Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqayotgan chaqirilish yoshidagi shaxslarga mudofaa ishlari boʻlimlari tomonidan harbiy xizmatdan ozod etish toʻgʻrisidagi maʼlumotnomani berish boʻyicha yoʻriqnomani tasdiqlash haqida (2737-son)
10.12.2015
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2015-yil 10-dekabrda 2737-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1992-yil 20-noyabrdagi PF-500-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi bilan bogʻliq masalalarni koʻrib chiqish tartibi toʻgʻrisida nizom hamda Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 6-yanvardagi 8-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining chet elga chiqishi va Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirishi tartibiga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi va Ichki ishlar vazirligi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqayotgan chaqirilish yoshidagi shaxslarga mudofaa ishlari boʻlimlari tomonidan harbiy xizmatdan ozod etish toʻgʻrisidagi maʼlumotnomani berish boʻyicha yoʻriqnoma ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Mudofaa vaziri K. BERDIYEV
Toshkent sh.,
2015-yil 16-noyabr,
16-son
Ichki ishlar vaziri A. AXMEDBAYEV
Toshkent sh.,
2015-yil 16-noyabr,
33-son
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi hamda Ichki ishlar vazirligining 2015-yil 16-noyabrdagi 16, 33-sonli qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqayotgan chaqirilish yoshidagi shaxslarga mudofaa ishlari boʻlimlari tomonidan harbiy xizmatdan ozod etish toʻgʻrisidagi maʼlumotnomani berish boʻyicha
YOʻRIQNOMA
Mazkur Yoʻriqnoma Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1992-yil 20-noyabrdagi PF–500-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi bilan bogʻliq masalalarni koʻrib chiqish tartibi toʻgʻrisida nizom hamda Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 6-yanvardagi 8-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining chet elga chiqishi va Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirishi tartibiga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqayotgan chaqirilish yoshidagi shaxslarga mudofaa ishlari boʻlimlari tomonidan harbiy xizmatdan ozod etish toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma berish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 4-moddasiga asosan, tinchlik davrida oddiy askarlar va serjantlar tarkibi lavozimlarida muddatli harbiy xizmatga, shuningdek safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga oʻn sakkiz yoshdan yigirma yetti yoshgacha boʻlgan, salomatligiga koʻra Qurolli Kuchlar safida harbiy xizmatni oʻtashga yaroqli erkak fuqarolar chaqiriladilar.
2. Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqayotgan chaqirilish yoshidagi shaxslarga mudofaa ishlari boʻlimlari tomonidan mazkur Yoʻriqnomaning 1-ilovasiga muvofiq shakldagi maʼlumotnoma ularning soʻroviga asosan rasmiylashtirib beriladi.
2-bob. Chaqirilish yoshidagi shaxslarga maʼlumotnoma berish
3. Maʼlumotnoma olish uchun fuqarolar tegishli mudofaa ishlari boʻlimiga mazkur Yoʻriqnomaning 2-ilovasiga muvofiq shakldagi ariza bilan murojaat qiladi.
4. Ariza mudofaa ishlari boʻlimi tomonidan uch ish kuni ichida koʻrib chiqiladi.
5. Maʼlumotnoma mudofaa ishlari boʻlimlari tomonidan ikki nusxada bir xil shaklda rasmiylashtiriladi. Bunda maʼlumotnomaning bir nusxasi ariza bilan murojaat qilgan shaxsga, ikkinchi nusxasi esa, fuqaroning shaxsiy hujjatlari yigʻmajildiga qoʻshib qoʻyiladi.
6. Quyidagi hollarda mudofaa ishlari boʻlimlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqayotgan chaqirilish yoshidagi shaxslarga maʼlumotnoma berilmaydi:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan navbatdagi chaqiruv boʻyicha qabul qilingan qarorga asosan chaqiruvga oid tadbirlar davom etayotgan boʻlsa;
chaqiriluvchi safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmatga chaqirilgan, biroq shartnomaga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining maxsus hisobvaragʻiga tegishli pul badallarini belgilangan muddatda toʻlamagan boʻlsa.
7. Mudofaa ishlari boʻlimlari tomonidan maʼlumotnoma berishning rad etilganligi haqida fuqaroga yozma ravishda asoslantirilgan javob beriladi.
8. Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqayotgan chaqirilish yoshidagi shaxslarga berilgan maʼlumotnomalar haqida mudofaa ishlari boʻlimining masʼul xodimi tomonidan mazkur Yoʻriqnomaning 3-ilovasiga muvofiq shakldagi kitobga qayd etib boriladi.
3-bob. Yakuniy qoidalar
9. Chet elga bormoqchi boʻlgan harbiy guvohnomasi boʻlmagan chaqirilish yoshidagi shaxslarga mazkur Yoʻriqnomaning 4-ilovasiga muvofiq shakldagi maʼlumotnoma mazkur Yoʻriqnomada belgilangan tartibda beriladi.
10. Mazkur Yoʻriqnoma talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqayotgan chaqirilish yoshidagi shaxslarga mudofaa ishlari boʻlimlari tomonidan harbiy xizmatdan ozod etish toʻgʻrisidagi maʼlumotnomani berish boʻyicha yoʻriqnomaga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqayotgan chaqirilish yoshidagi shaxslarga mudofaa ishlari boʻlimlari tomonidan harbiy xizmatdan ozod etish toʻgʻrisidagi maʼlumotnomani berish boʻyicha yoʻriqnomaga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqayotgan chaqirilish yoshidagi shaxslarga mudofaa ishlari boʻlimlari tomonidan harbiy xizmatdan ozod etish toʻgʻrisidagi maʼlumotnomani berish boʻyicha yoʻriqnomaga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqayotgan chaqirilish yoshidagi shaxslarga mudofaa ishlari boʻlimlari tomonidan harbiy xizmatdan ozod etish toʻgʻrisidagi maʼlumotnomani berish boʻyicha yoʻriqnomaga 4-ILOVA
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 49-son, 614-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 19.08.2024-y., 10/24/3552/0630-son)
