Bankrot deb topilgan korxona kreditorlari oldidagi qarzdorlik bank krediti qoplanganidan keyin qanoatlantiriladi (10-0912/10318-son)
10.11.2009
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
[Koʻchirma]
Chirchiq shahar davlat soliq inspeksiyasi xoʻjalik sudiga murojaat qilib, “Kibo bolalar poyafzali” qoʻshma korxonasining 151377700 soʻm soliq qarzini TIF Milliy bankidan undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining 2009-yil 13-iyuldagi hal qiluv qarori bilan daʼvo qanoatlantirilgan.
2009-yil 19-avgustdagi sud ajrimi bilan yozuvdagi xato tuzatilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining 2009-yil 10-sentabrdagi qarori bilan hal qiluv qarori bekor qilinib, daʼvo rad etilgan.
2009-yil 17-sentabrdagi sud ajrimi bilan yozuvdagi xato tuzatilgan.
Kassatsiya shikoyatida sud qarorini bekor qilib, hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirish, kassatsiya shikoyati yuzasidan bildirilgan yozma fikrda esa, sud qarorini oʻzgarishsiz qoldirish soʻralgan.
Sudlov hayʼati shikoyat va yozma fikr vajlarini muhokama qilib, ishdagi hujjatlarni oʻrganib chiqib, quyidagilarga koʻra sud qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
Ishdagi hujjatlarga koʻra, 11-0706/3981-sonli ish boʻyicha 2007-yil 15-iyundagi hal qiluv qarori bilan “Kibo bolalar poyafzali” qoʻshma korxonasi bankrot deb topilgan va uni tugatishga doir ish yuritish boshlangan. Qoʻshma korxona bankrot deb topilgan vaqtda uning budjet va budjetdan tashqari maqsadli jamgʻarmalardan 151377700 soʻm soliq qarzi, TIF Milliy bankidan esa 2615067000 soʻm kredit qarzi mavjud boʻlgan.
Korxonani tugatish bosqichida qayd etilgan ish yuzasidan 2008-yil 10-dekabrda chiqarilgan sud ajrimiga binoan “Kibo bolalar poyafzali” qoʻshma korxonasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 19-noyabrdagi F-4010-son Farmoyishi bilan tasdiqlangan “Iqtisodiy nochor korxonalarni tijorat banklariga realizatsiya qilish” Tartibiga asosan bank balansiga oʻtkazilgan. Qoʻshma korxona bank tomonidan sotilganidan keyin Chirchiq shahar davlat soliq inspeksiyasi bankrot deb topilgan “Kibo bolalar poyafzali” qoʻshma korxonasining 151377700 soʻm soliq qarzini TIF Milliy bankidan undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudi daʼvoni notoʻgʻri qanoatlantirgan.
Yuqorida qayd etilgan tartibning 57-bandiga binoan, bankrot deb topilgan korxona kreditorlari oldidagi qarzdorlik bank krediti qoplanganidan keyin qanoatlantirilishi belgilangan. “Kibo bolalar poyafzali” qoʻshma korxonasi 510,0 mln. soʻmga sotilib, bankning kredit qarzi qoplanmagan.
Birinchi instansiya sudi Oʻzbekiston Respublikasi “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Qonunining 14-moddasini notoʻgʻri talqin qilgan.
Vaholanki, ushbu qoida bir xil huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarning oʻzaro nisbatini belgilaydi. “Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 134-moddasi tugatish jarayonida kreditorlar talabini qanoatlantirish uchun qoʻllaniladi, yuqorida qayd etilgan tartibning 57-bandi esa, tijorat banklariga realizatsiya qilingan iqtisodiy nochor korxonalarni sotishdan tushgan pul mablagʻlarini kreditorlarga taqsimlash tartibini belgilaydi, yaʼni ushbu normativ-huquqiy hujjatlar har xil huquqiy munosabatlarni tartibga soladi.
Shu sababli iqtisodiy nochor korxonalarni sotishdan tushgan pul mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 19-noyabrdagi F-4010-son Farmoyishi bilan tasdiqlangan tartib asosida taqsimlanishi zarur.
Apellatsiya instansiyasi sudi ushbu holatlarni huquqiy baholagan holda hal qiluv qarorini bekor qilib, asosli ravishda daʼvoni rad etgan.
Qayd etilganlarga koʻra, sudlov hayʼati sud qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
2009-yil 10-noyabr,
10-0912/10318-son
