Mol-mulkni talab qilib olish toʻgʻrisidagi daʼvolar boʻyicha daʼvoning bahosi shu mol-mulkning qiymatiga qarab aniqlanadi (13-0903/3538-son)
04.11.2009
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
[Koʻchirma]
“Texnika taʼminot bazasi” MChJ “Jizzaxpaxtasanoat” hududiy aksiyadorlik birlashmasi (HAB)ga, “Viloyat mexanika ustaxonasi” MChJga nisbatan xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, 2008-yil 7-avgustdagi 75-sonli buyruqni haqiqiy emas deb topishni, avtotransport vositalarini qaytarishni, 67292000 soʻm boy berilgan foydani mutanosib ravishda undirib berishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining 2009-yil 29-apreldagi hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining 2009-yil 26-iyundagi qarori bilan hal qiluv qarori bekor qilinib, ish yangidan koʻrish uchun yuborilgan.
Birinchi instansiya sudining 2009-yil 29-iyuldagi hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilgan. Daʼvoning buyruqni haqiqiy emas deb topish va avtotrasnport vositalarini qaytarish talabi qanoatlantirilib, daʼvoning 67292000 soʻm boy berilgan foydani undirish talabi rad etilgan.
Kassatsiya protestida hal qiluv qarorini bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun yuborish soʻralgan.
Sudlov hayʼati protest vajlarini muhokama qilib, ish hujjatlarini oʻrganib chiqib, quyidagilarga koʻra hal qiluv qarorini bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun yuborishni lozim topadi.
Ishdagi hujjatlardan aniqlanishicha, “Jizzaxpaxtasanoat” HABning 2008-yil 7-avgustdagi 75-sonli buyrugʻiga asosan “Texnina taʼminot bazasi” MChJdagi 14 turdagi avtotransport vositalari “Viloyat mexanika ustaxonasi” MChJ balansiga oʻtkazilgan.
Bundan norozi boʻlgan “Texnika taʼminot bazasi” MChJ daʼvo qilib, 2008-yil 7-avgustdagi 75-sonli buyruqni haqiqiy emas deb topib, 14 turdagi avtotransport vositalarini qaytarishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudi daʼvoning avtotransport vositalarining kimga tegishli ekanligini tasdiqlovchi hujjatlarni (texpasport) talab qilib olmasdan, daʼvoning buyruqni haqiqiy emas deb topish va avtotransport vositalarini qaytarish toʻgʻrisidagi qismini qanoatlantirish haqida barvaqt xulosaga kelgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi 92-moddasi birinchi qismining 3-bandiga koʻra, mol-mulkni talab qilib olish toʻgʻrisidagi daʼvolar boʻyicha daʼvoning bahosi shu mol-mulkning qiymatiga qarab aniqlanadi.
Birinchi instansiya sudi daʼvoning avtotransport vositalarini qaytarish talabi boʻyicha davlat boji miqdorini avtotransport vositalarining qiymatiga qarab emas, balki eng kam ish haqi miqdoridan kelib chiqib undirgan.
Bundan tashqari, sud tomonidan avtotransport vositalari uchun toʻlov amalga oshirilganligi holati oʻrganilmagan. Texnika vositalari uchun toʻlovlar amalga oshirilganligini tasdiqlovchi hujjatlar ishda mavjud emas.
Sudning hal qiluv qarori Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining 18-bobida qayd etilgan talablarga muvofiq qonuniy va asoslantirilgan boʻlishi, shuningdek moddiy va protsessual qonunchilik normalari bilan toʻliq mos kelishi, ish hujjatlari va sud aniqlagan holatlarga muvofiq kelishi kerak. Qayd etilgan talablarga rioya etmaslik, Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining 169, 188 va 200-moddalariga muvofiq qarorning bekor qilinishi yoki oʻzgartirilishi uchun asos boʻlishi mumkin. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Sudning hal qiluv qarori haqida” 2007-yil 15-iyundagi 161-sonli qarorining 1-bandida tushuntirish berilgan.
Qayd etilganlarga koʻra, hal qiluv qarorini bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun yuborish lozim.
Ishni yangidan koʻrishda birinchi instansiya sudi ish uchun ahamiyatli boʻlgan avtotransport vositalarining kimga tegishli ekanligini tasdiqlovchi hujjatlarni (texpasport) talab qilib olib, daʼvoning avtotransport vositalarini qaytarish talabi boʻyicha davlat boji miqdorini aniqlash uchun avtotransport vositalarining qiymatini aniqlab, taraflarning vajlariga baho berib, moddiy va protsessual huquq normalarini toʻgʻri qoʻllab, qonuniy va asoslantirilgan sud hujjati qabul qilishi lozim.
2009-yil 4-noyabr,
13-0903/3538-son
