Daʼvogar oʻz talablarini asoslovchi dalillar keltira olmagani bois daʼvo rad etilgan (11-0717/11722-son)
11.02.2009
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
[Koʻchirma]
Daʼvogar — xususiy tadbirkor M. Agzamova xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar — “Alisher Navoiy” shirkat xoʻjaligini tugatish komissiyasidan 18579250 soʻm undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo rad etilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Kassatsiya shikoyatida sud qarorlarini bekor qilib, daʼvoni qanoatlantirish soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birgalikda oʻrganib chiqib, quyidagilarga asosan kassatsiya shikoyatini rad qilishni, sud qarorlarini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim deb topadi.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, xususiy tadbirkor M. Agzamova hamda “Alisher Navoiy” shirkat xoʻjaligi oʻrtasida 2002-yil 1-yanvarda 01-sonli, 2003-yil 1-yanvarda 3-sonli, 2004-yil 14-yanvarda 7-sonli, 2005-yil 10-yanvarda 08-sonli va 2006-yil 5-yanvarda 01-sonli shirkat xoʻjaligiga tegishli 0,44 ga yer maydonidagi issiqxonani ijaraga berish shartnomasi tuzilgan. Mazkur shartnomaga binoan xususiy tadbirkor ijaraga berilgan issiqxonada oʻz faoliyatini yuritgan.
“Alisher Navoiy” shirkat xoʻjaligining tugatilishi munosabati bilan tugatish komissiyasi tomonidan issiqxona auksion savdosi orqali 60115000 soʻmga boshqa shaxslarga sotilgan.
Xususiy tadbirkor M. Agzamova sudga daʼvo qoʻzgʻab, oʻzi tomonidan ijaraga olingan 0,44 ga yer maydonidagi issiqxonada taʼmirlash ishlarini amalga oshirish uchun qilgan xarajatlarini — 18579250 soʻmni shirkat xoʻjaligi tugatish komissiyasidan undirishni soʻragan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 555-moddasi talabiga koʻra, ijaraga oluvchi ijaraga olingan mol-mulkni oʻz mablagʻlari hisobidan va ijaraga beruvchining roziligi bilan yaxshilagan, bu yaxshilashni mol-mulkka zarar yetkazmagan holda ajratib olish mumkin boʻlmagan taqdirda, ijaraga oluvchi shartnoma bekor boʻlganidan keyin, basharti shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, bu yaxshilashlar qiymatini toʻlashni talab qilishga haqli.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining 55-moddasi talabiga koʻra, ishda ishtirok etuvchi shaxslar oʻz talab va eʼtirozlarini asoslovchi holatlarni isbotlashi lozim boʻlsa-da, daʼvogar oʻziga ijaraga berilgan issiqxonani oʻz mablagʻlari hisobidan va ijaraga beruvchining roziligi bilan yaxshilaganligini, bu yaxshilashni mol-mulkka zarar yetkazmagan holda ajratib olish mumkin boʻlmagan taʼmirlash ishlarining amalga oshirilganligini isbotlovchi dalillarni sudga taqdim eta olmagan.
Shuningdek, daʼvogar tomonidan taqdim etilgan boshqa dalillarga ham sud tomonidan huquqiy baho berilib, ular daʼvoni qanoatlantirish uchun asos boʻla olmasligi aniqlangan va daʼvogarning daʼvosi asosli ravishda rad etilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi 330-moddasining 1-bandida tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi yuridik va jismoniy shaxslar — pul mablagʻlari boʻlmaganda, bu bank muassasasi tomonidan tasdiqlangan taqdirda, xoʻjalik sudining ajrimi boʻyicha davlat boji toʻlovidan ozod etilishi belgilangan. Ushbu Kodeks talabi faqat daʼvo arizasi bilan sudga murojaat qilinganda sud tomonidan qoʻllanilib, ishni koʻrish natijasiga koʻra davlat boji undirilishi lozim boʻladi. Shu sababli, daʼvogarning davlat boji notoʻgʻri undirilganligi haqidagi vajlari bilan ham kelishib boʻlmaydi.
Bayon etilganlarga asoslanib, sudlov hayʼati nizo yuzasidan sudlar tomonidan moddiy va protsessual huquq normalari toʻgʻri qoʻllanilgan deb hisoblab, sud qarorlarini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini qanoatlantirmasdan qoldirishni, ishni kassatsiya tartibida koʻrish bilan bogʻliq pochta xarajatlari javobgar tomonidan toʻlanganligini inobatga olishni, davlat bojini javobgardan undirishni lozim topadi.
2009-yil 11-fevral,
11-0717/11722-son
