Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Toshkent oliy harbiy-texnika bilim yurti bazasida idoraviy oʻqotar qurol va maxsus vositalarni olib yurish hamda ulardan foydalanishga ruxsat berilgan tashkilotlar xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash kurslari toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (2740-son)
14.12.2015
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2015-yil 14-dekabrda 2740-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1991-yil 25-oktabrdagi 270-son “Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi haqida”gi qaroriga muvofiq, shuningdek idoraviy oʻqotar qurol va maxsus vositalarni olib yurish hamda ulardan foydalanishga ruxsat berilgan tashkilotlar xodimlarining jangovar xizmat, ijtimoiy-huquqiy, maʼnaviy-psixologik va jismoniy tayyorgarlik darajasini oshirish maqsadida buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Toshkent oliy harbiy-texnika bilim yurti bazasida idoraviy oʻqotar qurol va maxsus vositalarni olib yurish hamda ulardan foydalanishga ruxsat berilgan tashkilotlar xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash kurslari toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
Vazir A. AXMEDBAYEV
Toshkent sh.,
2015-yil 4-noyabr,
179-son
Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2015-yil 4-noyabrdagi 179-sonli buyrugʻiga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Toshkent oliy harbiy-texnika bilim yurti bazasida idoraviy oʻqotar qurol va maxsus vositalarni olib yurish hamda ulardan foydalanishga ruxsat berilgan tashkilotlar xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash kurslari toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1991-yil 25-oktabrdagi 270-son “Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi haqida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Toshkent oliy harbiy-texnika bilim yurti (bundan buyon matnda TOHTBYu deb yuritiladi) bazasida TOHTBYuning Malaka oshirish fakulteti tomonidan tashkilotlarning idoraviy oʻqotar qurol va maxsus vositalarni olib yurish hamda ulardan foydalanishga ruxsat berilgan xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash kurslarida oʻqitish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
qurol — tashkilotlar xodimlari tomonidan olib yurish va foydalanishga moʻljallangan idoraviy oʻqotar qurol;
maxsus vositalar — tashkilotlar xodimlari tomonidan olib yurish hamda foydalanishga moʻljallangan maxsus rezina tayoqlari va qoʻl kishanlari;
maxsus kurslar — tashkilotlarning qurol va maxsus vositalarni olib yurish hamda ulardan foydalanishga ruxsat berilgan xodimlarini TOHTBYu bazasida tayyorlash va qayta tayyorlash boʻyicha tashkil etiladigan nazariy va amaliy oʻquv mashgʻulotlari majmuasi;
tashkilot — oʻz faoliyati xususiyatiga koʻra qurol va maxsus vositalarga ega boʻlgan va ulardan foydalanadigan yuridik shaxs;
sertifikat — xodimning maxsus kurslardan muvaffaqiyatli oʻtganligini tasdiqlovchi hujjat;
xodimlar — tashkilotlarning lavozim majburiyatlari boʻyicha zimmasiga yuklatilgan xizmat vazifalarini bajarishda qurol va (yoki) maxsus vositalarni olib yuradigan hamda ulardan foydalanadigan xodimlari.
