Agar qonunda yoki qarz shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, qarz beruvchi (yuridik shaxs yoki fuqaro) qarz oluvchidan qarz summasiga shartnomada belgilangan miqdorda va tartibda foizlar olish huquqiga ega boʻladi (15-1504/21837-son)
22.04.2015
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
[Koʻchirma]
“Quvasoy kvars agro” MChJ (bundan buyon matnda — daʼvogar) xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, “Fargʻona naslli parranda” MChJ (bundan buyon matnda — javobgar)dan 160 086 887,70 soʻm asosiy qarz, 22 800 000 soʻm foiz, 19 440 429 soʻm penyani undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilgan. Javobgardan daʼvogar foydasiga 142 946 458 soʻm asosiy qarz, 22 800 000 soʻm foiz, 5 100 000 soʻm penya undirilgan. Daʼvo talabining qolgan qismini qanoatlantirish rad etilgan.
Ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan.
Javobgar kassatsiya shikoyati bilan murojaat qilib, unda sud ishni koʻrishda ish holatlarini toʻliq aniqlamaganligi, javobgar ishni koʻrish vaqti va joyi haqida xabardor qilinmaganligi, shartnomada daʼvogar tomonidan berilgan mablagʻ javobgar tomonidan mahsulot sifatida qaytarilishi nazarda tutilganligiga ahamiyat berilmaganligi bayon qilinib, hal qiluv qarorining qarzni pul mablagʻida undirish qismini mahsulotga qaratish deb oʻzgartirish soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birga muhokama qilib, quyidagi asoslarga koʻra, kassatsiya shikoyatini qanoatlantirishni rad etishni, hal qiluv qarorini esa oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
Ishdagi hujjatlarga koʻra, taraflar oʻrtasida 2013-yil 20-avgustda 1-sonli hamkorlik shartnomasi tuzilgan.
Shartnoma shartlariga koʻra, daʼvogar 300 000 000 soʻm mablagʻni javobgarning hisobraqamiga shartnomada belgilangan muddat va shartlarda qaytarish sharti bilan oʻtkazib berish majburiyatini olgan.
Shartnomaning 1.3-bandiga koʻra, javobgar mablagʻdan foydalanganligi uchun yillik 12 foiz ustama toʻlash majburiyatini olgan. Shartnomaning 2.4-bandiga koʻra, javobgar 300 000 000 soʻm mablagʻni shartnoma imzolangan kundan keyin 3 oy imtiyozli muddat tugashi bilan har oyning 25 sanasiga qadar toʻlov topshiriqnomasi bilan 20 000 000 soʻm asosiy qarz toʻlovi va unga hisoblangan foizlarni 15 oy davomida toʻlash majburiyatini olgan.
Shuningdek, shartnomaning 2.5-bandiga koʻra, javobgar olingan mablagʻni 2015-yil 25-fevral kuniga qadar toʻliq qaytarishni kafolatlagan.
Shartnomaning 2.7-bandida daʼvogarning yozma ravishdagi xatiga asosan qaytariladigan mablagʻ hisobidan naslli tuxumlar va goʻsht mahsulotlari bilan natura holda hisob-kitob qilish belgilangan.
Shuningdek, shartnomaning 3.2-bandida javobgar shartnomada koʻrsatilgan muddatlarda mablagʻni qaytarmasa toʻlov jadvali qiymatining 0,4 foizi miqdorida, lekin shartnoma umumiy summasining 50 foizidan oshmagan miqdorda penya toʻlashi belgilangan.
Daʼvogar oʻz majburiyatini bajarib, 2013-yil 22-avgustdagi 1-sonli toʻlov topshiriqnomasi bilan javobgarga pul mablagʻini oʻtkazib bergan boʻlsada, javobgar shartnoma shartlarini buzib, asosiy qarz va unga hisoblangan foizlarni shartnomada kelishilgan muddat va miqdorlarda qaytarmagan.
Natijada, daʼvogar xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgardan 160 086 887,70 soʻm asosiy qarz, 22 800 000 soʻm foiz, 19 440 429 soʻm penyani undirishni soʻragan.
