Moddiy huquq normalarining notoʻgʻri qoʻllanilganligi hal qiluv qarorini bekor qilishga asos boʻladi (19-0709-12824-son)
21.10.2008
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
[Koʻchirma]
Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash Davlat qoʻmitasi Surxondaryo viloyat hududiy boshqarmasi “Denov qurilish” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga nisbatan xoʻjalik sudiga murojaat qilib, 15119397 soʻm asossiz olingan daromadni undirishni, asossiz daromadning 20 foizi miqdorida — 3023879 soʻm hamda eng kam ish haqining yuz baravari miqdorida — 1863000 soʻm jarima qoʻllashni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining 2008-yil 22-yanvardagi hal qiluv qarori bilan daʼvo qanoatlantirilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining 2008-yil 23-apreldagi qarori bilan hal qiluv qarori bekor qilinib, ish yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborilgan.
Birinchi instansiya sudining 2008-yil 5-iyundagi hal qiluv qarori bilan daʼvo rad etilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining 2008-yil 6-avgustdagi qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Kassatsiya shikoyatida sud qarorlarini bekor qilib, daʼvoni qanoatlantirish, kassatsiya protestida esa sud qarorlarini bekor qilib, ishni yangidan koʻrishga yuborish soʻralgan.
Sudlov hayʼati shikoyat vajlarini muhokama qilib, ishdagi hujjatlarni oʻrganib chiqib, quyidagilarga koʻra sud qarorlarini bekor qilib, daʼvoni qisman qanoatlantirishni lozim topadi.
Ishdagi hujjatlarga koʻra, Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika Kengashining 2006-yil 29-dekabrdagi 4/1-G-son qarori bilan tasdiqlangan reja-jadvaliga hamda Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash Davlat qoʻmitasi Surxondaryo viloyat hududiy boshqarmasining 2007-yil 20-avgustdagi 86-A/F-son buyrugʻiga muvofiq markazlashtirilgan manbalar hisobidan qurilayotgan bino va inshootlarda shartnomaviy-joriy narxlarning koʻllanilishi yuzasidan “Denov qurilish” masʼuliyati cheklangan jamiyatida tekshirish oʻtkazilgan. Tekshirishda bajarilgan qurilish-montaj ishlari boʻyicha jamiyat tomonidan 15119397 soʻmlik noqonuniy daromad olinganligi aniqlangan va bu haqda 2007-yil 30-avgustda dalolatnoma tuzilgan.
Tekshirishda aniqlangan holatlar yuzasidan 2007-yil 13-sentabrda Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash Davlat qoʻmitasi Surxondaryo viloyat hududiy boshqarmasining 03-2/34-sonli qarori qabul qilinib, jamiyat tomonidan bajarilgan qurilish-montaj ishlari boʻyicha 15 119 397 soʻmlik noqonuniy daromad olinganligi tasdiqlanib, jamiyatga ushbu mablagʻlarni tegishli hisobvaraqlarga qaytarish toʻgʻrisida koʻrsatma berilgan.
“Denov qurilish” masʼuliyati cheklangan jamiyati esa ushbu pul mablagʻlarini qaytarmasdan kelgan.
Shu sababli daʼvogar jamiyat hisobidan 15119397 soʻm asossiz daromadni undirishni hamda jamiyatga 3023879 soʻm va eng kam ish haqining yuz baravari — 1863000 soʻm jarima qoʻllashni soʻragan.
Birinchi instansiya sudi buyurtmachi Surxondaryo viloyat Yagona buyurtmachi injiniring kompaniyasi asossiz olingan pul mablagʻlarini qaytarish haqida daʼvo bermaganligini asos qilib, daʼvoni rad etish toʻgʻrisida notoʻgʻri xulosaga kelgan.
Chunki, maktab va kasb-hunar kollejlari qurilishi davlat budjetidan moliyalashtirilgan, shu sababli qurilishda tejalgan mablagʻlar budjetga qaytarilishi lozim.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 31-martdagi 165-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Narxlar (tariflar)ni shakllantirish va ularning qoʻllanishini nazorat qilish” Tartibining 22-bandiga koʻra ushbu Tartibni buzish natijasida olingan mablagʻlar (mahsulotlar (tovarlar va xizmatlar)ning deklaratsiya qilinmagan narxini qoʻllashdan olingan tafovutdan tashqari) isteʼmolchilarga qaytariladi yoxud isteʼmolchilarni aniqlash mumkin boʻlmagan taqdirda Moliya vazirligining budjetdan tashqari “Narxlarni boshqarish jamgʻarmasi” hisob raqamiga undirib olinadi.
Mazkur Tartibning 28-bandida ushbu Tartibning buzilganligini mustaqil ravishda aniqlagan va buning natijasida ortiqcha summa olgan xoʻjalik yurituvchi subyekt ularni isteʼmolchilarga qaytarilishi yoxud isteʼmolchilarni aniqlash mumkin boʻlmagan taqdirda Moliya vazirligining budjetidan tashqari “Narxlarni boshqarish jamgʻarmasi” hisob raqamiga yoki tegishli budjetga oʻtkazilishi, bu holda jarima qoʻllanilishi, ushbu Tartibning buzilganligi monopoliyaga qarshi organ tomonidan aniqlangan taqdirda 10 foizdan 20 foizgacha miqdorda jarima qoʻllanishi, xuddi shunday buzilish jarima qoʻllangandan keyin bir yil mobaynida takroran aniqlangan taqdirda ushbu Tartibning 22-bandi birinchi va ikkinchi xatboshilariga muvofiq qaytariladigan (olib qoʻyiladigan) summaning 20 foizidan 50 foizigacha miqdorda jarima qoʻllanishi belgilangan.
“Tovar bozorlarida monopolistik faoliyatni cheklash haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 18-moddasining birinchi qismiga asosan monopoliyaga qarshi qonun hujjatlari buzilishlarini tugatish, dastlabki holatni tiklash, shartnomalarni bekor qilish yoki oʻzgartirish toʻgʻrisidagi koʻrsatmalarni bajarishdan boʻyin tovlaganlik yoki oʻz vaqtida bajarmaganlik uchun davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlariga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga va yuridik shaxs boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarga — eng kam ish haqining yetmish baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima qoʻllaniladi. Ammo amaldagi qonun hujjatlarida asossiz undirilgan pul mablagʻlarini qaytarish haqidagi koʻrsatmani bajarmaganlik uchun jarima qoʻllash haqida normalar mavjud emas.
Shuning uchun daʼvogarning javobgarga eng kam ish haqining yuz baravari miqdorida jarima qoʻllash haqidagi talabi rad etilishi lozim.
Qayd etilganlarga koʻra, sudlov hayʼati sud qarorlarini bekor qilib, javobgardan asossiz olingan daromadni undirish hamda unga asossiz olingan daromadning 10 foizi miqdorida jarima qoʻllash haqida yangi qaror qabul qilishni lozim topadi.
Ishni koʻrish bilan bogʻliq 674 988 soʻm davlat boji “Denov qurilish” masʼuliyati cheklangan jamiyati zimmasiga yuklanadi. Ishni koʻrish uchun toʻlangan 17 500 soʻm pochta xarajatlari “Denov qurilish” masʼuliyati cheklangan jamiyatidan Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash Davlat qoʻmitasi Surxondaryo viloyat hududiy boshqarmasiga undiriladi.
2008-yil 21-oktabr,
19-0709-12824-son