2. Maxsus kurslar (tayyorlash va qayta tayyorlash):
fuqarolarning hayoti va sogʻligʻini, mol-mulkni, qimmatbaho va xavfli yuklarni, maxsus pochtani qoʻriqlash, tabiat va tabiiy boyliklarni muhofaza qilish, shuningdek qurol va maxsus vositalar muomalasiga doir qonun hujjatlarining asosiy talablari;
qoʻriqlanadigan obyektlarni (kuzatilayotgan mol-mulklarni) qoʻriqlash, ularni jinoiy tajovuzlardan himoya qilish, qoʻriqlanadigan obyektlarda ruxsat berish va obyekt ichki rejimini taʼminlash, xizmat yoʻnalishlarida (postlarda) huquqbuzarliklarning oldini olish va ularga barham berish boʻyicha xizmat vazifalari, ularni bajarish shakllari va usullari;
qoʻriqlashning (mol-mulklarni kuzatishning) ilgʻor muhandislik-texnik vositalari va usullari, zamonaviy radio hamda simli aloqa vositalarining turlari va texnik tavsiflari, ulardan foydalanish va radioaloqani tashkillashtirish qoidalari;
uyushgan guruh, jinoiy uyushma, terrorchilik-qoʻporuvchilik guruhlari va ularning aʼzolari tomonidan qoʻllanilayotgan taktik usullar va ularning xususiyatlari, ular faoliyatini amalga oshirishda foydalaniladigan portlovchi qurilmalar, qurol-yarogʻlar, texnik va boshqa vositalar;
shaxslarni, ularning buyumlarini va transport vositalarini koʻzdan kechirishning ilgʻor muhandislik va maxsus texnik vositalari, ularning turlari, texnik tavsiflari hamda ulardan foydalanish tartibi;
tan jarohatlarining asosiy turlari boʻyicha birlamchi shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish koʻnikmalari;
foydalaniladigan qurol va maxsus vositalarning asosiy turlari hamda taktik va texnik tavsiflari, ularni saqlash, olib yurish va foydalanish tartibi, qurol bilan muomala qilishda xavfsizlik qoidalari, qurol va maxsus vositalarni qoʻllash va jismoniy kuch ishlatish usullari;
tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda hodisalar va vaziyatlarning oldini olish va ularni tugatishda hamda favqulodda hodisalar va vaziyatlarning oqibatlarini bartaraf etishda qatnashish, shuningdek qoʻriqlanayotgan obyektlarni (kuzatilayotgan mol-mulkni) terrorchilik-qoʻporuvchilik harakatlar sodir etilishidan, jinoiy tajovuzlardan ishonchli qoʻriqlashni tashkil etishda huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa davlat organlari, jamoatchilik vakillari bilan oʻzaro samarali hamkorlikni taʼminlash choralari boʻyicha nazariy va amaliy bilimlarni oʻrganish va mustahkam oʻzlashtirish maqsadida tashkil etiladi.
3. Tashkilotlarning idoraviy oʻqotar qurol hamda maxsus vositalarni olib yurish va ulardan foydalanishga ruxsat berilgan xodimlarini tayyorlash kurslari xodimlarning tashkilotlarda tashkil etilgan idoraviy jangovar xizmat, ijtimoiy-huquqiy, maʼnaviy-psixologik va jismoniy tayyorgarlik kurslarida oʻzlashtirgan boshlangʻich bilimlari, koʻnikmalari va tajribalarini yanada takomillashtirish, mustahkamlash va toʻldirish maqsadida tashkil etiladi.
4. Tashkilotlarning idoraviy oʻqotar qurol va maxsus vositalarni olib yurish hamda ulardan foydalanishga ruxsat berilgan xodimlarini qayta tayyorlash kurslari xodimlarning tayyorlash kurslarida olingan bilimlari, koʻnikmalari va tajribalarini tizimli chuqurlashtirish, kengaytirish va yangilash, shuningdek ularning ish faoliyati yoʻnalishlari boʻyicha zarur, yetarli hajmdagi yangi bilim va koʻnikmalarini shakllantirish hamda mustahkamlash maqsadida tashkil etiladi.
5. Xodimlarni qayta tayyorlash besh yilda kamida bir marta amalga oshiriladi.
6. Maxsus kurslarda oʻquv mashgʻulotlari Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan tasdiqlangan dasturlar asosida oʻtkaziladi.
7. Maxsus kurslarni tashkil etish va oʻqitish natijalarini tahlil qilib borish, ularni moddiy-texnika va uslubiy jihatdan taʼminlash TOHTBYu tomonidan amalga oshiriladi.
8. Maxsus kurslar ishlab chiqarishdan (ishdan) ajralgan holda, odatda, qatnab oʻqish shaklida TOHTBYu va tashkilot oʻrtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq pullik asosda amalga oshiriladi.
9. Xodimlarning maxsus kurslardan oʻtganligi ikkinchi taʼlim olish hisoblanmaydi.
10. TOHTBYuda oʻqish davrida xodimlarning asosiy ish joyi boʻyicha oʻrtacha ish haqi va egallab turgan lavozimi saqlanib qoladi.
11. Tashkilotlar qurol va maxsus vositalar biriktirilgan oʻz xodimlarini mazkur Nizomda belgilangan tartibda maxsus kurslardan oʻtishini taʼminlashi lozim.
