7-modda. Mijozlarni lozim darajada tekshirish boʻyicha chora-tadbirlar
Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisida (660-II-son) · Sana: 26.08.2004 · Amalda
Pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulk bilan bogʻliq operatsiyalarni amalga oshiruvchi tashkilotlar:
ichki nazorat qoidalarida belgilangan hollarda xoʻjalik, fuqaroviy huquqiy munosabatlar aniqlanganda;
ichki nazorat qoidalarida belgilangan hollarda pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulk bilan bogʻliq bir martalik operatsiyalar amalga oshirilganda;
shubhali operatsiyalar amalga oshirilganda;
mijozning shaxsi toʻgʻrisida avval olingan maʼlumotlarning toʻgʻriligiga nisbatan shubhalar mavjud boʻlganda, mijozlarni lozim darajada tekshirish boʻyicha mustaqil chora-tadbirlar koʻrishlari shart.
Pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulk bilan bogʻliq operatsiyalarni amalga oshiruvchi tashkilotlar tomonidan mijozni lozim darajada tekshirish boʻyicha koʻriladigan chora-tadbirlar quyidagilarni oʻz ichiga olishi shart:
tegishli hujjatlar asosida mijozning va qaysi shaxslar nomidan ish koʻrayotgan boʻlsa, oʻsha shaxslarning shaxsini hamda vakolatlarini tekshirishni;
taʼsis hujjatlari asosida mulk va boshqaruv tuzilishini oʻrganish orqali mulkdorni yoki yuridik shaxs boʻlgan mijozni nazorat qiluvchi shaxsni identifikatsiyalashni;
mijoz tomonidan amalga oshiriladigan amaliy ish munosabatlari va pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulk bilan bogʻliq operatsiyalarni ularning bunday mijoz va uning faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarga muvofiqligini tekshirish maqsadida, doimiy asosda oʻrganishni.
