Agar sud ishni majlis joyi va vaqti toʻgʻrisida tegishli ravishda xabardor qilinmagan ishda ishtirok etuvchi shaxslardan birontasining yoʻqligida koʻrgan boʻlsa, bu hal qiluv qarorini bekor qilish uchun asos boʻladi (11-1006/14930-son)
25.10.2010
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
[Koʻchirma]
“Qibray tuman elektr tarmoqlari” xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, “Qibray tuman tibbiyot birlashmasi”dan 78222560 soʻm asosiy qarzni undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilib, “Qibray tuman tibbiyot birlashmasi”dan “Qibray tuman elektr tarmoqlari” foydasiga 77197960 soʻm asosiy qarz undirilgan. Daʼvoning qolgan qismi rad qilingan.
Ish apellatsiya tartibida koʻrilmagan.
Kassatsiya shikoyatida hal qiluv qarorini bekor qilib, yangi qaror qabul qilish soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni muhokama qilib, ish hujjatlarini oʻrganib chiqib, quyidagilarga koʻra hal qiluv qarorini bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, “Qibray tuman tibbiyot birlashmasi” hamda “Qibray tuman elektr tarmoqlari” oʻrtasida 2010-yil 20-yanvarda 240109-sonli elektr energiyasidan foydalanish toʻgʻrisida shartnoma tuzilgan.
Shartnoma shartlariga binoan energotaʼminot tashkiloti tarmoqqa bevosita ulangan va isteʼmolchiga tegishli elektr uskunalariga elektr energiyasini berish, isteʼmolchi esa ushbu shartnomada belgilangan shartlar asosida elektr energiyasini va quvvatni 1-ilovada koʻrsatilgan miqdorda qabul qilish hamda elektr energiyasi haqini toʻlash majburiyatini olgan.
Biroq, yetkazib berilgan elektr energiyasi haqini oʻz vaqtida toʻlamaganligi uchun daʼvogar xoʻjalik sudiga murojaat qilib, javobgardan 78222560 soʻm miqdoridagi asosiy qarzni undirishni soʻragan.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining 61-moddasiga koʻra, xoʻjalik sudi ishdagi mavjud dalillarni har tomonlama, toʻliq va xolis tekshirishga asoslangan oʻz ichki ishonchi boʻyicha baholaydi.
Birinchi instansiya sudi tomonidan ish javobgar vakilining ishtirokisiz koʻrib chiqilgan. Ish hujjatlarida javobgarning majlis vaqti va joyi toʻgʻrisida tegishli tartibda xabardor qilinganligini, javobgarning ish sudda koʻrilayotgan vaqtda elektr energiyasidan qancha miqdorda qarzi borligini tasdiqlovchi solishtirma dalolatnoma yoki boshqa hujjatlar mavjud emas.
Javobgarning kassatsiya shikoyatida keltirgan vajlarida Toshkent viloyat Qibray tuman prokuraturasi tomonidan 2007-yil 10-oktabrda Qibray tuman markaziy shifoxonasida taftish oʻtkazilganligi va ushbu taftish natijasida eletr energiyasidan boʻlgan qarzdorlik qayta hisob-kitob qilinganligi qayd etilgan. Biroq, sud tomonidan ushbu hujjatlar talab qilib olinmagan va oʻrganilmagan. Javobgar esa sud majlisining vaqti va joyi toʻgʻrisida xabardor qilinmaganligi uchun sud majlisiga qatnasha olmagan va ushub hujjatlarni taqdim etaolmagan.
Birinchi instansiya sudi tomonidan gʻaznachilik ishga mustaqil talab bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida jalb etilmagan. Sud tomonidan taraflar oʻrtasida tuzilgan shartnoma gʻaznachilikdan roʻyxatdan oʻtganligiga aniqlik kiritilmagan.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi 188-moddasining birinchi qismiga koʻra, moddiy yoki protsessual huquq normalarining buzilishi yoxud notoʻgʻri qoʻllanilishi xoʻjalik sudining hal qiluv qarorini yoki qarorini oʻzgartirish yoxud bekor qilish uchun asos boʻladi.
Shuning uchun sudlov hayʼati hal qiluv qarorini bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborishni lozim topadi.
Ishni yangidan koʻrishda birinchi instansiya sudi yuqorida koʻrsatilgan kamchiliklarni bartaraf etib, taraflarni sud majlisi vaqti va joyi toʻgʻrisida tegishli ravishda xabardor qilib, oʻtkazilgan taftish hujjatlarini oʻrganib, gʻaznachilikni ishga jalb qilish masalasini hal qilib, ishdagi mavjud dalillarga huquqiy baho berib, toʻplangan dalillar yigʻindisi asosida qonuniy va asoslantirilgan qaror qabul qilishi lozim boʻladi.
2010-yil 25-oktabr,
11-1006/14930-son