Maxsus kurslarga yuborilgan xodimlar oʻquv mashgʻulotlarida ishtirok etishga, TOHTBYuning ichki tartib-qoidalariga rioya qilishga majburdir.
2-bob. Xodimlarni maxsus kurslarga yuborish
12. Qurol va maxsus vositalarni olib yurish hamda ulardan foydalanishga ruxsat berilgan lavozimlarga yangidan qabul qilingan xodimlar tashkilotlar tomonidan tayyorlash kurslarida oʻqitish uchun yuboriladi.
Xodimning tayyorgarlik darajasini tashkilot tomonidan tekshirish natijalari qoniqarsiz deb topilganda, ushbu xodim takroran tayyorlash kurslariga oʻqitish uchun yuboriladi.
13. Tashkilotlar tomonidan xodimlar quyidagi hollarda qayta tayyorlash kurslarida oʻqitish uchun yuborilishi lozim:
xodimga berilgan sertifikatning amal qilish muddati tugayotganda;
xodimning lavozim majburiyatlari oʻzgarganda (oddiy xodimlar tarkibidagi lavozimdan kichik va oʻrta boshliqlar tarkibidagi lavozimga yoxud kichik va oʻrta boshliqlar tarkibidagi lavozimdan katta boshliqlar tarkibidagi lavozimga oʻtkazilganda va hokazo).
14. Maxsus kurslarga tibbiy tekshiruvdan muvaffaqiyatli oʻtgan qurol va maxsus vositalar biriktirilgan xodimlar tashkilot rahbarining buyrugʻi bilan yuboriladi. Tayyorlash kurslariga yuborilayotgan xodimlar tashkilotlarda tashkil etilgan idoraviy jangovar xizmat, ijtimoiy-huquqiy, maʼnaviy-psixologik va jismoniy tayyorgarlik kurslaridan ham muvaffaqiyatli oʻtgan boʻlishi lozim.
15. Maxsus kurslarga yuborilayotgan xodimlarga tashkilot rahbarining imzosi va tashkilot muhri (muhr mavjud boʻlgan taqdirda) bilan tasdiqlangan maʼlumotnoma beriladi.
Ushbu maʼlumotnomada xodimning tashkilotda tashkil etilgan idoraviy kurslardan (tayyorlash kurslariga yuborilayotgan xodimlar uchun) va tibbiy tekshiruvdan oʻtgan sanalari hamda ularning natijalari koʻrsatilishi shart.
16. Keyingi yilda maxsus kurslarda oʻqitilishi lozim boʻlgan xodimlarning roʻyxati tashkilotlar tomonidan har yili 20-noyabrgacha mazkur Nizomning tegishlicha 1 va 2-ilovalariga muvofiq shaklda yuqori turuvchi tashkilotga yuboriladi. Yuqori turuvchi tashkiloti boʻlmagan taqdirda, roʻyxat tashkilot tomonidan har yili 1-dekabrgacha TOHTBYuga yuboriladi.
Roʻyxatni shakllantirishda keyingi yil davomida sertifikatining amal qilish muddati tugaydigan xodimlar hisobga olinadi.
17. Yuqori turuvchi tashkilotlar oʻz tizimiga kiruvchi tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan roʻyxatlarni umumlashtirib, har bir tashkilot hamda tayyorlash va qayta tayyorlash kurslarini alohida koʻrsatgan holda har yili 1-dekabrgacha TOHTBYuga yuboradi.
18. TOHTBYu boshligʻi har yili 20-dekabrgacha tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan roʻyxatlarga asosan xodimlarni keyingi yil uchun maxsus kurslarda oʻqitish jadvali va mashgʻulotlar jadvalini, oʻquv rejalarni tasdiqlash haqida buyruq chiqaradi.
Yil davomida xodimlarni oʻqitish zaruratiga hamda TOHTBYuning oʻqitish imkoniyatlariga qarab, tashkilotlardan qoʻshimcha ravishda taqdim etilgan roʻyxatlar asosida belgilangan tartibda maxsus kurslarga qoʻshimcha xodimlar qabul qilinishi mumkin.
