18-modda. Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bilan bogʻliq axborotni taqdim etish
Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisida (660-II-son) · Sana: 26.08.2004 · Amalda
Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bilan bogʻliq axborotni maxsus vakolatli davlat organiga taqdim etish, shuningdek pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulk bilan bogʻliq operatsiyalarni amalga oshiruvchi tashkilotlarni terrorchilik faoliyatida yoxud boshqa jinoiy faoliyatda ishtirok etayotgan yoki ushbu faoliyatda ishtirok etishda gumon qilinayotgan yuridik yoxud jismoniy shaxslar haqida xabardor qilish tartibi qonunchilik bilan belgilanadi.
Yuridik va jismoniy shaxslarning pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulk bilan bogʻliq operatsiyalari toʻgʻrisidagi axborotni yoxud boshqa maʼlumotlarni maxsus vakolatli davlat organiga belgilangan tartibda taqdim etish tijorat, bank siri yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni buzish hisoblanmaydi.
