Xoʻjalik sudi ishdagi mavjud dalillarni har tomonlama, toʻliq va xolis tekshirishga asoslangan oʻz ichki ishonchi boʻyicha baholaydi (18-0804/9625-son)
17.12.2008
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
[Koʻchirma]
“Qamashi don qabul qilish” aksiyadorlik jamiyati xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, “Yortepa Qorakoʻli” xususiy korxonasidan 20447097 soʻm undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining 2008-yil 19-avgustdagi hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilgan. “Qamashi don qabul qilish” aksiyadorlik jamiyati foydasiga 4 458 975 soʻm undirilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining 2008-yil 15-oktabrdagi qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Kassatsiya shikoyatida sud qarorlarini bekor qilib, daʼvoni rad etish soʻralgan.
Protestda hal qiluv qarorini bekor qilib, ishni yangidan koʻrishga yuborish soʻralgan.
Sudlov hayʼati ish materiallarini, kassatsiya shikoyati va protestida keltirilgan vajlarni oʻrganib chiqib, quyidagilarga koʻra sud qarorlarini bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun yuborishni lozim deb topadi.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, “Gʻallakor” shirkat xoʻjaligining fermer xoʻjaliklariga aylantirilishi natijasida 2005-yil hosili uchun gʻalla ekilgan lalmi va suvli yer olgan fermer xoʻjaliklari yer maydonlariga sarflangan xarajatlar boʻyicha tender komissiyasining qarori bilan taqsimlanib, “Yortepa Qorakoʻli” xususiy korxonasiga 297 gektar gʻalla ekilgan lalmi va 14 gektar suvli ekin maydoni berilgan. Daʼvogar tender komissiyasi tomonidan lalmi va suvli ekin maydoniga ekilgan gʻalla urugʻligining sarf-xarajatini qoplash taqsimlanib berilganligini asos qilib, 20447097 soʻm undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudi hal qiluv qarori qabul qilishda “Gʻallakor” shirkat xoʻjaligining “Qamashi don qabul qilish” aksiyadorlik jamiyati oldidagi 20447097soʻm qarzi “Yortepa Qorakoʻli” xususiy korxonasiga qaysi hujjat asosida oʻtkazilganligini, javobgar ushbu qarzdorlikni qaysi hujjat asosida qabul qilib olganligini tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilib olmagan.
Qamashi tuman hokimining 2006-yil 12-maydagi X-771/5 sonli qarorining 1-bandida 10524,94 gektar yer maydoni ajratilganligi, 2-bandida yer maydonidagi qurilishlar tugatish komissiyasining 2005-yil 12-maydagi 12-sonli bayonnomasiga asosan “Yortepa Qorakoʻli” masʼuliyati cheklangan jamiyati hisobiga oʻtganligi koʻrsatilgan boʻlsa-da, sud tomonidan tugatish komissiyasining “Gʻallakor” shirkat xoʻjaligini fermer xoʻjaliklariga aylantirish natijasida 2005-yil hosili uchun gʻalla ekilgan lalmi va suvli yer olgan fermer xoʻjaliklari yer maydonlariga sarflangan xarajatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma qachon tuzilganligiga aniqlik kiritilmagan. Shuningdek, gʻalla ekilgan 297 gektar lalmi va 14 gektar suvli yer maydonlari qaysi konturda joylashganligi va ushbu konturlar tuman hokimining qarori bilan “Yortepa Qorakoʻli” xususiy korxonasiga ajratilganligiga aniqlik kiritmasdan, daʼvoni qanoatlantirish haqida barvaqt xulosaga kelgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi 61-moddasining birinchi qismiga koʻra, xoʻjalik sudi ishdagi mavjud dalillarni har tomonlama, toʻliq va xolis tekshirishga asoslangan oʻz ichki ishonchi boʻyicha baholaydi.
Birinchi instansiya sudi hal qiluv qarorida sud majlisida javobgar rahbari qatnashganligini koʻrsatgan boʻlsa-da, sud majlisi bayonnomasida uning shaxsiga aniqlik kiritmagan, ishda qatnashish uchun ishonchnomasi yoʻqligiga baho bermagan.
Apellatsiya instansiyasi sudi ish hujjatlaridagi taraflar oʻrtasida ixtiyoriy ravishda 2008-yil 1-sentabrda tuzilgan solishtirma dalolatnomada 23586571 soʻm qarzdorlik mavjudligini koʻrsatib, javobgar 2005 va 2006-yillar uchun 1141903 soʻm qarzdorlikni gʻalla topshirib kamaytirganligiga, ushbu topshirilgan gʻalla uchun taraflar oʻrtasida shartnoma tuzilgan yoki tuzilmaganligiga, shuningdek gʻalla “Gʻallakor” shirkat xoʻjaligining qarzi evaziga topshirilganligiga aniqlik kiritmasdan, hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirgan.
Qayd etilganlarga koʻra, sudlov hayʼati hal qiluv qarorini bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborishni lozim deb topadi.
2008-yil 17-dekabr,
18-0804/9625-son