Oʻquv rejalari va mashgʻulotlar jadvali haftalarga taqsimlangan holda ishlab chiqiladi.
19. Oʻquv guruhlari, qoidaga koʻra, yigirma besh kishidan iborat tarkibda shakllantiriladi. Oʻquv guruhlariga kiritilgan xodimlar soni barcha hollarda oʻn besh nafardan kam va oʻttiz nafardan koʻp boʻlmasligi lozim.
Oʻquv guruhlarini shakllantirishda, oʻquv reja va dasturlarini tayyorlashda, odatda, xodimlarning egallab turgan lavozimlari hisobga olinadi hamda ular bir nomli yoki turdosh lavozimlar uchun alohida-alohida tuziladi.
20. Buyruqda quyidagi maʼlumotlar boʻlishi shart:
maxsus kurs turi (tayyorlash, qayta tayyorlash alohida);
xodimni yuborayotgan tashkilotning nomi;
maxsus kurslarda oʻqigan xodimlarning familiyasi, ismi va otasining ismi;
guruh toifasi (katta boshliqlar, oʻrta va kichik boshliqlar, oddiy xodimlar tarkibi);
guruh raqami;
oʻquv mashgʻulotlarining boshlanish va tugallanish sanasi;
kurs boshliqlari va masʼul oʻqituvchilar.
21. Roʻyxatdagi maʼlumotlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish zarur boʻlganda, tashkilotlar tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalarni maxsus kurslarda oʻquv mashgʻulotlari boshlangunga qadar yuqori turuvchi tashkilotga, yuqori turuvchi tashkilot boʻlmagan taqdirda, TOHTBYuga yuboradi.
22. Oʻquv mashgʻulotlari guruhlarga boʻlingan holda oʻquv rejalari va mashgʻulotlar jadvali asosida olib boriladi.
23. Oʻquv mashgʻulotlari boshlanishidan kamida oʻttiz kun oldin TOHTBYu tomonidan roʻyxat taqdim etgan tashkilotlarga mazkur Nizomning 3-ilovasiga muvofiq shaklda tayyorlash va qayta tayyorlash kurslari alohida koʻrsatilgan holda bildirishnoma yuboriladi.
24. Xodimlar bildirishnomada koʻrsatilgan muddatda shaxsini tasdiqlovchi hujjati (pasporti yoki uning oʻrnini bosuvchi hujjati), 3 x 4 sm oʻlchamdagi toʻrt dona rangli fotosurati hamda tashkilot tomonidan berilgan maʼlumotnoma bilan birga TOHTBYuga yetib kelishlari lozim.
Tashkilot rahbari bildirishnomada koʻrsatilgan xodimlarning belgilangan muddatda TOHTBYuga yetib kelishi uchun masʼuldir.
3-bob. Maxsus kurslar ishini tashkil etish
25. Tayyorlash kurslarining umumiy davomiyligi ikki yarim hafta (toʻqson soat), qayta tayyorlash kurslarining umumiy davomiyligi esa, ikki hafta (yetmish ikki soat) etib belgilanadi. Bunda maxsus kurslarda oʻquv yuklamasining eng koʻp hajmi bir haftada oʻttiz olti (ellik toʻrt akademik) soatni, auditoriya mashgʻulotlarining eng koʻp hajmi esa, yigirma toʻrt (oʻttiz olti akademik) soatni tashkil qiladi.
Auditoriya mashgʻulotlari uchun sakson daqiqa davom etadigan dars juftligi belgilanadi.
26. Oʻquv mashgʻulotlari TOHTBYuning oʻqituvchilari tomonidan oʻtkaziladi. Oʻquv mashgʻulotlarini oʻtkazish uchun, zarur hollarda, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining boshqa oliy taʼlim muassasalari va boʻlinmalarining, shuningdek boshqa tashkilotlarning yuqori malakali pedagogik xodimlari va mutaxassislari kelishuv asosida jalb etilishi mumkin.
27. Oʻquv mashgʻulotlari maʼruza, amaliy mashgʻulot, seminar, tajriba almashish, trening, interfaol, umumqoʻshin, jismoniy tayyorgarlik va marsh yurish tayyorgarligi va boshqa shakllarda oʻtkaziladi. Tegishli oʻquv mavzulari ixtisoslashtirilgan modellashtirish va simulatsiya, axborot resurs markazlari va internet sinflarida olib boriladi.
