha ishchi komissiyasi tuzish koʻrsatilgan. Daʼvogar tomonidan toʻlangan 44780000 soʻm pul mablagʻi xususiylashtirilgan obyekt uchun toʻlangan toʻlov sifatida davlat budjetiga oʻtkazilgan. Davlat mulk qoʻmitasi Buxoro viloyat hududiy boshqarmasi ushbu mablagʻdan foydalanmagan va hech qanday manfaatdorlik koʻrmaganligi birinchi instansiya sudi eʼtiboridan chetda qolgan.
Bunday holda, hal qiluv qarorini oʻzgartirib, hal qiluv qarorining bank foizi undirish qismini bekor qilib, daʼvoning bank foizini undirish qismini rad etish haqida yangi qaror qabul qilish lozim boʻladi.
Yuqoridagilarni inobatga olib, sudlov hayʼati hal qiluv qarorini oʻzgartirishni, ishni kassatsiya instansiyasida koʻrish bilan bogʻliq sud xarajatlari Davlat mulk qoʻmitasi Buxoro viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan oldindan toʻlanganligini inobatga olishni lozim topadi.
2009-yil 27-iyul,
20-0910/4337-son