Shartnoma hamkorlik shartnomasi sifatida tuzilgan boʻlsada, biroq shartnoma mazmuni boʻyicha qarz shartnomasi.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 732-moddasiga koʻra, qarz shartnomasi boʻyicha bir taraf (qarz beruvchi) ikkinchi tarafga (qarz oluvchiga) pul yoki turga xos alomatlari bilan belgilangan boshqa ashyolarni mulk qilib beradi, qarz oluvchi esa qarz beruvchiga bir yoʻla yoki boʻlib-boʻlib, oʻshancha summadagi pulni yoki qarzga olingan ashyolarning xili, sifati va miqdoriga baravar ashyolarni (qarz summasini) qaytarib berish majburiyatini oladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 734-moddasiga koʻra, agar qonunda yoki qarz shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, qarz beruvchi (yuridik shaxs yoki fuqaro) qarz oluvchidan qarz summasiga shartnomada belgilangan miqdorda va tartibda foizlar olish huquqiga ega boʻladi.
Agar qarz shartnomasi boʻyicha qarz oluvchiga turga xos alomatlari bilan belgilangan ashyolar topshirilsa, ularning miqdori va shakli (pul yoki natura holidagi) shartnomada koʻzda tutilgan hollarda foizlar toʻlanishi kerak.
Foizlar toʻlash tartibi va muddatlari qarz shartnomasi bilan belgilanadi. Agar foizlar toʻlash tartibi va muddatlari shartnomada belgilangan boʻlmasa, ular asosiy qarzni qaytarish uchun shartnomada nazarda tutilgan tartibda va muddatlarda toʻlanadi.
Birinchi instansiya sudi moddiy va protsessual huquq normalarini toʻgʻri qoʻllab, 160 086 887,70 soʻm asosiy qarzning 17 140 429,7 soʻm qismi javobgar tomonidan hal qiluv qarori qabul qilingunga qadar toʻlanganligini, 22 800 000 soʻm foiz taraflar oʻrtasida tuzilgan shartnomaning 1.3-bandiga asosan hisoblanganligidan kelib chiqib, javobgardan daʼvogar foydasiga 142 946 458 soʻm asosiy qarz, 22 800 000 soʻm foiz undirish, shuningdek penyani Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 326-moddasiga asosan 5 100 000 soʻmga qadar kamaytirish haqida qonuniy toʻxtamga kelgan.
Javobgarning ish koʻrish vaqti va joyi haqida xabardor qilinmaganligi haqidagi vaji asossiz, chunki 2015-yil 8-yanvardagi sud majlisida javobgar vakili Sh. Mirodilov qatnashgan va oʻz fikrlarini bayon qilgan. Ishni koʻrish javobgar vakilining iltimosnomasiga koʻra 2015-yilning 15-yanvariga qoldirilgan va bu haqda javobgar ogohlantirilgan. Biroq, 2015-yil 15-yanvardagi sud majlisiga javobgar vakillari uzrsiz sabablarga koʻra kelmagan.
Shuningdek, javobgarning daʼvogar tomonidan berilgan mablagʻ javobgar tomonidan mahsulot sifatida qaytarilishi belgilanganligi haqidagi vaji ham asossiz boʻlib, taraflar oʻrtasida tuzilgan shartnomaning 2.4-bandida daʼvogar tomonidan berilgan mablagʻ va unga hisoblangan foizlar javobgar tomonidan toʻlov topshiriqnomaga asosan, yaʼni pul koʻrinishida qaytarilishi belgilangan, shartnomaning 2.7-bandida esa berilgan mablagʻni natura holida qaytarishni talab qilish daʼvogarning majburiyati emas, balki huquqi sifatida belgilangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining 55-moddasiga koʻra, ishda ishtirok etuvchi har bir shaxs oʻz talab va eʼtirozlariga asos qilib keltirayotgan holatlarni isbotlashi kerak.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining 186-moddasiga koʻra, xoʻjalik sudi ishni kassatsiya instansiyasida koʻrganida moddiy va protsessual huquq normalari birinchi instansiya va apellatsiya instansiyasi sudida toʻgʻri qoʻllanilganligini tekshiradi.
Bunday holatda sudlov hayʼati, hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirishni, toʻlangan 7 000 soʻm pochta xarajati hamda 1 011 636,58 soʻm davlat bojini javobgar zimmasida qoldirib, sud majlisini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazish bilan bogʻliq 30 000 soʻm sud xarajatini unga yuklashni lozim topadi.
2015-yil 22-aprel,
15-1504/21837-son
