Agar xoʻjalik nizosini koʻrib chiqish chogʻida sud mansabdor shaxs xatti-harakatlarida jinoyat alomatlarini aniqlasa, u jinoyat ishi qoʻzgʻatadi (10-0821/10601(18.2)-son)
16.12.2008
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
[Koʻchirma]
“Toshkent Sarmoya” YoAJ moliya investitsiya kompaniyasi AT “Oʻzsanoatqurilishbank” va uning Uchtepa filialiga nisbatan Toshkent shahar xoʻjalik sudiga murojaat qilib, 2007-yil 31-iyuldagi 1-sonli kafillik shartnomasini haqiqiy emas deb topishni, aybdor shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qanoatlantirilgan. Shuningdek, “Toshkent Sarmoya” YoAJ moliya investitsiya kompaniyasi kuzatuv kengashi boshqaruvining sobiq raisiga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 228-moddasining birinchi va uchinchi qismlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan.
Kassatsiya shikoyatida xususiy ajrimni bekor qilish, AT “Oʻzsanoatqurilishbank”ning kassatsiya shikoyatiga bildirilgan yozma fikrda esa xususiy ajrimni bekor qilib, ishni yangidan koʻrishga yuborish soʻralgan.
Sudlov hayʼati shikoyat va yozma fikr vajlarini muhokama qilib, ishdagi hujjatlarni oʻrganib chiqib, quyidagilarga koʻra xususiy ajrimni oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
Ishdagi hujjatlarga koʻra, 2007-yil 31-iyulda AT “Oʻzsanoatqurilishbank” Uchtepa filiali va “Toshkent Sarmoya” YoAJ moliya investitsiya kompaniyasi oʻrtasida kafillik shartnomasi tuzilgan boʻlib, “Toshkent Sarmoya” YoAJ moliya investitsiya kompaniyasi nomidan shartnomani boshqaruv raisi sifatida T. Ismailov imzolagan.
Kafillik shartnomasining imzolanishi natijasida 2007-yil 3-avgustda AT “Oʻzsanoatqurilishbank” Uchtepa filiali va “Orient ulgurji” masʼuliyati cheklangan jamiyati oʻrtasida 19-sonli kredit shartnomasi tuzilib, bank tomonidan ushbu jamiyatga 250,0 mln. soʻm kredit ajratilgan.
T. Ismailov “Toshkent Sarmoya” YoAJ moliya investitsiya kompaniyasi boshqaruv raisi vazifasida ishlamagan. U 2007-yilning 4-iyunigacha “Toshkent Sarmoya” YoAJ moliya investitsiya kompaniyasi kuzatuv kengashining raisi vazifasida ishlagan boʻlib, kompaniya umumiy yigʻilishining 2007-yil 4-iyundagi qarori bilan vazifasidan ozod etilgan. Kafillik shartnomasini esa lavozimidan ozod qilinganidan keyin imzolagan.
Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 228-moddasining birinchi va uchinchi qismlariga koʻra, soxtalashtiruvchining oʻzi yoki boshqa shaxs foydalanishi maqsadida muayyan huquq beradigan yoki muayyan majburiyatdan ozod etadigan rasmiy hujjatlar tayyorlaganlik yoki rasmiy hujjatlarni qalbakilashtirganlik, shuningdek hujjatning qalbaki ekanligini bila turib, undan foydalanganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.
Shu sababli, birinchi instansiya sudi fuqaro T. Ismailovga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 228-moddasining birinchi va uchinchi qismlariga koʻra jinoyat ishini toʻgʻri qoʻzgʻatgan.
Qayd etilganlarga koʻra, sudlov hayʼati xususiy ajrimni oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
2008-yil 16-dekabr,
10-0821/10601(18.2)
