Agar toʻlanishi lozim boʻlgan neustoyka kreditorning majburiyatini buzish oqibatlariga nomutanosibligi koʻrinib tursa, sud neustoykani kamaytirishga haqli (18-0905/6924-son)
27.07.2009
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
[Koʻchirma]
Koson tuman “232-xoʻjaliklararo mexanizatsiyalashgan koʻchma kolonna” OAJ xoʻjalik sudiga murojaat qilib, “Janubiy xalqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yoʻllarini saqlashga ixtisoslashtirilgan taʼmirlash va foydalanish” korxonasidan 74618535 soʻm asosiy qarz, 11192780 soʻm jarima, 31856558 soʻm penya undirishni soʻragan.
Birinchi instansiyasi sudining 2009-yil 26-maydagi hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilib, daʼvogarga “Janubiy xalqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yoʻllarini saqlashga ixtisoslashtirilgan taʼmirlash va foydalanish” korxonasidan 74618535 soʻm asosiy qarz, 1119278 soʻm jarima undirilgan.
Ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan.
Kassatsiya shikoyatida hal qiluv qarorini oʻzgartirish va javobgardan 31856558 soʻm penya undirish soʻralgan.
Sudlov hayʼati shikoyat vajlarini muhokama qilib, ish hujjatlarini oʻrganib chiqib, quyidagilarga koʻra hal qiluv qarorini oʻzgartirishni lozim topadi.
Ish hujjatlariga koʻra, 2008-yil 8-yanvardagi 9-sonli shartnomaga asosan daʼvogar tomonidan 334022065 soʻmlik yoʻl qurilish ishlari bajarilgan. Shuningdek, Koson tuman “Maxsus yoʻl xoʻjaligi pudrat taʼmirlash foydalanish” korxonasi bilan daʼvogar oʻrtasida 2007-yil 30-noyabrda tuzilgan shartnomaga asosan bajarilgan ishlar boʻyicha 46604814 soʻmlik qarz 2008-yil aprel oyidagi qarzni qabul qilish dalolatnomasiga asosan “Janubiy xalqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yoʻllarini saqlashga ixtisoslashtirilgan taʼmirlash va foydalanish” korxonasiga oʻtkazilgan va javobgarning 2009-yil 1-yanvar holatidagi qarzdorligi 124618535 soʻmni tashkil qilgan.
Daʼvogar tomonidan 2009-yil 16-yanvarda 14-sonli talabnoma yuborilgandan soʻng 2009-yil 10-fevraldagi 99-sonli toʻlov topshiriqnomasi bilan 50,0 mln soʻm qarz toʻlangan va qolgan 74618535 soʻm qarz summasi toʻlanmasdan qolgan.
Taraflar tomonidan hal qiluv qarorining asosiy qarzni undirish qismi boʻyicha eʼtirozlar bildirilmagan. Sud majlisida daʼvogar vakilining oʻzi asosiy qarzni tan olgan va penyani rad etishni soʻragan.
Daʼvogarning talabnomasiga javoban asosiy qarzning 50,0 mln soʻmi toʻlanganligi, javobgarning 2009-yil 20-apreldagi 377-sonli javob xatida qolgan 74618535 soʻm qarzni toʻlab berishini bildirganligi uning bajarilgan ishlar haqini toʻlashdan bosh tortmaganligini tasdiqlaydi.
Oʻzbekiston Respublikasining “Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi toʻgʻrisida”gi Qonuni 32-moddasining birinchi qismida esa toʻlov talabnomasi akseptini asossiz ravishda butunlay yoki qisman rad etganlik, shuningdek hisob-kitobning boshqa shakllarida tovarlar (ishlar, xizmatlar) haqini toʻlashdan bosh tortganlik (bank muassasasiga toʻlov topshiriqnomasini taqdim etmaganlik, chek bermaganlik, akkreditivni taqdim etmaganlik va hokazo) uchun sotib oluvchi (buyurtmachi) mahsulot yetkazib beruvchiga oʻzi toʻlashni rad etgan yoki bosh tortgan summaning 15 foizi miqdorida jarima toʻlashi belgilangan.
Ushbu moddaning ikkinchi qismiga muvofiq yetkazib berilgan tovarlar haqini oʻz vaqtida toʻlamaganlik uchun sotib oluvchi (buyurtmachi) yetkazib beruvchiga oʻtkazib yuborilgan har bir kun uchun kechiktirilgan toʻlov summasining 0,4 foizi miqdorida, ammo kechiktirilgan toʻlov summasining 50 foizidan ortiq boʻlmagan miqdorida penya toʻlaydi. Qolaversa, taraflar oʻrtasida tuzilgan shartnomaning 8.3 bandida ham bajarilgan ishlar uchun toʻlov vaqtida amalga oshirilmaganligi uchun har bir kechiktirilgan kunga toʻlanmagan summaning 0,5 foizidan penya toʻlanishiga kelishilgan.
Koʻrinib turibdiki, birinchi instansiya sudi daʼvoning jarima undirish qismini qisman qanoatlantirib, penya qismini rad etish haqida notoʻgʻri xulosaga kelgan.
Qayd etilganlarga koʻra, sudlov hayʼati hal qiluv qarorini oʻzgartirishni, daʼvogarning jarima undirish toʻgʻrisidagi talabini rad etishni, penya undirish haqidagi talabini esa asosli boʻlganligi sababli qisman qanoatlantirishni lozim topadi. Chunki, bunda javobgarning talabnomani olgandan soʻng qarzning 50,0 mln. soʻmini toʻlaganligi va uning mulkiy ahvoli eʼtiborga olinadi va undan daʼvogar foydasiga bank foizidan kam boʻlmagan miqdorda 2158335 soʻm penya undiriladi.
Chunki, Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 326-moddasiga asosan, agar toʻlanishi lozim boʻlgan neustoyka kreditorning majburiyatini buzish oqibatlariga nomutanosibligi koʻrinib tursa, sud neustoykani kamaytirishga haqli. Bunda qarzdor majburiyatni qay darajada bajarganligi, majburiyatda ishtirok etayotgan taraflarning mulkiy ahvoli, shuningdek kreditorning manfaatlari eʼtiborga olinishi kerak. Sud alohida hollarda qarzdor va kreditorning manfaatlarini hisobga olib, kreditorga toʻlanishi lozim boʻlgan neustoykani kamaytirish huquqiga ega.
Ishni kassatsiya instansiyasi sudida koʻrish bilan bogʻliq davlat boji va sud xarajatlari javobgardan undiriladi.
Kassatsiya shikoyati uchun 159283 soʻm davlat boji va 5000 soʻm pochta xarajatlari ishga daxldor boʻlmagan “Davr Temir Beton Servis” MChJ tomonidan toʻlanganligi sababli unga ushbu mablagʻlar qaytariladi.
2009-yil 27-iyul,
18-0905/6924-son
