Nizo xoʻjalik sudida koʻrish uchun tegishli boʻlmasa ish yuritish tugatiladi (16-0907/9399-son)
17.11.2009
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
[Koʻchirma]
“Dracon star” xususiy korxonasi Namangan viloyat bojxona boshqarmasiga nisbatan xoʻjalik sudiga murojaat qilib, “Namangan TIF bojxona” postining harakatini noqonuniy deb topish va Namangan viloyat bojxona boshqarmasiga “kafel plitki keramicheskiye glazurovannie” mahsulotini “olib kirilayotgan tovar yuzasidan tuzilgan bitimning qiymatiga qarab baholash” usuli asosida bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazish majburiyatini yuklashni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qanoatlantirilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori bilan hal qiluv qarori bekor qilinib, ish yuritish tugatilgan.
Kassatsiya shikoyatida sud qarorini bekor qilib, hal qiluv qarorini kuchda qoldirish soʻralgan.
Sudlov hayʼati shikoyat vajlarini muhokama qilib, ishdagi hujjatlarni oʻrganib chiqib, quyidagilarga koʻra sud qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
Birinchi instansiya sudi ishni koʻrishda protsessual huquq normalarining buzilishiga yoʻl qoʻygan. Yaʼni, mazkur nizo xoʻjalik sudida koʻrish uchun tegishli boʻlmasada, nizoni mazmunan koʻrib xatolikka yoʻl qoʻygan.
Chunki, Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining 24-moddasida xoʻjalik sudi tomonidan hal etiladigan nizolar roʻyxati keltirilgan. Ammo, harakatni noqonuniy deb topish va mahsulotni “olib kirilayotgan tovar yuzasidan tuzilgan bitimning qiymatiga qarab baholash” usuli asosida bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazish majburiyatini yuklash toʻgʻrisidagi daʼvo ushbu moddada yoki boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda xoʻjalik sudining sudloviga taalluqliligi koʻrsatilmagan.
Mazkur daʼvo xoʻjalik sudining sudloviga taalluqli boʻlmasa-da, sud daʼvoni mazmunan koʻrib xatolikka yoʻl qoʻygan.
Vaholanki, ishning xoʻjalik sudiga taalluqliligi Xoʻjalik protsessual kodeksining 23 va 24-moddalari talablaridan kelib chiqqan holda aniqlanadi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Birinchi instansiya sudida ishlarni koʻrishda Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining qoʻllanilishi toʻgʻrisida” 2007-yil 15-iyundagi 162-son qarorining 19-bandida tushuntirish berilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi 86-moddasining 1-bandiga koʻra, nizo xoʻjalik sudida koʻrish uchun tegishli boʻlmasa ish yuritish tugatiladi.
Apellatsiya instansiyasi sudi hal qiluv qarorini bekor qilib, ish yuritishni tugatish haqida toʻgʻri xulosaga kelgan.
Qayd etilganlarga koʻra, sudlov hayʼati sud qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi 342-moddasining 4-bandi talabiga koʻra, ish sudga taalluqli boʻlmaganligi sababli ish yuritish tugatilgan hollarda davlat boji qaytariladi. Shu sababli, ishni kassatsiya instansiyasi sudida koʻrish uchun oldindan toʻlangan 140200 soʻm davlat boji daʼvogarga qaytariladi, 5000 soʻm pochta xarajatlari esa uning zimmasida qoldiriladi.
2009-yil 17-noyabr,
16-0907/9399-son
