Shartnoma sud tomonidan faqat qonunda va shartnomada nazarda tutilgan hollarda oʻzgartirilishi va bekor qilinishi mumkin (21-0904/5112-son)
01.02.2010
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
[Koʻchirma]
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish davlat qoʻmitasi Navoiy viloyat hududiy boshqarmasi “Qizilqum Almaz Grand” MChJga nisbatan xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat etib, taraflar oʻrtasida 2008-yil 20-iyunda tuzilgan 10/02-sonli shartnomani bekor qilishni hamda javobgardan 3083200 soʻm jarima undirishni soʻragan.
Sudning 2009-yil 14-avgustdagi ajrimi bilan Navoiy shahar hokimligi ishga nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida jalb qilingan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo talablari rad etilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori bilan hal qiluv qarori bekor qilinib, daʼvo talabining 2008-yil 20-iyundagi 10/02-sonli oldi-sotdi shartnomasini bekor qilish toʻgʻrisidagi qismi qanoatlantirilib, daʼvogardan 3083200 soʻm jarima undirish toʻgʻrisidagi qismi rad etilgan.
Kassatsiya shikoyatida apellatsiya instansiyasi sudi qarorini bekor qilib, hal qiluv qarorini kuchda qoldirish soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birgalikda muhokama qilib, quyidagi asoslarga koʻra apellatsiya instansiyasi sudi qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 5-maydagi 209-sonli qaroriga asosan, Navoiy shahar Lomonosova koʻchasida joylashgan qurilishi tugallanmagan 5 qavatli turar joy binosi (obyekt) investitsiya majburiyatlari evaziga nolli xarid qiymatida sotilishi belgilangan.
Mazkur obyektning tanlov savdosi 2008-yil 2-iyunda oʻtkazilib, savdo natijasi boʻyicha ikki yil davomida obyektga 620000000 soʻm investitsiya kiritish taklifi bilan “Qizilqum Almaz Grand” MChJ tanlov gʻolibi deb topilgan.
Taraflar oʻrtasida hamda Navoiy shahar hokimligi ishtirokida oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan. Shartnoma 2008-yil 20-iyunda 01/02-son bilan Davlat mulkini boshqarish Navoiy viloyat hududiy boshqarmasida roʻyxatdan oʻtkazilgan.
Shartnomaning 4-bandiga asosan, xaridor 620,0 million soʻm investitsiya majburiyatlarini 2008-yil 1-iyuldan 2010-yil 1-iyulga qadar bajarishi, qurilish loyihasini shahar hokimligi bilan kelishib, faoliyat turini saqlagan holda turar joy sifatida qurilishini yakunlashi, obyekt atrofini obodonlashtirishi, 3 ta bir xonali xonadonni ijtimoiy himoya maqsadida shahar hokimligi balansiga berilishi kelishilgan.
Shartnomaga ilova tariqasida xaridorning investitsiya majburiyatlari belgilangan. Unga koʻra, javobgar tomonidan 2008-yil iyul — sentyabr oylarida 14,0 mln soʻmlik, oktyabr — dekabr oylarida 30,0 mln soʻmlik, 2009-yilning yanvar — mart oylarida 60,0 mln soʻmlik, aprel — iyun oylarida 100,0 mln soʻmlik, daʼvo arizasi sudga berilgunga qadar jami 204,0 mln soʻmlik investitsiya kiritilishi lozim boʻlgan.
2009-yil 3-iyul kuni ishchi komissiyasi tomonidan investitsiya majburiyatlari oʻrganilganda, “Qizilqum Almaz Grand” MChJ tomonidan obyektga investitsiya kiritilmaganligi, qurilish ishlari boshlanmaganligi aniqlangan.
Tomonlar oʻrtasida tuzilgan shartnomaning 5.5-bandida xaridor tomonidan investitsiya majburiyatlari bajarilmaganda, investitsiya kiritish jadvalidan ortda qolinganda shartnoma bir tomonlama bekor qilinishi belgilangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 382-moddasining ikkinchi qismiga koʻra, taraflardan birining talabi bilan shartnoma sud tomonidan faqat quyidagi hollarda oʻzgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin:
ikkinchi taraf shartnomani jiddiy ravishda buzsa;
FK, boshqa qonunlar va shartnomada nazarda tutilgan oʻzga hollarda.
Ushbu kodeksning uchinchi boʻlimiga koʻra, taraflardan birining shartnomani buzishi ikkinchi tarafga u shartnoma tuzishda umid qilishga haqli boʻlgan narsadan koʻp darajada mahrum boʻladigan qilib zarar yetkazishi shartnomani jiddiy buzish hisoblanadi.
“Qizilqum Almaz Grand” MChJ tomonidan obyektga investitsiya majburiyatlari jadval boʻyicha kiritilmaganligi, qurilish ishlari boshlanmaganligi shartnomani jiddiy ravishda buzish hisoblanadi.
Birinchi instansiya sudi ishni koʻrish jarayonida qayd etilgan holatlarga yetarlicha baho bermagan va daʼvo talabining taraflar oʻrtasida 2008-yil 20-iyunda tuzilgan 10/02-sonli shartnomani bekor qilish haqidagi qismini rad etish toʻgʻrisida barvaqt toʻxtamga kelgan.
Apellatsiya instansiya sudi tomonidan ish boʻyicha barcha dalillar bevosita tekshirilib, shartnoma boʻyicha kelishilgan investitsiya kiritish jadvalidan ortda qolinganligi, investitsiya majburiyatlari bajarilishining borishi haqida oylik va choraklik hisobotlarni taqdim etmaganligi ish uchun ahamiyatli holatlar deb baholanib, daʼvo talabining shartnomani bekor qilish haqidagi qismini qanoatlantirish haqida asosli xulosaga kelingan.
Tomonlar oʻrtasida tuzilgan shartnomaning 5.3 bandiga koʻra, taraflar investor tomonidan hech qanday moddiy hissa qoʻshilmagan taqdirda, unga nisbatan investitsiya majburiyatlari qiymatining 15 foizi miqdorida, lekin obyektning balans qiymatidan ortiq boʻlmagan miqdorda jarima sanksiyalari qoʻllanilishi belgilangan.
Biroq, ishda mavjud hujjatlardan koʻrinishicha, javobgar qurilish ishlarini amalga oshirish maqsadida muayyan harakatlarni amalga oshirgan. Jumladan, loyiha va boshqa qurilishga oid hujjatlarni tayyorlash borasidagi tuzilgan hujjatlar, shartnomalar, ular boʻyicha yuzaga kelgan toʻlovlar, obyektning poydevor qismini qazib ochish, ilmiy sinov xulosalar va ularga oid tuzilgan hujjatlar rasmiylashtirilgan.
Shu sababli, apellatsiya instansiyasi sudi daʼvogarning javobgardan 3083200 soʻm jarima undirish toʻgʻrisidagi qismini qanoatlantirishni asosli ravishda rad qilgan.
Yuqoridagilarni inobatga olib, sudlov hayʼati sud qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni, ishni sudda koʻrish bilan bogʻliq sud xarajatlarini daʼvogar zimmasiga yuklashni lozim topadi.
2010-yil 1-fevral,
21-0904/5112-son
