Hal qiluv qarorida bayon qilingan xulosalarning ish holatiga muvofiq kelmasligi hal qiluv qarorini bekor qilish uchun asos boʻladi (23-0704/14174-son)
17.09.2008
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
[Koʻchirma]
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi Xoʻjayli tuman hokimligi va “Xoʻjayli tuman dezinfeksiya stansiyasi” MChJga nisbatan xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, “Xoʻjayli tuman dezinfeksiya stansiyasi” MChJga berilgan 2007-yil 4-apreldagi 1010 № 000883-sonli yuridik shaxsning davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi haqidagi guvohnomani bekor qilishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan “Xoʻjayli tuman dezinfeksiya stansiyasi” MChJga berilgan 1010 № 000883-sonli guvohnoma hisobga olingan, deb hisoblangan.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori bilan hal qiluv qarori bekor qilinib, daʼvo qanoatlantirilgan.
Kassatsiya shikoyatida apellatsiya instansiyasi sudi qarorini bekor qilib, daʼvoni rad etish soʻralgan.
Sudlov hayʼati shikoyat vajlarini ish hujjatlari asosida muhokama qilib, quyidagi asoslarga koʻra sud qarorlarini bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, Xoʻjayli tuman xoʻjalik hisobidagi dezinfeksiya stansiyasi 2007-yil 4-aprelda Xoʻjayli tuman hokimligi huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatiga olish inspeksiyasi tomonidan qayta roʻyxatga olingan hamda “Xoʻjayli tuman dezinfeksiya stansiyasi” MChJ deb qayta nomlanib, unga 1010 № 000883-sonli davlat roʻyxatidan oʻtganligi haqidagi guvohnoma berilgan.
Daʼvo arizasida guvohnoma Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 16-oktabrdagi “Ustav fondida davlat ulushi boʻlgan korxonalarning samarali boshqarilishini va davlat mulkining zarur darajada hisobga olinishini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 215-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Davlat korxonalari toʻgʻrisida”gi nizom talabiga zid ravishda berilganligi koʻrsatilib, uni bekor qilish soʻralgan.
Birinchi instansiya sudi esa, daʼvo talabidan chetga chiqqan holda bekor qilish soʻralgan guvohnomani hisobga olingan, deb hisoblash haqida notoʻgʻri qaror qabul qilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi 24-moddasi birinchi qismining toʻqqizinchi bandida davlat organlari va fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining qonun hujjatlariga muvofiq boʻlmagan, tashkilotlar va fuqarolarning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzadigan hujjatlarini (butunlay yoki qisman) haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi nizolar xoʻjalik sudlari tomonidan hal qilinishi belgilangan.
Sudlar tomonidan yuqorida qayd etilgan qonun normasida xoʻjalik sudi davlat organlarining qonun hujjatlariga muvofiq boʻlmagan, tashkilotlar va fuqarolarning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzadigan hujjatlarini bekor qilishga oid nizolarni hal etishi nazarda tutilmaganligi, guvohnomani bekor qilish haqidagi nizo xoʻjalik sudida koʻrish uchun tegishli yoki tegishli emasligi oʻrganilmagan.
Bunday holatda sudlov hayʼati sud qarorlarini bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborishni lozim topadi.
Ishni yangidan koʻrishda birinchi instansiya sudi daʼvogarning daʼvo talabini aniqlashtirib, taraflardan ishga daxldor hujjatlarni talab qilib olib, taraflarning vajlariga va toʻplangan dalillarga huquqiy baho berib, asoslantirilgan qaror qabul qilishi lozim.
2008-yil 17-sentabr,
23-0704/14174-son
