Ishda ishtirok etuvchi har bir shaxs oʻz talab va eʼtirozlariga asos qilib keltirayotgan holatlarni isbotlashi lozim (19-0805/14753-son)
27.04.2010
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
[Koʻchirma]
Termiz shahar davlat soliq inspeksiyasi AT “Paxtabank” (hozirgi paytda OATB “Agrobank”) Termiz shahar boʻlimiga nisbatan xoʻjalik sudiga murojaat qilib, Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 53-moddasiga asosan 32652800 soʻm penya qoʻllashni soʻragan.
2008-yil 25-noyabrdagi va 2009-yil 27-martdagi sud ajrimlari bilan AT “Paxtabank” ishga javobgar sifatida jalb etilgan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo rad etilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Kassatsiya shikoyatida sud qarorlarini rad etib, kassatsiya shikoyatini qanoatlantirish soʻralgan.
Sudlov hayʼati shikoyat vajlarini muhokama qilib, ishdagi hujjatlarni oʻrganib chiqib, quyidagilarga koʻra sud qarorlarini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika Kengashi Surxondaryo viloyat hududiy komissiyasining 2007-yil 8-iyuldagi 01-09/1861-son ruxsatnomasiga va Surxondaryo viloyat davlat soliq boshqarmasining 2007-yil 20-iyundagi 327-x/x-son buyrugʻiga asosan AT “Paxtabank” Termiz shahar boʻlimida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 1999-yil 30-yanvarda 615-son bilan roʻyxatga olingan “Xoʻjalik yurituvchi subyektlarning bank hisob raqamlaridan pul mablagʻlarini hisobdan chiqarish tartibi toʻgʻrisida”gi Yoʻriqnoma talablariga rioya qilinishi yuzasidan tekshirish oʻtkazilgan.
Tekshirish dalolatnomasida AT “Paxtabank” Termiz shahar boʻlimi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 1999-yil 30-yanvarda 615-son bilan roʻyxatga olingan “Xoʻjalik yurituvchi subyektlarning bank hisob raqamlaridan pul mablagʻlarini hisobdan chiqarish tartibi toʻgʻrisida”gi Yoʻriqnoma talablarini buzganligi qayd etilib, unga 32652800 soʻm penya hisoblangan.
Ammo, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X. Sulaymonova nomli Respublika sud ekspertiza markazining 2009-yil 30-avgustdagi 6559/17-son xulosasida Termiz shahar davlat soliq inspeksiyasining bankka nisbatan moliyaviy jarima qoʻllash haqidagi tekshirish hujjatlari asoslantirilmaganligi qayd etilgan.
Ekspertning xulosasiga koʻra, soliq organi xodimlari tomonidan aynan qaysi toʻlov topshiriqnomasining qanday aniq navbatda bajarilmaganligi tahlil qilib berilmagan. Shuningdek, 2007-yil 30-iyunda tuzilgan dalolatnoma va unga ilova qilingan hujjatlarda xoʻjalik yurituvchi subyektlarning hisob raqamlaridan pul mablagʻlarining qanday navbatda chiqarilishi holati toʻliq ochib berilmagan.
Bundan tashqari, nizo boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining Ekspert Kengashi 2009-yil 23-martda 29/147 yur-son xulosa bergan boʻlib, unda soliq organi xodimlari tomonidan bankka nisbatan penya asossiz hisoblanganligi qayd etilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining 55-moddasi talabiga koʻra ishda ishtirok etuvchi har bir shaxs oʻz talab va eʼtirozlariga asos qilib keltirayotgan holatlarni isbotlashi lozim boʻlsa-da, soliq organi oʻz talabini isbotlamagan.
Birinchi instansiya sudi ekspertlar xulosalariga va ish holatlariga asoslanib daʼvoni toʻgʻri rad etgan. Apellatsiya instansiyasi sudi esa hal qiluv qarorini asosli ravishda oʻzgarishsiz qoldirgan.
Qayd etilganlarga koʻra, sudlov hayʼati sud qarorlarini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
Ishni kassatsiya instansiyasi sudida koʻrish uchun toʻlangan 5000 soʻm pochta xarajatlari daʼvogar zimmasida qoldiriladi. Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi 330-moddasining 21-bandiga asosan soliq organlari davlat boji toʻlovidan ozod etilganligi sababli undan davlat boji undirilmaydi.
2010-yil 27-aprel,
19-0805/14753-son
