Protsessual huquq normalari notoʻgʻri qoʻllanganligi sud qarorlarining oʻzgartirilishiga asos boʻladi (FSH-302-13-son)
23.12.2013
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi fuqarolik ishlari boʻyicha sudlov hayʼatining
Ajrimi
[Koʻchirma]
N. Axmedov R. Abdiyevaga nisbatan bolani olib berish haqida sudga daʼvo ariza bilan murojaat qilib, javobgar bilan turmushlaridan uch nafar farzandlari borligini, oʻzaro kelishmovchiliklar tufayli 2011-yil apreldan birga yashamayotganliklarini, 2001-yil 14-yanvarda tugʻilgan Abror ismli farzandi fuqarolik ishlari boʻyicha viloyat sudi kassatsiya instansiyasining 2012-yil 8-maydagi ajrimiga asosan onasining tarbiyasiga olib berilganligini, oʻgʻli Abror onasi bilan yashashni xohlamasligini, farzandining tarbiyasi uchun barcha sharoitlar yetarli ekanliginini bayon qilib, uni oʻz tarbiyasiga olib berishni soʻragan.
Fuqarolik ishlari boʻyicha viloyat sudi kassatsiya instansiyasining 2013-yil 12-fevraldagi ajrimi bilan oʻzgarishsiz qoldirilgan tumanlararo sudining 2013-yil 12-fevraldagi ajrimi bilan fuqarolik ishi ish yuritishdan tugatilgan.
Quyidagi asoslarga koʻra, Oliy sud fuqarolik ishlari boʻyicha sudlov hayʼatining 2013-yil 23-dekabrdagi ajrimi bilan sud qarorlari oʻzgartirilgan.
Ish hujjatlariga koʻra, taraflar 1999-yil 13-noyabrdan qonuniy nikohda boʻlib, 2001-yilda tugʻilgan Abror, 2004-yilda tugʻilgan Akbar va 2006-yilda tugʻilgan Dilnavo ismli farzandlari bor.
Fuqarolik ishlari boʻyicha tumanlararo sudining 2012-yil 14-fevraldagi hal qiluv qaroriga koʻra, R. Abdiyevaning N. Axmedovga nisbatan bolani olib berish haqidagi, shuningdek G. Abdiyevning R. Axmedovaga nisbatan bolani olib berish haqidagi qarshi daʼvosi rad qilingan.
Fuqarolik ishlari boʻyicha viloyat sudi kassatsiya instansiyasining 2012-yil 8-maydagi ajrimi bilan hal qiluv qarorining R. Axmedovaning daʼvo talabini rad qilish qismi bekor qilingan va 2001-yilda tugʻilgan Abror ismli farzandini uning tarbiyasiga olib berish haqida yangi hal qiluv qarori qabul qilingan.
Hal qiluv qarorining qolgan qismi oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi FPK 100-moddasining 2-bandiga koʻra, ayni bir taraflar oʻrtasida, ayni bir predmet toʻgʻrisidagi va aynan bir asoslar boʻyicha chiqqan nizo yuzasidan sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori yoki daʼvogarning arz qilgan talablaridan voz kechishini qabul qilish toʻgʻrisidagi yoxud taraflarning kelishuv bitimini tasdiqlash toʻgʻrisidagi ajrimi mavjud boʻlsa, sud ish yuritishni tugatadi.
Sud ayni bir taraflar oʻrtasida, ayni bir predmet toʻgʻrisidagi va aynan bir asoslar boʻyicha chiqqan nizo yuzasidan sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori mavjudligini va fuqarolik ishi FPK 100-moddasining 2-bandiga asosan ish yuritishdan tugatish lozimligini inobatga olmasdan, FPK 100-moddasining 1-bandiga asosan ish yuritishdan tugatib, protsessual xatolikka yoʻl qoʻygan.
2013-yil 23-dekabr,
FSH-302-13-son
