Jinoyat ishi boʻyicha umumiy sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi muayyan harakatlar sodir etilgan yoki sodir etilmaganligi va ular kimlar tomonidan sodir etilganligi masalalari boʻyicha xoʻjalik sudi uchun majburiydir (18-0903/8085-son)
02.03.2010
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
[Koʻchirma]
Nishon tuman davlat soliq inspeksiyasi xoʻjalik sudiga murojaat qilib, “Farmonov Z.” fermer xoʻjaligiga 15655100 soʻm moliyaviy jarima qoʻllashni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining 2009-yil 28-iyuldagi hal qiluv qarori bilan daʼvo qanoatlantirilgan.
2009-yil 22-sentabrdagi sud ajrimi bilan yangi ochilgan holatlar boʻyicha hal qiluv qarori bekor qilingan.
Birinchi instansiya sudining 2009-yil 22-sentabrdagi hal qiluv qarori bilan daʼvo rad etilgan.
Ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan.
Kassatsiya shikoyatida hal qiluv qarorini bekor qilish va daʼvoni toʻla qanoatlantirish soʻralgan.
Sudlov hayʼati shikoyat vajlarini muhokama qilib, ishdagi hujjatlarni oʻrganib chiqib, quyidagilarga koʻra hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, Nishon tuman prokuraturasining 14-21/2009-sonli jinoyat ishi yuzasidan hujjatli taftish tayinlash toʻgʻrisidagi qarori hamda Qashqadaryo viloyat davlat soliq boshqarmasining 2009-yil 4-martdagi 150-xs-sonli hamda 2009-yil 19-martdagi 186-xs-sonli buyruqlariga asosan “Farmonov Z.” fermer xoʻjaligining 2006 — 2008-yillardagi moliyaviy-xoʻjalik faoliyatida soliq qonunchiligiga rioya qilinishi yuzasidan tekshirish oʻtkazilgan.
Tekshirish natijasida tuzilgan dalolatnomada fermer xoʻjaligi tomonidan mahsulot realizatsiyasidan tushgan tushumlar 2006-yilda 6662000 soʻmga, 2007-yilda 4530300 soʻmga, 2008-yilda 4462800 soʻmga kamaytirib koʻrsatilganligi qayd etilgan.
Ammo, jinoyat ishlari boʻyicha Nishon tuman sudining 2009-yil 1-avgustdagi hukmi bilan Z. Farmonov, U. Mustafayev va X. Farmonovning aybidan mahsulot realizatsiyasidan tushgan tushumlarni yashirganlik holati boʻyicha qoʻyilgan ayblar chiqarilib, ishning shu qismi harakatdan tugatilgan. Mazkur holat “Farmonov Z.” fermer xoʻjaligi realizatsiyadan tushgan tushumni yashirish holatini sodir etmaganligini isbotlaydi va Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi 60-moddasining toʻrtinchi qismiga muvofiq xoʻjalik sudi uchun majburiydir.
Birinchi instansiya sudi tomonidan ish uchun ahamiyatli holatlar toʻliq aniqlangan, sudning xulosalari ish holatlariga muvofiq keladi.
Qayd etilganlarga koʻra, sudlov hayʼati hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
Ishni kassatsiya instansiyasi sudida koʻrish uchun toʻlangan 5000 soʻm pochta xarajatlari daʼvogar zimmasida qoldiriladi, ortiqcha toʻlangan 5000 soʻm pochta xarajatlari unga qaytariladi.
2010-yil 2-mart,
18-0903/8085-son
