Agar kreditor qasddan yoki ehtiyotsizlik tufayli majburiyatni bajarish mumkin boʻlmasligi yuz berishiga yoki bajarmaslik tufayli yetkazilgan zarar miqdorining koʻpayishiga koʻmaklashgan boʻlsa, shuningdek kreditor majburiyatni bajarmaslikdan yetkazilgan zararni kamaytirish choralarini qasddan yoki ehtiyotsizlik tufayli koʻrmagan boʻlsa, sud ishning holatlariga qarab toʻlanadigan haq miqdorini kamaytirishga yoki kreditorga haq toʻlashni batamom rad etishga haqli (12-0905/4031(8)-son)
26.10.2009
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
[Koʻchirma]
Daʼvogar — “8-MKK” masʼuliyati cheklangan jamiyati xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar — “Saidali baraka qurilish” xususiy korxonasidan 10000000 soʻm asosiy qarz va 5000000 soʻm penya undirib berishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilib, javobgar — “Saidali baraka qurilish” XKdan daʼvogar — “8-MKK” MChJ foydasiga 10000000 soʻm asosiy qarz undirilgan. Daʼvoning qolgan qismi rad qilingan.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Kassatsiya shikoyatida sud qarorlarini bekor qilib, daʼvoni rad etish soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni muhokama qilib, ish hujjatlarini oʻrganib chiqib, quyidagilarga koʻra sud qarorlarini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini qanoatlantirmasdan qoldirishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, “8-MKK” MChJ bilan “Saidali baraka qurilish” XK oʻrtasida 2008-yil 11-martda 11/1-sonli qurilish xizmati koʻrsatish toʻgʻrisida shartnoma tuzilgan.
Shartnoma shartlariga muvofiq, “Bajaruvchi” “Saidali baraka qurilish” XK “Buyurtmachi” “8-MKK” MChJning buyurtmasiga asosan K.Sultonov nomidagi kasb-hunar kollejida qurilish xizmatlari koʻrsatish, “Buyurtmachi” esa koʻrsatilgan qurilish xizmatlari haqini oʻz vaqtida amalga oshirish majburiyatini zimmasiga olgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 631-moddasining birinchi qismiga koʻra, pudrat shartnomasi boʻyicha bir taraf (pudratchi) ikkinchi taraf (buyurtmachi)ning topshirigʻiga binoan maʼlum bir ishni bajarish va uning natijasini buyurtmachiga belgilangan muddatda topshirish majburiyatini oladi, buyurtmachi esa ish natijasini qabul qilib olish va buning uchun haq toʻlash majburiyatini oladi.
Daʼvogar “8-MKK” MChJ tomonidan 2008-yil 13-martdagi 1-sonli toʻlov topshiriqnomasi orqali javobgarga 10000000 soʻm pul mablagʻini oʻtkazib bergan.
Biroq, javobgarning kasb-hunar kollejida bajargan ishlari toʻgʻrisida hujjatlar mavjud emas. Javobgar daʼvogar tomonidan oʻtkazib berilgan 10000000 soʻm pul mablagʻiga qurilish materiallari olishi lozim boʻlsa-da, lekin ushbu summaga qurilish materiallari sotib olganligi toʻgʻrisidagi dalillar ish hujjatlarida mavjud emas.
Sirdaryo viloyat hokimligining qurilish boʻyicha yagona buyurtmachi injiniring kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan xulosada javobgar tomonidan kasb-hunar kollejida qurilish ishlari bajarilganligini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud emasligi qayd qilingan.
Taraflar oʻrtasida tuzilgan 2008-yil 21-noyabrdagi taqqoslash dalolatnomasiga asosan javobgar — “Saidali baraka qurilish” XK daʼvogar — “8-MKK” MChJ oldida 10000000 soʻm qarzdorlik aks ettirilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining 55-moddasiga muvofiq, ishda ishtirok etuvchi har bir shaxs oʻz talab va eʼtirozlariga asos qilib keltirayotgan holatlarni isbotlashi kerak.
Shuning uchun sudlov hayʼati birinchi instansiya sudi tomonidan daʼvogar — “8-MKK” MChJning asosiy qarzni undirish haqidagi daʼvo talabini qanoatlantirish toʻgʻrisida qonuniy va asosli toʻxtamga kelingan deb hisoblaydi.
Daʼvogar taraflar oʻrtasida tuzilgan shartnomaning 6-bandiga koʻra shartnomaning 1-bandidagi majburiyatlar bajarilmaganligi holati yuzasidan asosiy qarzning 0,4 foizi miqdorida, ammo toʻlanmagan summaning 50 foizidan ortiq boʻlmagan miqdorda 5000000 soʻm penya undirishni soʻragan. Birinchi instansiya sudi daʼvogarning mazkur talabini qanoatlantirishni rad qilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 324-moddasiga koʻra, qarzdor majburiyatini bajarmagan yoki lozim darajada bajarmaganligi tufayli kreditorga yetkazgan zararni toʻlashi shart.
Ushbu Kodeks 335-moddasiga koʻra, agar kreditor qasddan yoki ehtiyotsizlik tufayli majburiyatni bajarish mumkin boʻlmasligi yuz berishiga yoki bajarmaslik tufayli yetkazilgan zarar miqdorining koʻpayishiga koʻmaklashgan boʻlsa, shuningdek kreditor majburiyatni bajarmaslikdan yetkazilgan zararni kamaytirish choralarini qasddan yoki ehtiyotsizlik tufayli koʻrmagan boʻlsa, sud ishning holatlariga qarab toʻlanadigan haq miqdorini kamaytirishga yoki kreditorga haq toʻlashni batamom rad etishga haqli.
Daʼvogar oʻzi aybdor boʻlgan holatda penyaning vujudga kelishining oldini olmagan, yaʼni qurilish obyektida “Saidali baraka qurilish” XK tomonidan bajarilishi lozim boʻlgan qurilish ishlari bajarilmaganligi aniq koʻrinib turgan boʻlsa-da, avans tariqasida berilgan pulni oʻz vaqtida qaytarib olish choralarini koʻrmagan, natijada penya hisoblangan.
Birinchi instansiya sudi tomonidan daʼvogarning 5000000 soʻm penya undirish haqidagi daʼvo talabini rad etib, toʻgʻri xulosaga kelingan.
Bunday holatda, sudlov hayʼati sud qarorlarini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirishni, sud xarajatlarini javobgar zimmasiga yuklashni lozim topadi.
2009-yil 26-oktabr,
12-0905/4031(8)-son
