Pudratchi qurilish va u bilan bogʻliq boʻlgan ishlarni ishning hajmi, mazmuni va ularga qoʻyiladigan boshqa talablarni belgilaydigan loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq amalga oshirishi shart (11-0809/24005-son)
06.07.2009
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
[Koʻchirma]
Toshkent shahar adliya boshqarmasi “INJENIRING BIZNES” shuʼba korxonasining manfaatida xoʻjalik sudiga murojaat qilib, “O`ZGARISH QURILISH MATERIALLARI KOMBINATI” MChJdan 24496871 soʻm asosiy qarz, 2449687 soʻm penya undirishni soʻragan.
“O`ZGARISH QURILISH MATERIALLARI KOMBINATI” MChJ xoʻjalik sudiga qarshi daʼvo arizasi taqdim etib, “INJENIRING BIZNES” shuʼba korxonasidan 8604388 soʻm asosiy qarz, 1613025 soʻm penya, 1290658 soʻm jarima, jami — 11508071 soʻm undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining 2009-yil 13-yanvardagi hal qiluv qarori va 2009-yil 14-yanvardagi qoʻshimcha hal qiluv qarori bilan “INJENIRING BIZNES” shuʼba korxonasiga “O`ZGARISH QURILISH MATERIALLARI KOMBINATI” MChJdan 24496871 soʻm asosiy qarz, 734906 soʻm penya undirilgan. Javobgarning qarshi daʼvo arizasi rad etilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining 2009-yil 14-apreldagi qarori bilan hal qiluv qarori va qoʻshimcha hal qiluv qarori oʻzgartirilib, javobgarning qarshi daʼvo talablari qisman qanoatlantirilgan. “INJENIRING BIZNES” shuʼba korxonasiga “O`ZGARISH QURILISH MATERIALLARI KOMBINATI” MChJdan 2197731 soʻm asosiy qarz undirilgan, Toshkent shahar adliya boshqarmasining daʼvosi rad etilgan.
Kassatsiya shikoyatida sudning 2009-yil 14-apreldagi qarorini bekor qilish va 2009-yil 13-yanvardagi hal qiluv qarorini kuchda qoldirish soʻralgan.
Sudlov hayʼati shikoyat vajlarini muhokama qilib, ish hujjatlarini oʻrganib chiqib, quyidagilarga koʻra sud qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan aniqlanishicha, yordamchi pudratchi “INJENIRING BIZNES” shuʼba korxonasi bilan bosh pudratchi “O`ZGARISH QURILISH MATERIALLARI KOMBINATI” MChJ oʻrtasida 2008-yil 9-yanvarda tuzilgan 1-sonli pudrat shartnomasiga asosan yordamchi pudratchi Jahon tillari universiteti qoshidagi Akademik litsey obyektining kanalizatsiya tarmogʻiga kanalizatsiya trubalarini oʻtkazish boʻyicha 110,0 mln soʻmlik ishlarni bajarish majburiyatini olgan.
Shartnoma shartlariga asosan bosh pudratchi yordamchi pudratchiga oldindan 23750000 soʻm avans pulini oʻtkazgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 670-moddasiga koʻra, pudratchi qurilish va u bilan bogʻliq boʻlgan ishlarni ishning hajmi, mazmuni va ularga qoʻyiladigan boshqa talablarni belgilaydigan loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq amalga oshirishi shart. Qurilish pudrati shartnomasida boshqa koʻrsatmalar boʻlmasa, pudratchi loyiha-smeta hujjatlarida koʻrsatilgan hamma ishlarni bajarishi shart, deb taxmin qilinadi. Qurilish pudrati shartnomasida loyiha-smeta hujjatlarining tarkibi va mazmuni aniqlangan, shuningdek qaysi taraf va qancha muddatda tegishli hujjatlarni taqdim qilishi lozimligi nazarda tutilgan boʻlishi kerak.
Taraflar oʻrtasida tuzilgan shartnomaning 2.1-bandida yordamchi pudratchi tomonidan 110 mln soʻmlik ishlar bajarilishi lozimligi belgilangan. Biroq, ish hujjatlarida taraflar oʻrtasida yordamchi pudratchi tomonidan bajarilishi lozim boʻlgan ishlar uchun tasdiqlangan smeta hujjatlari mavjud emas. Yordamchi pudratchi tomonidan tayyorlangan “resursnaya vedomost” esa bosh pudratchi bilan kelishilmagan.
