Qarzdor aybi boʻlgan taqdirda majburiyatni bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi uchun, agar qonun hujjatlarida yoki shartnomada boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, javob beradi (18-1003/15720-son)
11.10.2010
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
[Koʻchirma]
Daʼvogar — Qashqadaryo viloyat adliya boshqarmasi “Fayz” fermer xoʻjaligi manfaatida xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar — “EAST AGRO INTERNATIONAL” MChJdan 1182600 soʻm asosiy qarz, 591300 soʻm penya undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilgan. “EAST AGRO INTERNATIONAL” MChJdan daʼvogar foydasiga 1182600 soʻm asosiy qarz, 59130 soʻm penya undirilgan.
Ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan.
Kassatsiya shikoyatida hal qiluv qarorini bekor qilish soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni muhokama qilib, ishdagi hujjatlarni oʻrganib chiqib, quyidagilarga koʻra hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
Ishdagi hujjatlardan koʻrinishicha, taraflar oʻrtasida 2009-yil 27-yanvarda meva-sabzavot yetishtirish boʻyicha 272-sonli fyuchers shartnomasi tuzilgan. Shartnomaga koʻra daʼvogar — “Fayz” fermer xoʻjaligi javobgar — “EAST AGRO INTERNATIONAL” MChJga 60 tonna pomidor mahsulotini yetkazib berish, javobgar esa mahsulotlarni qabul qilib olish va kelishilgan narxda toʻlovlarni amalga oshirish majburiyatini olgan.
Daʼvogar tomonidan javobgarga 22674 tonna, yaʼni 2267400 soʻmlik pomidor mahsulotlari yetkazib berilgan boʻlsa-da, javobgar tomonidan toʻlovlar qisman amalga oshirilgan boʻlib, 1182600 soʻm qarz toʻlovlari toʻlanmagan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 236-moddasiga koʻra, majburiyatlar majburiyat shartlariga va qonun hujjatlari talablariga muvofiq, bunday shartlar va talablar boʻlmaganida esa — ish muomalasi odatlariga yoki odatda qoʻyiladigan boshqa talablarga muvofiq lozim darajada bajarilishi kerak.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 333-moddasiga koʻra, qarzdor aybi boʻlgan taqdirda majburiyatni bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi uchun, agar qonun hujjatlarida yoki shartnomada boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, javob beradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 263-moddasiga koʻra, neustoyka toʻlash taraflarning kelishuvida nazarda tutilgan yoki tutilmaganligidan qatʼi nazar, kreditor qonunda belgilangan neustoykani toʻlashni talab qilishga haqli.
“Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 32-moddasining ikkinchi qismiga koʻra, yetkazib berilgan tovarlar haqini oʻz vaqtida toʻlamaganlik uchun sotib oluvchi yetkazib beruvchiga oʻtkazib yuborilgan har bir kun uchun kechiktirilgan toʻlov summasining 0,4 foizi miqdorida, ammo kechiktirilgan toʻlov summasining 50 foizidan ortiq boʻlmagan miqdorda penya toʻlashi lozim.
Fuqarolik kodeksining 326-moddasiga koʻra, agar toʻlanishi lozim boʻlgan neustoyka kreditorning majburiyatini buzish oqibatlariga nomutanosibligi koʻrinib tursa, sud neustoykani kamaytirishga haqli. Bunda qarzdor majburiyatni qay darajada bajarganligi, majburiyatda ishtirok etayotgan taraflarning mulkiy ahvoli, shuningdek kreditorning manfaatlari eʼtiborga olinishi kerak. Sud alohida hollarda qarzdor va kreditorning manfaatlarini hisoba olib, kreditorga toʻlanishi lozim boʻlgan neustoykani kamaytirish huquqiga ega.
Qayd etilganlarga koʻra, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini qanoatlantirmasdan qoldirish lozim.
Ishni kassatsiya instansiyasi sudida koʻrish bilan bogʻliq boʻlgan sud xarajatlari “EAST AGRO INTERNATIONAL” MChJ tomonidan toʻlanganligi hisobga olinib, uning zimmasida qoldiriladi.
2010-yil 11-oktabr,
18-1003/15720-son