Oʻquv mashgʻulotlari davomida xodimlarga nazorat topshiriqlari (test, yozma ish va hokazo) beriladi.
28. Xodimlar TOHTBYu imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda tuzilgan shartnoma shartlariga asosan oʻqish davrida TOHTBYuning kursantlar turar joyidan vaqtinchalik turar joy (yotoqxona) bilan taʼminlanishi mumkin.
TOHTBYuning kursantlar turar joyida yashovchi xodimlar bilan har kuni ertalab badantarbiya mashgʻulotlari oʻtkaziladi.
29. Qurol va maxsus vositalar bilan muomala qilish boʻyicha mashgʻulotlar TOHTBYuga tegishli boʻlgan qurol, oʻq-dorilar va maxsus vositalar bilan amalga oshiriladi. Quroldan oʻq otishni oʻrgatish mashgʻulotlari (oʻquv-otish mashqlari) TOHTBYuning panormali oʻqotish trenajeri va oʻqotish tirida oʻtkaziladi.
Oʻqotish tiridagi oʻquv-otish mashqlari TOHTBYu boshligʻi tomonidan ushbu mashqlar uchun masʼul xodimlar (oʻq otish mashgʻuloti rahbari, navbatchi shifokor, qurshov guruhi) tayinlangandan soʻng oʻtkaziladi. Oʻqotish tiridagi oʻquv-otish mashqlarini amaliy bajarishga faqat oʻquv-otish mashqlarining shartlari va xavfsizlik qoidalariga oid bilim va koʻnikmalar boʻyicha oʻtkazilgan nazorat sinovlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan xodimlarga ruxsat beriladi.
30. Haftaning dushanba kuni oʻquv mashgʻulotlari boshlanishidan oldin 30 daqiqa davomida xodimlar bilan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkaziladi. Maxsus kurslarda oʻqitish davomida xodimlarning olgan bilimlarini mashgʻulotlardan boʻsh vaqtlarda mustahkamlashga qaratilgan fakultativ va mustaqil tayyorgarlik darslari, shuningdek ular bilan ommaviy-sport va madaniy-maʼrifiy tadbirlar amalga oshiriladi.
31. Kurs boshliqlari va masʼul oʻqituvchilar tomonidan amaliy mashgʻulotlar oʻtkazilishidan oldin xodimlarga xavfsizlik qoidalari boʻyicha yoʻl-yoʻriqlar beriladi, shuningdek yongʻin va boshqa baxtsiz hodisalarning (avariya, tan jarohati olish va hokazo) oldini olishga qaratilgan zarur chora-tadbirlar koʻriladi.
32. Oʻquv mashgʻulotlari jarayonida xodimlarning darslarga qatnashish davomati, mashgʻulot oʻtkazilgan sana, mashgʻulot mavzusi, dars soatlari miqdori, nazorat topshiriqlari natijalari hisobi yuritiladi.
33. Kurs boshliqlari va masʼul oʻqituvchilar tomonidan xodimlarning TOHTBYuning ichki-tartib qoidalariga amal qilishi va oʻquv mashgʻulotlarida ishtirok etishi, shuningdek TOHTBYuning kursantlar turar joyida yashayotgan xodimlarning kundalik hayot tarzi ustidan doimiy nazorat qilib borilishi lozim.
4-bob. Imtihonlarni tashkil etish va oʻtkazish
34. Xodimlar maxsus kurslarni toʻliq tamomlagan kundan eʼtiboran bir ish kuni ichida jangovar xizmat, jismoniy va oʻqotish tayyorgarligi boʻyicha imtihonlardan oʻtkaziladi.
35. Imtihonlarni oʻtkazish uchun kamida besh kishidan iborat tarkibda komissiya tuziladi. Imtihon komissiyasining raisi, tarkibi va ishlash tartibi TOHTBYu boshligʻining buyrugʻi bilan belgilanadi.
Komissiya tarkibiga Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining boshqa oliy taʼlim muassasalari va boʻlinmalarining, shuningdek boshqa tashkilotlarning yuqori malakali pedagogik xodimlari va mutaxassislari kelishuv asosida kiritilishi mumkin.