Shartnomaning 2.6-bandida bosh pudratchi tomonidan toʻla bajarilgan kanalizatsiya ishlari uchun toʻlovlar yordamchi pudratchi tomonidan shartnoma boʻyicha barcha ishlar toʻla bajarilib, litsey obyekti avval buyurtmachiga, keyin Davlat komissiyasiga topshirilib, buyurtmachi tomonidan pul toʻlangandan keyin, bosh pudratchi tomonidan qolgan pullar yordamchi pudratchiga toʻlanishi lozimligi belgilangan.
Shartnomaning shartlari boʻyicha bajarilgan ishlar bosh pudratchi tomonidan topshirish-qabul qilish dalolatnomasi imzolangandan soʻng bajarilgan deb hisoblanishi belgilangan.
Garchi, “INJENIRING BIZNES” shuʼba korxonasi qurilish obyektida kanalizatsiya tarmogʻi boʻyicha oyma-oy bajarilgan kanalizatsiya trubalarini oʻtkazish ishlari yuzasidan bosh pudratchiga qiymati 48246876 soʻmlik ishlar bajarilganligi toʻgʻrisida dalolatnomalar takdim etgan boʻlsa-da, yordamchi pudratchi tomonidan bajarilgan ishlar pozitsiyalari toʻla koʻrsatilgan yakuniy topshirish-qabul qilish dalolatnomasi asosida bosh pudratchiga topshirilmagan.
Shunday boʻlsa-da, daʼvogar bosh pudratchi tomonidan bajarilgan ishlari uchun 24496871 soʻm qarz summasi toʻlanmagan deb hisoblab, undan shuncha miqdorda asosiy qarz va 2449871 soʻm penya undirishni soʻragan.
Javobgar esa, buyurtmachining vakili ishtirokida nazorat oʻlchovi oʻtkazilganda haqiqatda daʼvogar koʻrsatgan summadagi kanalizatsiya trubalarini oʻtkazish ishlari bajarilmaganligini asos qilib, qarshi daʼvo arizasini taqdim etgan.
Yordamchi pudratchi tomonidan bajarilgan ishlarning hajmi buyurtmachining vakili ishtirokida nazorat oʻlchovidan oʻtkazilib, qabul qilib olish uchun bosh pudratchi “INJENIRING BIZNES” shoʻba korxonasi rahbariyatiga murojaat qilingan. Ammo yordamchi pudratchi murojaatni inobatga olmaganligi bois bosh pudratchi tomonidan komissiya tuzilib, nazorat oʻlchovi oʻtkazilganida bajarilgan kanalizatsiya trubalarini oʻtkazish ishlarining qiymati 21552269 soʻmni tashkil qilishi aniqlangan.
Buyurtmachi — Akademik litseylar qurish Respublika injiniring kompaniyasi tomonidan obyektda bajarilgan qurilish ishlari, shu jumladan kanalizatsiya va vodoprovod ishlari tegishli tarzda hech qanday eʼtirozlarsiz qabul qilib olingan.
Ishdagi dalillarga koʻra, “INJENIRING BIZNES” shuʼba korxonasiga bosh pudratchi tomonidan oldindan 23750000 soʻm avans toʻlangan. Yordamchi pudratchi esa, 21552269 soʻmlik kanalizatsiya trubalarini oʻtkazish ishlarini bajargan. Dyemak, uning bosh pudratchidan qarzi 2197731 soʻmni tashkil qiladi.
Koʻrinib turibdiki, yordamchi pudratchi tomonidan shartnomada koʻrsatilgan hajmdagi pudrat ishlari bajarilmagan. Ammo, birinchi instansiya sudi hal qiluv qarori va qoʻshimcha hal qiluv qarorini qabul qilishda bunga ahamiyat bermagan. Apellatsiya instansiyasi sudi esa hal qiluv qarori va qoʻshimcha hal qiluv qarorini oʻzgartirish haqida toʻgʻri xulosaga kelgan.
Qayd etilganlarga koʻra, sudlov hayʼati sud qarorini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirishni, ishni kassatsiya instansiyasi sudida koʻrish uchun toʻlangan 5000 soʻm pochta xarajatlarini daʼvogar zimmasida qoldirishni lozim topadi.
2009-yil 6-iyul,
11-0809/24005-son
