Hal qiluv qarorining xulosa qismida har bir daʼvo talabini qanoatlantirish yoki qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisidagi xulosalar boʻlishi lozim (18-0907/13311-son)
17.03.2010
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
[Koʻchirma]
“Nurchi-RUES” MChJ “Nishon charm” savdo va ishlab chiqarish MChJ va Nishon tuman yer tuzish va koʻchmas mulk kadastr xizmatiga nisbatan xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, kadastr hujjatlari va guvohnomalarni bekor qilishni soʻragan.
“Nishon charm” savdo va ishlab chiqarish MChJ “Nurchi-RUES” MChJ, Qashqadaryo viloyat Davlat mulk boshqarmasi, Qashqadaryo viloyat Yer tuzish va koʻchmas mulk kadastr boshqarmasiga nisbatan viloyat xoʻjalik sudiga qarshi daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, Nishon tumanidagi teri oshlash sexi va inshootlariga “Nishoncharm” savdo va ishlab chiqarish MChJning egalik huquqini eʼtirof etib, viloyat Davlat mulk boshqarmasi tomonidan berilgan mulkka egalik huquqini tasdiqlovchi davlat orderi va viloyat Yer tuzish va koʻchmas mulk kadastr boshqarmasi xizmati tomonidan berilgan kadastr hujjatlarini haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan dastlabki daʼvo qanoatlantirilgan, qarshi daʼvo rad etilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Kassatsiya shikoyatida sud qarorlarini bekor qilib, dastlabki daʼvo boʻyicha ish yuritishni tugatish, qarshi daʼvoni qanoatlantirish soʻralgan.
Sudlov hayʼati shikoyat vajlarini muhokama qilib, ishdagi hujjatlarni oʻrganib chiqib, quyidagilarga koʻra sud qarorlarini bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun yuborishni lozim topadi.
Ishdagi hujjatlardan aniqlanishicha, Kislorod ishlab chiqarish-taʼmirlash va sozlash korxonasining davlat tasarrufidan chiqarish uchun 2001-yilda taqdim etilgan birlamchi maʼlumotlarga koʻra, Nishon tuman RUES qoʻrgʻonidagi Kislorod-azot stansiyasining qurilishi tugallanmagan binosi “Qarshiqurilish” birlashmasining 1998-yil 21-dekabrdagi 139-sonli buyrugʻiga asosan 659,0 ming soʻm balans qiymati bilan balansdan balansga oʻtkazilgan.
Kislorod ishlab chiqarish-taʼmirlash va sozlash korxonasi viloyat Davlat mulk boshqarmasining 2001-yil 31-avgustdagi 981-sonli buyrugʻiga asosan davlat tasarrufidan chiqarilib, masʼuliyati cheklangan jamiyatga aylantirilgan. Kislorod-azot stansiyasi qurilishi tugallanmagan binosining boshlangʻich balans qiymati 659,0 ming soʻm boʻlib, koʻchmas mulk va sarmoyalar agentligi tomonidan 989,0 ming soʻmga baholangan. Viloyat Davlat mulk boshqarmasi ekspert komissiyasi yigʻilishining 2001-yil 30-avgustdagi 15-E/K-bayoniga koʻra, Kislorod-azot stansiyasi tugatilganligi hisobga olinib, sotilish bahosi 60000 ming soʻm (15510 AQSh dollari) miqdorida belgilanib, xususiylashtirish toʻgʻrisida qaror qilingan.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi 24-moddasining 9-bandida xoʻjalik sudlari tomonidan davlat organlari va fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining qonun hujjatlariga muvofiq boʻlmagan, tashkilotlar va fuqarolarning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzadigan hujjatlarini (butunlay yoki qisman) haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi nizolar hal etilishi belgilangan.
Birinchi instansiya sudi dastlabki daʼvoning xoʻjalik sudiga taalluqliligi masalasini hal etmasdan, uni qanoatlantirish toʻgʻrisida barvaqt xulosaga kelgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi 138-moddasining oltinchi qismida hal qiluv qarorining xulosa qismida har bir daʼvo talabini qanoatlantirish yoki qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisidagi xulosalar boʻlishi lozimligi belgilangan.
Birinchi instansiya sudi tomonidan bino va inshootlarga boʻlgan huquqning davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi aynan qaysi guvohnomalar va kadastr hujjatlari bekor qilinganligi hal qiluv qarorida koʻrsatilmagan.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi 120-moddasining birinchi, ikkinchi qismiga koʻra, javobgar ish boʻyicha hal qiluv qarori qabul qilingunga qadar dastlabki daʼvo bilan birga koʻrib chiqish uchun daʼvogarga qarshi daʼvo taqdim etishga haqlidir, qarshi daʼvo taqdim etish daʼvo taqdim etishning umumiy qoidalari boʻyicha amalga oshiriladi.
Birinchi instansiyasi sudi qarshi daʼvo arizasini ish yuritishga qabul qilmagan. Ish hujjatlarida qarshi daʼvo arizasini ish yuritishga qabul qilish toʻgʻrisida ajrim mavjud emas.
Shuningdek, qarshi daʼvo arizasida viloyat Davlat mulk boshqarmasi tomonidan berilgan mulkka egalik huquqini tasdiqlovchi davlat orderini haqiqiy emas deb topish soʻralgan boʻlsa-da, ushbu order talab qilib olinmagan. Ish hujjatlarida order mavjud emas.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi 92-moddasida daʼvoning bahosini aniqlash belgilangan boʻlib, ushbu moddaning uchinchi qismiga koʻra, bir necha mustaqil talablardan iborat boʻlgan daʼvoning bahosi barcha talablarning summasi bilan belgilanadi.
Dastlabki daʼvoda uchta talab va qarshi daʼvoda uchta talab qoʻyilgan boʻlsa-da, birinchi instansiya sudi har bir daʼvo talabi boʻyicha davlat boji undirish masalasini hal etmagan.
Apellatsiya instansiyasi sudi ham koʻrsatib oʻtilgan kamchiliklarga eʼtibor bermasdan, hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirish toʻgʻrisida barvaqt xulosaga kelgan.
Sudlov hayʼati qayd etilganlarga koʻra, sud qarorlarini bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun yuborishni lozim topadi.
Ishni yangidan koʻrishda birinchi instansiya sudi dastlabki daʼvoning xoʻjalik sudiga taalluqliligi masalasini hal etib, taraflarning vajlarini atroflicha oʻrganib, qarshi daʼvo boʻyicha haqiqiy emas deb topish soʻralayotgan orderni talab qilib olib, dalillarga baho berib, sud xarajatlarini undirish masalasini hal etib, moddiy va protsessual huquq normalarini toʻgʻri qoʻllab, qonuniy va asoslantirilgan sud hujjati qabul qilishi lozim.
2010-yil 17-mart,
18-0907/13311-son