Xodimni maxsus kurslarda oʻqish uchun yuborgan tashkilot vakili imtihon jarayonida, shuningdek imtihonlarni qayta topshirish vaqtida kuzatuvchi sifatida ishtirok etishi mumkin.
36. Imtihon topshiriqlari maxsus kurslar dasturlariga muvofiq tuziladi. Imtihon natijalari 100 ballik tizimda baholanadi. Imtihon natijalari boʻyicha belgilangan eng yuqori ballning kamida yetmish foizini toʻplagan xodimlar imtihondan oʻtgan hisoblanadi.
37. Imtihondan oʻta olmagan xodimlar TOHTBYu boshligʻining buyrugʻiga asosan bir ish kuni ichida imtihonni qayta topshirish huquqiga ega.
Qayta topshirish natijalariga koʻra imtihondan oʻta olmagan xodimlar tashkilotlar tomonidan imtihon oʻtkazilgan kundan boshlab kamida ikki oydan soʻng maxsus kurslarda oʻqitish uchun takroran yuboriladi.
38. Xodim imtihonlarda uzrli sabablarga koʻra (ogʻir kasalligi, favqulodda holatlar (yaqin qarindoshining vafot etganligi yoki uning oilasiga jiddiy moddiy (maʼnaviy) zarar yetkazgan voqea va shu kabi boshqa holatlar) ishtirok etmagan taqdirda, ushbu xodim uchun imtihonlar muddati TOHTBYu boshligʻining buyrugʻiga asosan boshqa muddatda koʻchiriladi. Bunda xodim tomonidan uzrli holat yuz berganligini tasdiqlovchi hujjat va maxsus kurslarda oʻqish uchun yuborgan tashkilot rahbarining maʼlumotnomasi taqdim etilishi kerak.
39. Imtihonlar natijalari imtihon oʻtkazilgan kuni komissiyaning barcha aʼzolari tomonidan imzolangan bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi va xodimlarga eʼlon qilinadi.
5-bob. Maxsus kurslarni tamomlaganlik toʻgʻrisidagi hujjatlar
40. Imtihon komissiyasi bayonnomasiga asosan bir ish kuni ichida imtihonlardan muvaffaqiyatli oʻtgan xodimlarga sertifikat, imtihonlardan oʻta olmagan xodimlarga esa, ular maxsus kurslarni tamomlaganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma beriladi. Sertifikat va maʼlumotnomalar TOHTBYu boshligʻi tomonidan imzolanadi.
41. Sertifikat besh yil muddatga beriladi. Sertifikatlar qatʼiy hisobda turadigan hujjatlar hisoblanadigan, hisobga olish seriyasiga, tartib raqamiga va himoyalanganlik darajasiga ega boʻlgan maxsus blankalarda rasmiylashtiriladi hamda TOHTBYuda maxsus kurslar turi boʻyicha yuritiladigan tegishli reyestrda hisobga olinadi. Sertifikatlar xodimlarga reyestrga imzo qoʻydirgan holda beriladi.
42. Reyestrda quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
maxsus kurslar turi — tayyorlash, qayta tayyorlash;
maxsus kurslarda oʻqigan va sertifikat olgan xodimlarning familiyasi, ismi, otasining ismi;
xodimni yuborgan tashkilotning nomi, tashkiliy-huquqiy shakli, pochta, jumladan elektron pochta manzili, telefoni;
sertifikat berish uchun asos boʻlgan komissiya bayonnomasining sanasi va raqami;
sertifikatning seriyasi va tartib raqami;
sertifikatning amal qilish muddati;
sertifikat dublikatini berishning asosi va sanasi.
43. Reyestr yuritish, unga oʻz vaqtida tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, sertifikatlar blanklari hisobini yuritish, saqlash va maqsadli ishlatish uchun TOHBTYu boshligʻining buyrugʻi bilan masʼul shaxs biriktiriladi.
