Daʼvogar nizoni sudgacha hal qilish (talabnoma yuborish) tartibiga rioya etmagan, bu esa shu toifadagi nizolar uchun qonunda yoki shartnomada nazarda tutilgan boʻlsa, xoʻjalik sudi daʼvoni koʻrmasdan qoldiradi (10-1009/329-son)
03.08.2010
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
[Koʻchirma]
Chilonzor tuman hokimligi xoʻjalik sudiga murojaat qilib, “ALSTRAS” xususiy ishlab chiqarish tijorat firmasini tugatishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo rad etilgan.
Ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan.
Kassatsiya shikoyatida hal qiluv qarorini bekor qilish, kassatsiya protestida esa hal qiluv qarorini bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun yuborish soʻralgan.
Sudlov hayʼati shikoyat va protest vajlarini muhokama qilib, ish hujjatlarini oʻrganib chiqib, quyidagilarga koʻra hal qiluv qarorini bekor qilib, daʼvoni koʻrmasdan qoldirishni lozim topadi.
Ishdagi hujjatlarga koʻra, “ALSTRAS” xususiy ishlab chiqarish tijorat firmasi Chilonzor tuman hokimining 1997-yil 28-avgustdagi 568-8/4-son qaroriga asosan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan.
Chilonzor tuman hokimligi “ALSTRAS” xususiy ishlab chiqarish tijorat firmasini moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan korxona deb hisoblab, uni tugatishni xoʻjalik sudidan soʻragan.
Birinchi instansiya sudi moddiy va protsessual huquq normalarini notoʻgʻri qoʻllab, daʼvoni qanoatlantirgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 3-iyuldagi 327-son qarori bilan tasdiqlangan “Moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan va qonunchilikda belgilangan muddatlarda oʻzlarining ustav jamgʻarmalarini shakllantirmagan korxonalarni tugatish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomning 3.1-bandiga muvofiq roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan va (yoki) qonunchilikda belgilangan muddatda oʻz ustav jamgʻarmasini shakllantirmagan korxonalar faoliyatini bundan keyin davom ettirishning maqsadga muvofiq emasligi toʻgʻrisida soliq organining taqdimnomasini yoki maxsus komissiyaning xulosasini olgan kundan boshlab bir hafta muddatda muassislarga (qatnashchilarga) yoki taʼsis hujjatlari bilan vakil qilingan organlarga, asoslarini koʻrsatgan holda yozma ravishda, korxonani ixtiyoriy tugatishni taklif etadi.
Korxona ikki hafta muddatda (aksiyadorlik jamiyati — bir oy muddatda) ixtiyoriy ravishda oʻzini tugatishga kirishmagan yoxud muassislar (qatnashchilar) yoki taʼsis hujjatlari bilan vakil qilingan organ korxonani ixtiyoriy ravishda tugatishni rad etgan taqdirda roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ korxonani tugatish toʻgʻrisida xoʻjalik sudiga bir hafta muddatda belgilangan tartibda daʼvo arizasi yuboradi.
Ammo, roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ “ALSTRAS” xususiy ishlab chiqarish tijorat firmasi muassisiga korxonani ixtiyoriy tugatish haqidagi yozma taklif yubormagan.
Bunday holatda sud Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi 88-moddasining 5-bandiga asosan daʼvoni koʻrmasdan qoldirishi lozim edi.
Qayd etilganlarga koʻra, sudlov hayʼati hal qiluv qarorini bekor qilib, daʼvoni koʻrmasdan qoldirishni lozim deb hisoblaydi.
2010-yil 3-avgust,
10-1009/329-son
