Ishda ishtirok etuvchi har bir shaxs oʻz talab va eʼtirozlariga asos qilib keltirayotgan holatlarni isbotlab berishi lozim (15-0804/10348-son)
05.11.2008
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
[Koʻchirma]
“Avval Muqim zamini” fermer xoʻjaligi sudga daʼvo arizasi bilan murojaat etib, javobgar — Fargʻona tuman hokimining 2007-yil 7-dekabrdagi 768-sonli qarorini haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
Fargʻona viloyat xoʻjalik sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo rad etilgan.
Ish apellatsiya tartibida koʻrilmagan.
“Avval Muqim zamini” fermer xoʻjaligi kassatsiya shikoyatida hal qiluv qarorini bekor qilib, yangi qaror qabul qilishni soʻragan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni muhokama qilib, ish hujjatlarini oʻrganib chiqib, quyidagilarga koʻra hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini qanoatlantirmasdan qoldirishni lozim topadi.
Ish hujjatlariga qaraganda, “Avval Muqim zamini” fermer xoʻjaligi rahbari ishlash uchun imkoniyati yoʻqligi va sogʻligʻi yomonlashgani tufayli tuman hokimi nomiga fermer xoʻjaligi uchun ajratilgan 15,4 gektar yerni tuman zaxirasiga qaytarib olishni soʻrab ariza bilan murojaat qilgan. Tuman hokimi tomonidan 2007-yil 7-dekabrda 768-sonli qaror qabul qilinib, ushbu qaror bilan fuqarolar (fermer xoʻjaliklari boshliqlari) tomonidan oʻzlariga ajratib berilgan yer maydonlarini tuman zaxirasiga qaytarishini soʻrab yozgan xatlarga asosan qaror ilovasida koʻrsatilgan yer maydonlari fermer xoʻjaliklaridan tuman zaxirasiga qaytarilib, fermer xoʻjaliklarini tugatish ishlarini amalga oshirish tegishli idoralar zimmasiga yuklatilgan.
Ushbu qarorning ilovasida “Avval Muqim zamini” fermer xoʻjaligining 358-konturda jami 15,6 ga yeri boʻlib, shundan 15,4 ga ekin yer maydoni tuman zaxirasiga qaytarilishi, fermer xoʻjaligi tugatilishi, tugatish ishlari tegishli idoralar zimmasiga yuklatilganligi belgilangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksining 36-modasida yer uchastkasidan foydalanish huquqi, shuningdek yer uchastkasini ijaraga olish huquqi yer uchastkasidan ixtiyoriy voz kechilganda bekor qilinishi belgilangan.
Fermer xoʻjaligi va tuman hokimligi oʻrtasida yer uchastkasini uzoq muddatli ijaraga olish shartnomasida yer uchastkasini ijaraga olish huquqidan ixtiyoriy ravishda voz kechilganda shartnoma bekor qilinishi koʻrsatilgan.
“Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 32-moddasiga koʻra, yer uchastkasini ijaraga olish huquqidan ixtiyoriy voz kechish fermer xoʻjaligini tugatishga asos boʻladi.
Fargʻona tuman hokimi yuqoridagi qonun talabiga hamda shartnoma shartiga asoslanib, “Avval muqim zamini” fermer xoʻjaligi rahbarining arizasiga asosan yer maydonini tuman hokimligi zaxirasiga qaytarish haqida qaror qabul qilgan.
Tuman hokimining 768-sonli qarorida bir nechta fermer xoʻjaliklarining yer maydonlarini tuman zaxirasiga qaytarish belgilangan boʻlsa-da, daʼvogar boshqa fermer xoʻjaliklari nomidan hokim qarorini haqiqiy emas deb topishni talab qilishga vakolati borligi haqidagi dalillar va asoslarni sudga taqdim qilmagan. Vaholanki, Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining 55-moddasiga koʻra, ishda ishtirok etuvchi har bir shaxs oʻz talab va eʼtirozlariga asos qilib keltirayotgan holatlarni isbotlab berishi lozim.
Qayd etilganlardan koʻrinib turibdiki, birinchi instansiya sudi fermer xoʻjaligining daʼvo talabini rad etish haqida toʻgʻri va asosli xulosaga kelgan.
Yuqoridagilarni inobatga olib, sudlov hayʼati hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini qanoatlantirmasdan qoldirishni, ishni kassatsiya instansiyasi sudida koʻrish bilan bogʻliq sud xarajatlarini daʼvogar zimmasida qoldirishni lozim topadi.
2008-yil 5-noyabr,
15-0804/10348-son