44. Yoʻqolgan yoki yaroqsiz holga kelgan amal qilish muddati tugamagan sertifikat oʻrniga tashkilotning murojaatiga asosan, murojaat kelib tushgan kundan eʼtiboran besh kun ichida sertifikatning avvalgi hisobga olish seriyasi va tartib raqami hamda amal qilish muddati koʻrsatilgan holda uning dublikati rasmiylashtirib beriladi. Sertifikat dublikatining yuqori oʻng burchagiga “Dublikat” degan yozuv kiritiladi.
45. Yoʻqolgan yoki yaroqsiz holga kelgan amal qilish muddati tugamagan sertifikatning asl nusxasi topilganda, xodim sertifikatni darhol tashkilotga topshirishi va uch kun ichida tashkilot tomonidan TOHBTYuga yuborilishi kerak.
6-bob. Yakuniy qoidalar
46. Xodim quyidagi hollarda maxsus kurslardan chetlashtiriladi:
oʻquv intizomini va TOHBTYuning ichki tartib-qoidalarini buzganda;
belgilangan oʻquv mashgʻulotlarining oʻn foizidan ortiq qismini uzrli sabablarsiz qoldirganda;
xodim sudning qonuniy kuchga kirgan hukmiga asosan ozodlikdan mahrum etilganda;
xodim vafot etganda.
47. Xodimni maxsus kurslardan chetlashtirish TOHBTYu boshligʻining buyrugʻi bilan rasmiylashtiriladi. Mazkur buyruqda chetlashtirish sababi va asoslari koʻrsatiladi.
Ushbu buyruqdan koʻchirma bir ish kuni ichida xodimni yuborgan tashkilotga yuboriladi.
48. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi, Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi, “Oʻzdavzaxira” qoʻmitasi, Markaziy bank, “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ, “Oʻzkimyosanoat” AJ, “Oʻzbekenergo” AJ, “Oʻzdonmahsulot” AK, “Oʻzeltexsanoat” AK, “Oʻzbekneftegaz” MXK, “Oʻzvinosanoatxolding” XK, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” DK, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ bilan kelishilgan.
Qishloq va suv xoʻjaligi vaziri Sh. TEShAYEV
2015-yil 19-oktabr
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri X. MIRZAXIDOV
2015-yil 19-oktabr
Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi raisi I. TURAMURATOV
2015-yil 20-oktabr
Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi raisi B. ABDUSAMATOV
2015-yil 20-oktabr
“Oʻzdavzaxira” qoʻmitasi raisi J. KADIROV
2015-yil 21-oktabr
Markaziy bank raisi F. MULLAJONOV
2015-yil 22-oktabr
“Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK bosh direktori V. TYAN
2015-yil 23-oktabr
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruvi raisi A. RAMATOV
2015-yil 26-oktabr
“Oʻzkimyosanoat” AJ boshqaruvi raisi N. IBRAGIMOV
2015-yil 26-oktabr
“Oʻzbekenergo” AJ boshqaruvi raisi I. BASIDOV
2015-yil 27-oktabr
“Oʻzdonmahsulot” AK boshqaruvi raisi E. KUDRATOV
2015-yil 27-oktabr
“Oʻzeltexsanoat” AK raisi E. IMINOV
2015-yil 28-oktabr
“Oʻzbekneftegaz” MXK boshqaruvi raisi A. SULTANOV
2015-yil 28-oktabr
“Oʻzvinosanoat-xolding” XK boshqaruvi raisi Sh. RAXIMOV
2015-yil 29-oktabr
“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” DK bosh direktori Q. SANAQULOV
2015-yil 30-oktabr
“Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ bosh direktori A. FARMANOV
2015-yil 2-noyabr
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Toshkent oliy harbiy-texnika bilim yurti bazasida idoraviy oʻqotar qurol va maxsus vositalarni olib yurish hamda ulardan foydalanishga ruxsat berilgan tashkilotlar xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash kurslari toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Toshkent oliy harbiy-texnika bilim yurti bazasida idoraviy oʻqotar qurol va maxsus vositalarni olib yurish hamda ulardan foydalanishga ruxsat berilgan tashkilotlar xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash kurslari toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Toshkent oliy harbiy-texnika bilim yurti bazasida idoraviy oʻqotar qurol va maxsus vositalarni olib yurish hamda ulardan foydalanishga ruxsat berilgan tashkilotlar xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash kurslari toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 50-son, 629-modda)
