Qonun hujjatlari yoki shartnomaga muvofiq qarz bank yoki boshqa kredit muassasasi orqali undirib olinishi shart boʻlishiga qaramay daʼvogar javobgardan qarzini undirib olish uchun bank yoki boshqa kredit muassasasiga murojaat etmagan boʻlsa, xoʻjalik sudi daʼvoni koʻrmasdan qoldiradi (10-0913/8476-son)
28.09.2009
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
[Koʻchirma]
“Edem Energo Invest” shuʼba korxonasi xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar — Kollektor va drenajlarni taʼmirlash va ishlatishga ixtisoslashgan boshqarmadan 20908270 soʻm neustoykani undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining ajrimi bilan daʼvo koʻrmasdan qoldirilgan.
Ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan.
Kassatsiya shikoyatida ajrimni bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborish soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni muhokama qilib, ish hujjatlarini oʻrganib chiqib, quyidagilarga koʻra ajrimni oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini qanoatlantirmasdan qoldirishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan maʼlum boʻlishicha, daʼvo qilinayotgan qarz summasi 2008-yil 1-iyundagi 160-sonli elektr energiyasi yetkazib berish va undan foydalanish haqidagi shartnomadan kelib chiqqan boʻlib, ushbu shartnoma ish hujjatlariga ilova qilingan.
Taraflar oʻrtasida 160-son bilan tuzilgan elektr energiyasi yetkazib berish va undan foydalanish haqidagi shartnomaning 3.7-bandida uzil-kesil hisob-kitob belgilangan muddatda amalga oshirilmagan taqdirda, “taʼminotchi” “isteʼmolchi”ga elektr energiya berishni toʻxtatishi, bir vaqtning oʻzida “taʼminotchi” elektr energiyasi yetkazib berish shartnomasining dalolatnomasi asosida amalga oshirilgan toʻlovlar summasini chiqarib tashlagan holda xizmat koʻrsatuvchi bank orqali hisobot oyida yetkazib berilgan elektr energiyasi summasiga aksept bilan toʻlov talabnomasini qoʻyishi haqida kelishilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 1-noyabrdagi 511-son qarori bilan tasdiqlangan “Elektr enargiyasi isteʼmolchilari va energiya bilan taʼminlovchi tashkilotlar oʻrtasidagi oʻzaro hisob-kitoblar tartibi toʻgʻrisida”gi nizomning 10-bandida isteʼmolchilar oy davomida yetkazib berilgan elektr energiyasi uchun belgilangan tartibda 30 kun mobaynida uzil-kesil hisob-kitob qilishlari, uzil-kesil hisob-kitob koʻrsatilgan muddatlarda amalga oshirilmagan taqdirda, energiya bilan taʼminlovchi tashkilot isteʼmolchilarga elektr energiyasi berishni toʻxtatishi, bir vaqtning oʻzida energiya bilan taʼminlovchi tashkilot elektr energiyasi yetkazib berish dalolatnomasi asosida amalga oshirilgan toʻlovlar summasini chiqarib tashlagan holda xizmat koʻrsatuvchi bank orqali hisobot oyida yetkazib berilgan elektr energiyasi summasiga aksept bilan toʻlov talabnomasi berishi lozimligi qayd etilgan.
Ushbu Nizomning 16-bandida esa, energiya bilan taʼminlovchi tashkilot jarima sanksiyalari boʻyicha alohida hisobni yuritishi, ular boʻyicha alohida toʻlov talabnomalarining rasmiylashtirilishi va taqdim etilishi belgilangan.
Bunday holatda daʼvogar — “Edem Energo Invest” ShK javobgardan elektr energiyasi isteʼmoli boʻyicha qarzdorlik hamda jarima summalarini undirish uchun bank muassasasiga murojaat qilishi lozim boʻlgan. Biroq, daʼvogar tomonidan bunday harakatlar amalga oshirilmagan.
Oʻzbekiston Republikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi 88-moddasining 4-bandiga koʻra, qonun hujjatlari yoki shartnomaga muvofiq qarzdor bank yoki boshqa kredit muassasasi orqali javobgardan qarzini undirib olish uchun bank yoki boshqa kredit muassasasiga murojaat etmagan boʻlsa, xoʻjalik sudi daʼvoni koʻrmasdan qoldirishi belgilangan.
Shuning uchun birinchi instansiya sudi daʼvoni koʻrmasdan qoldirish toʻgʻrisida qonuniy toʻxtamga kelgan.
Bunday holatda sudlov hayʼati sud ajrimini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirishni, sud xarajatlarini daʼvogar zimmasiga yuklashni lozim topadi.
2009-yil 28-sentabr,
10-0913/8476-son
