Daʼvo muddatining oʻtishi belgilangan tartibda daʼvo qoʻzgʻatilishi bilan uziladi (11-0823/3272-son)
23.02.2009
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
[Koʻchirma]
Daʼvogar — “Binokor-20” masʼuliyati cheklangan jamiyati xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar — Bekobod tuman davlat soliq inspeksiyasidan 35684776 soʻm asosiy qarz, 17842388 soʻm penya, jami 53527164 soʻm undirishni soʻragan.
Xoʻjalik sudining 2008-yil 9-apreldagi hal qiluv qaroriga asosan daʼvo rad etilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining 2008-yil 20-maydagi ajrimiga asosan apellatsiya instansiyasi sudida ish yuritish tugatilgan.
Kassatsiya protestida hal qiluv qarorini bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborish soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya protestida keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birgalikda muhokama qilib, kassatsiya protestini toʻliq qanoatlantirishni, hal qiluv qarorini bekor qilib, ishni yangidan koʻrib chiqish uchun birinchi instansiya sudiga yuborishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, Toshkent viloyat tender komissiyasining 2004-yil 12-iyulda oʻtkazilgan tanlov savdosining 3-sonli bayonnomasiga asosan 2004-yil 26-iyulda Bekobod tuman davlat soliq inspeksiyasi (buyurtmachi) va “Binokor-20” masʼuliyati cheklangan jamiyati (pudratchi) oʻrtasida Bekobod tuman davlat soliq inspeksiyasi binosini kapital taʼmirlash haqida qiymati 120 mln soʻmni tashkil etuvchi 6-sonli pudrat shartnomasi tuzilgan. Mazkur shartnomaga asosan daʼvogar tomonidan taʼmirlash ishlari amalga oshirilgan. Taraflar oʻrtasida tuzilgan shartnoma majburiyatlarining bajarilmaganligi oqibatida 2008-yil 25-martda “Binokor-20” masʼuliyati cheklangan jamiyati xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, Bekobod tumani davlat soliq inspeksiyasidan Bekobod tuman DSI binosini kapital taʼmirdan chiqarganligi uchun 35684776 soʻm asosiy qarz, 17842388 soʻm penya undirishni soʻragan.
Ishdagi hujjatlardan koʻrinishicha, daʼvogar tomonidan bajarilgan 48036000 soʻmlik ishlar 2004-yil 26-noyabrda 1-sonli spravka-schyot faktura bilan, 34975800 soʻmlik ishlar 2005-yil 26-fevraldagi 2-sonli spravka schyot-faktura bilan, 20930000 soʻmlik ishlar 2005-yil 26-martdagi 3-sonli spravka schyot-faktura bilan, 16058000 soʻmlik ishlar 2005-yil 26-maydagi 4-sonli schyot-faktura bilan javobgarga topshirilgan.
Birinchi instansiya sudi daʼvoni rad etishda daʼvogar tomonidan daʼvo muddatining oʻtkazib yuborilganligiga asoslangan. Vaholanki, daʼvogar tomonidan bajarilgan ishlar oxirgi marta 2005-yil 26-mayda javobgarga topshirilgan boʻlib, uch yillik daʼvo muddati oʻtmasdan avval, yaʼni 2008-yil 25-martda daʼvo arizasi bilan xoʻjalik sudiga murojaat qilgan. Sud tomonidan ushbu holatlar toʻliq oʻrganilmasdan, faqat daʼvo muddatining oʻtkazib yuborilganligi asoslari bilan daʼvoni rad etish haqida barvaqt xulosaga kelingan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 150-moddasi talabiga koʻra, umumiy daʼvo muddati 3 yilni tashkil qilib, shu Kodeksning 154-moddasida daʼvo muddati shaxs oʻzining huquqi buzilganligini bilgan yoki bilishi lozim boʻlgan kundan oʻta boshlashi belgilangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 157-moddasiga muvofiq, daʼvo muddatining oʻtishi belgilangan tartibda daʼvo qoʻzgʻatilishi bilan uziladi. Uzilishdan keyin daʼvo muddatining oʻtishi yangidan boshlanadi, uzilishgacha oʻtgan vaqt esa yangi muddatga qoʻshilmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining 188-moddasida moddiy yoki protsessual huquq normalarining buzilishi yoxud notoʻgʻri qoʻllanilishi xoʻjalik sudining hal qiluv qarorini yoki qarorini oʻzgartirish yoxud bekor qilish uchun asos boʻlishi belgilangan.
Bunday holda sudlov hayʼati kassatsiya protestini qanoatlantirib, hal qiluv qarorini bekor qilishni, ishni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborishni lozim topadi.
Ishni yangidan koʻrishda, sud yuqorida bayon etilgan va ishga daxldor boʻlgan boshqa barcha holatlarni ish boʻyicha yigʻilgan dalillar bilan birga muhokama qilib, shundan soʻng qonuniy toʻxtamga kelishi, taraflar oʻrtasida davlat bojini taqsimlash masalasini hal etishi lozim boʻladi.
2009-yil 23-fevral,
11-0823/3272-son
