Gʻayriqonuniy harakat (harakatsizlik) tufayli fuqaroning shaxsiga yoki mol-mulkiga yetkazilgan zarar, shuningdek yuridik shaxsga yetkazilgan zarar, shu jumladan boy berilgan foyda zararni yetkazgan shaxs tomonidan toʻliq hajmda qoplanishi lozim (10-0917/16126-son)
02.08.2010
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
[Koʻchirma]
Daʼvogar — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat aksiyadorlik kompaniyasi xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi “Dehqonsavdo” tashqi savdo birlashmasidan 40177177,89 soʻm zarar va 2008888,90 soʻm penya undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvogarning daʼvo talablari qisman qanoatlantirilib, daʼvogar foydasiga 40177777,89 soʻm zarar va 408978 soʻm sud xarajati undirilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Kassatsiya shikoyatida sud qarorlarini bekor qilib, daʼvoni rad etish soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni muhokama qilib, ishdagi hujjatlarni oʻrganib chiqib, quyidagilarga koʻra sud qarorlarini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
Ishdagi hujjatlardan koʻrinishicha, 2008-yil 12-avgustda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat aksiyadorlik kompaniyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi “Dehqonsavdo” tashqi savdo birlashmasi oʻrtasida Polsha davlatidan 100 (yuz) bosh yirik shoxli naslli qoramollarning har birini 2350 yevrodan, jami — 235000 yevroga olib kelib berish toʻgʻrisida 04-sonli komissiya shartnomasi tuzilgan.
Mazkur shartnomaning 4.1-bandiga koʻra 2008-yil 8-sentabrdagi 3066-sonli toʻlov topshiriqnomasi bilan belgilangan 502222218,45 soʻm toʻlovlar daʼvogar — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan javobgar — Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi “Dehqonsavdo” tashqi savdo birlashmasining hisob raqamiga oʻtkazilgan.
Javobgar tomonidan shartnomada koʻrsatilgan 100 bosh yirik shoxli naslli qoramollar oʻrniga jami 92 bosh yirik shoxli naslli qoramollar topshirilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi “Dehqonsavdo” tashqi savdo birlashmasi tomonidan olib kelingan qoramollardan karantin vaqtiga yetib kelmasdan oldin, yoʻlda 1 bosh qoramol majburiy soʻyilgan va karantin davrida 7 bosh qoramol Surxondaryo viloyat Qishloq va suv xoʻjaligi boshqarmasi viloyat veterinariya laboratoriyasining 2008-yil 24-noyabrdagi 55-sonli, 2008-yil 25-noyabrdagi 56-sonli, 2008-yil 28-noyabrdagi 57 va 58-sonli, 2008-yil 2-dekabrdagi 59-sonli, 2008-yil 10-dekabrdagi 60-sonli, 2008-yil 13-dekabrdagi 61-sonli ekspertiza xulosalariga va tuzilgan dalolatnomalarga koʻra “tashish davrida transportda olgan jarohatlari” oqibatida majburan soʻyilgan. Goʻshtning isteʼmolga yaroqli qismi sotilgan va sotuvdan tushgan pullar javobgarga kirim qilingan.
Karantin muddati tugagandan keyin 92 bosh qoramol qabul qilinganligiga va bu haqda tegishli hujjatlar rasmiylashtirilishiga qaramasdan, 2008-yil 18-noyabrdagi 11/11-sonli hisob-faktura va 2008-yil 11-dekabrda qoramollarni qabul qilish toʻgʻrisida dalolatnoma tuzilgan. Mazkur dalolatnomada “Navroʻz naslchilik” xoʻjaligi ferma mudiri haqiqatda 92 bosh qoramolni qabul qilganligi qayd etilgan.
Javobgar tomonidan shartnoma shartlari lozim darajada bajarilmagan, chunki qoramollarning bir qismi transportda tashish davrida jarohat olgan va natijada 8 bosh qoramol majburan soʻyilgan. Oqibatda rasmiy hujjatlar bilan haqiqatda bor mollarni qabul qilish dalolatnomasi solishtirilganda daʼvogarga shartnoma boʻyicha yetkazib berilmagan 8 bosh yirik shoxli naslli qoramol summasi — 40177777,89 soʻm miqdorida zarar yetkazilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 985-moddasiga asosan gʻayriqonuniy harakat (harakatsizlik) tufayli fuqaroning shaxsiga yoki mol-mulkiga yetkazilgan zarar, shuningdek yuridik shaxsga yetkazilgan zarar, shu jumladan boy berilgan foyda zararni yetkazgan shaxs tomonidan toʻliq hajmda qoplanishi lozim.
Fuqarolik kodeksining 333-moddasiga koʻra, qarzdor aybi boʻlgan taqdirda majburiyatni bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi uchun, agar qonun hujjatlarida yoki shartnomada boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, javob beradi.
Qayd etilganlarga asosan, apellatsiya instansiyasi sudi qarorini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini qanoatlantirmasdan qoldirish lozim.
Ishni kassatsiya instansiyasi sudida koʻrish bilan bogʻliq boʻlgan sud xarajatlari Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi “Dehqonsavdo” tashqi savdo birlashmasi tomonidan toʻlanganligi hisobga olinib, uning zimmasida qoldiriladi.
2010-yil 2-avgust,
10-0917/16126-son
