Agar daʼvogarning daʼvodan voz kechishi, javobgarning daʼvoni tan olishi haqidagi taraflarning kelishuv bitimi qonun hujjatlariga xilof boʻlsa yoki boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatini buzsa, xoʻjalik sudi daʼvodan voz kechishni, daʼvoni tan olishni qabul qilmaydi, kelishuv bitimini tasdiqlamaydi (17-1007/2189-son)
26.07.2010
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
[Koʻchirma]
Chinobod qurilish kasb-hunar kolleji (bundan buyon matnda — Kasb-hunar kolleji) xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat etib, “Chinobod agrotex” MChJ shaklidagi mashina-traktor parki (bundan buyon matnda — “Chinobod agrotex” MTP)dan 313551 soʻm asosiy qarz va undan foydalanganlik uchun bank foizini undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilib, Kasb-hunar kolleji foydasiga “Chinobod agrotex” MTPdan 313551 soʻm asosiy qarz undirilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Kassatsiya shikoyatida sud qarorlarini bekor qilib, taraflar oʻrtasida tuzilgan kelishuv bitimini tasdiqlash soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birgalikda muhokama qilib, quyidagi asoslarga koʻra sud qarorlarini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, Kasb-hunar kolleji 2007-yil 5-sentabrdagi 21-sonli toʻlov topshiriqnomasi bilan avtomashina sotib olish maqsadida “Chinobod agrotex” MTP hisobiga 313551 soʻm oʻtkazib bergan. Ammo, taraflar oʻrtasida avtomashina oldi-sotdisi toʻgʻrisida yozma tarzda shartnoma tuzilmagan. “Chinobod agrotex” MTP tomonidan avtomashina berilmaganligi sababli Kasb-hunar kolleji sudga murojaat qilib, pul mablagʻini qaytarib undirishni soʻragan.
Ishni sudda koʻrish jarayonida taraflar oʻrtasida kelishuv bitimi tuzilib, unga koʻra shartnoma tuzilgan deb hisoblanishi va qarzdorlik evaziga “Chinobod agrotex” MTPga tegishli GAZ-5204 rusumli avtomashinani daʼvogarga berishi, daʼvogar esa uni qabul qilib olishi, asosiy qarz, bank foizi hamda sud xarajatlarini undirishdan voz kechishi lozim boʻlgan.
“Chinobod agrotex” MTPning 2007-yil 5-avgustdagi 6-sonli yigʻilish qarorining 10-qismida MTP balansidagi GAZ-5204 rusumli davlat raqami 17 AF 910 boʻlgan avtotransport davlat notarial idorasi tomonidan sotilishi va rasmiylashtirilishi qayd etilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi 40-moddasining toʻrtinchi qismiga koʻra, agar daʼvogarning daʼvodan voz kechishi, javobgarning daʼvoni tan olishi haqidagi taraflarning kelishuv bitimi qonun hujjatlariga xilof boʻlsa yoki boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatini buzsa, xoʻjalik sudi daʼvodan voz kechishni, daʼvoni tan olishni qabul qilmaydi, kelishuv bitimini tasdiqlamaydi. Bunday hollarda xoʻjalik sudi ishni mazmunan koʻradi.
Andijon shahar “IKKI MX” MChJ tomonidan 2007-yil 2-avgustda tuzilgan hisobotda “Chinobod agrotex” MTPga qarashli GAZ-5204 rusumli davlat belgisi 17 AF 910 hamda T-28x4 rusumli davlat belgisi 08-11 AJ transport vositalarining jami aniqlangan tugatish qiymati 671 895 soʻm miqdorida tavsiya etilgan.
Taraflar oʻrtasida tuzilgan kelishuv bitimidagi avtomashina 313551 soʻmga baholangan. Kelishuv bitimini tuzishda avtotransport vositasining hozirgi kundagi bozor bahosi aniqlanmagan. Avtotransport vositasining 313551 soʻmga daʼvogarga berilishi javobgar va uning taʼsischilari manfaatlarini buzishi mumkin.
Birinchi instansiya sudi taraflar oʻrtasida tuzilgan ushbu kelishuv bitimini tasdiqlamasdan, ishni mazmunan muhokama etib, taraflar oʻrtasida yozma shaklda shartnoma tuzilmaganligi, ish boʻyicha daʼvogar boʻlgan Kasb-hunar kolleji pul mablagʻini javobgarga asossiz oʻtkazib berganligi sababli toʻlov topshiriqnomasi asosida oʻtkazilgan 313551 soʻm pul mablagʻini daʼvogarga undirib, asosli xulosaga kelgan.
Apellatsiya instansiyasi sudi esa, hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirib, toʻgʻri xulosaga kelgan.
Yuqoridagilarni inobatga olib, sudlov hayʼati sud qarorlarini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirishni lozim topadi. Ishni kassatsiya instansiyasi sudida koʻrish bilan bogʻliq sud xarajatlari toʻlanganligi inobatga olinadi.
2010-yil 26-iyul,
17-1007/2189-son
