Boshqa shaxslarning pul mablagʻlarini gʻayriqonuniy ushlab qolish, ularni qaytarib berishdan bosh tortish, ularni toʻlashni boshqacha tarzda kechiktirish yoxud boshqa shaxs hisobidan asossiz olish yoki jamgʻarish natijasida ulardan foydalanganlik uchun ushbu mablagʻlar summasiga foiz toʻlanishi kerak (17-1411/8991-son)
24.11.2014
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
[Koʻchirma]
“Singapur-Samarkand” xorijiy korxonasi (bundan buyon matnda — daʼvogar) xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, “Xarir-tola” masʼuliyati cheklangan jamiyatidan (bundan buyon matnda — javobgar) 5.000 kg mahsulotni toʻliq natura holida, yetkazib berilmagan mahsulot qiymatiga nisbatan hisoblangan 10.000.000 soʻm penya, 2.400.000 soʻm foiz undirishni soʻragan.
Javobgar qarshi daʼvoni taqdim etib, taraflar oʻrtasidagi 37-sonli shartnomani haqiqiy emas deb topish, 10.000.000 soʻm maʼnaviy zarar va 1.300.000 soʻm huquqshunos toʻlovini undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining 2014-yil 28-avgustdagi hal qiluv qarori bilan dastlabki daʼvo rad etilgan, qarshi daʼvo qisman qanoatlantirilib, 2013-yil 22-apreldagi 37-sonli shartnoma haqiqiy emas deb topilgan, qarshi daʼvoning qolgan qismini qanoatlantirish rad etilgan.
Ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan.
Mazkur hal qiluv qarori ustidan daʼvogar tomonidan kassatsiya shikoyati berilgan boʻlib, unda daʼvogar tomonidan shartnoma shartlari bajarilganligi, mazkur shartnomaga asosan javobgar 20.000.000 soʻm pul mablagʻini qabul qilib olganligi, mahsulotni yetkazib berish toʻgʻrisida xat berganligini bayon qilib, hal qiluv qarorini bekor qilib, daʼvo talablarini toʻliq qanoatlantirish soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birgalikda muhokama qilib, quyidagi asoslarga koʻra hal qiluv qarorini oʻzgartirishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, daʼvogar sudga murojaat qilib, javobgar bilan 2013-yil 22-aprelda 37-sonli “oldi-sotdi” shartnomasi tuzilgan boʻlib unga koʻra javobgar 5000 kg navsiz pillani 20.000.000 soʻmga yetkazib berish majburiyatini olgan boʻlsa-da, oʻz majburiyatini bajarmaganligi sababli, 5.000 kg mahsulotni toʻliq natura holida, yetkazib berilmagan mahsulot qiymatiga nisbatan hisoblangan 10.000.000 soʻm penya, 2.400.000 soʻm foiz undirishni soʻragan.
Oʻz navbatida javobgar qarshi daʼvoni taqdim etib, taraflar oʻrtasidagi shartnomani haqiqiy emas deb topishni hamda 10.000.000 soʻm maʼnaviy zarar va 1.300.000 soʻm huquqshunos toʻlovini undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudi tomonidan dastlabki daʼvoni qanoatlantirishni rad qilish qarshi daʼvoni qisman qanoatlantirish haqida asosli toʻhtamga kelingan boʻlsa-da, dastlabki daʼvo talabining bank foizi undirish qismini rad qilish haqida notoʻgʻri xulosaga kelingan.
Taraflar oʻrtasidagi 2013-yil 22-apreldagi 37-sonli shartnomaga asosan daʼvogar 2013-yil 24-aprel kuni 736-sonli toʻlov topshiriqnomasi bilan 10.000.000 soʻm, 26-apreldagi 756-sonli toʻlov topshiriqnomasi bilan 10.000.000 soʻm, jami 20.000.000 soʻm pul mablagʻi oʻtkazib bergan.
Bundan tashqari javobgar tomonidan daʼvogarga 2014-yil 23-aprel kuni 17 sonli aloqa xati yuborilib, taraflar oʻrtasidagi shartnomaga asosan 3000 kg navsiz pillani 2014-yilni 10-avgust kuniga qadar yetkazib berishni kafolatlagan.
Daʼvogar sudga murojaat qilgandan soʻng 2014-yil 25-iyun kuni javobgar tomonidan 285-sonli toʻlov topshiriqnomasi bilan 20.000.000 soʻm pul mablagʻi qaytarilgan. Yaʼni pul mablagʻidan bir yil davomida javobgar foydalanib kelgan.
Agar taraflar oʻrtasidagi shartnoma javobgar rahbari tomonidan imzolanmaganligi sababli javobgar uni tan olmagan taqdirda daʼvogar oʻtkazgan pul mablagʻini uch bank kuni ichida qaytarishi lozim edi.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 327-moddasiga asosan boshqa shaxslarning pul mablagʻlarini gʻayriqonuniy ushlab qolish, ularni qaytarib berishdan bosh tortish, ularni toʻlashni boshqacha tarzda kechiktirish yoxud boshqa shaxs hisobidan asossiz olish yoki jamgʻarish natijasida ulardan foydalanganlik uchun ushbu mablagʻlar summasiga foiz toʻlanishi kerak deb belgilangan.
Shu sababli, birinchi instansiya sudi daʼvogarning bank foizi talabini bankning qayta moliyalash stavkasidan kam boʻlmagan miqdorda undirishi lozim edi.
Shu bois, sudlov hayʼati javobgardan daʼvogar foydasiga bankning qayta moliyalash stavkasi 12 foiz miqdorda boʻlganini inobatga olib, 2.400.000 soʻm foiz undirishni lozim topadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2007-yil 15-iyundagi “Sudning hal qiluv qarori haqida”gi 161-sonli qarorining 1-bandida sud tomonidan qabul qilingan qaror moddiy va protsessual qonunchilik normalari bilan toʻliq mos kelishi, ish hujjatlari va sud aniqlagan holatlarga muvofiq boʻlishi, qayd etilgan talablarga rioya etmaslik qarorning bekor qilinishi yoki oʻzgartirilishi uchun asos boʻlishi mumkinligi, sudlar tomonidan barcha masalalarni hal etmaydigan, yuzaki, asoslantirilmagan qarorlarning qabul qilinishi mumkin emasligi haqida tushuntirish berilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining 188-moddasiga koʻra moddiy yoki protsessual huquq normalarining buzilishi yoki notoʻgʻri qoʻllanilishi xoʻjalik sudining hal qiluv qarorini yoki qarorini oʻzgartirish yoxud bekor qilish uchun asos boʻladi.
Bunday holatda sudlov hayʼati, kassatsiya shikoyatini qisman qanoatlantirishni, hal qiluv qarorining daʼvoning 2.400.000 soʻm foiz undirish talabini rad qilish qismini bekor qilishni, javobgardan daʼvogar foydasiga 2.400.000 soʻm bank foizi undirishni, javobgardan daʼvogar foydasiga birinchi instansiya uchun 24.000 soʻm, kassatsiya instansiya sudi uchun 24.000 soʻm, jami 48.000 soʻm davlat boji va 7000 soʻm pochta xarajati undirishni, daʼvogar tomonidan kassatsiya instansiyasi uchun toʻlangan davlat bojining qolgan qismini uning zimmasida qoldirishni hamda javobgardan ishni videokonferensaloqa rejimida oʻtkazish bilan bogʻliq 30.000 soʻm sud xarajatini Oliy xoʻjalik sudi depozit xisob raqamiga undirishni lozim topadi.
2014-yil 24-noyabr,
17-1411/8991-son
