9-modda. Maxsus vakolatli davlat organining vakolatlari
Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisida (660-II-son) · Sana: 26.08.2004 · Amalda
Maxsus vakolatli davlat organi:
pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulk bilan bogʻliq operatsiyalarni amalga oshiruvchi tashkilotlarning hamda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashishda ishtirok etuvchi organlarning ishini muvofiqlashtiradi;
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonunchilik talablarining yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bajarilishi ustidan nazorat qilinishini taʼminlaydi;
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan axborotni, shu jumladan avtomatlashtirilgan axborot, maʼlumotnoma tizimlaridan hamda maʼlumotlar bazalaridan axborotni soʻraydi va bepul oladi;
pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulk bilan bogʻliq operatsiyalar boʻyicha ushbu Qonunga muvofiq olinadigan axborotning jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirish belgilarini aniqlash maqsadida tahlil qilinishini amalga oshiradi;
pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulk bilan bogʻliq operatsiyalarni amalga oshiruvchi tashkilotlardan kelib tushadigan shubhali operatsiyalar haqidagi xabarlarni oladi, maʼlumotlar bazalarini shakllantiradi va ularga ishlov beradi;
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirish bilan bogʻliq maʼlumotlar va axborotni almashish hamda yuborish boʻyicha hamkorlik tartibini huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa davlat organlari bilan birgalikda belgilaydi;
yetarli asoslar mavjud boʻlgan taqdirda yoki soʻrovga binoan jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga aloqador pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulk bilan bogʻliq operatsiyalar haqidagi materiallarni jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashishda ishtirok etuvchi tegishli organlarga yuboradi;
