3-modda. Asosiy tushunchalar
Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisida (660-II-son) · Sana: 26.08.2004 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlar — jinoyat sodir etish natijasida olingan pul mablagʻlari va boshqa mol-mulk, shuningdek bunday mol-mulkdan foydalanish orqali olingan har qanday foyda yoki naf, xuddi shuningdek toʻliq yoki qisman boshqa mol-mulkka aylantirilgan yoxud oʻzgartirilgan yoki qonuniy manbalar hisobidan olingan mol-mulkka qoʻshilgan pul mablagʻlari va boshqa mol-mulk;
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish — pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulk jinoiy faoliyat natijasida topilgan boʻlsa, ularni oʻtkazish, mulkka aylantirish yoxud almashtirish yoʻli bilan ularning kelib chiqishiga qonuniy tus berishdan, xuddi shuningdek bunday pul mablagʻlarining yoki boshqa mol-mulkning asl xususiyatini, manbaini, turgan joyini, tasarruf etish, koʻchirish usulini, pul mablagʻlariga yoki boshqa mol-mulkka boʻlgan haqiqiy egalik huquqlarini yoki ularning kimga qarashliligini yashirishdan yoxud sir saqlashdan iborat boʻlgan, jinoiy jazolanadigan ijtimoiy xavfli qilmish;
pul mablagʻlarini yoki boshqa mol-mulkni ishga solmay toʻxtatib qoʻyish — pul mablagʻlarini yoki boshqa mol-mulkni oʻtkazishni, konversiyalashni, tasarruf etishni yoxud koʻchirishni taqiqlash;
operatsiyalarni toʻxtatib turish — mijozning pul mablagʻlarini yoki boshqa mol-mulkni koʻchirish, konversiyalash, oʻzga shaxslarga egalik qilish va foydalanish uchun berish, shuningdek yuridik ahamiyatga ega boʻlgan boshqa harakatlarni bajarish toʻgʻrisidagi topshiriqnomalari ijrosini toʻxtatib turish;
terrorizmni moliyalashtirish — terrorchilik tashkilotining mavjud boʻlishini, faoliyat koʻrsatishini, moliyalashtirilishini, terrorchilik faoliyatida ishtirok etish uchun xorijga chiqib ketishni yoki Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali harakatlanishni taʼminlashga, terrorchilik harakatini tayyorlash va sodir etishga, terrorchilik tashkilotlariga yoxud terrorchilik faoliyatiga koʻmaklashayotgan yoki bunday faoliyatda ishtirok etayotgan shaxslarga bevosita yoki bilvosita har qanday mablagʻ-vositalarni, resurslarni berishga yoki yigʻishga, boshqa xizmatlar koʻrsatishga qaratilgan, jinoiy jazolanadigan ijtimoiy xavfli qilmish.
