Garovga oluvchining (kreditorning) talablari garovga qoʻyilgan koʻchmas mol-mulk qiymatidan sudning qaroriga muvofiq qondiriladi (14-10-11/19076-son)
13.04.2011
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
[Koʻchirma]
Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi “Mikrokreditbank” OATB Urgut filiali manfatida, javobgarlar — Urgut tumanidagi “Keramik qurilish invest” xususiy korxonasi va “OBOD EL-NUR” xususiy koxonasiga nisbatan xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, “Mikrokreditbank” OATB Urgut filiali va “Keramik qurilish invest” xususiy korxonasi oʻrtasida imzolangan 2010-yil 5-yanvardagi kredit shartnomasini muddatidan oldin bekor qilishni, 134791257 soʻm kredit va uning foizlarini “OBOD EL-NUR” xususiy koxonasiga tegishli boʻlgan garovdagi maʼmuriy bino-inshootlar hisobidan undirib berishni soʻragan.
Keyinchalik daʼvogar vakili daʼvo summasiga aniqlik kiritib, daʼvo arizasida kredit va uning foizlari notoʻgʻri koʻrsatilganligini bayon etgan va 126900000 soʻm kredit va uning foizlarini garovdagi mulk hisobidan undirib berishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo talablari toʻliq qanoatlantirilgan.
Garovga qoʻyilgan mulklarning kim oshdi savdosi boshlanadigan vaqtdagi boshlangʻich sotish bahosi 173750000 soʻm deb belgilangan.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Kassatsiya shikoyatida sud qarorlarining undiruvni garovga qoʻyilgan mulkka qaratish haqidagi qismini bekor qilish va daʼvogar tomonidan talab qilingan summani “Keramik qurilish invest” xususiy korxonasidan undirish soʻralgan.
Sudlov hayʼati shikoyat vajlarini muhokama qilib, ishdagi hujjatlarni oʻrganib chiqib, quyidagilarga koʻra sud qarorlarini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
Ishdagi hujjatlarga koʻra, “Mikrokreditbank” OATB Urgut filiali va “Keramik qurilish invest” xususiy korxonasi oʻrtasida tuzilgan 2010-yil 5-yanvardagi 1-sonli kredit shartnomasiga asosan bank qarzdorga pishgan gʻisht mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun zarur boʻlgan xomashyo va materiallarni sotib olish maqsadida, yillik 18 foiz ustama toʻlash sharti bilan (kreditning oxirgi qaytarish muddati 2011-yil 25-yanvargacha) 139000000 soʻmlik kredit ajratgan.
Kredit qaytarilishining taʼminoti sifatida bank, qarzdor hamda “OBOD EL-NUR” xususiy koxonasi oʻrtasida 2010-yil 5-yanvarda ipoteka toʻgʻrisida shartnoma tuzilgan.
Mazkur shartnomaga asosan “OBOD EL-NUR” xususiy koxonasiga tegishli boʻlgan Samarqand viloyati, Urgut tumani, Doʻstlik mahallasi, Pochvon koʻchasida joylashgan bino-inshootlar garovga qoʻyilgan.
Ipoteka shartnomasining 5-bandida qarzdor tomonidan kredit shartnomasi majburiyati bajarilmagan taqdirda bank undiruvni garovga qoʻyilgan mulkka qaratishi qayd etilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 236-moddasiga koʻra, majburiyatlar majburiyat shartlariga va qonun hujjatlari talablariga muvofiq lozim darajada bajarilishi kerak.
“Keramik qurilish invest” xususiy korxonasi bankdan olingan kredit va uning foizlarini shartnomada koʻrsatilgan muddatlarda qaytarmagan. Mazkur korxona shartnoma majburiyatlarini oʻz vaqtida bajarganligini isbotlab bermagan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 736-moddasining ikkinchi qismiga koʻra, agar qarz shartnomasida qarzni qismlab (boʻlib-boʻlib) qaytarish nazarda tutilgan boʻlsa, qarz oluvchi qarzning navbatdagi qismini qaytarish uchun belgilangan muddatni buzgan taqdirda, qarz beruvchi qarzning qolgan barcha summasini tegishli foizlar bilan birga muddatidan oldin qaytarishni talab qilishga haqli.
Mazkur Kodeks 280-moddasining birinchi qismiga koʻra, garovga oluvchining (kreditorning) talablari garovga qoʻyilgan koʻchmas mol-mulk qiymatidan sudning qaroriga muvofiq qondiriladi.
“Keramik qurilish invest” xususiy korxonasi bankdan olgan kredit va uning foizlarini oʻz vaqtida qaytarmaganligi uchun sud kredit shartnomasini muddatidan oldin bekor qilib, kredit qiymatini va uning foizlarini garovga qoʻyilgan mulklardan undirish haqida toʻgʻri xulosaga kelgan.
Shuning uchun sudlov hayʼati sud qarorlarini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirishni lozim topadi.
“OBOD EL-NUR” xususiy korxonasi tomonidan ishni kassatsiya instansiyasi sudida koʻrish uchun 907000 soʻm davlat boji, 5000 soʻm pochta xarajatlari toʻlangan. Ishni kassatsiya instansiyasi sudida koʻrish bilan bogʻliq sud xarajatlari mazkur korxona zimmasida qoldirilib, ortiqcha toʻlangan 272500 soʻm unga qaytarilishi lozim.
2011-yil 13-aprel,
14-10-11/19076-son
